I bob. Hayvonlar haqidagi ertaklarning uslub mezonlari va talqiniga xos asosiy xususiyatlar I hayvonlar haqidagi ertaklarning o‘ziga xos xususiyatlari I
II.3. HAYVONLAR HAQIDAGI ERTAKLARDA RAQIB
Download 140.2 Kb.
|
Hayvonlar haqidagi ertaklarda obrazlar tarkibi va talqini”
II.3. HAYVONLAR HAQIDAGI ERTAKLARDA RAQIB
PERSONAJLAR TALQINI Hayvonlar haqidagi ertaklarning personajlari tizimida raqib obraz alohida o‘rin tutadi. Raqib personajlar ertaklar sujetida yetakchi yoki yordamchi qahramonlar harakati va maqsadiga zid, ya’ni qarama-qarshi munosabatda turib harakat qiluvchi, talqinida salbiy xususiyatlarni mujassamlashtirgan muxolif yoki raqib kuch qiyofasida namoyon bo‘ladi. Biroq bu muxoliflik mohiyat e’tiboriga ko‘ra ijtiomiy-siyosiy ma’noda emas, balki maishiy-estetik mazmunni ifodalovchi voqelik sifatida aks etadi. Binobarin, mazkur turdagi ertaklarda konfliktlar xarakteri aynan shu holat bilan izohlanadi. Raqib personajlarning u yoki bu darajadagi xatti-harakatlari sujet tizimida alohidalik kasb etadi. Ularning funksional harakatlarida ko‘zga tashlanuvchi eng asosiy jihatlar sujet dinamikasini ta’minlovchi ziddiyat va to‘qnashuvlarni keltirib chiqarishi bilan tavsiflanadi. Ayni hodisa yetakchi yoki yordamchi personajlar xarakterini ochishda, talqiniga xos ijobiy sifatlarini rivojlantirish va to‘ldirishda bosh vosita bo‘lib xizmat qiladi. Demak, to‘qnashuv ikki tomon sifatlarini belgilaydi va umumlashtiradi. Raqib personajlar tarkibi bo‘ri, shoqol, o‘rni bilan tulki, ilon, qarg‘a kabi parranda-darrandalardan iborat bo‘lib, bo‘ri shu guruh vakillari orasida faol harakati va o‘ziga xos qator xarakterli xususiyatlari bilan ajralib turadi. Turkiy xalqlarda, jumladan, o‘zbek folklorshnosligida bo‘ri obrazi, uning tarixiy kelib chiqish asosi – genezisi, ayniqsa, qadimiy turkiylar madaniyati, diniy-e’tiqodiy qarashlari tizimida tutgan o‘rni va ahamiyati bir qator ilmiy monografik hamda ilmiy-tarixiy tadqiqotlar mazmunida keng, va atroflicha yoritilgan1. Bo‘ri hayvonlar haqidagi ertaklarda, asosan, salbiy xislatlar bilan ko‘zga tashlanuvchi obraz sifatida mashhurdir. Ilmiy adabiyotlardan, yirik folklorshunoslarning tadqiqotlaridan ma’lum bo‘lishicha, bo‘rining ertaklardagi muayyan shaklga kirgan badiiy obrazi o‘zining afsonalardagi o‘tmishdoshidan farqli o‘laroq hech bir asosda ijobiylik kasb etmaydi2. Bundan sehrli ertaklar mustasno, albatta3. Chunki sehrli ertaklarda bo‘rining totemistik e’tiqodlar bilan bog‘liq jihatlari muayyan darajada saqlanib qolgan, ya’ni afsonalarda asos solingan mifologik totem sifatidagi umrini sehrli ertaklar tarkibida davom ettirib, yashab kelmoqda. Biroq e’tirof etish kerakki, uning badiiy ko‘chim doirasiga tushgan dastlabki, arxaik shakli va mazmuni sehrli ertaklar talabi hamda tabiatiga moslashgan holda voqelikka aylangan. Hayvonlar haqidagi ertaklarda esa bo‘riga bo‘lgan mifologik e’tiqod izlari saqlangan. U salbiy personaj sifatida namoyon bo‘ladi. Ertaklarda «Bo‘ri, – deb yozadi M.I.Afzalov «O‘zbek xalq ertaklari haqida» nomli monografik tadqiqotida, – eng ochko‘z, mug‘ombir, ahmoq, go‘l sifatida tasvirlanadi»1. K.Imomov ham xuddi shunday fikr bildirib, «Bo‘ri obrazi talqinida ikki xil belgi aniq ko‘rinadi. Biri, bo‘ri-qonxo‘r, ikkinchisi esa bo‘ri-laqma. Laqmalik belgisi ijtimoiy hayotning chorvachilik bosqichida vujudga kelgan uydirma. U zarar keltirgan hayvonlardan qasd olish, mazax qilish niyatida to‘qilgan va u an’anaga aylangan»2, ekanligini ta’kidlab ko‘rsatadi. Ko‘rinadiki, hayvonlar haqidagi ertaklarda bo‘rining salbiy personaj sifatida konkretlashuvi jamiyatdagi ijtimoiy -iqtisodiy jarayonlar mahsuli tariqasida yuzaga kelgan. Binobarin, avval ta’kidlaganimizdek, chorvachilik munosabatlari iqtisodiy tarmoq sifatida qaror topgach, totem-yaratiq – bo‘riga nisbatan ishonch va e’tiqod kuchsizlangan hamda yo‘qola borgan. Natijada mifik hodisalarning poetik transformatsiyasi o‘z mohiyatini xiralashtirib, maishiy-estetik ma’no kasb etgan va ibtidoiy chorvachilik munosabatlaridan kelib chiqadigan real voqelik, hayvonlar haqidagi hikoyatlar, fantastik uydirmalar vositasida aks ettirila boshlangan. Demak, bo‘ri qiyofasida salbiy xususiyatlarning yuzaga kelish hamda shakllanish jarayoni, asosan, chorvachilik munosabatlarining qaror topishi va totemik e’tiqodlarga bo‘lgan ishonchning yo‘qola borishi bilan aloqadordir. Uning raqib personaj sifatidagi faoliyati esa dual miflar ideologiyasi ta’sirida shakllangan. Bundan tashqari, uning mazmunida urug‘, qavm yoki qabilalararo ziddiyat va raqobatning ilkin izlari aks etadi. Shuning uchun ham mazkur personajning ertaklardagi badiiy talqini hamma vaqt salbiy xislatlarda gavdalanadi. «Undagi bu xislatlar satirik prinsip talablari asosida bo‘rttirilib tasvirlanadi»1. Ertaklarda bo‘ri ishonuvchan, laqma, ayni paytda, ochko‘z va yirtqich sifat ta’riflanadi, «... laqmalik esa uni mazax qilish uchun qo‘llangan belgi»2. Shu boisdan ham u o‘zidan kuchsiz, ojiz va zaif hayvonlardan har doim mag‘lub bo‘ladi. Jumladan, echki bor kuchi bilan suzib, boplab adabini beradi3, tulki uni tavbasiga tayantirib, jazoga giriftor etadi4, laqmaligi tufayli hatto qo‘zi, xo‘roz kabi beozor jonivorlar ham aldaydi...5 Shunisi qiziqki, yuqorida qayd etilgan ta’kidlarni hududiy, etnik va madaniy jihatdan yaqin bo‘lmagan, ya’ni bir-biridan tamomila farqlanuvchi hamda turli xil til oilasiga kiruvchi xalqlar ertaklaridagi bo‘ri obraziga nisbatan ham bemalol qo‘llash mumkin6. Mazkur o‘rinda R.K.Cholokoshvilining fikr va xulosalari diqqatga sazovordir. U hayvonlar haqidagi gruzin xalq ertaklarida ishtirok etuvchi bo‘ri personajini mazmun jihatdan olib qaraydi va tahlil asosida quyidagi uch guruhga bo‘lib tasniflashtiradi: 1) bo‘ri ayyor tulkidan yengiladi; 2) uy hayvonlari bo‘rini hech narsasiz qoldiradi; 3) bo‘ri uy hayvonlarining bolalarini o‘g‘irlagani uchun jazoga giriftor bo‘ladi7. Ko‘rinadiki, tadqiqotchi tasniflashtirish jarayonida, dastavval, bo‘ri obrazining funksional harakatlarini e’tiborga oladi. Ikkinchidan, uning salbiy obraz sifatidagi strukturasi va semantikasini hayvonlar haqidagi ertaklarning o‘ziga xos ichki xususiyatlaridan kelib chiqqan holda belgilaydi. Tabiiyki, bu o‘z navbatida bo‘rining harakat va holatini, u yoki bu personaj bilan qarama-qarshi, zid munosabatini ertaklar sujeti, konfliktida tutgan o‘rniga ko‘ra guruhlashtirish imkonini beradi. Shu jihatdan olganda e’tirof etish kerakki, R.K.Cholokoshvilining masalaga yondashish uslubi ertakshunoslikda ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadi. Shu o‘rinda aytish joizki, olima talqinida ilgari surilgan guruhlashtirish prinsipini turkiy xalqlar, xususan, o‘zbek ertaklarida qatnashuvchi bo‘ri obraziga nisbatan ham tadbiq etish mumkin. Chunki bo‘ri bilan bog‘liq ertaklarning ilmiy asoslangan talqini gruzin, o‘zbek, rus va boshqa qator xalqlar folklorshunosligida umumiy asosda o‘xshash, mushtaraklik kasb etadi. Biroq e’tirof etish joizki, obrazlar tabiatida milliy o‘ziga xos xususiyatlar mavjud bo‘lib, bu esa muayyan xalqning madaniy, maishiy va ijtimoiy turmushi bilan bog‘liq hodisa hisoblanadi. Yuqorida aytilgan fikrlardan kelib chiqqan holda hayvonlar haqidagi o‘zbek xalq ertaklarida ishtirok etuvchi raqib personaj – bo‘ri obrazining mazmuni va funksional xususiyatlarini quyidagicha ichki guruhlashtirish va tadqiq etish mumkin: 1. Bo‘ri ayyor tulkidan yengiladi: a) dastlabki holatda bo‘ri tulkidan manfaatdor bo‘ladi. Ayni paytda uning hiylasiga ishonib, tavbasiga tayangunga qadar kaltak yeydi1; b) tulki bo‘rini kart dumba bilan mehmon qilish bahonasida shudgordagi qopqonga duchor qiladi. Ayyor tulkining hiylasiga ishongan ochko‘z va laqma bo‘ri jazoga giriftor bo‘ladi2. Biroq ayni daqiqada tasodifan kelib qolgan tulki vaziyatga o‘z ta’sirini o‘tkazadi: aql bilan tadbir qo‘llab, uning o‘zini o‘limga mahkum etadi1. 2. Uy hayvonlari bo‘rini hech narsasiz qoldiradi: a) bo‘rilar qo‘y, echki, eshak, ho‘kiz va xo‘rozni ko‘rib xursand bo‘lganidan «Xudo bizga go‘sht yetkazdi», deb qo‘shiq boshladilar2; b) biroq echkining siyosatidan qo‘rqib sarosimaga tushdilar3; v) bo‘ri qo‘zi, xo‘roz va otni yemoqchi bo‘ldi, ammo ot tuyog‘idagi xatni o‘qiyman, deb tepki zarbidan til tortmay o‘ldi4. 3. Bo‘ri uy hayvonlarining bolalarini o‘g‘irlagani uchun jazoga giriftor bo‘ladi: a) bo‘ri echki bolalarini yeb qo‘yadi; b) echki bo‘ridan ayovsiz o‘ch oladi5. Shunday qilib, tasnif mazmunidan anglashiladiki, bo‘rining ertaklardagi harakat doirasi har uch holatda ham salbiy ma’noni izohlaydi. U o‘zidan jismoniy ojiz bo‘lgan raqiblari oldida hamma vaqt ahmoqona holatga tushib qoladi va albatta, mag‘lubiyatga uchraydi. Shuningdek, uning to‘qnashuv jarayonida, ayniqsa, vaziyat ichidagi harakatlari nisbatan sodda, ayni paytda hajviy fonda tasvirlanadi. Binobarin, to‘qnashuv jarayonida yuzaga kelgan vaziyat raqib personaj – bo‘rining o‘ta go‘l, axmoq va laqmaligini umumlashtirib, yaxlit bir belgi sifatida namoyon etadi. Mazkur o‘rinlarda epizodlar ziddiyat asosiga qurilgan bo‘lib, u turli xil shakllarda takrorlanib keladi. Takroriy epizodlar esa bo‘rining harakati va holatiga urg‘u beradi hamda asosiy maqsadni aniqlashtiradi. Masalaning yana bir tomoni shundaki, ziddiyat asosiga qurilgan epizodlar qarshi qo‘yilgan personajlar (tulki, echki, qo‘y, qo‘zi, xo‘roz, xachir, ot...) xususiyatini tipiklashtirish va sujet tarkibida tutgan o‘rnini belgilash vazifasini ham ado etadi. Jumladan, tasniflashtirishning birinchi guruhida e’tirof etilgan holatlar raqib personaj (bo‘ri)ning o‘ta go‘l, qo‘pol va qizg‘anchiqligini bo‘rttirib ko‘rsatgani holda yordamchi personaj (tulki)ning o‘ta ayyor va dono sifatini belgilab beradi. Mazkur holatda bo‘rining funksional harakati passiv ifodalanadi. Ikkinchi guruh tahlilida bo‘ri chorvaning ashaddiy dushmani, qo‘y-qo‘zilarning ofati sifatida namoyon bo‘ladi. Bunda bo‘rining funksional harakatlari uning xarakteri bilan bog‘liq holda ifodalanadi. Shu boisdan to‘qnashuv epizodlarida asosiy urg‘u uning ochko‘zlik, qonxo‘rlik va yirtqichlik xususiyatlariga qaratilgandir. Masalan, «Bo‘ri bilan qo‘zi»1 ertagida qo‘zi, xo‘roz, xachir va otga «Seni yeyman», deb tahdid solishi, «Buzoq, echki va qo‘zi»2 ertagida esa: «... ularni ko‘rib, o‘ziga uch kunlik ovqat deb mo‘ljallab xursand ...» bo‘lishi yoki Susambil yaylovlarida erkin o‘tlab yurgan jonivorlarga hujum qilishi3 kabi epizodik hodisalar ikkinchi guruhdagi raqib personaj talqiniga mos tushadi. Mantiqan yondashganda, bunday to‘qnashuvlarda bo‘ri chorva mollarini, albatta, yengadi, mag‘lub etadi. Biroq ertaklarda mazkur hodisalarning aksi yuz beradi. Yuzaga kelgan vaziyat bo‘rining salbiy xususiyatlarini ochib tashlaydi va kulgi mo‘ljaliga nishon qiladi. U yetakchi qahramon (echki, qo‘y, xo‘kiz...) yoki yordamchi personaj (ot, eshak, sichqon...) hiyla-nayrangi va uydirmasiga aldanadi, ular siyosatidan qo‘rquvga tushib, qochib ketadi. Chunki bunday vaziyatlarda hiyla ishlatish, ayyorlik bilan tadbir qo‘llash yetakchi yoki yordamchi personajlar maqsadiga mos tushadi va raqibini aldash, sarosimaga tushirish, ahmoq qilib jazolash uchun qo‘l keladi. Shu motiv bo‘ri obrazining uchinchi tipi bilan bog‘liq ertaklarda ham uchraydi. «Echkining o‘ch olishi»1 ertagida hikoya qilinishicha, Ona echkiga tahdid solib, maqsadiga erisholmagan keksa, ochko‘z bo‘ri hiyla-nayrang ishlatib uning bolalarini yeb ketadi. Buning uchun ona echki bo‘ridan ayovsiz o‘ch oladi: ochko‘z bo‘ri jon talvasasida ming bir azobga duchor bo‘ladi. Anglashiladiki, ertakda bo‘ri o‘zidan kuchsiz bo‘lgan hayvon – ona echki bilan to‘qnashuvda mag‘lubiyatga uchraydi. Bu o‘rinda bo‘rininng mag‘lub bo‘lishi ertak sujetida tasvirlanayotgan voqealar yechimini ta’minlashga qaratilgandir. Qolaversa, bu holat «Bo‘ri bilan echki» turkum ertaklarining o‘ziga xos xarakterli xususiyatlarini ham belgilaydi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, bo‘ri obrazining uchinchi tipi o‘ziga xos talqiniy asosiga ko‘ra tasniflashtirishning birinchi va ikkinchi tipiga kiruvchi bo‘ri personajlaridan bir muncha farqlanadi. Bu farqlilik, asosan, uning funksional harakatlarida ayyorlik va laqmalik xususiyatlarining zid holatda kelishida ko‘rinadi. Jumladan, yuqorida keltirilgan ertakda ham xuddi shu hodisaga duch kelamiz. Dastlabki holatda bo‘ri echki bolalarini qo‘lga tushirish maqsadida ayyorlik bilan ish tutadi. Biroq ertakning ikkinchi qismida yuzaga kelgan vaziyat bo‘ri obrazining funksional harakatlariga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Bunda bo‘ri qiyofasida mujassamlashgan ochko‘zlik, ayyorlik va mug‘ombirlik belgilari endilikda soddalik, o‘ta go‘llik va laqmalik sifatlari bilan almashadi. Shuni e’tirof etish kerakki, bo‘ri talqinidagi soddalik, laqmalik belgilari «Bo‘ri bilan tulki» turkumiga oid ertaklarda bo‘lgani kabi odatiy, an’anaviy xarakterdagi takroriy epizodlar mubolag‘ali tasvirlar vositasida ifodalanadi. Bu o‘rinda mubolag‘ali tasvirning maqsad, vazifasi raqib personaj – bo‘ri qiyofasidagi salbiy xususiyatlarni yanada bo‘rttirib, aniqlashtirib ko‘rsatishga qaratilgandiр. Shuningdek, mubolag‘ali tasvir ertakda fantastik va realistik xarakterdagi uydirmalar bilan birgalikda fosh etish funksiyasini ham bajarab keladi. Bu holat, ayniqsa, qarshi qo‘yilgan personajlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Jumladan, «Bo‘ri bilan echki» ertagida ona echkining bo‘rini suzib qornini yorishi, bo‘ri qornidan ikki echkichaning tirik chiqishi yoki bo‘rining hamma yog‘i kuyib, jizg‘anak bo‘lishi, garimdori va tuz surtib dodlashi, nihoyat, chaqir tikanak ustiga yumalab, ming azob ichida jon berishi kabi epizodik (ko‘rinishlar) hodisalar fikrimizni to‘la-to‘kis asoslaydi. Ularda mubolag‘a bilan uydirmaning uyg‘un kelishi, birinchidan, voqea va hodisalar mantiqiga mos ma’noni umumlashtiradi. Ikkinchidan, obrazlar talqinidagi ramziy ma’noni oydinlashtiradi. Uchinchidan, salbiy obrazlar, xususan, raqib personajlar qiyofasidagi ochko‘zlik, ayyorlik va zo‘ravonlik soyasida qolgan laqmalik hamda ahmoqlik kabi illatlarni fosh etadi. Ma’lum bo‘ladiki, hayvonlar haqidagi o‘zbek xalq ertaklarida bo‘ri obrazi raqib personaj sifatida faoliyat ko‘rsatadi va u funksional harakatlariga ko‘ra uch xil tipda namoyon bo‘ladi. E’tirof etish kerakki, har uch holatda qayd etilgan xulosalar u yoki bu asosda mazkur turga oid ertaklarda qatnashuvchi boshqa qator raqib personajlar (bo‘ri, shoqol, o‘rni bilan tulki, ilon, qarg‘a)ning o‘ziga xos talqiniy jihatlarini to‘la-to‘kis tavsiflaydi. Bu esa o‘z navbatida hayvonlar haqidagi o‘zbek xalq ertaklarining spetsifik xususiyatlarini (obrazlar tarkibi va talqini nuqtai nazaridan) belgilaydi. Binobarin, raqib personajning funksional xususiyati sujet tarkibida to‘qnashuv va ziddiyatlarni keltirib chiqarishi bilan xarakterlanadi. To‘qnashuvlar mohiyati esa mantiqan sof maishiy va ijtimoiy-maishiy ma’nolarni ifodalaydi. Sujet tarkibidagi to‘qnashuv va uning yechimi, asosan, raqib personajning mag‘lubiyati bilan xotimalanadi. Ayni holat hayvonlar haqidagi ertaklarda ishtirok etuvchi raqib personajning mohiyatini belgilaydi. Download 140.2 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling