20-modda. Qonun loyihasi bayoniga taalluqli talablar
Qonun loyihasi lo‘nda, aniq, oddiy va ravon tilda, normalarni turlicha izohlashni istisno etadigan tarzda yuridik atamashunoslikka rioya qilingan holda bayon qilinadi. Eskirgan hamda ko‘p ma’noni anglatadigan so‘zlar va iboralar, majoziy taqqoslashlar, sifatlashlar, kinoyalar qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
21-modda. Qonun loyihasi matnida tushunchalar va atamalardan foydalanish
Oldingi tahrirga qarang.
Qonun loyihasida foydalaniladigan tushunchalar va atamalar turlicha izohlash imkoniyatini istisno etadigan, ularning qonunchilikda qabul qilingan ma’nosiga muvofiq yagona shaklda qo‘llaniladi.
(21-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Zarur bo‘lgan hollarda, qonunlar loyihalarida yuridik, texnik va boshqa maxsus atamalar hamda tushunchalarning qisqacha ta’rifi beriladi, umum qabul qilingan qisqartmalar qo‘llaniladi va boshqa qisqartmalarga tushunchalar beriladi.
22-modda. Qonun loyihasida havolalardan foydalanish
Oldingi tahrirga qarang.
Qonun loyihasining moddalarida (qismlari, bandlari, kichik bandlari, xatboshilarida) uning boshqa moddalariga (qismlari, bandlari, kichik bandlari, xatboshilariga), bo‘limlari, kichik bo‘limlari, boblari, paragraflariga, shuningdek boshqa qonunlarga va ularning ayrim qoidalariga havolalar huquqiy normalarning o‘zaro bog‘liqligini ko‘rsatish zarurati bo‘lgan hollarda yoxud takrorlashlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun qo‘llaniladi.
(22-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 14-maydagi O‘RQ-372-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 20-son, 222-modda)
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2010-yil 30-dekabrdagi 237-II/150-II-sonli Qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritiladigan qonun loyihalarini va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga taqdim etilgan qonunlarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish qoidalari”ning 5-bobi.
Do'stlaringiz bilan baham: |