Tadqiqotning maqsad va vazifalari. “Boburnoma” Bobur hayotini yoritib beruvchi memuar asardir. Ushbu asar Boburning butun hayoti davomida ko‘rgan kechirganlarini ro‘y-rost tasvirlagani bilan boshqa asarlardan ajralib turadi. Muallif asarida davlat arbobi va tarixchi, ajoyib shoir va harbiy sarkarda, geografik olim va ovchi sifatida gavdalanadi. Eski o‘zbek tilida yozilgan ushbu asar mohiyati va mundarijasi jihatidan Gerodot asari kabi o‘ziga xos insoniy hujjatdir. Bu asarda biz Bobur nima haqida o‘ylagani, voqealarga qanday munosabat bildirgani, oddiy xalq va jamoat arboblari bilan qanday munosabatda bo‘lgani haqida xabardor bo‘lamiz. Shubhasiz, o‘z yurtida halovat topmay “Hind sari yuzlangan” shoir iztiroblari, Hindistonda butun bir Boburiylar deb atalmish sulolaga asos solgan buyuk sarkarda matonati, bir daqiqa bo‘lsa-da yurt sog‘inchini unutmagan yurt o‘g‘lonining kechinmalari har bir “Boburnoma” o‘quvchisi uchun birdek qiziq. “Boburnoma”da inson ruhiyati tasvirini ochib berishga harakat qilar ekanmiz, quyidagi maqsad va vazifalarni o‘z oldimizga qo‘ydik.
- Ruhiyat tasviri ifodalanishida ijodkor badiiy mahoratini ochish;
- Qahramonlar ruhiy holatini tasvirlash ;
- Asarda qahramon ruhiy holati bilan peyzash unsurlarining aloqadorlik holatlarini ko‘rsatish;
- Ilgari surilgan fikrlarni muxtasar holda umumlashtirish.
Tadqiqotning obyekti va predmeti. Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” memuar asari tadqiqot obyektini tashkil etadi. Ishning predmeti esa asardagi inson ruhiy holatini o‘rganish va hodisalar bilan aloqadorlikda ochib berishdan iboratdir.
Tadqiqotning ilmiy yangiligi. “Boburnoma”da Bobur ruhiyati o‘rganildi va uning shaxsiyatini to‘laligicha ochib berishga harakat qilindi. Ijodkorning asardagi badiiy mahorati tadqiqi qilindi.
Bobur ruhiyatini “Boburnoma” orqali o‘rganish tadqiqot ishining yangiligi hisoblanadi.
Tadqiqotning metodologik asoslari va tadqiqi usullari. Tadqiqotdagi mavzuni yoritishda qiyosiy-tipologik, germenevtik tahlil usullaridan foydalanildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |