264-modda. Sud hujjatini o‘zgartirish yoki bekor qilish asoslari
Sud hujjatining noqonuniyligi yoki asossizligi hal qiluv qarorini, qarorni yoki ajrimini nazorat tartibida o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun asos bo‘ladi.
Sudning mazmunan to‘g‘ri bo‘lgan hal qiluv qarori, qarori yoki ajrimi faqat yuzaki asoslar bo‘yicha bekor qilinishi mumkin emas.
265-modda. Nazorat instansiyasi sudining qarori
Nazorat instansiyasi sudining qarorida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
1) qarorni qabul qilgan sudning nomi va tarkibi;
2) qaror qabul qilingan sana va joy;
3) qaror qabul qilingan ish;
4) nazorat shikoyatini (protestini) bergan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);
5) shikoyat qilinayotgan (protest keltirilayotgan) sud hujjatlarining mazmuni;
6) nazorat shikoyatini (protestini) ko‘rish natijalari bo‘yicha sud xulosalari;
7) nazorat instansiyasi sudi qaysi sabablarga ko‘ra o‘z xulosalariga kelgan bo‘lsa, o‘sha sabablar hamda o‘zi amal qilgan qonunlarga va boshqa qonun hujjatlariga havola.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati qarori sud tarkibi tomonidan imzolanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining qarori Rayosat majlisida raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
Nazorat instansiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan e’tiboran qonuniy kuchga kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |