315-modda. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida shikoyat berish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan qaror ustidan yuqori turuvchi organga (mansabdor shaxsga) yoki jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudiga, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudining qarori ustidan esa apellatsiya instansiyasi sudiga shikoyat berilishi mumkin. Iqtisodiy sudning qarori ustidan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida belgilangan tartibda, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning qarori ustidan esa O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan tartibda shikoyat berilishi mumkin.
(315-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi O‘RQ-665-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/665/0015-son)
Shikoyat ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan qaror qabul qilgan organ (mansabdor shaxs) orqali yoki bevosita shikoyat yo‘llangan sudga yuboriladi.
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan qaror chiqargan organ (mansabdor shaxs) shikoyatni olgach, uni uch sutka ichida ish bilan birga ushbu moddaga muvofiq shikoyatni ko‘rib chiqish huquqiga ega bo‘lgan organga (mansabdor shaxsga) yuboradi.
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida shikoyat bergan shaxs davlat boji to‘lashdan ozod etiladi.
316-modda. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida shikoyat berish muddati
Oldingi tahrirga qarang.
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida shu qarorning nusxasi olingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida shikoyat berilishi mumkin, bundan sud qarori mustasno. Mazkur muddat uzrli sabablar bilan o‘tkazilib yuborilgan taqdirda, bu muddat shikoyatni ko‘rib chiqishga vakolatli organ (mansabdor shaxs) tomonidan qayta tiklanishi mumkin.
(316-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 20-martdagi O‘RQ-531-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son)
Do'stlaringiz bilan baham: |