I bob gender tenglik tushunchasi va uning xalqaro huquq normalarida e’tirof etilishi
Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish: milliy va xorijiy tajriba
Download 78.56 Kb.
|
BMTning barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida gender tengligiga
2. Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish: milliy va xorijiy tajriba.Mamlakatimizda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar profilaktikasini samarali tashkil etish maqsadida “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun (2020-y.) qabul qilinib, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Mazkur qonunning qabul qilinishi: birinchidan, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida faoliyat olib boruvchi subyektlarning vazifa va vakolatlarini; ikkinchidan, oila-turmushdagi zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining huquqlarini himoya qilishni, uchinchidan, ushbu sohada faoliyat olib boruvchi subyektlarning vakolatlarini; to‘rtinchidan, himoya orderini berish amaliyotini; beshinchidan, zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus markazlarni yaratishning huquqiy asoslarini belgilab berdi. O‘zbekistonda xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida o‘ziga xos tajriba yaratilgan bo‘lib, uning afzalliklari va o‘ziga xos xususiyatlarini quyidagilar bilan izohlash mumkin: Birinchisi, mamlakatimizning barcha hududlarini bosqichma-bosqich jinoyatchilikdan xoli “Xavfsiz hudud”ga aylantirish maqsadida har bir mahallaga kamida bir nafar profilaktika inspektori biriktirilib, ular ma’muriy hududdagi jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasini, shu jumladan, oilalarning tinch va osoyishtaligini ta’minlashga alohida ahamiyat qaratmoqda. Xususan, profilaktika (katta) inspektorlarining soni hozirgi kunda 7299 nafardan 10154 nafarga yetkazildi. Ichki ishlar organlari faoliyatining huquqbuzarliklar profilaktikasi yo‘nalishida 363 ta xotin-qizlar masalalalari inspektorlar lavozimlari joriy etilib, ularning samarali faoliyat ko‘rsatishi yo‘lga qo‘yilgan. Ikkinchisi, fuqarolar yig‘inining oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi o‘zining faoliyatini tashkil etishda, birinchidan, oiladagi kelishmovchilik va nizoli vaziyatlarni hal etish va oilaviy ajralish yoqasida turgan oilalarni yarashtirish; ikkinchidan, har bir aniqlangan oila-turmush munosabatlari doirasidagi janjallar bo‘yicha qonuniy choralar ko‘rilishini ta’minlash va oilaviy janjallar oqibatida yuzaga kelgan er-xotin, aka-uka, opa-singil, ota-ona va farzand, qaynona va kelin, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi buzilgan munosabatlarni tiklash choralarini ko‘rish; uchinchidan, oilaviy janjallar sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Uchinchisi, O‘zbekistonda milliy qadriyatlar, an’ana va urf-odatlarni o‘zida saqlab kelgan, oilalarni birlashtirgan tuzilma sifatida mahalla fuqarolar yig‘inlari ma’muriy hududlardagi kriminogen vaziyatning barqarorligini ta’minlash, noqobil oilalarni o‘z vaqtida aniqlash, oilada oila a’zolari o‘rtasida buzilgan munosabatlarni tiklash, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar xulq-atvorini jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish borasidagi ishlarni amalga oshirib kelmoqda. To‘rtinchisi, mahalladagi xotin-qizlar faoli hamda fuqarolar yig‘inining xotin -qizlar bilan ishlash bo‘yicha komissiyasi tomonidan ma’muriy hududda yashovchi og‘ir hayotiy vaziyatlarga tushib qolgan xotin-qizlarni aniqlash va ularning muammolarini hal etish, ularning farzand tarbiyasidagi hamda oilalarda ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashdagi rolini oshirish, xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga to‘siq bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish, xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, yoshlarni oila qurishga tayyorlash hamda yosh oilalardagi ma’naviy-ruhiy muhitni sog‘lomlashtirish borasidagi ishlarni amalga oshiradi. Beshinchisi, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, o‘z joniga qasd qilishga moyil bo‘lgan xotin-qizlarga tibbiy, psixologik, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy yordam ko‘rsatish; oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishning sabab va shart sharoitlarni tahlil qilish va ularga barham berish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, og‘ir hayotiy vaziyatlarga tushib qolgan ayollarga psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish hamda xotin-qizlarga zo‘ravonlik ishlatish borasida profilaktik tadbirlarni amalga oshiradi. Bugungi kunda dunyoning yuzdan ortiq mamlakatlarida xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha qonunlar qabul qilingan bo‘lib, AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Fransiya, Avstraliya kabi davlatlar o‘zining tajribasi va o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib turadi. AQSHda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash bo‘yicha quyidagi amaliyot mavjud: a) oiladagi zo‘ravonlik jabrlanuvchilari uchun 1,5 ming ta markazlar, alohida uylar mavjud; b) kecha-yu kunduz faoliyat yurituvchi “ishonch telefon”lari tashkil qilingan; d) oilada zo‘rlik ishlatishning oldini olishga qaratilgan maxsus rejalar ishlab chiqilib samarali profilaktik choralarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratiladi; e) yakka tartibdagi profilaktikasi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Kanada davlati oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha quyidagi tajribalar mavjud: 1. Krizis markazlari tashkil etilib, ularning soni ehtiyojdan kelib chiqib ko‘paytirilgan. 2. Sog‘liqni saqlash vazirligida oiladagi zo‘ravonlik holatlarini tahlil qiladigan va umumlashtiradigan markaz ochilgan. 3. Mamlakatda oiladagi zo‘ravonlikning salbiy jihatlarini ko‘rsatuvchi 50dan ortiq filmlar tayyorlangan va namoyish qilingan. 4. “Yuzma-yuz” deb nomlangan oiladagi zo‘ravonlik holatlarini yoritib boruvchi ijtimoiy nashr joriy qilingan. 5. Ijtimoiy himoya xodimlarini tayyorlash programmalari tuzilgan. Shvetsiya davlatida oiladagi zo‘ravonlikni oldini olish bo‘yicha quyidagi tajribalar mavjud: a) oiladagi zo‘ravonlik holatlarining oldini olishning eng asosiy usullari sifatida ayollar o‘zlarining huquq va erkinligini to‘liq bilishi hamda undan foydalanishi talab etiladi; b) parlament a’zolarining yarmiga yaqini ayollarni tashkil etadi; d) mamlakatda ikkala jins ham qog‘ozda, ham hayotda teng huquqlarga egadir; e) “Erkaklarning ayollarga nisbatan zo‘ravonligining oldini olish va oldini olish bo‘yicha Milliy strategiya” qabul qilinib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan barcha chora-tadbirlar hukumat darajasida belgilab qo‘yilgan. Fransiyada oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha quyidagi amaliyot mavjud: aholi o‘rtasida oiladagi zo‘ravonlik yuzasidan so‘rovlar o‘tkazish va ularni tahlil qilib borish; psixologlar muntazam ravishda jabrlanganlar ro‘yxatini tuzib, ular bilan ishlarni tashkil etib boradi; zo‘ravonlikka duchor bo‘layotgan va bo‘lgan shaxslar uchun vaqtinchalik boshpana-manzilgohlar faoliyati tashkil etilgan; kechayu kunduz faoliyat yurituvchi ishonch telefonlari mavjud. Birinchidan, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi oilaviy ajralish yoqasida turgan nizoli oilani yarashtirsa va oilaning ajralib ketishining oldini olsa, mahalla fuqarolar yig‘ini raislarini moddiy rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish lozim. Ikkinchidan, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, oiladagi zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollarning aksariyati (80-90 foizi) himoya orderi nima ekanini, u haqida kimga va qanday tartibda murojaat qilish lozimligi haqida umuman ma’lumotga ega emas. Shu boisdan profilaktika inspektorlari o‘ziga biriktirilgan ma’muriy hududdagi notinch nizoli oilalar hamda zo‘ravonlikka duchor bo‘layotgan ayollarni o‘z vaqtida aniqlab, muntazam ravishda jabrlanib kelayotgan shaxslarga nisbatan himoya orderini berish amaliyotini samarali tashkil etishlari lozim. Uchinchidan, oiladagi zo‘ravonlikning samarali profilaktikasini tashkil etish, xotin-qizlarning tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanishini kamaytirish, ayollarga nisbatan zo‘rlik ishlatilgan taqdirda kimga va qanday tartibda murojaat qilish borasida targ‘ibot va tushuntirish ishlarini