Qisqa javobni talab qiladigan test topshirig‘i. Bu test turi ochiq test bo‘lib, o‘quvchi matn mazmunidan kelib chiqib, qisqa javob beradi. Bu usuldagi testlarning o‘ziga xos tomoni shundaki, o‘quvchi oldida tasodifiy javob topish imkoni bo‘lmaydi. Qisqa va lo‘nda javobni topish uchun aniq mazmunga va matnda berilgan axborotga tayanadi. Quyida xuddi shunday testlardan tahlil qilamiz.
So‘nggi Turon yo‘lbarsi bugungi kunda qayerda va qay holatda saqlanmoqda? Javob:_____________________________________________________________
Mazkur topshiriq orqali matnda aniq ifodalangan ma’lumotni qidirib topish va tushunish ko‘nikmasi tekshirilmoqda. Ushbu usuldagi topshiriqlardan 5-sinf darsligida o‘qib tushunish ko‘nikmasini rivojlantirish uchun foydalanilsa, ularda kerakli ma’lumotni axborotlar ichidan qidirib topa olish layoqati shakllanadi.
Organizmdagi temir moddasining necha foizi qon tomirlarida uchraydi?
Javob: _____________
Bu turdagi test topshiriqlaridan foydalanish 5-sinf o‘quvchilari uchun ko‘paytirilishi lozim. O‘qib tushunish ko‘nikmasini rivojlantirishda osondan murakkabga qarab borilar ekan, 5-sinf o‘quvchilarida aynan mana shunday usuldan foydalanib borish orqali matn darajasidagi ma’lumotlarni tushunish va anglash shakllantirib borilishi kerak. Matnga munosabat bildirish, asosiy g‘oyani ochiq testda ifodalab berish va muallif nuqtayi nazarini baholashdan oldin qisqa javobni talab qiluvchi topshiriqlar orqali o‘qib tushunish ko‘nikmasi rivojlantirib borilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Kengaytirilgan javobni talab qiladigan test topshirig‘i. Ushbu uslubdagi topshiriqlar 5-sinf o‘quvchilari uchun doimiy test turlaridan hisoblanadi. Ya’ni darslikdagi rivojlantiruvchi topshiriqlarning aksariyati ushbu uslubda berilgan. Tajriba-sinov o‘tkazganimizda ma’lum bo‘ldiki, mazkur test topshirig‘i o‘quvchilarning o‘qib tushunish ko‘nikmasini rivojlantirishdagi eng samarali usullardan hisoblanadi. Bunda o‘quvchilar fikr ifodalash uchun matnning bosh g‘oyasini anglashi, shaxsiy munosabat bildira olishi, matnni o‘qib tushunib unga yechim topa olishi va baholashi hamda hayotiy vaziyatlarda qo‘llay olishi kerak bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |