215-modda. Apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan ishni ko‘rish tartibi
Apellatsiya instansiyasi sudi ishni sud majlisida ushbu bobda belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda birinchi instansiya sudida ko‘rish qoidalari bo‘yicha ko‘radi.
Apellatsiya instansiyasi sudida: ishlarni bitta ish yuritishga birlashtirish to‘g‘risidagi; talabning predmetini yoki asosini o‘zgartirish haqidagi; ishga uchinchi shaxslarni jalb etish to‘g‘risidagi qoidalar, shuningdek ushbu Kodeksda birinchi instansiya sudida ishni ko‘rish uchun belgilangan boshqa qoidalar qo‘llanilmaydi.
Apellatsiya instansiyasi sudining sud majlisiga sud muhokamasini o‘tkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan apellatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz ko‘rishga to‘sqinlik qilmaydi, bundan jamiyat yoki davlat manfaatlarini ko‘zlab qo‘zg‘atilgan ishlar bo‘yicha prokurorning kelmaganligi mustasno.
216-modda. Apellatsiya shikoyatidan voz kechish. Apellatsiya protestini chaqirib olish
Apellatsiya shikoyati bergan shaxs ishni ko‘rish yakuni bo‘yicha sud hujjati chiqarilguniga qadar undan voz kechishga haqli.
Sud shikoyatdan voz kechishni ushbu Kodeks 136-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha rad etishga va ishni apellatsiya tartibida ko‘rishga haqli.
Apellatsiya protesti keltirgan prokuror yoki yuqori turuvchi prokuror ishni ko‘rish yakuni bo‘yicha sud hujjati chiqarilguniga qadar protestni chaqirib olishga haqli.
Do'stlaringiz bilan baham: |