olib borish, shuningdek aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish borasida OAVlar orqali videorolik, reklama va teleko‘rsatuvlarni tashkil etish zarur. To‘rtinchidan, mahalla hududidagi notinch nizoli oilalar, farzandining tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar hamda og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, shu jumladan, zo‘ravonlikka duchor bo‘lib kelayotgan xotin-qizlarni o‘z vaqtida aniqlash bo‘yicha profilaktika inspektorlari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektor, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, xotin-qizlar faolining o‘zlariga biriktirilgan ma’muriy hududdagi oilalar va ulardagi kriminogen nizoli holatlar hamda ularning profilaktikasi bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni tashkil etishga qaratilgan yo‘l xaritalarni ishlab chiqish va amalga oshirish kerak. Beshinchidan, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik ko‘rsatgan yoki ularga nisbatan shafqatsizlik bilan munosabatda bo‘lgan shaxslarga nisbatan qat’iy jazo chorasini qo‘llash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy va Jinoyat kodekslariga yangi “xotin-qizlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish” moddasini kiritish lozim. Oltinchidan, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi va hududiy profilaktika inspektorlari oiladagi zo‘ravonlikdan jabrlanganlar bilan muloqot qilishga, ularning ish joyiga, o‘qish joyiga, yashash joyiga borishga taqiqlar qo‘yishni va ularni himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda o‘zaro hamkorlikni samarali tashkil etib borishlari lozim. Birlashgan Millatlar Tashkiloti xotin-qizlarga jismoniy, jinsiy yoki ruhiy zarar yoki azob-uqubatlarga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan, ushbu jinsga nisbatan har qanday zo‘ravonlik harakatini, jumladan, bunday xatti-harakatlar bilan tahdid qilish, majburlash yoki o‘zboshimchalik bilan ozodlikdan mahrum qilish holatlari jamoat yoki shaxsiy hayotda bo‘lishidan qat’iy nazar, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik deb ta’riflaydi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha idoralararo ishchi guruhi tomonidan 2000- yildan 2018- yilgacha bo‘lgan davrda 161 mamlakat va hududlarda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning tarqalishi ma’lumotlarining 2018-yildagi tahlili shuni ko‘rsatadiki, butun dunyo bo‘ylab deyarli har uchinchi yoki ayollarning 30 %i, hayoti davomida o‘zining hayotdagi sherigi yoki eri tomonidan jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlik yoki boshqa shaxs yoki har ikkalasi tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan. 2018-yilda dunyoda 15-49 yoshdagi xotin-qizlarga nisbatan jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikning sodir etilganlik ko‘rsatkichlari tahlil qilinsa, demokratik prinsiplar mustahkam bo‘lgan va ayollarning huquqiy bilimlari yuqori bo‘lgan davlatlarda, buning aksi bo‘lgan hududlarga nisbatan ko‘rsatkichlar ancha ijobiy ekanligini ko‘rish mumkin. Xotin-qizlarga nisbatan jinsiy yoki jismoniy zo‘ravonlikning omillari. Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonliklar shaxslar, oilalar va jamoalar darajasida, shuningdek, butun jamiyatda mavjud bo‘lgan omillar tufayli yuzaga keladi. Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonliklar uchun xavf omillari quyidagilardan iborat: • ta’lim sifatining pastligi; • bolalik davrida zo‘ravonlikka duchor bo‘lish; • oilada zo‘ravonlikka guvoh bo‘lish yoki unga uchrash; • antisotsial shaxs buzilishi; • spirtli ichimliklarni iste‘mol qilish; • erkaklarning zararli odatlari va xatti-harakatlari, jumladan, ko‘p xotinlilik va zo‘ravonlikni oqlaydigan munosabat; • erkaklarga imtiyozli yoki yuqori lavozimni, ayollarga esa pastroq lavozimni belgilovchi ijtimoiy normalar; • ayollarning haq to‘lanadigan mehnat qilish imkoniyatlari cheklanganligi; • gender tengligining past darajasi. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik ildizida gender tengsizligi va bunday zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yadigan me’yorlar yotadi. Download 78.56 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling