I bob. Hayvonlar haqidagi ertaklarning uslub mezonlari va talqiniga xos asosiy xususiyatlar I hayvonlar haqidagi ertaklarning o‘ziga xos xususiyatlari I
II.2. HAYVONLAR HAQIDAGI ERTAKLARDA YORDAMCHI
Download 140.2 Kb.
|
Hayvonlar haqidagi ertaklarda obrazlar tarkibi va talqini”
II.2. HAYVONLAR HAQIDAGI ERTAKLARDA YORDAMCHI
PERSONAJLAR TALQINI Hayvonlar haqidagi ertaklarning sujet chizig‘ida yetakchi personajlar bilan bir qatorda yordamchi personajlar ham faol ishtirok etadilar. Yordamchi personajlar ertaklar sujetida tutgan o‘rni, vazifasi hamda ahamiyatiga ko‘ra o‘ziga xos alohida mavqeni egallaydi. Yordamchi personajlarning o‘ziga xos xususiyatlari, asosan, ularning funksional harakatlarida, ya’ni bajaradigan vazifalarining xarakterida ko‘zga tashlanadi. Binobarin, personajlar funksiyasining xarakteri va mazmuni ularning o‘ziga xos xususiyatlarini oydinlashtiruvchi asosiy mezon hisoblanadi. Shu jihatdan yondashganda V.Y.Proppning nazariy qarashlari katta ahamiyatga ega. U o‘zining «Ertaklar morfologiyasi» nomli kitobida sehrli ertaklarda ishtirok etuvchi yordamchi personajlarning xarakterli xususiyatlarini funksional harakatlari doirasida asoslaydi. Olimning e’tirof etishicha, sehrli ertaklarda yordamchi (kuchlar) qahramonlar «Musibat (falokat) yoki qashshoqlikni bartaraf etish, og‘ir vaziyatlarda yordam berish, ta’qib, ularni himoya qilish, mushkul masalalarni, vazifalarni hal qilishda ko‘maklashish»1 kabi funksiyalarni bajaradi.Shunga ko‘ra, V.Y.Proppning tahliliy tadqiqini yordamchi personajlarning asosiy xususiyatlarini yoritishda eng to‘g‘ri yo‘l, deb baholaganimiz holda, unga ayrim aniqliklar kiritish orqali quyidagi mulohazalarni bayon qilishimiz o‘rinlidir: 1. Xoh sehrli ertaklar, xoh maishiy yoki xoh hayvonlar haqidagi ertaklar bo‘lsin, tarkibida ishtirok etuvchi yordamchi personajlarning funksional xususiyatlari, asosan, yetakchi yoki bosh qahramonlarga yordam, ko‘mak berish harakatlari bilan belgilanadi. 2. Yordamchi personajlar ichki turga oid ertaklarning har birida hamma vaqt ijobiy sifatlarda talqin etiladi. Biroq mazmuniga ko‘ra, personajlar funksiyalarining amal qilish tartiblari, usullari va darajalari ichki tur ertaklarning o‘ziga xos tabiati, xususiyati va qonuniyatiga asoslanib voqe bo‘ladi. Masalan, V.Y.Proppning tahlilidagi yordamchi personajlar, asosan, ko‘p plandagi sarguzashtli voqealar va murakkab hodisalar ichida harakat qiladi. Binobarin, sehrli ertaklar kompozitsiyasining murakkabligi, sujet tarkibining keng ko‘lamdorligi, obrazlar talqinidagi ko‘p qirralik, zaminida xayoliy uydirmalarga asoslangan hodisalarning sarguzasht tipida voqe bo‘lishi kabi qator o‘ziga xos jihatlari tarkibidagi yordamchi va umuman, barcha personajlarning harakat doirasini o‘z imkoniyati hamda talablari darajasiga moslashtirib amal qilishni taqozo etadi. Hayvonlar haqidagi ertaklarning yordamchi personajlari esa qisqa sujetli voqealar ichida harakat qiladi. Mantiqiy jihatdan yondashganda anglashiladiki, bu tur ertaklarning kompozitsion tuzilishi oddiy, sujet tarkibidagi konflikt va uning yechimini tashkil etuvchi epizodlar hajmi ixcham, personajlar tizimi va talqinida ko‘p qirrali xususiyatlar ko‘zga tashlanmaydi. Mana shu xususiyatlarga ko‘ra hayvonlar haqidagi ertaklarda ishtirok etuvchi qahramonlar, jumladan, yordamchi personajlar tabiatida sehrli yoki maishiy ertaklar personajlariga xos funksional ko‘lamdorlik va murakkablik ko‘rinmaydi. Bu narsa mazkur tipdagi ertaklarning o‘ziga xos xususiyatlarini belgilaydi. Anglashiladiki, yordamchi personajlar ular qaysi turdagi ertaklarga mansub bo‘lishidan qat’iy nazar, funksional xususiyatlari o‘rtasida mazmuniy yaqinlik (og‘ir vaziyatlarda yordam beruvchi, mushkul vaziyatlarni hal qilishda ko‘maklashuvchi), tashqi jihatdan hattoki, mushtaraklik mavjudligi ko‘zga tashlanadi. Biroq ichki turga oid ertaklarning o‘ziga xos xususiyatlari va qonuniyatlariga ko‘ra funksional harakatlarning voqe (sodir) bo‘lish tartiblari o‘rtasida muayyan tafovutlar mavjudligi ma’lum bo‘ladi. Hayvonlar haqidagi ertaklarning yordamchi personajlari tarkibi tulki, ot, it, xo‘roz, sichqon kabilardan iborat bo‘lib, funksional xususiyatlariga ko‘ra yetakchi personajlarga yordamchi sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Talqiniy jihatlariga ko‘ra esa ijobiy sifatlarda tavsiflanadi. Hayvonlar haqidagi ertaklarning yordamchi personajlari tarkibida eng faol ishtirok etuvchi qahramonlardan biri tulki obrazidir. Tulki – yordamchi personajlarning eng ko‘zga ko‘ringan vakili sifatida ertaklarning aksariyat qismida katnashadi. U nafaqat o‘zbek yoki turkiy xalqlar ertaklarida, balki rus va boshqa qator Yevropa xalqlari og‘zaki ijodida ham ko‘p uchrovchi ommalashgan, mashhur obrazlardan sanaladi. Tulki obrazi va unga munosabat masalasi deyarli barcha xalqlar folklorshunoslari e’tiborini o‘ziga tortib kelayotgan mavzulardan biri hisoblanadi. Chunonchi, bu obraz, uning kelib chiqish tarixi – genezisi, ertaklar sujetida tutgan o‘rni, vazifasi, ijtiomiy xarakteri va o‘ziga xos xususiyatlari haqida V.P.Anikin, E.V.Pomeranseva, M.I.Afzalov, B.G.Tlexas, K.I.Imomov, A.Boymurodov kabi bir qator olimlar qiziqarli fikrlar bayon qilganlar1. Shuni e’tirof etish kerakki, tadqiqotlar mazmunida bir-birini to‘ldiruvchi va ayni paytda, bir-birini inkor etuvchi fikrlar tizimiga duch kelamizki, bu esa tulkining ko‘p qirrali, murakkab personaj ekanligidan dalolat beradi. O‘zbek folklorida mazkur obraz haqida ilk bor fikr bildirgan olim Mansur Afzalov shunday yozadi: «Tulki boshqa xalqlarning ertaklaridagi kabi bizda ham ayyor, olg‘ir, yolg‘onchi kishi obrazidir. Shuning uchun ham xalq orasida ayyor odamga nisbatan tulki laqabi beriladi»2. G‘.Jalolov «O‘zbek xalq ertaklari poetikasi» nomli asarida bu obraz haqida aytilgan aksariyat qarashlarga munosabat bildirib, «O‘zbek ertaklarida tulki obrazi faqat salbiy tip sifatida emas, balki ijobiy xarakter bo‘lib kelishini ham ....»ta’kidlaydi. Olim o‘z fikrini davom ettirib, «O‘zbek ertaklarida tulki obrazi xuddi shu xususiyatlari bilan rus va Yevropa xalq ertaklaridagi mashhur tulki obrazidan farq qiladi. Bu hol, bizningcha, qadimiy totemistik tushunchalar va mifologiya bilan bog‘liq bo‘lsa kerak»3, degan konsepsiyani ilgari suradi. Rus folklorshunosi V.P.Anikin o‘zining «Rus xalq ertaklari» nomli kitobida tulki personajini, asosan, salbiy xususiyatlari bilan talqin etadi. «Tulki, – deb yozadi u, – murosasiz, olg‘ir, yolg‘onchi, shafqatsiz, munofiq, tilyog‘lamachi, kek saqlovchi, firibgar, qasoskor, ayyor, (tadbirkor) ustamon, manfaatparast, berahm. Deyarli barcha ertaklarda u o‘zining ana shu xususiyatlari bilan namoyon bo‘ladi»1. Olim o‘zining nazariy qarashlarini «Mushuk, xo‘roz va tulki», «Choh ichidagi hayvonlar», «Tulki va quyon», «Tulki va zag‘izg‘on», «Mushuk va tulki», «Tulki qanday qilib uchishni o‘rgandi?», «Qo‘y, tulki va bo‘ri», «Ayiq va tulki» kabi rus xalq ertaklari tahlili asosida dalillaydi2. Atoqli folklorshunos E.V.Pomeranseva ham «Rus xalq ertaklari» nomli monografiyasida V.P.Anikinning tahliliy xulosasiga muvofiq keluvchi fikrlar bayon qiladi. Olima bu obrazning o‘ziga xos xarakterli xususiyatlarini yorita borib, «Tulki – eski oshnachilik unutiladi», «Choh ichidagi hayvonlar», «Bo‘g‘irsoq», «Qish hayvonlari» kabi ertaklarda asosiy qahramonlardan biri sifatida ishtirok etadi. Ertaklarda u firibgar, ayyor, yolg‘onchi kabi salbiy qiyofalarda tasvirlanadi... U bo‘ri, xo‘roz va ayiqni laqillatib aldaydi, zag‘izg‘on bolalarini ayyorlik bilan qo‘lga kiritadi, choh ichida hayvonlarni birin-ketin halok qiladi va hokazo. Biroq uning ayyorligi hamma vaqt ham ish beravermaydi: u insonga to‘qnash kelganda doimo mag‘lubiyatga uchraydi»3, – deydi. Ko‘rinadiki, E.V.Pomeranseva va V.P.Anikin tadqiqotlari mazmunida o‘zaro hamohang va mushtarak fikrlar mavjud. Binobarin, ikkala tadqiqotchi ham tulkini salbiy personaj sifatida e’tirof etadilar. Shu bilan birga, E.V.Pomeranseva tadqiqotida ko‘zga tashlangan jihat – tulki personajiga berilgan so‘nggi ta’rif (ya’ni uning insondan mag‘lub bo‘lish motivi – S.J.) o‘zidan avval aytilgan fikrlarni ijodiy boyitib, rivojlantirib kelmoqda. Jumladan, rus folkloridagi «Choh ichidagi hayvonlar» («Zveri v yame») ertagida «Cho‘chqa, bo‘ri, ayiq, quyon, xo‘roz, tulki va boshqa hayvonlar chohga tushib qoladilar; Och qolib navbat bilan bir-birlarini yeydilar; Oxirida tulki qoladi; Yolg‘iz o‘zi chohdan omon chiqib ketadi4. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: shuncha hayvonlar orasida tulki qanday qilib omon qoldi? Axir chohda bo‘ri, ayiq kabi kuchli, yirtqich hayvonlar ham bor edi-ku? Bunday savollarni yana davom ettirish mumkin. «Eski oshnachilik unutiladi» («Staraya xleb – sol zabiayetsya») ertagida esa tulki personajining sujet tarkibida tutgan o‘rni, funksiyasi va mazmuni tamomila o‘zgacha mohiyat kasb etadi. Mazkur ertakning sujeti quyidagicha: «Odam bo‘rini ovchidan qutqaradi (ayiq, ilon); xavf-xatar chekingach u, ya’ni bo‘ri odamni yemoqchi bo‘ladi; odam o‘tkinchi hayvondan yordam so‘raydi; Tulki bo‘rini qop ichiga tushishga majbur qiladi; odam uni o‘ldiradi; shu bilan u tulkini ham o‘ldiradi»1. Ko‘rinadiki, bu o‘rinda tulki inson oldida mag‘lub. Qizig‘i shundaki, yuqoridagi ertakning o‘zbekcha varianti («Bo‘ri bilan mergan», «Ilonning ishi zahar solmoq» ertaklari)da voqealar tafsiloti mutlaqo o‘zgacha yo‘sinda xotimlanadi: tulki sujet yechimida hal qiluvchi vazifani bajaradi: u odamni bo‘ri (ilon)dan qutulishiga yordam beradi2. Demak, har ikki xalq ertaklarining qiyosiy talqinidan shu narsa anglashiladiki, rus folklorshunoslarining tulki obrazi xususidagi fikrlarini o‘zbek ertaklarida qatnashuvchi tulki personajiga nisbatan tadbiq etib bo‘lmaydi. Mazkur xulosa, ayni paytda, G‘.Jalolov konsepsiyasini tasdiqlaydi. Binobarin, hayvonlar haqidagi o‘zbek xalq ertaklarida tulkining goh salbiy, goh ijobiy sifatlarda talqin etilishi, olim ta’kidlab o‘tganidek, «qadimiy totemistik tushunchalar va mifologiya bilan bog‘liq»dir. Zero, uning xarakter xususiyatiga xos xilma-xillik qadimiylikka daxldor bo‘lib, tarixiy ildizi ibtidoiy dual tushunchalarga borib taqaladi. Bu borada folklorshunos olim Komiljon Imomovning ilmiy qarashlari g‘oyatda o‘rinli va ahamiyatlidir. Uning fikricha, tulki qiyofasida salbiy xususiyatlarning «...shakllanishida demonologik tushunchalar, dual miflar, xususan, yovuzlik rahnamosi Axrimanning kuchli ta’siri sezilib turadi»1 Bunday qarashlarning, ya’ni dual tasavvurlarning ayrim qoldiqlari ba’zi ertaklarda ko‘zga tashlanib turadi.«Tulkiboy»2 ertagida dual tushunchalarning ilkin izlari ko‘zga tashlanadi. Ertakda tulki ayyor, olg‘ir, firibgar va «...mug‘ombirgina emas, kishilarni «yeb ketaman» deb qo‘rqituvchi zo‘ravon sifatida ham namoyon bo‘ladi»3. Tulki obrazi talqinidagi ijobiy xususiyatlar esa bevosita totemik e’tiqodlar ta’sirida shakllangan. Binobarin, mifologik e’tiqodlar ustun bo‘lgan zamonlarda «... tulki – kult, ... yovuz ruhlar kushandasi sifatida muqaddaslashtirilgaн»4. Jumladan, tarixiy manbalar tahlili shundan guvohlik beradiki, turk qavmlari orasida qadimgi tulki kultiga sig‘inish hollari mavjud bo‘lgan. Tulkiniнг totemlik mohiyatini ilohiylashtiruvchi va targ‘ib etuvchi asotirlar «ijod etilgan»5. Asotirlarda tulki magik qudratga ega bo‘lgan mavjudot sifatida tasvirlanadi. Tulkining g‘ayritabiiy qudratini ideallashtiruvchi afsonalar Islom mifologiyasida ham uchraydi. Bu xil afsonalarning eng yaxshi namunasi Abu Rayhon Beruniy (983-1048)ning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» («Osor