Moddiylashtirish va moddiylikdan chiqarish. Moddiylik faoliyat jarayoni va natijasining materialga bog‘liqligini belgilaydi. Faoliyat natijasi inson oqilona o‘zgartirgan materialda o‘z aksini topadi, moddiylashadi (predmetga aylanadi). Faoliyat natijasi inson kuchlari va qobiliyatlarining o‘ziga xos in’ikosi hisoblanadi. Nemis klassik falsafasining taniqli namoyandasi I.G.Fixte fikricha, “Amaliyot o‘zgartirilgan tabiat predmetlarini insonning ko‘zgudagi aksiga o‘xshaydi”2 Inson faoliyati mehnat qurollari yordamida amalga oshiriladi. Uning hayvonlar faolligidan asosiy farqlaridan biri qurollilik hisoblanadi. «quruq qo‘l ham, o‘z ixtiyoriga tashlab qo‘yilgan aql ham katta kuchga ega emas, - degan edi F.Bekon. – Ish qo‘lga ham, aqlga ham kerak bo‘lgan qurollar va vositalar yordamida bajariladi»3.
Onglilik va maqsadga muvofiqlik. Onglilik va maqsadga muvofiqlik – inson faoliyatini hayvonlar faolligidan farqlash imkonini beruvchi muhim xossalardir. Ammo ular «sof ko‘rinish»da mavjud bo‘lmaydi. Maqsadga muvofiq faoliyat oldindan mo‘ljallangan muayyan natijaga qarab mo‘ljal oladi. Entoni Giddens o‘zining «Jamiyat tuzilishi» asarida inson faoliyati mo‘ljallanmagan natijasining ahamiyatiga e’tiborni qaratadi.
Faoliyatning unumliligi. Inson faoliyati unumli, aksariyat hollarda amaliydir, lekin unumsiz ham, noamaliy ham bo‘lishi mumkin. Masalan, rasm-rusumlarni bajarish unumsiz hisoblanadi (ammo ba’zan muayyan vazifalarni hal qilishga qaratilgan rasm-rusumlar amaliy xususiyat kasb etishi ham mumkin).
Moddiy va ma’naviy faoliyat. Moddiy faoliyatni soddalashtirib predmetlar bilan ish ko‘rish sifatida, ma’naviy faoliyatni esa – predmetlarning obrazlari bilan ish ko‘rish sifatida tasavvur qilish mumkin.
Moddiy va ma’naviy faoliyatning birligi faoliyat jarayoni ham, uning natijasi ham moddiy-ashyoviy substrat va ma’naviy mazmunning muayyan sintezidan iborat ekanligini anglatadiki, bu uning natijalarini ob’ektiv tarzda, inson xohish-irodasidan qat’iy nazar, ramzlar, ya’ni insonning ma’naviy dunyosi haqidagi axborot manbalari tizimiga aylantiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |