246-modda. Kassatsiya instansiyasi sudi ko‘rsatmasining majburiyligi
Kassatsiya instansiyasi sudining qarorida bayon qilingan ko‘rsatmalar ishni yangidan ko‘rayotgan sud uchun majburiydir.
Kassatsiya instansiyasi sudi u yoki bu dalilning ishonchliligi yoki ishonchsizligi, bir dalilning boshqalaridan ustunligi to‘g‘risidagi, ish yangidan ko‘rilganida qanday hal qiluv qarori qabul qilinishi haqidagi masalalarni ilgaridan hal qilib qo‘yishga haqli emas.
247-modda. Birinchi instansiya sudining ajrimi, qarori ustidan berilgan kassatsiya shikoyati (protesti)
Birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda kassatsiya tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan ushbu Kodeksda belgilangan qoidalar bo‘yicha berilgan kassatsiya shikoyati (protesti) ushbu bobda sudning hal qiluv qarorlari ustidan berilgan kassatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rish uchun nazarda tutilgan tartibda kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ko‘riladi.
Kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan berilgan shikoyatni (protestni) ko‘rish natijalari bo‘yicha quyidagilarga haqli:
1) ajrimni o‘zgarishsiz qoldirishga;
2) ajrimni o‘zgartirishga yoki bekor qilishga;
3) arizani (shikoyatni) qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi, arizani (shikoyatni) qaytarish, ish yuritishni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi ajrimni bekor qilishga va arizani (shikoyatni) ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishga.
Birinchi instansiya sudining qarori ustidan ushbu Kodeksda belgilangan qoidalar bo‘yicha berilgan kassatsiya shikoyati (protesti) ushbu bobda sudning hal qiluv qarori ustidan berilgan kassatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rib chiqish uchun nazarda tutilgan tartibda kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ko‘riladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |