I bob: Roman janri va o’zbek romanchiligiga xos xususiyatlar
P. Qodirovning “Yulduzli tunlar” romaniga xos epiklik va tarixiy shaxs talqini
Download 50.96 Kb.
|
O\'ZBEK ROMANLARIDA EKSPOZITSIYANING O\'RNI
- Bu sahifa navigatsiya:
- Avlodlar dovoni
- Yulduzli tunlar
- Yulduzli tunlar”
2. 1. P. Qodirovning “Yulduzli tunlar” romaniga xos epiklik va tarixiy shaxs talqini.
Badiiy asar saviyasini yuksaltiradigan omil uning kim yoki nimaga bag’ishlanganligi emas, balki qanday yozilganligidir. Tarix va undagi ulkan ijtimoiy evrilishlar odamlar tomonidan amalgam oshirilishi, tarixiy shaxslar ma’naviy qiyofasining tarixiy hodisalar ijtimoiy salmog’ini tayin etishi ijodkorlarimiz tomonidan anglab yetilmoqda. Yozuvchi Pirimqul Qodirovning “Avlodlar dovoni” romani yozlishiga zamin bo’lgan “Yulduzli tunlar” asarini tahlil qilamiz. “Yulduzli tunlar” tarixiy-biografik romandir. Chunki unga asos qilib olingan syujet roman janriga xos ma’lum bir davrdagi shart-sharoit, xalq, mamlakat hayoti, tarixiy shaxs obrazlari orqali yoritiladi va Zahiriddin Muhammad Boburning hayot yo’li asar markazida turadi. Ma’lumki, inson hayotida sharoitning o’ziga xos o’rni bor. Shuning uchun u tarixiy asarda – inson xarakteri, shaxsi qahramon yashayotgan va harakat qilayotgan sharoit bilan bog’liq ekanini ko’ramiz. Inson muhit ta’siri ostida o’z xarakteri, imkoniyatlari doirasida o’zgaradi. Mustahkam irodali, kuchli xarakterli shaxs o’tkinchi muhit ta’siriga to’liq ma’noda bo’ysunmaydi. Muhitga qarshilik ko’rsatish tuyg’usi ularda kuchli rivojlangan bo’ladi. Ba’zi xarakterlar esa tezda o’tkinchi muhit ta’siriga tushib, unga bo’ysunadilar. “Muhit tushunchasi o’z ichiga oilani, jamiyatni, davr va tarixni, tabiatni qamrab oladi. Insonni qurshab turuvchi barcha narsa – turmush va uning jihozlari, jonli va jonsiz tabiat, jamiyat va davlat, shaxs va jamiyat, tarix, ya’ni turli davrlar va xalqlarning madaniyatlari muhit tushunchasiga kiradi. Muhit – murakkab va ko’p ma’noli tushuncha”1. Shu sabab, M. Gorkiy “Muhit – bu o’zimiz. Muhit – bu bir-biriga ta’sir o’tkazuvchi psixik birliklarning muayyan miqdoridir”2, - deb ta’kidlagan edi. Xullas, muhit tushunchasi badiiy asarda insonga borib taqaladi. Zotan, tabiat va jamiyat inson vositasida tahlil va talqin etiladi. Yozuvchi tarixiy asarga qo’l urushidan oldin qahramon yashagan davrning sharoitini, muhitning o’ziga xos qirralarini, xarakter shakllanishiga ta’sirini, odamlarning o’zaro munosabati, ruhiyatidan falsafasigacha barcha voqea – hodisalarni mukammal o’rganishi shart. Matyoqub Qo’shjonov “Yulduzli tunlar” haqidagi maqolasida “Pirimqul Qodirov Bobur obrazini tiklab, uni davr tafakkuri nuqtai nazaridan izohlaganini”3 aytib, asar kompozitsiyasi, syujeti, ayniqsa, o’quvchini o’ziga jalb etadigan konflikti yanada kuchaytirilsa, voqealar ixcham bayon qilinsa yaxshiroq bo’lishini yozadi. Umarali Normatov esa “Tarixga ulug’ hurmat” maqolasida “garchi yozuvchi keng qamrovli, izchil, batafsil xronologik tasvir yo’lini tutsa-da, asarda o’quvchini toliqtiradigan cho’ziqlik yo’qligiga…” 4 e’tiborni qaratadi. Ushbu mulohazalarga qo’shimcha qilib quyidagilarni aytish mumkin: birinchidan, bizning tekshirishlarimiz shuni ko’rsatadiki, tarixiy faktlar hech vaqt yozuvchini o’ziga tobe qilib qo’ymagan, balki unga shu faktdan turtki olishga, uning mohiyatini ochishga, davr ruhini badiiy inkishof etishga olib kelgan. Bobur – ham shoh, ham shoir. Uning ichki dunyosi juda rang-barang va ayni vaqtda murakkab. Bu murakkablik bir shaxs timsolida mohir sarkarda hamda jahongirlik, fotihlik bilan chiqisha olmaydigan gumanist ruhiyati mujassamligida namoyon bo’ladi. “Yulduzli tunlar”dagi tarixiy sharoitning badiiy talqini haqida adabiyotshunoslar bir-biriga zid fikrlar bildirishgan va uni Boburning sarkardalik mahorati tasvirlangan epizodlar misolida tadqiq qilishgan. Holbuki, mantiqan qaraganda ham tarixiy sharoit faqatgina jangu jadallardan iborat emas. Tarixiy sharoit qahramon yashagan zamon va makonga xos bo’lgan barcha unsurlarni o’z ichiga oladi. Ularning barchasini bir asarda ko’rsatishning imkoni yo’q. Shuning uchun ham Pirimqul Qodirov Bobur hayot tarzi va tarixiga taalluqli belgilarnigina badiiyat mezonlari asosida talqin qilgan. Xulosa qilib aytganda, tarixiy sharoit, muhit insonni tarbiyalaydi, uning hayotiga o’z ta’sirini o’tkazadi. “Yulduzli tunlar”da tarixiy manbalarga asoslanib, faqatgina oddiy insonlar emas, Boburdek shohlar ham ba’zan tarixiy voqelik oldida ojiz ekanligi real tasvirlangan. “Yulduzli tunlar” asarining zamoni XV asr oxiri XVI asrning birinchi yarmi yoki Boburning qirq yillik hayot yo’li, faoliyati bilan uzviy bog’liqdir. Yanada aniqroq aytadigan bo’lsak, asarning syujet-kompozitsion qurilishi asosida Bobur yashagan davr turadi. Asardagi barcha obrazlar, ularning harakatlari bir maqsadga qaratilgan bo’lib, temuriy shahzodaning niyatlari, orzu-umidlari, g’alaba va mag’lubiyatlari u yashagan zamon taloto’plarini real yoritishga xizmat qilgan. Romanning birinchi bobi “Quva. Qil ustida turgan taqdirlar” deb nomlangan. Buni ko’rgan o’quvchi da’fatan bu bobda makon tasviri ustun ekan degan xulosaga kelishi mumkin. Aslida esa yozuvchi Pirimqul Qodirov asarni vaqt tasviridan boshlagan: “Milodiy 1494- yilning yozi. Saraton issig’ida Farg’ona vodiysining osmoniga chiqqan quyuq bulutlar kuni bo’yi havoni dim qilib turdiyu, kechki payt birdan jala quyib berdi5”. Muallif “1494 yilning yozi”ni bekorga ta’kidlamagan. Birinchidan, asosiy e’tiborni shu davrda bo’lib o’tgan voqealarga kitobxonni jalb etmoqda. Ikkinchidan, Bobur hayotida, umuman Farg’ona vodiysining aholisi uchun shu yilgi saraton alohida ahamiyatga egaligini ta’kidlagan. Uchinchidan, eng asosiysi, to’g’ridan-to’g’ri inson, shaxs, jamiyat taqdiri, uning taraqqiyotida vaqtning roli birlamchi ekanligiga urg’u bergan. Romandagi obrazlar bilan bog’liq bo’lgan barcha voqealar rivojining asosi “milodiy 1494 yilning yozi” bilan uzviy bog’liqdir. Asardagi Bobur bilan yonma-yon yoritilgan Tohir hamda uning tog’asi Fazliddin va Robiyalarning hayotida shu davrning ahamiyatini qiyoslaganimizda vaqtning tasviri katta ahamiyatga ega ekanligiga yaqqolroq amin bo’lamiz. Adib yuqorida keltirilgan iqtibosidan keyinoq, Farg’ona ahlining og’ir, qonli janglar ichida davom etadigan hayotlarini oldindan bashorat qilgandek yozadi: “Qizil tuproqli tepaliklar orasidan o’tib kelayotgan sersuv Quvasoy qon qo’shib oqizilgandek qip-qizil bo’lib ketdi”. Yuqorida ta’kidlanganidek, oqar suv adabiyotda vaqtni, yanada aniqroq qilib aytadigan bo’lsak, inson umrini bildiruvchi majoziy obrazlardan biridir. Agar xuddi shu holatda suvni zamon deb olsak, daryoning o’zani uning makoni bo’ladi. Shundan ham ma’lum bo’ladiki, makon zamonga, ya’ni vaqtga nisbatan turg’unroq. Ma’lum bir makonda qachondir sodir bo’lgan voqea tarixga aylanadi, lekin makon o’zgarmaydi. Bunga misol qilib, “Milodiy 1494 yilning yozi”da Quvada bo’lib o’tgan voqealarni ko’rsatish mumkin. Besh asrdan ortiqroq vaqt o’tdi, besh yuz marotaba Quva saraton issig’ini ko’rdi. Ammo u voqea takrorlanmadi. Takrorlanishi ham mumkin emas. Chunki, o’sha yozdagi voqealar 1494 yilning zamonigagina xos bo’lgan hodisadir. Biz tarix deb ataydigan vaqtni orqaga qaytarib bo’lmaydi. Download 50.96 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling