I bob. O‘zbek
Download 118.47 Kb.
|
Qo’shma gaping turlari
II.BOB UZLUKSIZ TA’LIMDA QO‘SHMA GAPLARNI O‘QITISH MUAMMOLARI
Ko‘rib o‘tilganidek, mavzu jahon tilshunosligida ham, o‘zbek tilshunosligida ham, an’anaviy usullarda ham, zamonaviy usullarda ham har qancha chuqur o‘rganilmasin, hatto uning o‘zi va turlarini nomlash, ichki bo‘linishlarni ajratish masalalarida hali-hanuz uzil-kesil bir to‘xtamga kelinmaganligining guvohi bo‘ldik. Bu qo‘shma gap masalasining murakkab va serqirra ekanidan dalolat berib turibdi. Uzluksiz ta’lim bo‘g‘inlarida mavzuni yoritishda qator muammolarning mavjudligi bu fikrni isbotlaydi. Ularning ayrimlarini sanab o‘tamiz: Ma’lumki, mustaqillikdan so‘ng o‘zbek tili gap qurilishi tilimizning milliy tabiatidan kelib chiqib tadqiq etildi va mavzu doirasida bir muncha o‘zgarishlar yuzaga keldi. Yaqinga qadar qo‘shma gap sifatida qaralib kelingan Bahor kelib, kunlar isidi tipidagi gaplar ravishdoshning kesim bo‘lib kela olmasligi isbotlangach hol kengaygan birikmali sodda gap deb yuritila boshlandi. Maktab darsliklarida fanning so‘nggi yutuqlariga tayanib bu tipdagi gaplar sodda gap ekanligi qoidalashtirildi. Biroq maktab 8-9-sinf darsliklarida ham, akademik litseylar uchun yaratilgan 3-kurs darsligida ham bunday gaplarni ba’zan qo‘shma, ba’zan sodda gaplarga kiritish hollari uchrab turibdi. Qo‘shma gap turlarini nomlash mavzu mohiyatni tushuntirishda muhim rol o‘ynaydi. Maktabda qo‘shma gap turlari “Bog‘langan qo‘shma gap”, “Ergashgan qo‘shma gap”, “Bog‘lovchisiz qo‘shma gap” degan nomlar bilan berilgan. O‘quvchida tabiiy ravishda savol tug‘iladi: faqat birinchi turdagi qo‘shma gap qismlari bog‘langan, boshqa turlari bog‘lanmaganmi? “Bog‘langan” so‘zi o‘quvchini chalg‘itadi. Litsey darsligida ularga nisbatan “Teng tarkibli qo‘shma gaplar” terminining ishlatilishi mavzu mohiyatini oson tushunishga yordam beradi. Qo‘shma gapga qoida berilganda “qismlari ma’no, ohang va grammatik jihatdan bog‘langan” deb ta’riflanadi. “Bog‘lovchisiz qo‘shma gap” termini o‘quvchida qoida bilan tasnif o‘rtasida chalkashlikni keltirib chiqaradi. Litsey darsliklarida “Ohang yordamida birikkan qo‘shma gap” terminining ishlatilishi maqsadga muvofiq. Oliy ta’lim darsliklarida qo‘shma gap turlarini ajratishda ularning qurilish qoliplaridan kelib chiqib teng, tobe va mutanosib tarkibli turlarga ajratilishi kuzatiladi. Sodda va qo‘shma gaplarni ajratishda shakllangan (zamon, shaxs-son, tasdiq-inkor ma’nolariga ega bo‘lgan) kesimning gapdagi soniga tayaniladi. Aynan shunga asosan 8-sinf “Ona tili” darsligining 54-betidagi 110-mashqda sodda va qo‘shma gap juftliklarini farqlash uchun misollar beriladi: “Biz uyga qaytdik va birga dars tayyorladik. - Biz uyga qaytib, birga dars tayyorladik.” Shu darslikning 59-betida fe‟l kesimning ifodalanishi haqida so‘z borib sof fe‟l bilan birga ravishdosh va sifatdosh shakllari ham sanalib, “Motor gurillab, mashina oldinga intildi; Po‘lat xatni kecha yuborgan” kabi misollar keltirilgan edi. “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnalining 2009 yil 1-sonida N.Mahmudovning “Kesimning gapdagi maqomi” maqolasida darslikdagi kesim mavzusi bilan bog‘liq chalkashliklar (uyushiq kesim masalasi, kesimning ifodalanishi masalalari va hk) tahlil qilinib, xatoliklar izchil yoritib berildi. Darslikning keyingi nashrida ayrim kamchiliklar tuzatildi, biroq kesimning ifodalanishi mavzusida faqat berilgan misollargina o‘zgartirib qo‘yildi. 6-sinfda fe‟lning vazifa shakllari o‘qitilar ekan o‘quvchi tuslanadigan fe‟llar sof fe‟l deyilishi, ular zamon, shaxs-son, mayl ma’nosiga ega bo‘lishi va bu shakllar fe‟lni kesim vazifasiga xoslashini, sifatdosh, ravishdosh hamda harakat nomi shakllari fe‟lni aniqlovchi, hol, ega, to‘ldiruvchi, ot kesim vazifalariga xoslashini o‘rganadi. 8-sinfda esa fe‟l-kesimning sifatdosh, ravishdosh shakllari bilan ifodalanishiga misollar keltirishga urinaladi: “Ravishdosh bilan: Uy egasi dasturxon yozguncha, Fotima ham barkashni olib keldi. (S.A.) Sifatdosh bilan: Po‘lat xatni kecha yuborgan (8-sinf, 59-bet). Ravishdoshning kesim vazifasida kelishi keyingi tadqiqotlarda qat‟iy inkor qilindi. Bu ergash gapli qo‘shma gaplar tasnifida ham o‘zgarishlarni yuzaga keltirdi. -(i)b shaklimi, -guncha shaklimi, ravishdosh kesimlik belgisi bo‘lgan zamon, shaxs-son, mayl shakli va ma’nosiga ega emas. Sifatdosh kesim vazifasida kelishi mumkin, faqat ot kesim: Eman daraxtining egilgani – singani. “Po‘lat xatni kecha yuborgan” gapida sifatdosh zamon hosil qilish uchun ishtirok etyapti, ya’ni u sof fe‟l – yuborganman, yuborgansan, yuborgan. Mazkur fe‟l tuslanish paradigmasiga ega, unda nol ko‘rsatkichga ega bo‘lgan o‘tgan zamon, III shaxs birlik, xabar mayli ma’nosi mavjud. Ba’zan amaliyotda bo‘lsa, esa so‘zlari yordamida bog‘langan qo‘shma gaplarning qaysi birida qiyoslash ma’nosi yuzaga chiqyapti?” yoki “ zidlash ma’nosi mavjud?” tipidagi savollar uchraydi. Har qanday qiyoslashda muayyan darajada zidlash, har qanday zidlashda esa muayyan darajada qiyoslash mavjud. Nutq vaziyati bilan bog‘liq ravishda qachondir qiyos, qachondir zidlik ma’nosi kuchayishi ham mumkin. Bunday muammolar ona tili ta’limida ko‘plab kuzatiladi. Keyingi bo‘limlarda ularga alohida-alohida to‘xtalib o‘tamiz.
Download 118.47 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling