271-modda. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi arizaning shakli va mazmuni
Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi ariza sudga yozma shaklda beriladi. Ariza uni bergan shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.
Arizada quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:
1) ariza berilayotgan sudning nomi;
2) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomlari (familiyasi, ismi, otasining ismi), ularning joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi;
3) arizachi yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rishni talab qilayotgan sud hujjatini qabul qilgan sudning nomi, ishning raqami, sud hujjati qabul qilingan sana, talab predmeti;
4) arizachining hujjatlarga havola qilingan fikri bo‘yicha sud hujjatini qayta ko‘rish uchun asos bo‘ladigan yangi ochilgan holat;
5) ariza berayotgan shaxsning talabi;
6) ilova qilinayotgan hujjatlarning ro‘yxati.
Arizaga quyidagilar ilova qilingan bo‘lishi kerak:
1) yangi ochilgan holatlarni tasdiqlovchi hujjatlarning ko‘chirma nusxalari;
2) arizachi qayta ko‘rishni talab qilayotgan sud hujjatining ko‘chirma nusxasi;
3) ariza va hujjatlarning ko‘chirma nusxalari ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjat;
4) ariza vakil tomonidan imzolangan taqdirda, uni imzolash vakolatini tasdiqlovchi hujjat.
Do'stlaringiz bilan baham: |