al-boqiya») nomli kitobida qayd etilgan. O‘rta asrlar fanining yetuk olimi Abu Rayhon Beruniy oy-kunlarning taqvimiy tizimi, ularning mazmuni va xosiyatlari haqida so‘zlay turib, quyidagi afsonani keltirib o‘tadi: «Kayoniylar (Eron podshohlari) davrida tulkilar uchar ekan va shu sababli ularning zamonlari baxtli, ro‘zg‘orlari farovon bo‘lgan emish. Kayoniylar bilan birga bu tulkilar ham halok bo‘ldilar va ularning (inqirozi) sababli tulkilar ham inqirozga yuz tutdilar. Shuning uchun o‘sha kuni (ya’ni «Ozar moh» oyining birinchi kuni) tulkiga qarash tabarruk hisoblanadi. Uchar tulkilar deganni eshitgan kishi ajablanadi, bu ajablanarli emas. Men ishonadigan kishi Abul-Qosim Ali ibn Ahmad at-Tohiriy menga shunday xabar berdi» Isbijob hokimi uch yuz yetmish to‘qqizinchi yilda (milodiy 989-990 y.) Xuroson hukmroni Nuh ibn Mansurga (Samoniylar sulolasi amiri (979-997)) ko‘rinib turgan ikkita shoxli bir ot va ikki yonida pat qanotlari bor tulki hadya qilgan. Agar unga (tulkiga) kishi yaqinlashsa, qanotlarini yozar, uzoqlashsa yig‘ib yoniga yopishtirar ekan. Abul Qosim bu tulkini qafasda turganini aytdi. Shu kuni podshohlar huzuriga ovqatdan oldin tulki, (ovqatdan) keyin esa popishak, jo‘ja, xo‘tik va gullarning qinlaridan chiqqan dastlabki mevalaridan topilganlari kirgizilgan. Aytishlaricha, bu kun xudo yaxshilik va yomonlikka hukm qilgan, burjlarni tuzgan va ularni yoritqichlarga taqsim etgan kundir. Al-Eronshahriy: «Armaniston olimlaridan bir qanchasi «tulki kuni» tongida katta tog‘ ustida yer va tashqi yer orasida oq qo‘chqor ko‘rinadi, u yilning faqat shu kunining ana shu vaqtidagina ko‘rinadi. U yerning aholisi agar u qo‘chqor ma’rasa, yilning hosildor bo‘lishi, ma’ramasa hosilsiz bo‘lishiga dalil qiladilar», deyayotganlarini eshitdim», – dedi. Ajamliklar «tulki kuni» tongida bulutga qarashni barakali sanaydilar va bulutning tiniq, g‘uborli, latif va qalinligini yilning baxt, nahs, farovon va qurg‘oq bo‘lishiga dalil keltiradilar»1. Dastlabki qarashda, kitobda tilga olingan hodisalar muallif e’tirof etgani kabi «ajablanarli emas», ya’ni hayotiy asosga ega bo‘lgan haqiqatdek tuyuladi. Darvoqe, o‘sha davrlarda uchar tulkilar haqidagi g‘ayritabiiy tasavvurlar go‘yoki odamlarning amaliy faoliyati bilan bog‘lanib ketgan. Shu boisdan ham ular o‘z tasavvurlarida uchar tulkilarni «samoning va shu dunyoning qudratli sohibi» obrazida gavdalantirganlar, g‘oyalar esa jonli mavjudotga aylantirilgan. Beruniy, ehtimol, mana shularga asoslanib, uchar tulkilar haqidagi aqidalarning haqiqat ekanligiga «ajablanmaydi», balki uning haqiqatligiga ishora sifatida hodisalar tafsilotini muayyan tarixiy davrdagi konkret shaxslar nomi bilan dalillaydi. Darhaqiqat, afsonaning umumiy mazmuni va manzarasiga mifik tafakkur, ayniqsa, mifik ko‘z bilan nazar tashlaydigan bo‘lsak, bu ayni haqiqat, deb e’tirof etishimiz mumkin. Biroq ilmiy tafakkur nuqtai nazaridan yondashganda, anglashiladiki, manzaralar tafsiloti real voqelikka mutlaqo mos kelmaydi. Afsona mazmunini tahlil etganda shuni yodda tutish kerakki, birinchidan, unda tulkining ilohiy – mo‘jizaviy qudratini muqaddaslashtirish ko‘zda tutilgan; ikkinchidan, Kayoniy podshohlar hokimiyatini mustahkamlash va ideallashtirish maqsadi nazarda tutilgan; uchinchidan esa dunyoviy hodisalarga diniy tus berilib, tabiatni jonlantirish va ilohiylashtirish g‘oyasi ilgari surilgan. Ta’kid joizki, agar afsona yaratilgan davrning tarixiy manbalariga ularning diniy qobig‘ini bir chekkaga olib qo‘yib, yondashadigan bo‘lsak, hodisalar mohiyati qadimgi zamon kishilarining ibtidoiy-falsafiy tasavvurlariga batamom muvofiq bo‘lib tushadi. Demak, o‘z-o‘zidan ravshan bo‘ladiki, buyuk mutafakkir talqinida inkor etib bo‘lmas haqiqatga aylangan afsona mohiyat e’tiboriga ko‘ra qadimiylikka daxldor bo‘lib, tarixiy ildizlari arxaik mifologiya bilan bog‘lanadi. Afsona mazmunida totemistik miflar ta’siri, ayniqsa, sezilarli darajada o‘rin tutadi. Jumladan, unda tabiiy hodisalar o‘zining dunyoviy zaminidan ajratib olinib, diniy tasavvurlar qobig‘ida «uchar tulkilar»ning xosiyatli xususiyatlariga bog‘lab talqin etiladi; borliq go‘yoki uning ilohiy qudratidan bahra olib yashaydi; tabiatdagi o‘zgarishlar, yilning barakali yoki barakasiz kelishi, qurg‘oqchilik, hosilning qay darajada bo‘lishi kabi dialektik jarayonlar «tulki kuni»da sodir bo‘ladigan belgilarga asoslanib tamsil etiladi. Bu o‘rinda yana bir muhim asosga alohida diqqat etish lozim. U ham bo‘lsa, bir atamaning buyuk alloma qalamida ikki xil nom bilan qo‘llanilishi masalasidir. Qizig‘i shundaki, Beruniy bir o‘rinda «tulki kuni» iborasini «Hurmuzd kuni» jumlasi bilan almashib qo‘llaydi»1. Mantiqan yondashganda, afsonaviy qahramon Hurmuzdning «tulki kuni» yoki «uchar tulkilar»ga nima aloqasi bor? Umumiy asosda ular o‘rtasidagi mushtarak jihatlar nimalarda ko‘rinadi? kabi qator savollarning tug‘ilishi tabiiy, albatta. Ma’lumki, Hurmuzd qadimgi Eron va Turon xalqlari mifologiyasining ayrim namunalarida ilohiy qudrat sohibi – Oliy tangri qiyofasida aks ettiriladi. Xususan, eng qadimgi yozma yodgorliklardan biri hisoblangan «Avesto» asarida aytilishicha, Hurmuzd, ya’ni Axuru Mazda ezgulik olamiga homiylik qiladi. U Angra Manyu, ya’ni Axriman boshchiligidagi yovuzlik va zulmat dunyosiga qarshi kurash olib boradi1. Afsonalarda Hurmuzd, ya’ni Axura Mazda mifologik tasavvurlar zaminida, g‘ayritabiiy xususiyatlarda tasvirlanadi. Unga xos eng asosiy xususiyatlar faqatgina homiylik yoki rahnamolik harakatlari bilan cheklanmaydi. Binobarin, afsonalar mazmunida Hurmuzdning ilohiy qudratini tavsiflovchi yana bir xususiyat borki, bu uning yaratuvchi sifatidagi faoliyatida ko‘zga yaqqol tashlanadi. Mazkur hodisalar tafsilotini professor N.M.Mallayev «O‘zbek adabiyoti tarixi» nomli kitobida quyidagicha sharhlaydi: «Hurmuz... ikkinchi uch ming yillikda osmon, suv, yer, o‘simlik, hayvonlar va boshqalarni hamda birinchi insonni yaratdi»2. Mifologiyaga ko‘ra (bu yerda Qayumars haqidagi afsona nazarda tutilmoqda), Gayo Martan (Qayumars) yer yuzida paydo bo‘lgan birinchi odam bo‘lib, guyo u Axura Mazda (Hurmuz) tomonidan yaratilgan....»3. Bu haqda Abu Rayhon Beruniy shunday xabar beradi: «Eronliklarga kelganda, ular Qayumarsni birinchi inson deb ataydilar... Eronliklarning yil hisoblari Qayumarsdan...»4 boshlanadi. Demak, mantiqan yondashganda shunday bo‘lib chiqadiki, Hurmuzd – mifologik subyekt. U Oliy tangri5 maqomidagi yaratuvchi. Zero, ko‘kda va yerda hayotning, umuman, olamning boshlanishi uning karomatidan. U yer yuzida birinchi inson – Qayumarsni yaratdi. Bu bilan u inson va insoniyat hayotining hamda tarixining ibtidosiga asos soldi. Shu o‘rinda yetuk folklorshunos olim Bahodir Sarimsoqovning mifologik subyekt haqidagi klassik ta’rifini keltirib o‘tish ayni muddaodir. «Miflogik subyekt, – deb yozadi olim, – hamma vaqt dastlabki inson (pervochelovek), biror narsani birinchilardan bo‘lib yuzaga chiqargan yoki biror ishni eng birinchi bo‘lib amalga oshirgan shaxs sifatida talqin qilinadi va mifda ham ana shu ruhda tasvirlanadi»1. Olimning fikrlariga qo‘shimcha qilib yana shuni aytishimiz mumkinki, yuqorida qayd etilgan ta’kidlar mifologik subyektning ideallashtirilishi va biografiyasining ilohiylashtirilishini ham ta’minlaydi. Ayni xulosa tarixiy voqelikni shartli ravishda aks ettirish mezonlariga to‘la mos keladi.Shuningdek, «tulki kuni» mo‘jizalarining Hurmuzdga tamsil etilishi, (ya’ni «Hurmuzd kuni» ni muqaddas kun sifatida nisbatlanishi ) «Avesto» afsonalarida ta’riflangan yilboshi (ya’ni tarixning boshlanishi ) hodisalariga ishora deyish mumkin. Bu boradagi fikrlar nisbatini har ikki afsona mazmunida ko‘zga tashlanadigan umumiy jihatlar tasdiqlaydi. Unda qadimgi insonning borliqqa sinkretik munosabati, tabiatni dual tasavvurlar qobig‘ida tushunish, jonlantirish va ilohiylashtirish, mifologik subyekt (Hurmuzd) yoki totem personaj (uchar tulkilar)ning insonga homiyligi kabi mushtarak jihatlar nisbatan keyingi davrlarga xos mifologik tasavvurlar rivoji bilan bog‘liq holda tasvirlanadi. Shuni e’tirof etish kerakki, afsona qahramonlarini bir-biriga muqoyasa etganda, ular o‘rtasida genetik va funksional aloqadorlik mavjudligini sezish qiyin emas. Biroq shunga qaramay, personajlar semantikasida muayyan tafovutlar mavjudligi ma’lum bo‘ladi. Bunday tafovutlar, asosan, ularning ijtimoiy xarakterida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalaga aniqlik kiritish maqsadida ularga xos eng asosiy jihatlarni o‘zaro qiyoslash o‘rinlidir. Jumladan, Hurmuzd, birinchidan, mifologik subyekt; ikkinchidan, xalq ideali. U beqiyos kuch va ilohiy qudrat ramzi, tinchlik, mustaqillik, mardlik, qahramonlik, to‘g‘rilik, mehribonlik, adolatparvarlik, donishmandlik hamda yuksak ahloq egasi. Uning har bir faoliyati yagona maqsad – ezgulik yaratish tomon yo‘naltirilgan. Mazkur belgilar mifologik hodisalar fonida voqe bo‘ladi va ayni paytda, mifologik subyekt (Hurmuzd)ning makon va zamondagi ijtimoiy xarakterini tavsiflaydi. Tulki esa tamomila boshqacha mohiyat kasb etadi. Darvoqe, tulki ham ibtidoiy inson nazdida ideal hisoblangan. Biroq bu ideallik totemistik e’tiqodlar mujassami sifatida aks etadi. U ezgulik, homiylik, qondoshlik, ajdodboshi, yaratuvchi timsolida gavdalanadi. U ilohiy mavjudot. Uning g‘ayritabiiy tarzda Kayoniylar osmoni uzra parvoz etishi, ya’ni uchishi ko‘kdan ingan ilohiy yaratiq ekanligidan nishona. Biroq e’tirof etish kerakki, afsonada tulkining totemlik mohiyati biroz xiralashgan. Binobarin, uning mazmunida Kayoniy podshohlar hokimiyati negizlarini mustahkalash va ideallashtirish g‘oyalari ilgari surilgan. Hukmron tabaqa mana shu g‘oyalarni targ‘ib etish uchun arxaik mifologiyaga murojaat etgan hamda uning mohiyatini o‘ziga xizmat qiladigan tarzda o‘zgartirib, o‘zlashtirgan. Shu boisdan, uning ijtimoiy xarakterida dastlabki feodalizm munosabatlari aks etadi. Mazkur munosabatlar tarzi esa ibtidoiy ilohiy tushunchalar qobig‘ida, aniqrog‘i, totemistik mifologiya zaminida ifodalanadi. Bundan ma’lum bo‘ladiki, qadimgi Sharq xalqlari, xususan, turkiy xalqlar madaniyati, ijtimoiy-tarixiy va ma’naviy qarashlari tizimida tulkiga nisbatan totemik va muqaddas kult sifatida e’tiqod qo‘yish hollari mavjud bo‘lgan. Shu boisdan ham uning genetik va tarixiy taqdirida mifologik e’tiqodlar relekti asosiy o‘rinni egallaydi. E’tirof etish kerakki masalaning ana shu jihati muhimroqdir. Hayvonlar haqidagi ertaklarda tulkining totemlik mohiyati juda ham xiralashgan holda hozirga qadar saqlanib keladi. Masalan, «Bo‘ri bilan mergan»1, «Ilonning ishi zahar solmoq» kabi ertaklarda totemiylikka e’tiqodning ilkin izlari ko‘zga yaqqol tashlanadi. «Bo‘ri bilan mergan» ertagida tulki cholning bo‘ridan qutulishiga yordam beradi. Mazkur epizod quyidagicha tasvirlanadi: Bo‘ri cholga – «seni yeyman, deb turganida, ikkovining oldiga tulki kelib qolibdi, chol bechora yig‘lab: – Mergan bo‘rini quvib kelayotgan edi, bo‘ri mendan o‘zini yashirib qo‘yishni so‘radi. Men uni qopga tiqib poxol yopib, bekitib qo‘ydim. Mergan kelib «chol, chol! bo‘rini ko‘rdingmi?» – deb so‘radi. Men bo‘ridan qo‘rqaman, o‘tgani yo‘q, dedim. Mergan ishonib ketdi. Poxolni olib bo‘rini qopdan chiqarib qo‘ysam, «seni yeyman» deb meni mushkul holda qoldirdi, – degan ekan, Tulki: – Ey, bo‘ri o‘rtoq, chol seni shunday o‘limdan qutqarsa-yu, sen shunday qari cholni yeysanmi? – deb doshnom beribdi. «Yur bo‘lmasam», deb bo‘ri tulki bilan birgalikda cholning oldidan «Xayr, ota» – deb jo‘nab ketibdi»1. Ushbu ertakning boshqa variantida hodisalar tafsiloti mutlaqo o‘zgacha ko‘rinishda kechadi. Bo‘ri cholni «yeyman» deb tahdid solib turganida, tulki kelib qolibdi. Tulki gap nimada ekanligini anglab: « – Men seni shu kichkina qopga siqqaninggga ishonmayman, sig‘maysan, – debdi. Bo‘ri, «ha, men sig‘dim» deb maqtanibdi va ko‘rsatish uchun qopning ichiga tushibdi. Tulkining ishorasi bilan chol qop og‘zini bog‘labdi. Qopni ko‘tarib yerga urib, bo‘rini halok qilibdi»2. «Ilonning ishi zahar solmoq» ertagida ham voqealar xuddi shu asnoda kechadi. «.... Tulki to‘xtab qarasa, bir katta ilon odam oyog‘iga chirmashib «chaqaman» deb yopishib turgan emish. Tulki: – Nima gap? – deb goh ilonga, goh cho‘ponga qarabdi. Cho‘pon so‘z boshlabdi: – Ey tulkivoy, men mana bu ilonni o‘limdan qutqarib qolgan edim. Endi u esa, meni chaqmoqchi, shu ham insofdanmi? – debdi. Tulki: – Qanday qilib uni o‘limdan qutqarding? – deb so‘rabdi. – To‘qayga o‘t ketgan ekan. O‘t ichida ilonni ko‘rib rahmim keldi, bir yog‘ochning uchiga mana bu xaltani bog‘lab, ilon tomon uzatdim, u xaltaga kirdi, tortib oldim, – deb javob beribdi. Shunda tulki qah-qah urib kulib yuboribdi va cho‘ponga: – Shu kichkina xaltaga katta ilonning siqqaniga men hayron bo‘lib kulib yubordim, – debdi. Ilon «ha men sig‘dim», – debdi. Tulki: – Bo‘lmasa, yana xaltaga tushib ko‘r-chi, sig‘armikansan yoki yo‘qmi? – debdi. Ilon maqtanib: – Mana ko‘r, men sig‘aman, – deb cho‘ponning xaltasiga kiribdi. Tulki cho‘ponga ko‘zini qisib: – Xaltaning og‘zini mahkam bog‘la, ko‘tarib aylantirib yerga ur! – debdi. Cho‘pon tulkining aytganini qilib, ilondan qutulibdi»3. Keltirilgan parchalar mazmunidan anglashiladiki, ertakdagi asosiy g‘oya, garchi bu ertaklar zaminida mifologik, aniqrog‘i, totemistik homiylik4 yotgan bo‘lsa ham, mohiyati jihatidan ideologik munosabatlarni emas, balki ijtimoiy-estetik maqsadlarni ifodalashga xizmat qilgan. Bundan tulki totemi va xalqning u haqdagi e’tiqodiy qarashlari ertaklar tarkibiga o‘zining qadimiyligini nisbatan xiralashtirgan tarzda, aniqrog‘i, badiiy ko‘chim doirasiga tushish jarayonida o‘zining asl mohiyatidan uzoqlashgan holda yetib kelgan, degan xulosa chiqarish mumkin. Biroq aniq xulosaga kelishdan avval, ertaklarda ko‘zga tashlanuvchi ayrim o‘rinlarga diqqat qaratish lozim. Tadqiq etilayotgan ertaklar («Bo‘ri bilan mergan», «Ilonning ishi zahar solmoq») mazmun – mohiyatiga ko‘ra o‘zida, asosan, ibtidoiy tafakkur bosqichlarining so‘nggi ko‘rinishlarini namoyon etadi. Unda yashash uchun kurash qonuniyati umumiy asoslarining hayotiy negizlari ertak voqealari fonida, qadimgi kishilarning ibtidoiy-falsafiy qarashlari bilan bog‘liq holda aks ettiriladi. Shu bilan birgalikda, e’tirof etish kerakki, ertaklar semantikasida mifologik tasavvur izlari ham ko‘zga tashlanib turadi. Aniqrog‘i, sujet tarkibida mifologik tasavvurlar tizimiga asoslangan totemistik homiylik motivi mavjuddir. Biroq mazkur motivlar ertaklar sujetida miflardagi kabi o‘ziga xos mustaqil shakl va mazmunga ega bo‘lgan motiv sifatida emas, balki asosida ijtimoiy-maishiy munosabatlarni ifodalovchi epizod ko‘rinishida voqe bo‘ladi. Ularda tasvirlangan voqelik tulkining odamni (xirmonchi chol hamda cho‘pon) bo‘ri (ilon) changalidan qutqarishi, himoya qilishi bilan bog‘liq tahlikali vaziyat ichidagi hodisalarni aks ettiradi. Tulkining funksional harakatlarida ko‘zga tashlanadigan jihatlar aslida ertak voqealari talabi doirasida sodir bo‘ladi. Qiyin vaziyatga tushib qolgan odam bo‘ri (ilon)dan qutulish chorasini qidiradi. Ayni vaziyatda tulkining odamga duch kelishi tasodifiy hol sifatida izohlanadi. E’tirof etish kerak, mana shu tasodif sujet chizig‘ida asosiy va hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Binobarin, voqealar tuguni aynan shu o‘rinda yechiladi. Ta’riflangan tasodif natijasi ertakda ijobiy hosilani keltirib chiqaradi. Ijobiy hosilaning badiiy ifodasi esa ertakda ko‘zda tutilgan asosiy g‘oyalar – yaxshilik, ezgulik, insof va oqibat kabi tarixiy ildizlari dual miflar bilan tutashuvchi falsafiy tushunchalarni ilgari suradi. Bu masalaning bir tomoni. Diqqatni tortadigan yana bir tomon esa tulkining homiylik harakatlarida mujassamlashgan bo‘lib, mazkur hodisa ertakning o‘ziga xos mifologik zamini hisoblanadi. Binobarin, yuqorida izohlangan hodisalar: tulkining yordam berishi va himoya qilishi miflarda asosiy motiv bo‘lib, bosh planda turgan. Shuningdek, funksional mazmuniga ko‘ra totem va u bilan bog‘liq e’tiqodiy qarashlarni izohlashga xizmat qilgan. Biroq mazkur motiv an’ana doirasiga tushib, badiiy ko‘chimga aylangach, ertaklar tarkibida asosiy sujetga singib ketgan. Bu hodisa personajlarning funksional harakatlarida ham katta o‘zgarishlar yasagan. Natijada mifik homiy ertaklarda himoyachi talqinida, yordamchi personaj funksiyasida gavdalanadi. Ijtimoiy mazmuni maishiy-estetik ma’no kasb etadi. Talqiniy sifatlari, funksiyasi, milliy o‘ziga xos xususiyatlari badiiy jihatdan shakllanadi, takomillashadi. Tulki hayvonlar haqidagi ertaklarda ko‘p qirrali personaj bo‘lib, goh salbiy, goh ijobiy, goh betaraf, o‘rni kelganda ba’zi hollarda raqib obraz tarzida gavdalanadi. Shu jihatlariga ko‘ra, u folklorshunoslar diqqatini doimo o‘ziga tortib keladi. Bu borada ayniqsa, gruzin folklorshunosi R.K.Cholokoshvilining tahliliy tadqiqoti ham amaliy, ham nazariy asosiga ko‘ra g‘oyat qiziqarli va ahamiyatlidir. Uning fikricha, «tulki hayvonlar haqidagi ertaklarning to‘rt xil tipidato‘rt xil ma’no kasb etib, o‘ziga xos funksiyalarni bajarib keladi: 1. Tulki-ayyorlik va makkorlik yo‘li bilan o‘z do‘stlarini halok etadi, birgalikda qo‘lga kiritilgan o‘ljalarni esa o‘ziniki qilib oladi; 2. Tulki hiyla-nayrang ishlatib, qushlarni yemoqchi bo‘ladi, ba’zan bunga muvaffaqiyat bilan erishadi ham, lekin oqibatda baribir mag‘lubiyatga uchraydi va nihoyat, halok bo‘ladi; 3. Tulki yolg‘iz o‘zi muvaffaqiyatga erisha olmaydi va boshqa hayvonlarga yordam so‘rab, murojaat etadi; 4. Tulki qozi qiyofasida namoyon bo‘ladi va odamni qutqaradi, himoya qiladi»1. Olima o‘z fikrini davom ettirib, yana quyidagilarni ta’kidlab ko‘rsatadi: «Ayyor tulki ( bu o‘rinda R.K.Cholokoshvili birinchi guruhga mansub tulki obrazini nazarda tutayapti ) personaji – mulohazali, sezgir, chaqqon, aqlli, dovyurak kabi sifatlarda namoyon bo‘ladi. Biroq ana shu ijobiy sifatlar bilan birga, ertaklarda unga xos salbiy xususiyatlar ham ko‘zga tashlanadi. U o‘ta ayyor, o‘ta mug‘ombir, o‘ta xasis, o‘ta kekchi, shuningdek, ginachi, yolg‘onchi, o‘g‘ri sifatida ham gavdalanadi. Tulkining bu kabi xususiyatlari jam bo‘lgano‘rinlarda u doim mag‘lubiyatga uchraydi. Bu holat, asosan ikkinchi guruhdagi personaj qiyofasida aks etadi. Binobarin, ayni holat xalqning zulmga asoslangan ijtimoiy hodisalarga salbiy munosabatini ifodalaydi. Bu xil ertaklar birinchi guruhdagi ertaklarga qiyoslanganda, ularning nisbatan keyingi davrlarda paydo bo‘lganligi ma’lum bo‘ladi: unda xalqning orzu-umidlari va adolat tantanasiga ishonchi aks etadi»2. Tadqiqot mazmunidan anglashiladiki, gruzin folklorshunosi R.K.Cholokoshvili tulki obrazini talqiniy asoslariga ko‘ra guruhlashtirishda, asosan, ichki turga oid ertaklar tabiati va semantikasidan kelib chiqqan holda ish ko‘radi. Aniqrog‘i, tadqiqotchi bu o‘rinda hayvonlar haqidagi ertaklarning spetsifik xususiyatlariga tayanadi. Mazkur obrazning sujet chizig‘ida tutgan o‘rni va bajarishi lozim bo‘lgan funksiyasini bevosita voqealar ichida kuzatadi. Natijada shunday bo‘lib chiqadiki, tulki personaji hayvonlar haqidagi ertaklarda badiiy talqini hamda funksional harakatlariga ko‘ra bir-biridan o‘zaro farqlanib turadi. Bu farqlilik tadqiqotchi talqinida to‘rt guruhga ajratiladi va nazariy asoslanadi. Ma’lum bo‘ladiki, tulki personajini ma’no-mohiyatiga ko‘ra guruhlashtirish asosi uning muayyan maqsadlar yo‘lidagi harakat doirasini, xarakterini aniqlash va unga xos bo‘lgan asosiy xususiyatini ta’kidlashga qaratilgandir. Binobarin, masalaning nazariy va amaliy ahamiyati ayni shu o‘rinda ko‘zga tashlanadi. Biroq o‘rni kelganda R.K.Cholokoshvili tadqiqotida ko‘zga tashlanadigan yana bir jihat xususida to‘xtalmoqchimiz. YA’ni uning xulosa o‘rnida keltirgan so‘nggi fikrida mazkur tulki personajiga nisbatan sinfiylik munosabati seziladi. Bir qarashda bu tabiiy holday tuyuladi. Darvoqe, mazkur personajga nisbatan majoziylik nuqtai nazaridan yondashish hamda uni ijtimoiy-sotsial tabaqa vakili sifatida baholash hollari nafaqat gruzin ertakshunosligida, balki rus, o‘zbek, boshqird, Shimoliy Kavkaz, Dog‘iston va boshqa ko‘plab xalqlar folklorshunosligida o‘z ifodasini topgan. Jumladan, dog‘istonlik folklorshunos B.G.Tlexasning fikricha, tulki personaji hayvonlar haqidagi ertaklarda yuqori tabaqa vakillariga xizmat qiluvchi xushomadgo‘y va tilyog‘lamachi tip sifatida namoyon bo‘ladi1. Qoraqalpoq folklorshunosi Q.Mambetnazarovning yozishicha: «... tulki obrazi orqali qiyomat kelsa qoim turadigan, hiylakor, shum, kambag‘al odamlarga pand berib taqir yerga o‘tirg‘izib ketadigan ustun sinf vakillarining yoki juzli odamlarning ( bizningcha, bu yerda olim juzli iborasi orqali turkiy qavmlar o‘rtasida yuksak mavqega ega bo‘lgan yuz urug‘i va shu urug‘ orasidan saylanadigan qabila oqsoqollari hamda amaldorlarni nazarda tutgan) biri sifatida tasvirlanadi»2. Turkiy xalqlar ertaklari tadqiqotchisi X.Egamov tulki obrazini majoziy xarakter kasb etuvchi satirik personaj sifatida baholaydi. «Tulkining har bir qilig‘i va qilmishida, – deb uqtiradi u, – insonning ma’lum harakati anglanadi. Bir xilida o‘z muxoliflari ustidan g‘alaba qilsa, ikkinchisida mag‘lub bo‘ladi. Hayvonlar haqidagi aksariyat o‘zbek (faqat o‘zbek ertaklarigina emas) ertaklarida tulki o‘zidan jismoniy jihatdan kuchliroq bo‘lgan, hukmron sinf vakillarini anglatuvchi muxoliflar ustidan doim g‘olib keladi va dushmanlari tahqir nayzasiga (satira) mahkum bo‘ladilar. Agar tulki o‘zidan jismoniy zaifroq, eziluvchi, quyi sinf vakillari bilan to‘qnash kelganda doim mag‘lub bo‘ladi va hazil qamchisiga (yumor) duch keladi. Shunisi xarakterliki, oxirgisi ushbu holatda satiraga aylanmasdan, balki achinish va afsuslanish hissini uyg‘otadi, xolos. Shu xususiyatlariga ko‘ra tulki obrazi hamma vaqt o‘zining satirik va yumoristik xislatlarini saqlab keladi»1. Tadqiqotchi mazkur hodisaning bosh omilini «Sinfiy jamiyat niqoblangan, allegorik kulgi formasini taqozo»2 etganligida, deb ko‘rsatadi. Ko‘rinib turibdiki, har uchala tadqiqodchining yuqorida keltirilgan qator fikrlari o‘rtasida mantiqiy yaqinlik va o‘xshashlik mavjud. Hattoki, ularning masalaga yondashishi, tahliliy usuli, chiqargan xulosalari ham bir-biriga hamohangdir. Faqat bu xulosalar birinchisi Dog‘iston va Shimoliy Kavkaz xalqlari hayvonlar haqidagi ertaklaridagi, ikkinchisi Qoraqalpoq ertaklaridagi va nihoyat, uchinchisi O‘zbek ertakchiligidagi tulki personajiga nisbatan chiqarilgandir. Biroq shu o‘rinda e’tirof etish kerakki, o‘z mohiyati jihatidan X.Egamovning fikrlari yuqoridagilardan qisman bo‘lsa-da, farq qiladi. Unda olim tomonidan ilgari surilgan fikrlarning asosiy mazmuni va yo‘nalishini belgilovchi bir jihat borki, bu, ayniqsa, xarakterlidir. Mazkur jihat tulki personajining funksional harakatlarini, xususan, xarakteriga xos asosiy belgilarni qisqacha ifodalaydi. Binobarin, olim tahlil jarayonida yuqoridagi fikrlarni tadrijiy davom ettirib, yana quyidagilarni alohida ta’kidlab ko‘rsatadi: «u (ya’ni tulki ) o‘zining sezgirligi, shumligi bilan yo‘lbars, bo‘ri, ayiq kabilarni jazoga giriftor qiladi va o‘z navbatida qo‘y, echki, toychoq, eshak va boshqa parrandalar tufayli o‘zi ham ahmoqona holatga tushib qoladi»3. Agar X.Egamovning mazkur o‘rinda keltirgan mulohazalarini R.K.Cholokoshvili xulosalariga qiyoslaydigan bo‘lsak, fikrlar tizimida mantiqiy uyg‘unlik ko‘zga tashlanadi. Faqat ifoda uslubida farqlilik mavjud. Binobarin, agar diqqat bilan razm soladigan bo‘lsak, tulkining obraz sifatida ikkilangan, ziddiyatli xususiyatga ega ekanligi X.Egamov tadqiqotida umumiy tarzda ifodalansa, R.K.Cholokoshvili tadqiqotida guruhlashtirish, ya’ni tasniflashtirish asosida tahlil etilganligida ayon bo‘ladi. Bu o‘rinda gruzin olimasi R.K.Cholokoshvilining tahliliy xulosalarini tadqiqotimiz obyektidagi personajning o‘ziga xos xususiyatlarini yoritishda birdan-bir to‘g‘ri va mukammal asosga ega bo‘lgan yo‘l sifatida baholaymiz hamda uni hayvonlar haqidagi o‘zbek xalq ertaklarida ishtirok etuvchi tulki obraziga qanchalik monand kelishini tahliliy prinsip asosida tadbiq etishga harakat qilamiz. Mazkur holatda tulki personajining o‘zbek xalq ertaklaridagi funksional harakati, sujet tarkibida tutgan o‘rni hamda milliy o‘ziga xos xususuiyatlarini nazarda tutgan holda ish yuritish lozim. Bizningcha, shu ma’noda tulkining xatti-harakati, u yoki bu personajga bo‘lgan munosabati, xususiyati hamda holatini quyidagi asosda tasniflashtirish maqsadga muvofiqdir: 1) tulki ustasi farang mug‘ombir. U o‘z nafsi va manfaati yo‘lida maslakdosh do‘stlarini halok etadi va yolg‘iz o‘zi omon qoladi; 2) tulki hiyla ishlatib, har xil qushlar va parrandalarni yemoqchi bo‘ladi, ba’zan bunga muvaffaqiyat bilan erishadi ham. Lekin oxir-oqibatda baribir halokatga uchraydi; 3) tulki yolg‘iz o‘zi muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Shuning uchun ham u boshqa hayvonlarni yordamga chaqiradi; 4) tulki o‘ta aqlli va ayni paytda, o‘ta xushomadgo‘y. Ayyorlikka o‘rin qolmagan taqdirda u tadbirkorlik bilan ish ko‘radi; 5) tulki qozi. U odamni himoya qiladi; 6) tulki ochko‘z va o‘g‘ri. Biroq uning butun hiyla-nayranglari odam tomonidan fosh etiladi va u mag‘lubiyatga uchraydi. Ko‘rinadiki, hayvonlar haqidagi o‘zbek xalq ertaklarida tulki personajiga xos asosiy xususiyatlar olti xil ko‘rinishda namoyon bo‘ladi va har biri o‘ziga xos alohida mustaqil ma’no kasb etadi hamda bu hodisa olti xil tipdagi sujetlarda aks etadi. Funksional harakatlarida esa hayvoniy odat va munosabatlar mujassamlashgan bo‘lib, talqinida majoziylikdan ko‘ra hayotiy hamda ramziy belgilar yetakchilik qiladi. Shuningdek, uning ertaklar sujetida tutgan o‘rni, asosan, yordamchi personaj vazifasida tavsiflanadi. Tulkining birinchi guruh ichida jam bo‘lgan xususiyatlari, asosan, uning salbiy personaj sifatidagi qiyofasini aks ettiradi. Bu o‘rinda u sujet tarkibida harakat qiluvchi asosiy, ya’ni yetakchi va ayni paytda, raqib personaj talqinida namoyon bo‘ladi va yovuzlik funksiyasini ado etadi. O‘zbek xalq og‘zaki ijodida keng tarqalgan «Tulkiboyning ishi»1, «Ochko‘z, ayyor tulki»2 ertaklarida ayni holatni kuzatish mumkin. «Ochko‘z, ayyor tulki» ertagida ochko‘z tulki chuqur g‘orning to‘rida ko‘ringan bir oq toshni quyruq moyi, deb o‘ylab, o‘zini uning ustiga tashlaydi. Biroq tishlab ko‘rsa-ki, tosh. Nafs balosiga aldangan tulki: «... g‘ordan qanday qilib chiqishini bilmay yotaveribdi. Bir vaqt u g‘orning labidan qarab turgan shoqolni ko‘ribdi. Tulki unga: Boylar bozor boribdi, Quyruq moyi olibdi. Qanjag‘aga3 bo‘sh boylab, G‘orga tushib qolibdi. Shoqol oshna kel yeymiz, – debdi. Shoqol ham o‘zini g‘orga tashlabdi. Shu tariqa birin-ketin g‘or og‘ziga kelib qolgan bo‘ri, jayra, arslon, yo‘lbars kabi hayvonlar tulkining aldoviga ishonib, o‘zlarini chuqur g‘or tubiga tashlayveribdilar. Ular g‘or ichida yotaveradilar. Biroq oradan uch kun o‘tgach, ularning qorni nihoyatda ochiqib ketadi. Shunda tulki: – Kelinglar, bir maslahat qilaylik, axir hammamiz ochdan o‘lib qolmaylik. Hammamiz mening gapim bilan shu ahvolga duchor bo‘ldik. Shuning uchun men nima desam, yo‘q demanglar, deya qo‘shiq boshlabdi: – Tulki sizning jo‘rangiz, Yo‘lbars bizning to‘ramiz. Arslon bizning qarindosh, Jayra bizning bo‘lamiz1. Bo‘ri bizning jiyanimiz, Ot qo‘yinglar yeymiz. – deb uni ushlab yeb qo‘yishibdi». Xullas, g‘or ichidagi hayvonlar tulkining maslahatiga ko‘ra navbat bilan bir-birlarini yeb qo‘yadilar. Eng oxiri tulkining yolg‘iz o‘zi tirik qoladi va g‘ordan omon chiqib ketadi2. Ko‘rinadiki, yuqoridagi ertakda asosiy voqea tulkining faol ishtiroki va harakati natijasida sodir bo‘ladi. Unda ochko‘z tulkining makr-hiyla qobig‘ida mujassamlashgan ayyorlik va tadbirkorlik xususiyatlarini ta’kidlash hamda bo‘rttirish maqsadida shartli voqea, harakat va munosabatlar qo‘llangan. Bu holat ikki bosqichdan iborat bo‘lib, asosan takrorlanuvchi epizodlar tizmasida voqe bo‘ladi. Ertakdagi «dumba yog‘i» detali hayvonlarning g‘orga tushib qolishlariga sabab – bahona bo‘lib, u bilan bog‘liq hodisalar kompozitsion qurilma markazidagi asosiy epizod hisoblanadi va navbatdagi vaziyatlarga keng yo‘l ochadi. Binobarin, ayyor tulki makriga ilingan hayvonlarning birin-ketin g‘or to‘riga tushib qolishi birinchi bosqich ichidagi epizodlarning takror kelishidan tashkil topgan. Tulkining maslahatiga ko‘ra hayvonlarning navbatma-navbat o‘zaro o‘lja bo‘lishi bilan bog‘liq takrorlanuvchi epizodlar esa ikkinchi va ayni paytda, hal qiluvchi yakuniy bosqich ichida sodir bo‘ladi. Shu o‘rinda aytish joizki, hayvonlarning takroriy epizodlardagi xatti-harakatlari o‘ta ayyorlik va o‘ta laqmalik xislatlarini ta’kidlaydi hamda fosh qiladi. Demak, mavzu doirasida xulosa qilib aytganda, tulkining ustasi farang mug‘ombir va ayyor ekanligi ertakning umumiy mazmunida takroriy epizodlar vositasida qayta-qayta qayd etiladi. Biroq u beozor qushlar va parrandalarga to‘qnash kelganda, uning butun hiyla-nayranglari fosh etiladi hamda jazoga mahkum bo‘ladi. Masalan, uni xo‘roz3 (boshqa variantida tovus) chuv tushirib ketadi4, laylak esa (uning) boplab ta’zirini beradi1, bedana o‘limga mahkum etadi, qarg‘a ham uni laqillatib ketadi. Shu o‘rinda e’tirof etish kerakki, ertaklar ekspozitsiyasida tulki dastlab qushlardan ustun keladi. Ayyorlik bilan ularni yemoqchi bo‘ladi. Ba’zan bunga muvaffaqiyat bilan erishadi ham. Biroq oxiri baribir mag‘lubiyatga uchraydi. Masalan, «Hiylagar bedana» ertagida tulki zag‘izg‘onga do‘q qilib, har kuni bitta bolasini yeb ketadi. Shu tarzda to‘rt kun deganda zag‘izg‘onning to‘rtta bolasini yeb qo‘yadi. Navbat so‘nggi, beshinchi bolasiga yetganda, unga bedana duch keladi. «Yig‘lab o‘tirgan zag‘izg‘onga ko‘zi tushib, bedana uning holini so‘rabdi. Zag‘izg‘on o‘z ahvolini so‘zlab beribdi. Dono bedana zag‘izg‘onning nodon va qo‘rqoqligiga ko‘p achinibdi. Keyin unga shunday deb o‘rgatibdi: – E, zag‘izg‘on, tulki yana sening oldingga kelib: «Do‘lanangni to‘miraman, qonlaringni shimiraman», – deb do‘q qilsa, sen, «to‘mirsang to‘miraver, shimirsang shimiraver» deb tura ber. Qolgan bolangni tashlama» debdi2. Shunday qilib, zag‘izg‘on dono bedananing maslahati bilan ayyor tulkidan qutulibdi. Biroq endi tulki bedanani ta’qib qilishga tushibdi va ustalik bilan uni tutib olibdi. «Bedana: – E, tulki, meni nima qilmoqchisan? – degan ekan, tulki: – Sen zag‘izg‘onga gap o‘rgatganing uchun u bolasini tashlamadi. Endi seni yemoqchiman, – debdi. Bedana tulkiga aytibdi: – Meni yeganing bilan hech bir baraka topmaysan, qorning ham to‘ymaydi, mening bir barmoqchalik ham etim yo‘q. Sen meni yemasang, seni yaxshilab to‘ydiraman», – deydi va to‘yga ketayotgan xotinlar oldida paydo bo‘lib, ularning e’tiborini tortadi. Xotinlar bedanani tutmoqchi bo‘lishganda, tulki ularning dasturxonini ochib, qornini to‘yg‘azadi. Ertasiga tulki bedanani ko‘rib qolib yana do‘q qiladi. Bedana tulkini yana to‘yg‘azadi. Shu tarzda tulki har kuni do‘q qilaveradi. Oxiri toqati toq bo‘lgan bedana tulkini to‘yg‘azish bahonasida cho‘pon qo‘ygan qopqonga ro‘para qiladi. Ayyor tulki nafs balosida o‘z tumshug‘idan ilinadi. Bedana tulkidan qutuladi»1. Demak, tulki qanchalik ayyor va mug‘ombir bo‘lmasin, o‘zidan kuchsiz parrandalar bilan to‘qnashganda mag‘lub bo‘ladi, bedana yanglig‘ mitti qushning firibiga chap berolmay, tuzoqqa ilinadi. Yana bir guruh ertaklarda esa tulki yolg‘iz o‘zi muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Shuning uchun ham u boshqa hayvonlarni yordamga chaqiradi. Jumladan, u shudgorda quyruqni ko‘rib, o‘zi unga tegmaydi, chunki undan xavfsiraydi. Laqma bo‘rini ishga soladi, bo‘ri qopqonga tushgach, tulki mazza qilib quyruqni yeb ketadi»2. Ko‘rinadiki, bu o‘rinda tulki o‘zidan kuchli hayvonlarga firib beradi va ulardan ustalik bilan foydalanadi. Tulki ertaklarda vaziyatga qarab ish ko‘radigan, o‘ta aqlli va tadbirkor personaj sifatida ham namoyon bo‘ladi. Ayyorlikka o‘rin qolmagan taqdirda u tilyog‘lamalik qilib, ustamonlik bilan ish ko‘radi3. Tulkining yordamchi, ayni paytda, ijobiy xarakterdagi xususiyatlari uning odamni himoya qilishi, yordam berishi harakatlarida ko‘zga tashlanadi4. Bunda u ikki qutb (odam va bo‘ri; odam va ilon) munosabatini adolat tarozisida o‘lchab, «adolatli hukm» chiqaruvchi odil hakam – qozi qiyofasida namoyon bo‘ladi. Shu o‘rinda izoh berish kerakki, ayni holat va vaziyatlarda tulkining odamni himoya qilishi bilan bog‘liq harakatlari totemistik e’tiqodlarga borib tutashadi. Tulkining zarar keltiruvchi sifatidagi funksiyasi uning odamga nisbatan ayyorlik harakatlarida aks etadi. Tulkining bunday harakati oxir-oqibatda uning o‘zini jazoga giriftor qiladi. Masalan, «Dehqon bilan tulki»1 ertagida ochko‘z tulki bir kuni qo‘shchi dehqonning tushlik ovqatini o‘g‘rincha yeb ketadi. Bundan jahli chiqqan dehqon biroz damini olib, och holida yana qo‘sh haydashga tushadi. Bu hol ertasi kuni ham sodir bo‘ladi. Oxiri toqati – toq bo‘lgan dehqon erta bilan turib, kampiriga: – Bugun sutni ko‘zachaga quyib bergin, – debdi. Kampir: – Nima gap? – deb so‘ragan ekan, chol unga: – Har gal olib borgan ovqatimni bir ochko‘z tulki yeb ketayapti, – debdi. Kampir sutni ko‘zachaga quyib beribdi. Chol ko‘zachani olib yana yer haydashga jo‘nabdi». O‘g‘ri tulki odatdagiday yana cholning ovqatiga keladi, biroq bu gal u tumshug‘idan ilinadi.Shunda tulki ko‘zadan qutilish uchun «... daryoga borib, suvga tiqqan ekan, ko‘zaning ichiga suv kiribdi va tulkini suv tagiga tortib ketibdi»2. Shunday qilib, chol ochko‘z va o‘g‘ri tulkidan qutiladi. Ko‘rinadiki, tulki personaji hayvonlar haqidagi o‘zbek xalq ertaklarida turli xil talqin, xarakter va xususiyatlarda, turli xil funksiyalarni bajarib keladi. Biroq uning sujet tarkibidagi faol yo‘nalishi bedana singari, asosan, yordamchi personaj sifatidagi harakatlarida ko‘zga tashlanadi. Binobarin, tulki bilan bedananing yordamchi personaj sifatidagi funksional xususiyatlari sujet yechimida hal qiluvchi vazifani bajarishi bilan tavsiflanadi. Yordamchi personaj – tulki va bedananing talqiniy sifatlarini belgilovchi xususiyatlar (ayyor, mug‘ombir, tilyog‘lamachi, ustamon, tadbirkor...) ertaklarda salbiy ma’no kasb etgandek tuyuladi. Biroq ertaklarning umumiy mazmuni va xulosasida shu narsa seziladiki, bu kabi xususiyatlar yordamchi personaj maqsadiga mos tushadi va raqibini aldash, ahmoqlikda ayblash, laqillatish hamda mag‘lubiyatga uchratib, jazoga giriftor etishda qo‘l keladi. Yetakchi personajni himoya qilish, yordam berish, qutqarish yoki har xil chora-tadbirlarni qo‘llash, maslahat berish kabi aqliy va jismoniy harakatlar bevosita yuqoridagi talqiniy xususiyatlar asosida amalga oshadi. Binobarin, yordamchi personajning ertaklar sujetida tutgan o‘rni va ahamiyati ham qayd etilgan asoslarga ko‘ra belgilanadi. Download 140.2 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling