Ii-bob. Harbiy faoliyat va ma’naviyat uyg‘unlashuvi: milliy tendensiyalarning falsafiy-axloqiy tahlili


Yangi O‘zbekiston xavfsizligi va taraqqiyotida harbiy faoliyatning ma’naviy-axloqiy asoslari


Download 77.32 Kb.
bet8/10
Sana09.06.2023
Hajmi77.32 Kb.
#1475637
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Bog'liq
U. Ibragimov (Dissertatsiya)

2.2. Yangi O‘zbekiston xavfsizligi va taraqqiyotida
harbiy faoliyatning ma’naviy-axloqiy asoslari.

Yoshlarda harbiy vatanparvarlik va baynalminallik tuyg‘usini shakllantirish – fuqarolik tarbiyasining asosi. Fuqarolik tarbiyasini tashkil etish jarayonida shaxsda vatanparvarlik (lotincha «patriotes» – vatandosh, «patris» – vatan, yurt) tuyg‘usini shakllantirishga alohida e'tibor qaratiladi.


Har bir fuqaro muayyan davlatning a’zosi sifatida uning sha’ni, obro‘- e’tiborini ta'minlashi, uning manfaatlari uchun kurasha olishi zarur. «Vatan atamasi aslida arabcha so‘z bo‘lib, ona yurt ma'nosini bildiradi, Vatan tushunchasi keng va tor ma'noda qo‘llaniladi. «Vatanparvarlik – o‘z taqdirini vatan, millat taqdiri bilan bog‘lagan barcha kishilarga xos fazilat. Millat taraqqiyotining imkoniyatlari, shon-shuhrati, obro‘- e'tibori ham shu millat kishilar vatanparvarlik tuysusining darajasi bilan bog‘liqdir».
Vatanparvar shaxs qiyofasida quyidagi sifatlar namoyon bo‘ladi:
1. Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat, unga sadoqat.
2. O‘zi mansub bo‘lgan millat o‘tmishi, urf-odatlari, an'analari va qadriyatlariga sodiqlik.
3. Vatan va millat tarixidan g‘ururlanish.
4. Yurtning moddiy, shuningdek, millat tomonidan yaratilgan ma'naviy boyliklarini asrash, ularni ko‘paytirish borasida g‘amxo‘rlik qilish.
5. Vatan ravnaqi va millat taraqqiyoti yo‘lida mehnat qilish.
6. Vatan ozodligi va millat erkiga qilinayotgan har qanday tahdidga qarshi kurashish.
7. Vatan va millat obro‘si, sha'ni, or-nomusini himoya qilish.
8. Vatan ravnaqi va millat taraqqiyotiga nisbatan ishonchga ega bo‘lishi. Vatanparvar shaxs o‘z vatanini uning boyliklari yoki vatanining qulay geografik hududda joylashganligi uchun emas, balki, o‘zi Vatanning bir bo‘lagi ekanligi, o‘zi mansub bo‘lgan millatning shu Vatanda, shu makonda yashashi uchun qadrlay olishi, unga nisbatan chuqur hurmat ko‘rsatishi zarur.
Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash o‘zining tarixiy ildizlariga ega. Shiroq To‘maris, Spitamen, Dalvarzintepa afsonalari Go‘ro‘g‘li, Alpomish dostonlarida, Vatan uchun jon fido qilishga tayyor bo‘lish, jasorat, matonat, vatanga sadoqat tuyg‘ulari ulug‘langan. Sharq mutaffakkirlari
(Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Alisher Navoiy) ijodlarida ham vatanparvarlik go‘yasi alohida tarannum etilgan. Jumladan, Abu Nasr Farobiy inson kamolotini vatanparvarlik bilan bog‘laydi va “Olloh in‘om etgan aql ne’matidan mavjud imkoniyat darajasida foydalanmasdan turib, etuk inson martabasiga erishib bo‘lmaydi chunki inson taraqqiyotining eng mukammal va etuk yakunidir” deb e’tirof etadi. Shunday ekan, haqiqiy vatanparvarlik faqat yetuk insongagina xos bo‘lishi mumkin.
Zahiriddin Muhammad Boburning o‘zga yurtda vatan tuyg ‘usini chuqur his qilgani uning asarlarida ifodalangan. Erkka intilish, ozod yashashga bo‘lgan ehtiyoj insonga xos bo‘lgan tuyg‘udir. Inson o‘z vatanidagina ozod va erkin yashay oladi. Shu bois vatan ozodligi uchun kurashish masalasi qadim-qadimdan allomalarning asarlari hamda ezgu g‘oyalarni ifoda etuvchi ta'limotlarning bosh mavzusi bo‘lib kelgan. Chunonchi, Hadisi Sharifda vatanni sevish iymondan ekanligi ta'kidlanadi. Abdulla Avloniy o‘z asarlarida «vatan» tushunchasiga ta'rif berib, uning ravnaqi uchun kurashish vatanparvar insonga xos xususiyat ekanligi quyidagicha qayd etadi: «Har bir kishining tug‘ulub o‘sgan shahar va mamlakatini shul kishining vatani deyilur. Har kim tug‘ilgan, o‘sg‘on yerini jonidan ortiq suyar. Hatto bu vatan hissi – tuyg‘usi hayvonlarda ham bor. Agar bir hayvon o‘z vatanidan – uyuridan ayrilsa, o‘z yeridagi kabi rohatda yashamas.”
Yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirishda harbiy vatanparvarlik tarbiyasining ham ahamiyati beqiyosdir. Harbiy vatanparvarlik tarbiyasi yoshlarni vatan himoyasi hamda harbiy mudofaaga tayyorlash, ularda favqulotda holatlarda harbiy mudofaani tashkil etish ko‘nikma va malakalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan pedagogik jarayon. Harbiy-vatanparvarlik tarbiyasining maqsadi yoshlarni vatan himoyasi hamda harbiy mudofaaga tayyorlash, ularda favqulotda holatlarda harbiy mudofaani tashkil etish ko‘nikma va malakalarini shakllantirishdan iborat bo‘lib, mazkur jarayonda quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:
1. Fuqaro mudofaasi hamda harbiy bilim asoslarini bo‘yicha dastlabki nazariy bilimlarni berish va amaliy ko‘nikmalarni hosil qilish;
2. Yoshlarni milliy mustaqillik, O‘zbekiston Respublikasining davlat qurilishi hamda konstitutsiyaviy tuzumiga qarshi uyushtiriluvchi tahdidlarning oldini olishga tayyorlash; g‘oyaviy onglilikni tarbiyalash asosida, ularda terrorizm va diniy ekstremistik g‘oyalarga qarshi nafrat tuyg‘usini tarbiyalash;
3. Vatan himoyasini ta'minlash borasidagi harbiy-texnik tayyorgarlikka ega bo‘lishlari uchun zarur shart-sharoitni yaratish;
4. Favqulotda vaziyatlarda tegishli chora-tadbirlarni ko‘ra olish, shuningdek, qurolli hurujlardan himoyalanish ko‘nikma va malakalarini shakllantirish; ularda hushyorlikni oshirish va hokazolar. Harbiy-vatanparvarlik tarbiyasini tashkil etishda ta'lim muassasalarida o‘qitilishi yo‘lga qo‘yilgan boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlari muhim ahamiyatga ega.
Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar davlat muzeyi ham o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. 1965-yilda tashkil topgan muzey ekspozitsiyasi qariyb 56 yillik faoliyat davrida 36 mingga yaqin noyob va qimmatli eksponatlar, turli davrga oid qurol-yarog‘lar, sarkardalarimizga oid ma’lumotlar va arxiv hujjatlariga ega bo‘lib, respublikamizdagi yagona harbiy muzey bo‘lib hisoblanadi.Muzeyda barcha tashrifchilarga qulaylik yaratish maqsadida videogid va videotur dasturi ishga tushirilgan. Bu dastur orqali o‘zlari uchun qiziq bo‘lgan eksponatlar bilan yaqindan tanishishlari mumkin.
Huquqiy ta'lim va tarbiya o‘zaro bog‘liqlik, uzviylik, aloqadorlik hamda dialektik xarakterga ega bo‘lib, shaxs huquqiy madaniyatini shakllantirish garovi hisoblanadi. Zero, huquqiy ta'lim o‘quvchilarga huquqiy me'yorlar, qonunlar hamda ijtimoiy-huquqiy munosabatlar mohiyati to‘g‘risida tizimlangan bilimlarni berish, ularda huquqiy bilimlarni egallashga bo‘lgan ehtiyojni yuzaga keltirish, huquqiy ongni shakllantirish jarayoni bo‘lib, u izchil, uzluksiz, tizimli tarzda tashkil etilishi lozim. Yoshlarni yanada vatanni sevishga va unga sadoqat bilan xizmat qilishlarida ko’plab vatanparvarlik oyligi doirasida otkaziladigan tadbirlarning ahamiyati va o ‘rni beqiyos. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarning 29 yilligi hamda “14-yanvar –Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-dekabrdagi F-5614 farmoyishi ilovasidagi tadbirlar dasturining 10-bandini bajarish maqsadida o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida
“Мening armiyam – mеning faxrim!” mavzusidagi ijodiy ishlar ko‘rgazmasi tashkil etib kelinmoqda. Bu kabi tadbirlar yoshlarni armiya hayotiga bo‘lgan qiziqishini oshirish bilan birga harbiy vatanparvarlik tuyg’usini yanada oshishiga o‘z hissasini qo‘shadi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligi, uning sarhadlari dahlsizligini ta’minlash bo‘yicha taktik va strategik vazifalarni samarali hal etishga qodir bo‘lgan, zamonaviy, harakatchan, har tomonlama yaxshi qurollangan armiyani tashkil etish bo‘yicha o‘zining ko‘lami va miqyosiga ko‘ra ulkan ishlar tizimli va bosqichma-bosqich ravishda amalga oshirildi. 2018-yilning 9-yanvarida — O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Mudofaa doktrinasini qabul qilish orqali mamlakat mudofaa siyosatining shaffofligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Mudofaa doktrinasi, xavfsizlik va mudofaa sohasida boshqa chet davlatlar bilan samarali harbiy-siyosiy munosabatlar va hamkorlik qilish uchun tashkiliy-huquqiy sharoit yaratadi. Ushbu hujjat oshkora xususiyatga ega bo‘lib, shunga o‘xshash konseptual hujjatlar qabul qilish borasidagi chet el tajribasiga mos keladi. Mudofaa doktrinasi O‘zbekiston tashqi siyosatining ochiqligi, yaqin qo‘shnilarimiz — Markaziy Osiyo davlatlari bilan har tomonlama o‘zaro hamkorlik milliy xavfsizlikning asosiy shartlaridan biri ekanligini ko‘rsatadi.
Xalqlarimizning tarixi, madaniyati, an’analari, diniy e’tiqodining mushtarakligi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi amaliy hamkorlik va hamjihatlikning muhim poydevori hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi siyosati quyidagi prinsiplarga asoslangan: boshqa davlatlarga qarshi harbiy kuch ishlatmaslik, bundan harbiy tajovuzning oldini olish va uni daf etish hollari mustasno; xavfsizlikning bo‘linmasligi, o‘z xavfsizligini boshqa davlatlar xavfsizligi hisobiga mustahkamlashga yo‘l qo‘yilmasligi; boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, ehtimol tutilgan nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish; harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaslik, har qanday davlatlararo tuzilmadan, agar u harbiy-siyosiy blok etib o‘zgartirilsa, chiqib ketish huquqini o‘zida saqlab qolish; mudofaaning yetarli darajada bo‘lishi; harbiy qurilishning zamonaviy harbiy mojarolar xususiyatiga monand bo‘lishi; yadroviy va boshqa turdagi ommaviy qirg‘in qurolini ishlab chiqarish, olish, saqlash, tarqatish va joylashtirishdan voz kechish; Markaziy Osiyoda yadro qurolidan holi zona to‘g‘risidagi shartnoma prinsiplariga sodiqlik; o‘z hududida chet el harbiy bazalari va ob’ektlarining joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik; Qurolli Kuchlarning xorijdagi tinchlik o‘rnatish bilan bog‘liq operatsiyalarda va harbiy mojarolarda ishtirok etmasligi; xalqningma’naviy-axloqiy qadriyatlariga va o‘ziga xos madaniy urf-odatlariga tayanish.
O‘zbekiston Respublikasi tinchliksevar siyosatni olib borar ekan, harbiy mojarolarning oldini olishda faol ishtirok etishni ustuvor vazifalardan biri deb hisoblaydi. O‘zbekiston Respublikasining ushbu sohadagi siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
a) milliy darajada: davlat harbiy tashkilotining o‘z maqsadiga muvofiq harakat qilishga shayligini saqlab turish; o‘z mudofaa sanoati kompleksini va uning ilmiy-ishlab chiqarish bazasini rivojlantirish; ijtimoiy institutlarga va hokimiyat organlariga bo‘lgan ishonchga putur yetkazishga, shuningdek davlatning ichki ishlariga aralashish maqsadida aholining ommaviy ongiga axborot-mafkuraviy ta’sir ko‘rsatish bilan bog‘liq xavflarni kamaytirishga qaratilgan ilg‘or texnologik yechimlarni va boshqa yechimlarni qo‘llash;
b)mintaqaviy darajada: mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, mintaqaviy xavfsizlikning eng muhim muammolarini hal etish, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solishga ko‘maklashish, transchegaraviy oqarsuv resurslaridan foydalanish masalalarini hal etish, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayonlarini tugallash, ekologik barqarorlikni ta’minlash, favqulodda vaziyatlarga hamda tabiiy va texnogen xususiyatdagi transchegaraviy tahdidlarga e’tibor qaratish yuzasidan ta’sirchan chora-tadbirlarni kurish; mintaqadagi tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikka tashqi hamda ichki tahdidlar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik va ularni neytrallashtirish, ekstremizm, terrorizm, uyushgan hamda transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlar bilan o‘zaro hamfikrlik va amaliy hamkorlikni mustahkamlash; mintaqa davlatlari o‘rtasida harbiy sohadagi hamkorlikni kengaytirish, ishonch va xavfsizlikni mustahkamlash;
v) xalkaro darajada: Birlashgan Millatlar Tashkilotining, boshqa xalqaro tashkilotlar va institutlarning xalqaro xavfsizlikni ta’minlash va hamkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlarida ishtirok etish; O‘zbekiston Respublikasi milliy xavfsizligining uzoq muddatli manfaatlaridan kelib chiqqan holda manfaatdor mamlakatlar bilan strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish va saqlab turish hamda davlatlararo o‘zaro manfaatli, mustahkam aloqalarni yo‘lga quyish; ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik borasidagi global sa’y-harakatlarga ko‘maklashish; ekstremizm va xalqaro terrorizm ko‘rinishlarining oldini olish va ularga chek qo‘yish; xalqaro harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish. Amalga oshirilgan va oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi o‘laroq Qurolli Kuchlarimiz bugungi kunda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirzieyov ta’biri bilan aytganda, "jamiyatimizning ajralmas bir qismiga, mamlakatimiz barqarorligi va taraqqiyotining kafolatiga, harbiy xizmatchilar va yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim institutiga aylanmoqda".
Shu bilan birga, mintaqamiz va butunjahondagi bugungi murakkab, tez o‘zgarayotgan harbiy-siyosiy vaziyat, ayniqsa, Afg‘onistondagi istiqboli ancha mavhum bo‘lgan hozirgi holat bilan bog‘lik tarzda xavfsizlikka qarshi real va ehtimol tutilayotgan xavf-xatarlarning kuchayib, narkoagressiya, xalqaro terrorizm, ekstremizm va boshqa tahdidlarning miqyosi tobora kengayib borayotgani Qurolli Kuchlarimizning harbiy tayyorgarligi va jangovar qobiliyatini muttasil oshirish, mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlash, uning davlat chegaralarini himoya qilish va qo‘riqlash borasidagi choralarni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning Prezident xuzuridagi Xavfsizlik kengashining 2018-yilning 10-yanvarida bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan tarkibdagi majlisidagi nutqida mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimidagi islohatlarning istiqbollariga to‘xtalib, quyidagilarni alohida ta’kidladi: "Ayni paytda butun dunyoda, jumladan, yon-atrofimizda xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavfi tobora ortib bormoqda, ayrim hududlarda qurolli to‘qnashuvlar hamon davom etmoqda. Ana shunday keskin vaziyatdan kelib chiqqan holda, mavjud tahdidlarga qarshi munosib zarba berishga tayyor bo‘lishimiz, O‘zbekistonning tinch va barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida Qurolli Kuchlarimizni yanada isloh qilish, uning jangovar tayyorgarligi va qobiliyatini yuksaltirish buyicha kelgusida amalga oshiradigan ishlarimizni izchil davom ettirishimiz zarur".
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarning Oliy Bosh qo‘mondoni tashabbusi bilan "Temurbek lar maktabi" harbiy akademik litseylarining tashkil etilishi Qurolli Kuchlarimizni salohiyatli askar va ofitser kadrlar bilan ta’minlash qatorida, yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik va ma’naviy-axloqiy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash va o‘qitishda muhim o‘ringa ega bo‘ladi. Ayniqsa, Qurolli Kuchlar tizimida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilotlari tashkil etilganligi esa, yosh harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, ularni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohatlar jarayoniga jalb etishda, intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishda dolzarb ahamiyat kasb etadi.Bir so‘z bilan aytganda, amalga oshirilgan bunday muhim ishlar natijasida armiya mardlik va matonat, sadoqat maktabiga aylanmoqda.
Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga doir ishlar samaradorligini oshirish va faollashtirish, bu boradagi ta’lim-tarbiyaviy ishlarga mamlakatimiz fuqarolarini, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlarini hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini yanada faol jalb etish va yoshlar ongiga vatanparvarlik, mardlik tuyg‘ularini singdirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-fevralda “Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi
140-sonli Qarori qabul qilindi. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash Kontseptsiyasi – mamlakatda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy tamoyil va ustuvor yo‘nalishlari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirgi murakkab globallashuv davrida, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari shiddat bilan rivojlanib borayotgan bir sharoitda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bilan bog‘liq dolzarb vazifalar va ularni hal etish yo‘llari, davlat va nodavlat tashkilotlar, oila, mahalla, ta'lim-tarbiya institutlarining bu boradagi roli va ahamiyatini, o‘zaro hamkorligini milliy va xalqaro huquqiy normalarni hisobga olgan holda belgilab beradi.
Mazkur Kontsepsiyada yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalasiga jismonan va ma'nan sog‘lom avlodni tarbiyalashga oid yaxlit ta'lim-tarbiya tizimining uzviy va ajralmas bir qismi sifatida qaralib, bugungi kunning dolzarb talablari asosida milliy va jahondagi ilg‘or tajribalar, bugungi O‘zbekiston hayotidagi real ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan uyg‘un ravishda takomillashtirish masalasiga alohida e'tibor qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir. 
Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari asosan to‘rt bosqichda amalga oshiriladi:
Birinchi bosqich (3-7 yoshdagilar) atrofdagi olam, Vatan haqida dastlabki tasavvurlar paydo bo‘ladigan bosqich hisoblanib, unda oila va maktabgacha ta'lim muassasalarida bolalarga turli she'rlar, kuy va qo‘shiqlar o‘rgatish, multfilm va turli o‘yinlar namoyish etish, rasmlar chizish orqali dunyoni anglash, davlat ramzlari (bayroq, gerb, madhiya) bilan tanishish asosida ularda ona yurtga muhabbatni shakllantirishni o‘z ichiga oladi.
Ikkinchi bosqichda (7-16 yoshdagi bolalar) o‘quvchilarning Vatanga muhabbati va sadoqatini mustahkamlash, harbiy xizmatga va ona yurt oldidagi farzandlik burchini yuksak mas'uliyat bilan bajarishga bo‘lgan havasini oshirish, ularda Qurolli Kuchlarimizga bo‘lgan ijobiy fikrlarni yanada kuchaytirish, yoshlarning jismonan sog‘lom, kuchli va irodali ma'naviy yetuk, keng dunyoqarashli, mustaqil fikr yuritadigan barkamol inson sifatida shakllantirish kabi ezgu ishlarga da'vat etiladi. 
Uchinchi bosqich (16-18 yoshdagi o‘smirlar) yoshlarda Vatanga va uning himoyasi uchun munosib xizmat qilishga ruhan va jismonan tayyorlikni ta'minlashga yo‘naltiriladi. 
To‘rtinchi bosqich (18-30 yoshdagilar) yoshlarning jismoniy va ma'naviy qobiliyati, yetakchilik ko‘nikmalari va intellektual salohiyati, umumiy va professional malakasini oshirish, ularni o‘z ustida muntazam ishlash, sog‘lom hayot kechirishga undash va shunga erishishni nazarda tutadi. 
Mazkur Kontsepsiya yoshlar o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik tarbiyasining samaradorligini oshirish, ularda yuksak ma'naviy-axloqiy fazilatlar, fuqarolik pozitsiyasi, Vatanni sevish va uni ko‘z qorachig‘idek asrashga qaratilgan bilim va ko‘nikmalarni oshirish uchun uslubiy asos bo‘lib xizmat qiladi. 
Kontsepsiyaning amalga oshirilishi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirish, Vatanga fidoyilik va sodiqlik bilan xizmat qilishga bo‘lgan mas'uliyatini oshirish, milliy armiya saflarini zamonaviy bilim va professional malakaga, mustahkam iroda, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan yoshlar bilan to‘ldirib borish imkonini beradi. Xulosa qilib aytganda, xalqimizning tinchligi va xavfsizligi, sarhadlarimiz dahlsizligining mustahkam qalqoni bo‘lmish armiyamiz harjihatdan qudratli, qurol-yarog‘ va harbiy mahorat borasida hech kimdan kam bo‘lmasligi lozim.

Download 77.32 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling