I bob gender tenglik tushunchasi va uning xalqaro huquq normalarida e’tirof etilishi
II BOB. O‘zbekiston Respublikasida gender tenglik siyosati
Download 78.56 Kb.
|
BMTning barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida gender tengligiga
II BOB. O‘zbekiston Respublikasida gender tenglik siyosati.6. O‘zbekistonda xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ta’minlashning o‘ziga xos jihatlari.O‘zbekistonga xalqaro hamjamiyatning muayyan ijobiy munosabati xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari mamlakatimiz normativ-huquqiy bazasiga implementatsiya qilinganligi, ulardagi normalarga amal qilinishi, davlatda inson huquq va erkinliklari ta’minlanganlik darajasi institutsional va huquqiy asoslari yaratilganligi hamda ularga rioya qilinishi ustidan nazoratning ta’sirchan mexanizmlari mavjudligiga qarab ham shakllanadi. Umuman, ushbu normalarining muhimligi shundaki, ular inson, jumladan, O‘zbekiston aholisining teng yarmini tashkil etuvchi ayollar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish barobarida davlatning xalqaro maydondagi nufuziga ta’sir ko‘rsatadi. Yuqoridagilarga asoslanib shuni qayd etish lozimki, ayol huquqlarini himoya qilish borasidagi amaliy ishlarni samarali tashkil etishda mazkur sohaga oid xalqaro-huquqiy va milliy normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi hamda institutsional mexanizmlarning yaratilganligi muhim ahamiyatga ega. Zero, BMTning “Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturi”ning 18-bandida qayd etilganidek, “ayollar va qizlarning huquqlari umumiy inson huquqlarining tarkibiy va bo‘linmas qismidir”. Hozirgi vaqtda ayollar huquqlari bo‘yicha xalqaro huquq 80 dan ortiq umumjahon va mintaqaviy konvensiyalarni o‘z ichiga oladi. Mazkur hujjatlar qatnashchi davlatlar uchun majburiy norma hisoblanadi. XX asrga kelib, inson huquqlari sohasidagi eng asosiy hujjat BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyaning muqaddimasidayoq erkak va ayolning teng huquqliligiga alohida e’tibor qaratilgan. Albatta, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt ham Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt ham BMTning yarim asrdan ortiq tarixi davomida ayollar huquqlariga taalluqli bir qator xalqaro normativ-huquqiy hujjatlar ham ayollar huquqlarini himoya qilishga xizmat qilish bilan birga milliy qonunchilik shakllanishida ustuvor qoidalar sifatida foydalanildi. Ammo tom ma’nodagi ayollar huquqlariga oid xalqaro standartlar shakllanishini olimlar aynan BMTning “Xotin-qizlarni kamsitishning har qanday shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya”si hamda “Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish to‘g‘risidagi deklaratsiya”ning qabul qilinishi bilan bog‘laydilar. Biz mazkur yondashuvni qo‘llab-quvvatlaymiz hamda “Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni bartaraf etish to‘g‘risida”gi Deklaratsiyani O‘zbekiston Respublikasi tomonidan siyosiy jihatdan qo‘llab quvvatlab, uning qoidalariga amal qilish maqsadga muvofiq, deymiz. Chunki “Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllarini bartaraf etish to‘g‘risidagi Konvensiya”ning samarali amalga oshirilishida ushbu Deklaratsiya jarayonni kuchaytiradi va to‘ldiradi, deb hisoblaymiz. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlarni kamsitishning har qanday shakllariga barham berishga qaratilgan hamda xotin-qizlar va erkaklar uchun huquq va imkoniyatlar tengligini ta’minlash, jamiyat va davlat boshqaruvida ularning to‘laqonli ishtirokini tashkil etish, xotin-qizlarni ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, yangi milliy normativ huquqiy mexanizmlar ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilmoqda. Ushbu yo‘nalishda respublikamizda xalqaro huquqning norma va standartlari asosida gender tengligi sohasida ikkita qonun va 40 ga yaqin qonun osti hujjatlar qabul qilindi. Shu o‘rinda shuni ta’kidlash o‘rinliki, O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi shuningdek, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”17 gi qonunlarning qabul qilinishi o‘ta muhim. Qonunchiligimizda birinchi marta “gender”, shuningdek, jins belgisiga qarab “bevosita” va “bilvosita” kamsitish kabi tushunchalar aks ettirildi. Nimalar jins bo‘yicha kamsitish hisoblanmaydi kabilar ochiqlandi. Shuning barobarida, O‘zbekistonda xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini o‘rganishlar va natijalar tahlili asosida, O‘zbekiston Respublikasi “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunga quyidagi tushunchani kiritish taklif etiladi: “Gender stereotiplari – ma’lum bir davrda vujudga kelgan ayollar va erkaklarning gender rollari va farqlari, xususiyatlari to‘g‘risidagi jamiyat a’zolarida shakllangan barqaror salbiy g‘oyalar, fikrlar (amaliyot) yig‘indisi”. O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, qo‘shni MDH va xorijiy davlatlarning tegishli tazyiq va zo‘ravonlikdan, oilaviy-maishiy zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlarida asosiy tushunchalar sifatida: oilaviy-maishiy zo‘ravonlik, shilqimlik yoki tegajog‘lik (xarassment) hamda axloqqa zid xulq-atvor tushunchalari kiritilgan. Shu ijobiy tajriba va amaliyot natijasini O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasiga qo‘shimcha kiritish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz. Albatta, ota-onalarning farzandlar tarbiyasidagi mas’uliyatni oshirish ham bugungi kunda har doimgidan-da dolzarblik kasb etmoqda. Shu maqsadda “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasiga quyidagi tahrirda o‘zgartirish kiritish tavsiya etiladi: “Uzoq muddatga yashash joydan chiqib ketayotgan ota-onalar tomonidan voyaga yetmagan farzandiga vasiy yoki homiy tayinlashning majburiy tartibi joriy qilinadi”. Tadqiqotlarimiz hali hamon gender masalalarida noto‘g‘ri fikr va tushunchalar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Shundan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasalarida Gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha jahon tajribasi, natijalari uning afzallik va yutuqlari, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yorituvchi kurslar tashkil qilish maqsadga muvofiq. Gender tengligini ta’minlash siyosatida natijadorlik va hisobdorlikni oshirish uchun gender adolatiga taalluqli statistika va ma’lumotlarni jamlab borish muhimdir. Statistik ma’lumotlar son va sifat, xususiyat, vaqt (ma’lum bir davrni ichiga oladigan) va barchasi ochiqlik, shaffoflik va foydalanishga qulay bo‘lishini, barcha tashkilotlardan ma’lumotlar vaqtida yig‘ilishini, javobgarlik masalasini ham belgilab qo‘yish lozim. Sababi to‘liq va aniq bo‘lgan statistik ma’lumotlar vaziyatga faktik baho berishga yordam beradi. Shuningdek, xorijiy davlatlarning gender tenglik borasida olib borayotgan ishlari samaradorligini ko‘rsatuvchi xalqaro reytinglarda O‘zbekiston o‘rnini yetakchi davlatlar qatoriga olib chiqish yuzasidan har bir reyting bo‘yicha alohida choratadbirlar rejasini ishlab chiqish va bajarilishi yuzasidan har chorakda hisobot tayyorlash natijadorlikni oshiradi. Yuqorida qayd etilgan fikrlardan kelib chiqib, takliflar hozirgi ma’rifiy dunyoda inson huquqlarining ajralmas qismi hisoblangan xotin-qizlar huquqlarini jamiyat hayotining barcha munosabatlarida to‘laqonli ishtirok etishiga xizmat qiladi, deb ishonamiz. XXI asrga kelib jahonda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy, madaniy va ma’naviy mavqeyini yanada oshirishga bo‘lgan ehtiyoj dolzarb masala sifatida kun tartibiga qo‘yilmoqda. Hozirda deyarli har sohada faol ishtiroki orqali intellektual salohiyati tobora o‘sib borayotgan ayollar ijtimoiy-siyosiy institutlararo muloqotlarning tobora faol subyektiga aylangan. Jamiyat hayotining barcha sohalarida gender tengligiga erishish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish va ayollar huquqlarini himoya qiluvchi qonunchilik tizimini yanada takomillashtirish masalalari, qolaversa, davlat va jamiyat boshqaruvida ayollar rolini oshirish xalqaro miqyosda, xususan O‘zbekistonda ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu haqida 2021-yilning 22-fevral kuni davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashi sessiyasida nutq so‘zlab, ijtimoiy-siyosiy hayotda ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlar qat’iy davom ettirilishi haqida ta’kidlab o‘tgan. Jamiyatdagi barcha ayollarning ijtimoiy adolat, tenglik, barqarorlik to‘g‘risidagi fikr o‘ylarini amalga oshirish, ularning manfaatini himoya qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Respublikada ayollar va erkaklarning jamiyat hayotidagi tengligiga doir konstitutsiyaviy prinsipni amalga oshirish uchun institutsional muhit yaratildi. Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi Konvensiya ratifikatsiya qilindi. Konvensiyaga muvofiq, xotin-qizlarning har tomonlama rivojlanishini ta’minlash uchun barcha sohalarda uning normalarini milliy qonunchilikka tatbiq etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-sentabrdagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘RQ -561-son Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlar to‘g‘risida”gi O‘RQ-562-son Qonuni shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60-sonli Farmoniga ko‘ra O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining “Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish” deb nomlangan IV yo‘nalishida belgilab berilgan maqsad – xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlashga qaratildi. 2022–2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha milliy dastur tasdiqlandi. Prezident tashabbusi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Oila va ayollar masalalari bo‘yicha komissiya, Senatda esa Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar gender tengligini himoya qilish bo‘yicha komissiya tashkil etildi. Bugungi kunda milliy parlamentning ayol kishi T.Norboyeva tomonidan boshqarilayotgani mamlakatda ayollar ijtimoiy-siyosiy faoliyatiga bildirilgan ishonchning eng yuksak namunasidir. Zo‘ravonlik tushunchasining mohiyati, turlari va ko‘rinishlari. Bugungi kunda zo‘ravonlik dolzarb muammolarning biriga aylanib, nafaqat psixologik, balki ijtimoiy, tibbiy va yuridik jihatlariga ega. Zo‘ravonlik o‘z oqibatlariga ko‘ra, eng jiddiy psixologik jarohatlarga olib keluvchi jarayondir. Zo‘ravonlik natijasida vujudga keladigan buzilishlar inson funksional tizimining barcha a’zolariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi: bilish sohasi, ishtaha (bo‘g‘ilishi yoki haddan ortiq ko‘p ovqat yeyish), uyqu, shaxsning turg‘un xususiyatlarini o‘zgarishiga olib keladi. Masalan, bolalikda kechirgan zo‘ravonlik, insonni bir umr ta’qib etadi. Zo‘ravonlik tushunchasi, ko‘pqirralik bo‘lib, bir shaxs tomonidan o‘zgaga jismoniy, psixologik, iqtisodiy ziyon yetkazish, anglangan ravishda erkinlikni cheklash, o‘ziga bo‘ysundirish va huquqlarni poymol etilishi bilan tavsiflanadi. Zo‘ravonlikning ko‘plab shakllari mavjud bo‘lib, ular, maishiy (uydagi) zo‘ravonligi, urush, terroristik harakatlar, garovga olish, asir olish va boshqalar. Jamiyatimizda bugungi kunda zo‘ravonlikning ko‘payib ketayotgan turlaridan biri – uydagi zo‘ravonlikdir. Maishiy (uydagi) zo‘ravonlik bu – bir inson oilasining o‘zga bir a’zosini xulq-atvorini va his-tuyg‘ularini nazorat qilishga urinishi yoki nazorat qilishi hisoblanadi. Maishiy (uydagi) zo‘ravonlik ketma-ketligi qisqarayotgan va ta’sir etish kuchi ko‘payayotgan jismoniy, og‘zaki, ma’naviy, iqtisodiy haqoratlarning davomiyligi bo‘lib, zamirida nazorat qilish va qo‘rquv hissini singdirish yotadi. Bunga bolalar bilan shafqatsiz munosabat, turmush o‘rtog‘i (yoki munosabatlardagi partnyorga), ota-onaga (masalan, qari ota-onalarga) nisbatan amalga oshiriladi. Zo‘ravonlik quyidagicha bo‘ladi: Jismoniy – tarsaki, urish, tepig, qurol qo‘llash; Jinsiy – partnyor uchun istalmagan hatti-harakatlarga zo‘rlash; Psixologik – atrof dunyodan uzib qo‘yish, qo‘rqitish, tahdid qilish, tanqid qilish, mensimaslik; Iqtisodiy – iqtisodiy qaram bo‘lgan oila a’zosida cheklangan mablag‘ ajratiladi. Har bir xarajati uchun hisob so‘raladi hamda oila muammolari muhokamasida fikri inobatga olinmasligi, ishlash ta’qiqlanganligi kiradi. Zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarga quyidagilar xos: o‘z-o‘zini past baholashi, oila, jamiyatdagi ayol o‘rni haqidagi tasavvurlarning buzilishi, xafa qilgan shaxsni oqlovchi fikrlar, aybdorlik hissi, zo‘ravonga nisbatan his qilayotgan g‘azab hissini inkor etish, ularga zo‘ravonlik muammosini hal qilishda hech kim yordam bera olmasligiga qat’iy ishonch, oilada partnyorlar orasidagi zo‘ravon munosabatlar odatiy, normal hol ekanligiga ishonch. Agressorlar o‘zgalarga zo‘ravonlik qiladiganlar, odatda o‘zlari yoshlikda zo‘ravonlik qurbonlari bo‘lganlar. Agressorni ham xuddi jarb ko‘rganlarga o‘xshab o‘z-o‘zini baholash past bo‘lib, jamiyat va oilada erkakning roli haqida an’anaviy qarashlarga ega, o‘zini qilgan xatoliklarida o‘zgalarni ayblashlari, munosabatlarda zo‘ravonlikni odatiy hol sifatida qabul qilishlari, vujudga kelayotgan noqulayliklar va psixik zo‘riqishni agressiya orqali yechilishi. Viktimologiya- ilmiy bilimning maxsus yo‘nalishi bo‘lib, aggressor vaziyat va jabrlanuvchi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning qanday vujudga kelishini o‘rganadi. Viktim xulq-atvor – ma’lum vaziyatlarga insonni jabrlanuvchiga aylantiradi. Shaxsni jabrlanuvchiga aylantira oladigan xususiyatlar: konformlik, jur’atsizlik, o‘ziga ishonmaslik kiradi. Zo‘ravonlik mavzulariga bag‘ishlangan psixologik tadqiqotlarda stokgolm sindromi tushunchasi ko‘rib chiqiladi. Stokgolm sindromi jabrlanuvchi va agressor o‘rtasida o‘ziga xos aloqani aks etib, jabr ko‘rgan agressorni xatti-harakatlarini oqlaydi. Sindrom negizida Z.Freyd tasvirlagan “agressor bilan identifikatsiya” mexanizmi yotadi. Psixologik bosimning ko‘rinishlari: Asosiy belgilar: 1. G‘amxo‘rlikning total nazoratga aylanishi; 2. Ortiqcha rashk, hatto qarashlarga nisbatan; 3. Minnatlar va qadrsizlashtirish; 4. Juftiga aybdorlik hissini singdirish; 5. Juftiga nisbatan jismoniy kuch ishlatish; odatda bu holat bir tarsakidan boshlanib, agar ayol o‘zini himoya qilmasa yoki bo‘lmasa bunday oilani tark etmasa, qotillikgacha borishi mumkin. Zo‘ravonlik avj olishining psixologik sabablari jazosiz qolishiga ishonchdir. Baribir hech narsa qila olmaydi, qayerga ham borardi kabi fikrlash erni o‘z-o‘zini nazorat qilishini susaytiradi. Huquqni himoya qilish organlariga murojaat qilmaslikning asosiy sabablari: – Uydagi gapni ko‘chaga olib chiqish mumkin emas, sharmanda! – Bolalar otasiz qolmasin! – Ota-onamni uyiga sig‘mayman. – Ishlamayman, farzandimni boqa olmayman; (moddiy qaramlikning mavjudligi, ayolning kasbi yoki ma’lumotining yo‘qligi). – Odamlar nima deydi? – Er bo‘lgandan keyin uradida! Yuqoridagilarning barchasi aslida, jamiyat va agressorlar tomonidan singdirilgan stereotiplardir. Muammoning yechimi aslida, bir vaqtning o‘zida oddiy va murakkab, biz farzandlar tarbiyasida har bir insonni huquqlari, burch va majburiyatlarining borligini singdirib, atrofdagilarni va yaqinlarni hurmat qilish kabi azaliy qadriyatlarimizni singdirishimiz zarur. Ijtimoiy fanlar taraqqiy etgan sari tengsizlik muammosi tadqiq etib bormoqda. Bizning mamlakatimizda ham salmoqli ishlar olib borilmoqda. Ushbu chora-tadbirlarning natijasi yanada samaraliroq bo‘lishi uchun, biz, avvalambor, o‘g‘il bolalarga qonun oldida barcha tengligi va oila qurgandan so‘ng uning vazifa hamda majburiyatlari borligini, har qanday zo‘ravonlikka jazo muqararligi haqida bildirishimiz shart! Gender tengsizlik va zo‘ravonlik ikki jins orasida sodir bo‘lar ekan, faqat ayollarga ularning huquqlarini himoya qilishning o‘zigina kamligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. So‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning to‘laqonli ishtirok etishini ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. 2022-yil 1-martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-81-sonli Farmoni va “Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-146-son qarori imzolandi. Mazkur hujjatlarga asosan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) bo‘linmalari tashkil etilib, har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullardagi har bir mahallada esa, mahalla raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari hamda oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassis lavozimlari tugatilib, xotin-qizlar faoli lavozimi joriy etildi. Shuningdek, yuqoridagi Prezident Farmonida quyidagilar oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi: • xotin-qizlarning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishlari; • munosib ish topishlariga har tomonlama ko‘maklashish; • tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash; • iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatlarini to‘g‘ri yo‘naltirish; • xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlashga doir islohotlarni amalga oshirish; • oilaning tarbiyaviy-ta’lim salohiyatini mustahkamlash; • jamiyatda oilaviy qadriyatlarni saqlash; • oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash va ularning farovonlik darajasini oshirish. Ayni paytda mamlakatda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab quvvatlash va gender tengligiga erishish borasida sa’y-harakatlar amalga oshirib kelinmoqda. Gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, sohaga oid 25 ta qonunchilik hujjati qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil etildi. O‘zbekiston tarixida ilk marotaba parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetib, parlamentdagi xotin-qizlar soni qariyb 32 foizga yetdi va dunyodagi 190 ta parlament orasida 37-o‘ringa ko‘tarildi. Boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga, partiyalarda 44 foizga, oliy ta’limda 40 foizga, tadbirkorlikda 35 foizga yetdi. Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ular bilan manzilli ishlash maqsadida “Ayollar daftari” tizimi joriy etilib, Davlat byudjetidan har yili 300 mlrd so‘m mablag‘ ajratib borish yo‘lga qo‘yildi. Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarning o‘qish to‘lovlarini qoplab berish tizimi joriy etilib, oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar soni ikki baravarga ortdi. Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida 224 mingdan ortiq xotin-qizga jami 6,9 trln. so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Sohada olib borilayotgan islohotlar xalqaro reytinglardagi mamlakatimiz o‘rniga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, Jahon bankining Ayollar, biznes va qonun indeksida O‘zbekiston 2020-yilda xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik bo‘yicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 ta davlat qatoriga kiritildi va 5 pog‘onaga yuqorilab, 190 ta davlat orasida 134-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston BMT Nizomining maqsad va prinsiplariga hamda xalqaro huquqning boshqa umume’tirof etilgan normalariga sodiq ekanligini doimo ko‘rsatib kelgan. BMT Bosh Assambleyasining 2015-yilning sentabrida Barqaror rivojlanish bo‘yicha o‘tkazilgan sammitida 70-son rezolyutsiyasi qabul qilinib, mamlakatimiz uchun dolzarb hisoblangan 16 ta milliy maqsadga erishish bo‘yicha 125 ta maqsadli vazifa hamda 206 ta indikator ishlab chiqilgan. Bugunga kelib bu boradagi chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish bo‘yicha davlat rahbarining 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–87-son Farmoni bilan 2022–2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dastur hamda 2022–2023-yillarda amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi qabul qilinib, unda oila institutini mustahkamlashning huquqiy asoslarini takomillashtirish, oila masalalari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish, demografik rivojlanishni rag‘batlantirish va oila farovonligi darajasini oshirish, oilaning tarbiyaviy-ta’lim salohiyatini mustahkamlash, jamiyatda oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash, oilalarga ta’sirchan metodik, konsultativ va amaliy yordam ko‘rsatishning samarali tizimini yaratish kabi 20 ga yaqin chora-tadbirlar belgilab berildi. Albatta, mazkur chora-tadbirlar orasida oila qonunchiligini takomillashtirish ham alohida ahamiyatlidir. Har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullardagi har bir mahallada mahalla raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari hamda oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassis lavozimi o‘rniga xotin-qizlar faoli lavozimi mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish tartibi saqlangan holda bir nafardan joriy etildi. Xotin qizlarni ijtimoiy siyosiy faolligini oshirishda mahalla xotin-qizlar faolining o‘ziga xos munosib o‘rni bor. Xususan, har bir mahallada istiqomat qilayotgan xotin-qizlarning faolligini oshirish deganda, har bir ayolning o‘z individual qiziqish va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, ularga jamiyatning ijtimoiy siyosiy jabhalarida imkoniyatga ega bo‘lishlariga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishdan iborat. Bu borada ishlarni quyidagi bosqichda tashkil etish muhim sanaladi: birinchidan, jamoat ishlarida faol ishtirok etayotgan, davlat xizmatchisi sifatida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning manzilli ro‘yxatini shakllantirish va tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limiga taqdim etish. Ikkinchidan, jamoat ishlarida faol ishtirok etayotgan va ibratli turmush kechirayotgan xotin-qizlarni tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan targ‘ibot ishlariga jalb etish hamda ularni salbiy xulq-atvordagi xotin-qizlarga murabbiy sifatida biriktirish. Uchinchidan, mahalladagi voyaga yetmagan qizlarni ta’lim muassasalaridagi to‘garaklarga hamda kasb-hunar egallaydigan o‘quvlarga yo‘naltirish. To‘rtinchidan, mahalladagi faol ayollarni davlat mukofotlari, “Mo‘tabar ayol” va boshqa ko‘krak nishonlari, “Yil ayoli” va “Gender tenglik faoli” tanlovlariga, iqtidorli qizlarni “Zulfiya” nomidagi davlat mukofotiga tavsiya etish; beshinchidan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining hududdagi asosiy va doimiy targ‘ibotchisi bo‘lish hamda “Gender tenglik” tushunchasining aholi ichida anglanish jarayonida yetakchilik qilish; oltinchidan, “Oqila ayollar” harakatini tashkil etishda mahalladagi fidoiy, obro‘- e’tiborli, katta hayotiy tajribaga ega, jamiyat va davlat hayotida faollik, tashabbuskorlik ko‘rsatayotgan, o‘zining samarali mehnati, hayotiy tajriba va ta’siri bilan ma’naviy sog‘lom oilaning shakllanishiga, joylarda ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish, milliy qadriyatlarni keng targ‘ib etish borasida ibrat ko‘rsatayotgan, “mahallaning vijdoni”ga aylangan hamda davlat mukofotlari sohibalari bo‘lgan xotin-qizlar orasidan 15 nafardan iborat faol xotin-qizlarni shakllantirish; yettinchidan, “Ayollar maslahat kengashi” a’zolari bilan birgalikda har oyda kamida bir marotaba mahalla hududida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish va ma’naviyatini yuksaltirish yuzasidan uchrashuvlar, badiiy kechalarni tashkil etish, xotin-qizlarning teatrlarga, madaniyat va ma’rifat maskanlariga tashriflarini tashkillashtirilishiga ko‘maklashish; sakkizinchidan, ayol turmush tarzida oila mas’uliyati va ijtimoiy-siyosiy faollikning muvozanatini ta’minlash bo‘yicha mahallalarda ilmiy-tadqiqot institutlari hamda psixologlar tomonidan ayollar va erkaklar uchun o‘quvlar tashkil etishda tashabbus ko‘rsatish. Aholi o‘rtasida ijtimoiy-siyosiy faol ayollarning “Ibrat maktab”larini tashkil etish yuzasidan tuman bo‘limiga takliflar kiritish. Shuningdek, mahalla xotin-qizlar faoli xotin-qizlarga ta’lim olish sohasida yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar haqida tushuntirish berib boradi, xususan: – oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida tavsiyanoma berish; – mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga umumiy qabul parametrlaridan tashqari test sinovlari natijalariga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish amaliyoti; – oliy ta’lim muassasalari, texnikum va kollejlarda, shu jumladan, sirtqi va kechki ta’lim shaklida o‘qiyotgan xotin-qizlarning ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun 7 yil muddatga foizsiz ta’lim kreditlarini moliyalashtirish; davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qaytarish shartisiz qoplash; har yili Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining tavsiyalariga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlarning ta’lim kontraktlari mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qaytarish shartisiz qoplab berilishi masalalari. Xulosa o‘rnida ta’kidlab o‘tish joizki, O‘zbekistonda ayollarning davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi, ularning oiladagi mavqeyini mustahkamlash borasida yetarli ahamiyat va e’tibor berib kelinmoqda hamda bu boradagi ishlar yanada jadallashtirilgan tarzda davom etmoqda. Mahalla xotin-qizlar faoli bu borada o‘z vazifa va ko‘nikmalarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib harakat qilishi, o‘z vazifalariga mas’uliyat bilan yondashishi jamiyatda ijtimoiy siyosiy faol bo‘lgan ayollarning ko‘payishiga xizmat qiladi.18 Download 78.56 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling