I. Bob. Maqol xalq poetik ijodining kichik janri


I.1. MAQOL JANRIGA XOS XUSUSIYATLAR


Download 278.5 Kb.
bet3/9
Sana19.04.2023
Hajmi278.5 Kb.
#1365680
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
Kichik janrlarda qoa)

I.1. MAQOL JANRIGA XOS XUSUSIYATLAR


Xalq maqollarining badiiy jihatdan mukammalligi taniqli olimlar va shoir, yozuvchilar tomonidan tan olingan. Bu jihatdan maqollar so‘z san’atining oliy namunasi sifatida baholanishga loyiq. Hajm jihatdan kichikligi, mazmunan serma’noligi, mavzu jihatdan hayotiyligi maqollarning asrlar davomida og‘izdan og‘izga o‘tib yashashini ta’minlagan omillardir.
San’at asari qimmatini belgilovchi eng talabchan sinov vaqt hisoblanadi. Ayniqsa, vaqt sinovi talabiga og‘zaki asarning javob berishi o‘ta muhimdir. Har qancha tashviqotlarga qaramay sho‘ro tuzumida kolxoz afzalligi maqtalgan maqollarning umri qisqa bo‘ldi. Sho‘ro tuzumi haqidagi maqtov dostonlar ham yaratilgani zahoti esdan chiqib ketdi.
Haqiqiy maqollarning shakllanishi uzoq davrni qamraydi, ammo badiiy mukammal va hayot tajribasi aks etgan maqolning umri boqiy bo‘ladi. “Qonni qon bilan yuvib bo‘lmas” maqolini Mahmud Koshg‘ariy “Qanig‘ qan bilan jumas” tarzda keltirgan. Bu maqol olim qalamiga tushguniga qadar necha asrlar yashaganini faqat taxmin qilish mumkin.
Ko‘rinib turibdiki, maqollarning badiiy mukammalligi ularning hayotiyligini, umrboqiyligini izohlar ekan. Ayni choqda badiiy go‘zallikning bevosita so‘z tanlash, tasvir vositalaridan unumli foydalanish jihatlari ham bor. Ularning ayrimlarini esga olib o‘tamiz:
1. Qarshilantirish (tazod) “Yaxshidan bog‘ qolar, yomondan dog‘”.
Bu maqolda “yaxshi”, “yomon”; “bog‘”, “dog‘” so‘zlari qarama-qarshi ma’nolarni bildiradi va shu bilan birga “bog‘” – “dog‘” so‘zlari chiroyli qofiyani ta’minlaydi.
2. Tovushdoshlik ( alliteratsiya, assonans). “Boy boyga boqar, suv soyga oqar”.
Maqolda “B”, “Y”, “R”, “S” kabi undosh tovushlar alliteratsiya – undosh tovushlar uyg‘unligini, “O”, “A”lar esa assonans – unli tovushlar o‘xshashligini ko‘rsatadi
va maqol qimmatini oshiradi.
3. Metafora – ko‘chim (istiora). “Otning yag‘iri toyga qolar”.Bu maqolda “ot” so‘zidan qarindosh-urug‘chilikdagi katta avlod vakilining ramzi sifatida foydalanilgan.
Odatda mahallada biror odamga baho berish lozim bo‘lsa, birinchi navbatda, u shaxsning ota-onasi esga olinadi. Katta avlod tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchilik shu zahoti farzandga ko‘chiriladi. Natijada, inson hayoti davomidagi har bir xatti-harakat mahalladoshlar, qarindoshlar tomonidan nazoratda ekani anglashiladi.
Maqol mazmunan har bir inson yoshidan qat’i nazar kelajakda ota, ona bo‘lishni orzu qilsa, keyingi avlodiga “yag‘iri”ni qoldirmasligi kerak, degan ma’no anglashiladi va katta, yosh avlod tarbiyasining muayyan to‘g‘ri tizimda bo‘lishi uchun asos tayyorlanadi. Maqolda istiora san’ati yetakchilik qiladi. 
“Et bilan tirnoqni ajratib bo‘lmas” maqolidagi “et” va “tirnoq” so‘zlari qarindosh-urug‘; ota-bola; aka-uka ma’nolarini bildiradi. Bu misolda sinekdoxa san’ati ham bor. Ya’ni butunning tarkibiy qismi orqali yaxlit narsa ifodalangan.
4.Sifatlash.“Bug‘doy noning bo‘lmasin, bug‘doy so‘zing bo‘lsin”.
Maqolda insonlar o‘rtasidagi munosabat faqat moddiy narsa bilan emas, shirin muomala bilan qadrlanishi qayd qilinmoqda. “Bug‘doy non”, “bug‘doy so‘z” birikmasida sifatlash san’ati qo‘llangan.
5. Jonlantirish. (tashxis). “O‘tin ayirgan bolta maydonda qolar”. Bu maqolda odamlarni toifalarga: pulli-pulsiz, amalli-amalsiz, foydali-foydasizga ajratib muomala qilish o‘sha shaxsning xalqdan ajralib qolishiga sabab bo‘lishi aks etgan. Ikkinchidan, biror muammoni hal qilishda faol ishtirok etgan odam, ko‘pincha, ish bitganidan so‘ng esdan chiqishi ifolangan.
Xullas, maqollar badiiyati ularning yaratilishi ustida avlod-avlod millat vakillarimizning ijod qilish saviyasi qanchalar yuqori bo‘lganidan darak beradi.
Yozma adabiyot vakillari asarlarida xalq maqollari og‘zaki va yozma adabiyot ijodiy hamkorligining ko‘prigi darajasida muhimdir. Har bir ijodkor mumtoz adabiyot davrida bo‘ladimi, hozirgi zamonda bo‘ladimi xalq vakili hisoblanadi. U iqtidorli shaxs, avvalo, o‘zbekning tarbiyasida voyaga yetadi. Xalq bilan birga yashaydi, millat vakili mentalitetini o‘zlashtiradi. Shu bilan birga ijodida asarlarini o‘qiyotgan ommaga o‘zining xalq vakili ekanini uqtirmoqchi ham bo‘ladi. Bu maqsadni amalga oshirishda maqol eng samarali omil sifatida xizmat qiladi.
Yozma adabiyotda maqollardan foydalanishning uch ko‘rinishi mavjud:
1. Xalq maqoli aynan keltiriladi.
Alisher Navoiydan Muqimiygacha, Cho‘lpondan O‘tkir Hoshimovgacha o‘z asarlarida fikrni ixcham va tushunarli ifodalash maqsadida maqol matnidan aynan foydalanganlar.
“Masaldurkim uyqu o‘limdir” (Alisher Navoiy).
“Otning o‘limi, itning bayrami” (Abdulla Qahhor).
2. Maqoldagi ayrim so‘zlar o‘zgaradi, ma’no saqlanadi.
“Otalarda bir so‘z bor, eshit og‘ajon,
Bosgan izidan qaytmas, o‘lsa ham arslon” (Hamza). Bu misralarda shoir “Arslon izidan qaytmas, yigit so‘zidan” maqolidan ijodiy foydalangan.
3. Shoir biror fikrni maqoldagi ma’nodan foydalanib ifolaydi. Bir qarashda bu fikr mustaqildek ko‘rinadi. Fikr yuritsak, adibning xalq maqollaridagi ma’noni o‘ziga xos boshqa so‘zlar bilan ifolaganini anglaymiz. Masalan, Alisher Navoiy g‘azallaridan birida “O‘lturur mahramni sulton, ganji pinhon aylagach”, - degan misra bor. Unda xo‘jayin, sulton, hokim xazinasini yashirishni mahramiga, ya’ni eng yaqin xizmatlarini bajaruvchi xizmatkoriga buyurishi, xazina biror yerga ko‘milganidan so‘ng ortiqcha guvohdan qutulish uchun uni o‘ldirishi aytilgan.
Ehtimol, shoir zamonasida aynan shundoq maqol bo‘lgandir. Ammo biz bu maqolning borligidan bexabarmiz. Lekin undagi ma’no bugungi kunda mavjud va biz avvalroq esga olgan “O‘tin ayirgan bolta maydonda qolar” yoki “Ishim bitdi, eshagim loydan o‘tdi” kabi maqollar mazmunini ifodalaydi.
Ba’zan mumtoz shoirlar g‘azaldagi baytlarning har birida biror maqolni misol qilib ham keltirgan hollar uchraydi. Xususan, XIV-XV asrlarda yashagan taniqli shoir Lutfiyning quyidagi g‘azaliga e’tibor bering
Ayoqingg‘a tushar har lahza gesu,
Masaldurkim: “Chirog‘ tubi qorong‘u”.
Tutarmen ko‘zki ko‘rsam orazingni,
Ki derlar “Oqqon oriqqa oqar suv”.
Yuzingni tuttum ortuq oyu kundin
“Kishining ko‘zidur ore torozu”.
Ko‘zung qonimdin iymonmas ajabdur,
Ki “Qo‘rqar qaydakim qon ko‘rsa hindu”.
Tilar vaslingni Lutfiy, qil ijobat
Ki ayturlar: “Tilaganni tilogu”.
Bu g‘azalda ajoyib so‘z sohibi mavlono Lutfiy o‘zining ma’shuqasiga bo‘lgan ko‘ngil izhorini so‘z marvaridlaridan tizilgan marjondek ifodalay olgan. G‘azalning mazmuni go‘zal va mo‘jaz doston ma’nosini beradi:
Ayoqingg‘a tushar har lahza gesu,
Masaldurkim: “Chirog‘ tubi qorong‘u”.
Baytda yorning qaddi tik shamga o‘xshatilmoqda. Shamning yonayotgan pilikdan pastki qismi qorong‘u bo‘ladi. Yorning yuzi yonayotgan shamga qiyoslanmoqda. Uning sochi shu qadar uzunki, yuzi yorug‘, pastki qismi qorong‘i ko‘rinadi.
Tutarmen ko‘zki ko‘rsam orazingni,
Ki derlar “Oqqon oriqqa oqar suv”.
Shoir o‘zini bir paytlar suv oqqan ariqqa o‘xshatadi. U oqqan ariqqa suv oqishini kutib umid qilmoqda: ko‘z tutib yorning visoliga yetmoqchi. Ma’shuqaning oshiq huzuriga kelishi oshiq uchun qaqrab yotgan ariqdan yana suv oqishiga tenglashtirilmoqda.
Yuzingni tuttum ortuq oyu kundin
“Kishining ko‘zidur ore torozu”.
Xalqda odamning ko‘zini toroziga o‘xshatish haqida maqol bor. Mening ko‘zim taroziga o‘xshagani uchun bir pallasida oy va quyosh bo‘lsa, ikkinchi pallada ma’shuqa. Ma’shuqamning yuzini ortiq ko‘rganim uchun tarozi pallasining shu tomoni bosib turibdi. Oy va quyosh esa ikkinchi pallaga joylashgan va ma’shuqa go‘zalligiga chidash bermay osmonga uchib ketgan.
Ko‘zung qonimdin iymonmas ajabdur,
Ki “Qo‘rqar qaydakim qon ko‘rsa hindu”.
Mumtoz adabiyotda ma’shuqaning ko‘zi va xolini qoraligi uchun hindga o‘xshatish an’anasi bor. Bu o‘rinda shoir yorining ko‘zini hindga o‘xshatmoqda. Hind qondan qo‘rqadi, degan tushuncha bor. Ammo men ajablanamanki, sening ko‘zing hind bo‘lsa ham ko‘z yoshlarimning qondek oqishidan qo‘rqmayapti. Agar qo‘rqqanida edi, rahm qilardi, men vaslingga yetar edim va ko‘z yoshlarim to‘xtar edi.
Tilar vaslingni Lutfiy, qil ijobat
Ki ayturlar: “Tilaganni tilogu”.
Mazkur bayt g‘azalda ifodalangan hamma orzu-istaklarning xulosasi hisoblanadi. Unda shoir o‘z ma’shuqasidan oxirgi marta muruvvat, lutf qilishni so‘ramoqda. Men odamlar “Tilagan tilagiga yetadi” deganlaridek, senga vaslingga yetish uchun iltijo qilaman va agar odamlarning gapida haqiqat bo‘lsa, maqsadimga yetaman, deb umid bildiraman, demoqchi.
Ma’lum bo‘ladiki, bir jihatdan, maqollar shoir mahoratining namoyon bo‘lishi uchun ajoyib vositaga aylangan. Ikkinchi jihatdan, g‘azal vositasida biz XIV-XV asrlarda xalq orasida mashhur bo‘lgan maqollar matni bilan tanishish imkoniga ega bo‘lmoqdamiz. Ayrim iqtidorli yozuvchilar badiiy asarlarida qahramon nutqida qo‘llagan maqol orqali ularning dunyoqarashi, fe’li haqida kitobxonda tasavvur hosil qilishga erishganlar. Misol uchun Abdulla Qodiriy o‘zining “O‘tkan kunlar” romanida Yusufbek hoji nutqida “Zo‘ri behuda miyon meshi- kanad” (tojik maqoli: ortiqcha zo‘riqsang, belingni sindirasan), xizmatkor ayol To‘ybeka nutqida “Teng tengi bilan, tezak qopi bilan” maqolini keltiradi. Maqollarni qo‘llashdanoq Yusufbek hojining ilmli, fors tilini biluvchi ziyoli ekani, Mirzakarim qutidor xizmatkorining esa sodda, ilm ko‘rmagan, bor gapni lo‘nda va aniq aytishga o‘rgangan ayol ekani seziladi. Xullas, xalq maqollari yozma adabiyot vakillari tomonidan ularning iqtidorini namoyon qilishga yordam bergan.
Xalq og‘zaki ijodidagi maqollar janri tarixiy hayot davomida son va mazmun jihatdan boyish xususiyatiga ega. Ya’ni maqollar zamon o‘tishi bilan iste’moldan chiqishi va ayni paytda yangi-yangi namunalari vujudga kelishi mumkin.
Maqollarning iste’moldan chiqishida quyidagi omillar sabab bo‘ladi:
1. Tarixiy hayotning o‘zgarishi. Ijtimoiy hayotda maqolni qo‘llash ehtiyojining yo‘qolishi oqibatida maqol xalq esidan chiqadi. 
Omoch seni to‘ydirgay,
Omboringni to‘ldirgay.
Omoch ishlatish asta-sekin yo‘qola borgan sari bu maqol ham iste’moldan chiqqan.
2. Tarixiy so‘zlar ishtirokidagi maqollar vaqt o‘tishi bilan yo‘qoladi.
Qoziga bersang suyar, 
Bermasang – so‘yar.
3. Ayrim maqollar og‘zaki ijodning og‘zakiligi belgisi ta’sirida yo‘qolishi ham mumkin. Bir avlod qo‘llamagan maqol o‘limga mahkum.
Xitoy xonining gazmoli ko‘p, lekin o‘lchamay kesilmaydi.
Ba’zan maqolning bir qismi yashaydi, ikkinchisi yo‘qoladi.
Ash tatig‘i tuz, jug‘rin jemes. 
(Osh tuz bilan totli, lekin lagan bilan yolg‘iz tuzning o‘zi yeyilmaydi). 
Bu maqolning birinchi qismi hozir ham bor, ammo ikkinchi qismni biz tasavvur ham qilmaymiz.
Yuqoridagi sabablar maqolning yo‘qolishiga olib keladi. Ayni paytda maqollarimiz namunalarining boyish manbalari ham yo‘q emas. Ular quyidagilardan iborat:
1. Ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlar natijasida yangi maqollar vujudga keladi. Masalan, O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng “Vatanni sevmoq iymondandir” hikmatli so‘zini qo‘llash ommalashdi. Dastlab, bu maqolsifat jumlaning Abdulla Avloniy yozgan “Turkiy guliston yoxud axloq” kitobida Muhammad Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadisi ekani aytilgan edi. Ammo bu hikmatli so‘z xalqimiz orasida ko‘p qo‘llanmagan. Mustaqillikdan so‘ng eng ommaviy maqolga aylanib ketdi.
2. Xalq maqollarining yangi-yangi namunalari xalqlar o‘rtasidagi iqtisodiy, ijtimoiy aloqalarning rivojlanishi natijasida paydo bo‘ldi. “Olma og‘ochidan olisga tushmas” maqoli “Yabloka ot yabloni daleko ne padayet”ning tarjimasi. Bugungi kunda bu maqolning kelib chiqishi bizni deyarli qiziqtirmaydi.
3. Yangi maqollarning paydo bo‘lishi allomalar, dono adiblar aytgan hikmatli so‘zlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Tarixda biz Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Alisher Navoiy ijodi bilan tanishar ekanmiz, aforizm deb atalmish muallifi aniq dono va hikmatli so‘zlarga duch kelamiz. “Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur, qatra-qatra yig‘ilib daryo bo‘lur” kabi misollar shular jumlasidandir.
Maqollar o‘z va ko‘chma ma’nolarga ega bo‘lishi bilan yana ham diqqatga sazovordir. “Yomon xotin olguncha, bo‘ydoq yurgan yaxshiroq”, “Qizi borning nozi bor”, “Quda bo‘lguncha, ko‘p sinash, quda bo‘lgach, ko‘p siylash” kabi maqollar o‘z ma’nosida qo‘llanadi. Ayrim maqollar faqat ko‘chma ma’noda qo‘llanadi. “Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamas”, “Egrining omochi yerga botmas”, “O‘tin ayirgan bolta maydonda qolar” kabi maqollar bilan tanishganimizda ko‘chma ma’no yashiringanini his qilamiz. Bir qarashda “Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamas” maqoli o‘z ma’nosida ham qo‘llanadigandek tuyiladi.
Ammo bu hikmatli so‘zni hech kim o‘z ma’nosida deyarli qo‘llamaydi. Aslida, hayotda uchrab turadigan turli mish-mishlarning rost ekanligini ta’kidlash maqsadida bu maqolni esga olish odat tusiga kirgan. “Tuhmatchining omochi yerga botmas” maqolida bir oz g‘alati fikr ilgari surilgandek tuyiladi. Omochning yerga botmasligi bilan tuhmatchining qanday aloqasi bo‘lishi mumkin, degan mulohaza paydo bo‘ladi. Ammo aynan shu o‘rinda “omoch” deganda, bevosita yer haydashda foydalaniladigan asbob emas, balki tuhmatning natijasi nazarda tutiladi. “Yer” so‘zi iymonli, rostgo‘y odamga nisbatan qo‘llangan. Ya’ni tuhmatchining tuhmati rostgo‘y va pokiza odamga hech qanday salbiy ta’sir ko‘rsata olmasligi ta’kidlanmoqda. Binobarin, maqol matni bilan tanishganda, yoki uni eshitganda, qanday maqsadni nazarda tutib qo‘llanganiga e’tibor berishimiz lozim. Aks holda aytilgan maqolning asl ma’nosini tushunmay qolishimiz mumkin.
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, olim Fitratning maqol janriga munosabatiga diqqatimizni qarataylik.
Abdurauf Fitrat xalq og‘zaki ijodiga mansub maqol janri haqida ham ma’lumot berar ekan, tushunarli va lo‘nda fikrni aytib qo‘ya qoladi: “Elning kun ko‘rgan, ish o‘tkargan sinalishli qarilari tomonidan aytilgan hikmatli, qisqa, ma’noli gaplardirkim, el orasida “yashash qonunlari” kabi hukm surib, tildan tilga yururdur”.
E’tiborli jihati shundaki, Fitratning maqol janriga bergan bu ta’rifi unga nisbatan berilayotgan hozirgi ta’rifdan jiddiy farq qilmaydi. Hozirda maqol xalq og‘zaki ijodining ixcham shaklga, ammo chuqur mazmunga ega bo‘lgan, xalqning ko‘p asrlik hayotiy kuzatishlari, tajribalari asosida vujudga kelgan hikmatli so‘zi sifatida ta’riflanadi.1 Ko‘rinyaptiki, maqolning Fitrat tomonidan ham, undan keyin yetishib chiqqan olimlar tomonidan ham aytilgan ta’rifida, asosan, uning xalq turmush tajribasida sinovdan o‘tgan bo‘lishi, shaklan ixcham, mazmunan teran ko‘rinishda og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurishi bir xilda ta’kidlanmoqda. Faqat Fitrat ta’rifida maqolning “qarilar tomonidan aytiladi” deb ko‘rsatilishiga qo‘shilish biroz qiyin. Chunki maqollar kattayu kichik tomonidan aytilaveradi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, maqolga nisbatan berilayotgan hozirgi ta’riflarda bunday ta’kid uchramaydi. Negaki, maqollar, odatda, bolalarga yoshlikdan o‘rgatilib boriladi. Hatto hozirgi paytda boshlang‘ich sinflar uchun mo‘ljallab tuzilgan darsliklarga ham maqol namunalari ko‘plab kiritilgan.
Shu ta’rifdan so‘ng u quyidagi maqollarni janr namunasi sifatida ko‘rsatib o‘tadi:
Sinamag‘an otning sirtidan o‘tma.
Otang bolasi bo‘lma, odam bolasi bo‘l.
Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin.
Chumchuqdan qo‘rqqan tariq ekmas.
Och qornim – tinch qulog‘im.
O‘z uyim – o‘lan to‘shagim.
Bo‘zchi belboqqa yolchimas.
Mulla bilganin o‘qir, tovuq ko‘rganin cho‘qir.
Yotib qolguncha – otib qol.
Og‘zi qiyshiq bo‘lsa-da boy bolasi so‘zlasin.
Misol keltirilayotgan ushbu maqollarning har biri badiiy ijodning o‘ziga xos hodisasi sifatida yuzaga kelgan bo‘lib, folklorda ixcham shakliligi, ammo teran mazmunga egaligi bilan alohidalik kasb etadi. Shuningdek, har biri tilimiz ko‘rkini, nutqimiz nafosatini, aql-farosot va tafakkurimiz mantiqini hayrotomuz bir qudrat bilan namoyish etgan va eta oladigan badiiyat qatralari sifatida e’tiborni tortadi.
Ular xalqimizning ko‘p asrlik hayotiy tajribalari va maishiy turmush tarzining bimisoli bir oynasidir. Bu badiiy oynada xalqning hayotga, tabiatga, inson, oila va jamiyatga munosabati, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-marifiy, axloqiy estetik va falsafiy qarashlari, qisqasi o‘zi va o‘zligi to‘la namoyon bo‘lgandir. Shuning uchun ham maqollar g‘oyatda keng tarqalgan bo‘lib, asrlar davomida jonli so‘zlashuv va o‘zaro nutqiy munosabatlarda, badiiy, tarixiy va ilmiy asarlarda, siyosiy va publitsistik adabiyotda doimiy ravishda qo‘llanib kelgan va qo‘llanilmoqda.
Maqol, matal, masal, zarbulmasal, naql, hikmat, hikmatli so‘z, tanbex, mashoyixlar so‘zi, donolar yoki donishmandlar so‘zi, oqinlar so‘zi va otalar so‘zi atamalari bilan el orasida yurgan bu janr namunalari g‘oyat ommaviy bo‘lib, umumfolklor hodisasi hisoblanadi.
Maqol arabcha “qavvala” so‘zidan olignan va “aytmoq, so‘zlamoq” ma’nolarini anglatadi. Biroq Fitrat maqol so‘zi o‘rnida ko‘pincha “el so‘zi” atamasini qo‘llagan.
Maqollar ota-bobolarimizning asrlar davomida to‘plagan hayotiy tajribalarini zamonlar osha yetkazishda ma’naviy ko‘prik bo‘lib, avlodlarning bir-biriga bog‘lanishida beminnat xizmat qilib kelmoqda.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, Abdurauf Fitratning maqollar haqidagi qarashlari, ayrim ilmiy kuzatishlari va xulosalari ularning janriy tabiatini o‘rganishda, mazmuni va tuzilishida ro‘y bergan o‘zgarishlarni aniqlashda muhim ahamiyat kasb eta oldi.
Xullas, xalq poetik ijodining kichik janri maqol yuqorida biz sanab o‘tgan o‘ziga xos xususiyatlari bilan folklor ilmining boshqa janrlaridan farqlanib to‘radi.

Download 278.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling