12-modda. Qonun loyihasining konsepsiyasi
Qonun loyihasini tayyorlash uning konsepsiyasini ishlab chiqishdan boshlanadi. Konsepsiyada quyidagilar belgilanishi kerak:
huquqiy jihatdan tartibga solishning asosiy g‘oyasi, maqsadi va predmeti;
tegishli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning mazkur sohada amalda bo‘lgan qonunlar hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar tahlili ilova qilingan holdagi umumiy tavsifi va holatiga berilgan baho;
qonun loyihasini ishlab chiqish zaruriyati asoslari;
qonun loyihasining asosiy qoidalari;
bo‘lg‘usi qonunning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va boshqa oqibatlari taxmini.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Qonun loyihasi konsepsiyasiga, qonun loyihasiga ilova qilinadigan tushuntirish xati, tahliliy va axborot materiallariga qo‘yiladigan asosiy talablar” .
13-modda. Qonunlar loyihalariga qo‘yiladigan asosiy talablar
Qonunlar loyihalarini tayyorlashda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining hamda O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining prinsiplari va normalari hisobga olinadi. Qonunlar loyihalari qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiq bo‘lishi kerak.
14-modda. Qonun loyihasini tayyorlashda qonunchilikning holatini va huquqning qo‘llanilish amaliyotini o‘rganish
Oldingi tahrirga qarang.
Qonun loyihasini tayyorlash qonunchilikning holatini chuqur o‘rganishga, ijtimoiy munosabatlarning muayyan sohasini huquqiy jihatdan tartibga solishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan nuqsonlar va ziddiyatlarni aniqlashga, shuningdek amaldagi qonunchilikning qo‘llanilish amaliyotini tahlil etishga asoslanadi.
(14-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Do'stlaringiz bilan baham: |