«ijtimoiy-madaniy faoliyat» kafedrasi «ijtimoiy madaniy faoliyat tarixi va nazariyasi» fanidan


Download 497.07 Kb.
bet4/27
Sana28.07.2020
Hajmi497.07 Kb.
#125023
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   27
Bog'liq
IMF-2


Musiqa san'ati. Musiqa san'ati o‘zbek xalqining eng qadimgi san'at turlaridan biridir. Asrlar mobaynida og‘zaki an'anada avloddan-avlodga musiqa merosi davrma-davr saralanib kelgan. O‘zbek musiqa merosi deganda biz mehnat va marosim kuylari, qo‘shiqlardan tortib murakkab doston, ashula, katta ashula va maqomni nazarda tutamiz. Tarixiy manbalar qadimga musiqa san'ati haqida ko‘pdan-ko‘p ma'lumotlar beradi. Avestoda mil. av. davrlarda bevosita Zaratushtradan meros qolgan «gatlar» tadqiqotlarda qo‘shiqlar deb nomlanadi. Arxeologik topilmalar (Ayritom, Afrosiyob, Dalvarzintepa yodgorliklari va boshqa), yunon tarixchilari Gerodot, Ktesiy, Kseno-font, Strabon, Ptolemey asarlari, tarixchilar Narshaxiy, Beruniy, Bobur, adiblar Firdavsiy, Kaykovus, Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Alisher Navoiy musiqa san'ati haqida atroflicha ma'lumot beradi.

Undan tashqari, musiqani tarixiy, nazariy va boshqa masalalari IX—XIX asrlarda Muso Xorazmiy, Forobiy, Ibn Sino, Safiudsin al-Urmaviy, Mahmud ash-Sheroziy, Abdul-qodir Marog‘iy, Abduraxmon Jomiy, Nadjmiddin Kavkabiy, Darvishali Changiy, Vojid Alixonlarning asarlarida tadqiq etilgan.

O‘zbek musiqa asarlarini 2 turga bo‘lish mumkin. Birinchisi, musiqa folklori: mehnat, marosim kuy, qo‘shiqlari, oddiy ashulalar. Ikkinchisi, professionalkasbiy musiqa: doston, katta ashula, murakkab shaklli ashula, cholg‘u kuylar, maqomlar.

An'anaviy o‘zbek ijrochiligi va ijodiyotida Farg‘ona-Toshkent, Buxoro—Samarqand, Surxondaryo—Qashqadaryo, Xorazm mahalliy mintaqalari ustuvorlik qilib kelmoqda.

O‘zbek xalqining turmush tarzi musiqaviy jarayonga boydir. «Alla», «Yor-yor», «O‘lan», «To‘ylar muborak», «Kelin salom», «Yig‘i» (marsiya) kabi qo‘shiqlar urf-odatlar va marosimlar bilan chambarchas bog‘liq.

Mehnat folklori o‘zbek xalqi musiqa merosini beqiyos qatlamini tashkil qiladi. Unda dehqonlarning «Boychechak», «Sustxotin», «Xo‘sh-xo‘sh», «Laylak keldi», «Choy momo», «Mayda», «Charx», «Cho‘poncha», «Lola», «Navro‘z», «Qovun sayli» va boshqalar o‘rin olgan.

Mumtoz janrlarning eng qadimgilaridan biri dostonlardir. Ularning ikki turi mavjud: Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand (ba'zan Toshkent, Namangan va boshqa) viloyatlarida do‘mbira, Xorazmda esa turli sozlar jo‘rligida ijro etiladi.

Katta ashulachilik Farg‘ona vodiysida yuzaga kelgan. Katta ashula hofizlar tomonidan ijro etilib, mazkur janrda falsafiy yondashishlar katta o‘rin olgan. Hofizlar orasida diniy kitoblardan olingan matnlar bo‘yicha aytiluvchi va erkin mavzulardagi, Sharq shoirlari g‘azallariga kuylanuvchi katta ashulalar keng tarqalgan. Bular, odatda, Navoiy, Fuzuliy, Bobur, Huvaydo, Mashrab, Muqumiy, Furqat kabi mumtoz shoirlar she'rlari bilan ijro etilgan.

Musiqiy janrlar orasida eng mukammal janr bu maqomlardir. Hozirgi kunda O‘zbekistonda Buxoro shashmaqomi, Xorazm maqomlari, Farg‘ona—Toshkent maqom yo‘llari hamda cholg‘u maqomlar amaliyotda saqlanib kelmoqda.

Maqom, katta ashula, ashula, doston kabi mumtoz musiqiy janrlar yuzaga kelishida, bastakorlar ijodida doimo folklorga tayanib kelgan.

Tadqiqotchilar fikricha, XVI asr oxiri — XVIII asr mobaynida Buxoro, Xiva, Qo‘qon xonliklarining yuzaga kelishi musiqa san'atida mahalliy (lokal) xususiyatlar ustuvorlashishiga olib keladi. Natijada, Buxoroda mukammal «Shashmaqom» (1. Buzruk; 2. Rost; 3. Navo; 4. Dugoh; 5. Segoh; 6. Iroq), Xivada Xorazm maqomlari (1. Rost; 2. Buzruk; 3. Navo; 4. Dugoh; 5. Segoh; 6. Iroq, ayrim manbalarda o‘zgarishlar kiritilgan), Qo‘qon xonligi doirasida (Chorgoh, Bayot, Shahnoz-Gulyor, Dugoh Husayniy) ashula yo‘llari shakllangan.

Turkiston Rossiya tomonidan bosib olinganidan so‘ng, ayrim an'analar yo‘qqa chiqarila boshlandi. Bu jarayonda yevropacha musiqa janrlari, ijrochiligi va ta'lim tizimini singdirish ishlari olib borildi. Bu jarayon mahalliy san'at ahli hamda shinavandalarida qarshilik tug‘dirdi.

XX asrda o‘zbek qo‘shiqchiligida individuallik emas, balki «hammaboplik» alomatlariga urg‘u berila boshlandi va keyinchalik bu nuqson mualliflik qo‘shiqlaridan kantata, opera, oratoriya, musiqali drama, komediyalarga ko‘chib o‘tdi.

20—30-yillarda musiqa ta'limi, ijrochiligi va ilmida bir qancha voqyealar sodir bo‘ldi. Turkiston xalq konservatoriyasini ochilishi (1918 yil), musiqa texnikumi (1924 yil), davlat konservatoriyasi (1936 yil) va boshqa ta'lim muassasalarining tashkil etilishi musiqa san'atining rivojlanishiga katta turtki bo‘ldi.

30-yillarda atoqli o‘zbek ijrochilari chet el gastrollarida bo‘lishgan va o‘zbek musiqa san'atini dunyoga tanitishgan. 50-yillarda T. Jalilov, Yu. Rajabiy, F. Sodiqov, K. Jabborov, N. Hasanov, I. Ikromov, S. Kalonov, G‘. Toshmatov kabi bastakorlar; T. Sodiqov, D. Zokirov, S. Yudakov, M. Leviev, A. Muhammedov singari kompozitorlar ommabop qo‘shiqlar yaratganlar.

60-yillardan estrada yo‘nalishi ham rivojlanib kelmoqda. Bu jarayonda S. Yudakov, Sh. Ramazonov, A. Dvoskin, E. Solihov, I. Akbarov asarlari yuzaga keldi. Ijrochilikda B. Zokirov, Yu. To‘raev, R. Sharipova, «Navo», «Yalla» ansambllari ijodiy izlanishlar olib borishdi. Hozirgi paytda bu yo‘nalish juda ham kengayib bormoqda. Ba'zan unda folklor an'analariga tayangan holda yevropacha estrada musiqasiga ko‘r-ko‘rona taqlid qilish ustuvorlik qilishi ko‘zga tashlanmoqda. O‘zbek musiqali dramasida ham e'tiborga sazovor asarlar paydo bo‘ldi. Bu qatorda T. Jalilovning «Muqimiy», «Tohir va Zuhra», «Surmaxon», M. Levievning «Oltinko‘l», «Toshbolta oshiq», S. Boboevning «Vatan ishqi», A. Muhammedovning «Jon qizlar», I. Akbarovning «Momo yer» asarlarini keltirish mumkin.

50-yillar va keyingi davrlarda opera janri ham rivojlandi. Bu jarayonda S. Yudakovning «Maysaraning ishi», T. Sodiqov, Yu. Rajabiy va B.Zeydmanlarning «Zaynab va Omon», T. Jalilov va B. Brovsinlarning «Tohir va Zuhra», I. Akbarovning «So‘g‘d elining qoploni», S. Boboevning «Hamza», M. Burxonovning «Alisher Navoiy» operalari yaratiddi.

O‘zbekistonda 60-yillarda simfonik musiqa ham rivojlandi. Agar oddingi davrlar simfonik musiqasida milliy musiqiy meros talqin qilinmagan bo‘lsa, hozirgi davrda simfonik musiqa uchun asl omillar, mavzu va mazmun manbai izlab topilmoqda. Bu jarayon, milliy an'analarga su-yangan holda zamonaviy asarlarni yaratish, kamer cholg‘u musiqada ham, jo‘rsiz xorga mo‘ljallangan turli turkumlarda ham seziladi.

Mustaqillik yillari o‘zbek an'anaviy musiqasiga e'tibor yanada kuchaydi. Milliy qadriyatlar, urf-odatlar va marosimlarning tiklanishi musiqa sohasida ham ancha o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Qadimiy milliy musiqaning boy badiiy-tasviriy vositalari bilan bir qatorda, yangi janr va turlarini o‘zlashtirish natijasida o‘zbek musiqa san'ati yuksak darajaga ko‘tarildi. O‘zbek musiqa san'ati shu kunga qadar ikki asosiy qatlamda yetib kelgan bo‘lib, biri «xalq musiqasi» yoki «musiqiy folklor», ikkinchisi «mumtoz-kasbiy» yoki «ustozona» musika deb yuritiladi.

Mustaqillik davridagi zamonaviy O‘zbekiston musiqa san'ati o‘z ichiga serqirrali ijodiy izlanishlarni, yutuqlarni va muammolarni qamrab oldi. An'anaviy monodiya qadriyatlari va yevropazamin ko‘povozli musiqa yo‘nalishlari pallasini o‘zlashtirish, ularga yanada yangi talqin berish dolzarb masalalardan biridir. O‘zbekistonda taniqli ijrochilardan, an'anaviy uslubdagi xonandalardan M. Uzoqov, J. Sultonov, K. Otaniyozov, O. Alimaxsumov, O. Otaxonov, O. Imomxo‘jaev, F. Mamadaliev, B. Davidova; zamonaviy milliy yo‘nalishdagi ko‘ylovchilardan K. Rahimov, Sh. Jo‘raev, G‘. Yoqubov; estrada xonandalaridan B. Zokirov, F. Zokirov, N. Abdullaeva, Yu. Usmonova va boshqalar; sozandalardan — T. Alimatov, G‘. Hojiqulov, A. Ismoilov va boshqa; musiqali drama, opera va balet solistlari — L. Sarimsoqova, H. Nosirova, S. Qobulova, K. Zokirov, G‘. Abduraxmonov, N. Axmedova, S. Yarashev, E. Yo‘ldoshev, N. Hoshimov; dirijyorlar — M. Ashrafiy, F. Shamsiddinov, D. Abdurahmonova, 3. Haqnazarov va boshqalar o‘zbek musiqa san'ati rivojiga ulkan hissa qo‘shdilar.

Musiqali anjumanlar ham mazkur san'at rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda. 1996 yil 27 avgust kuni «O‘zbekiston — Vatanim manim» qo‘shiq bayrami haqida maxsus farmon qabul qilindi. Unda «O‘zbekiston — Vatanim manim» qo‘shiq ko‘rik-tanlovining xalqimiz madaniy-ma'naviy hayotida unutilmas voqyea bo‘lgani, minglab fuqarolar tomonidan zo‘r mamnuniyat va ko‘tarinki ruh bilan qo‘llab-quvvatlanganligi qayd qilindi va «har yili avgust oyining uchinchi yakshanbasi, «O‘zbekiston - Vatanim manim» qo‘shiq bayrami kuni» deb e'lon qilindi. Xalqning qo‘shiqqa bo‘lgan ehtiyoji kuchli bo‘lgani va respublika rahbariyatining qo‘shiqchilik san'ati rivojiga e'tibori asosida bu bayram har yili nishonlanib kelinmoqda. Bu ko‘rik-tanlov bosqichma-bosqich: o‘quv yurtlari va tashkilotlarda, mahalla, qishloq va shaharlarda, tuman va viloyatlarda va nihoyat poytaxtda ko‘tarinki ruh bilan o‘tkazilmokda.8

«Sharq taronalari» musiqa festivali, «Musiqiy — simfonik festival» xalq musiqa ijodiyotining turli janrlariga bag‘ishlangan ko‘rik-tanlov, festivallar dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan mehmonlarda ham katta taassurot qoldirmoqda.

Samarqandning yuragi hisoblangan ko‘hna Registon maydonida bo‘lib o‘tadigan an'anaviy «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalining obro‘yi tobora oshmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan asos solingan, har ikki yilda bir marta o‘tkazilayotgan an'anaviy mazkur festival o‘zbek mumtoz musiqa madaniyatini jahonga yanada kengroq tanitish, ayni paytda dunyo musiqa madaniyati yangiliklarini yurtimizda namoyish etishda katta xizmat ko‘rsatmoqsa. YuNeSKO bu anjumanni o‘z rahnamoligiga olgan. O‘tgan davr ichida festival xalqaro hamjamiyatda katta obro‘, nufuzga ega bo‘ldi. Festival xalqlar o‘rtasida madaniy xilma-xillikni targ‘ib etish vositasiga aylandi. «Sharq taronalari» musiqa festivali xalqaro miqyosda e'tibor qozonib, Sharq va G‘arb dunyosidagi ko‘plab san'at namoyandalarini ham o‘ziga jalb etayotgani mazkur anjumanning qisqa muddat ichida ajoyib an'ana va katta nufuzga ega bo‘lib borayotganidan dalolat beradi.

Bu festival jahon ahlining o‘zaro madaniy muloqotga bo‘lgan hayotiy ehtiyojini, har bir xalq, har bir millat ruhida azaldan yashab kelayotgan yaxshilik, go‘zallik va nafosatga intilish hissini ro‘yobga chiqarishda beqiyos vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

«Yangi avlod» festivali san'atga endi kirib kelayotgan yoshlarni kashf etdi. Yosh talantlarning «Nihol» ko‘rik-tanlovi esa nafaqat musiqa olami, balki oddiy xalqning ham sevimli bayramlaridan biriga aylanib ulgurgan va katta mavqyega ega. O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti talabalari ish-tirokida «Tuda», «Xonuma», «Halima», «Romeo va Djuletta» kabi musiqali spektakllar sahnalashtirildi.

4-mavzu: Xalq badiiy madaniyati va ijodi: musiqa, raqs va sirk san'ati

Reja:


  1. Teatr san’ati.

  2. Raqs san'ati

  3. Kino san’ati.

  4. Sirk san'ati.


Tayanch so‘z va iboralar: Musiqa,raqs,sirk,tosh, bronza, temir davrlari, choyxonalar, guzarlar,musofirxonalar, karvonsaroylar, rabotlar, masjidlar, там rasalar, bo'sh vaqt, madaniy rivojlanish.
Teatr san'ati. O‘zbekiston an'anaviy teatr san'ati birinchi shakllari ibtidoiy jamoa davridayoq taqlidiy raqslar, tabiat kuchlariga topinish oqibatida yuzaga kelgan marosimlar doirasida paydo bo‘lgan. Birinchi teatr shakllari tabiatga, qush va hayvonlarga, ruhlarga bo‘lgan e'tiqodlar, zardo‘shtiylik bilan bog‘liq urf-odatlar, marosimlar bilan chatishib ketgan.

Mutaxassislar fikricha, mil. av. VII—VI asrlarda Turonda zardo‘shtiylik bilan aloqador ikki toifa — kulgili va qayg‘uli tomoshalar shakllangan.

Turon yerlari makedoniyalik Iskandar tomonidan istilo qilinishi natijasida, yunon madaniyati, shu jumladan, teatr san'ati rivojlangan. Ma'lumki, yevripidning «Alkesta», «Ippolit» kabi tragediyalari qo‘yilgan. Bunday tomoshalarda yunon aktyorlari bilan mahalliy tomoshabinlar qatnashgan. Shuni aytish lozimki, yunon madaniyati asosan Baqtriya shaharlari madaniyati bo‘lib qolgan. Xorazm, Sug‘diyona, Farg‘ona yerlarida teatr san'ati an'anaviy shakllarda rivojlangan. Uning shakllanishida Eron, Hindiston, Xitoy san'ati bilan o‘zaro aloqalar katta o‘rin egallagan. Manbalarga ko‘ra, mil. av. I asr — mil. IV asrlarda Kushon davlatida budda dini bilan bog‘liq turli teatrlashgan tomoshalar mavjud bo‘lgan.

Teatr san'ati VI—VII asrlarda rivojlandi, Turonlik raqqosalar, o‘yinchilar Ipak yo‘li orqali qo‘shni yurtlarga safar qiladilar.

Turon zaminiga kirib kelgan arab-islom madaniyati teatr san'atining shakllanishita katta ta'sir qildi. Shaharlarda qadimgi tomoshagohlar buzib tashlandi, teatr ko‘proq og‘zaki ijodga, badihago‘ylikka asoslandi.

XIX—XX asrlarda teatr san'atida o‘zgarishlar ro‘y berdi. Xalq bayramlari, marosimlari, urf-odatlari va ular bilan bog‘liq tomoshalar omma ichida keng tarqaldi. Ijrochilarni o‘z risolalariga ega bo‘lgan ijodiy uyushmalari vujudga keldi. Teatr san'ati islom dinining tarqalishiga va aynan, tasavvuf tariqatlarida turli teatr tomoshalarini o‘z tasarrufiga qamrab olishi namoyon bo‘ldi.

Temuriylar davrida teatr san'ati yanada rivojlandi. O‘rta asrlardagi ma'lumotlarga qaraganda, turli shaharlarda teatrlashgan tomoshalar uyushtirildi. Tomosha san'ati Mirzo Ulug‘bek, Husayn Boyqaro davrida taraqqiy topdi. Ma'lumki, bir nechta shaharlarda maxsus tomoshagoxlar, tarabxonalar, sayilgoxlar ishlab turgan. Alisher Navoiy davrida G‘iyos masxara, Abdullo Devona, Abulvose' Munshi, atoqli voich Husayn Koshifiy tomosha san'ati rivojiga o‘z hissalarini qo‘shgan.

XIV—XV asrlarda va XVI asrning boshida teatr san'ati quyidagi yo‘nalishlarda shakllandi: masxara (xalq komediyalari ijrochiligi), taqlid (hayotiy voqyealarni kulgili qilib ko‘chirish) va zarofat (badiha yo‘li bilan so‘z va bayt to‘qib aytishdagi bellashuvlar); qissago‘ylik, maddohlik (yakka ijrochilarning chiqishlari); qo‘g‘irchoq o‘yin.

An'anaviy teatr tomoshabinlarga turlicha ta'sir qilgan: kulgi uyg‘otgan, hayotga tanqidiy munosabatda bo‘lishga o‘rgatgan, nozik his-tuyg‘ular paydo qilgan.

Shayboniylar davrida umuman san'at inqirozga uchraydi.

XVIII asr oxiri — XIX asr boshida an'anaviy teatr sohasida
o‘ziga xos ko‘rinishlar paydo bo‘ldi. Masalan, Buxoro amirligida masxaraboz, qo‘g‘irchoqboz, raqqos va boshqa o‘yinchilarning uyushmalari vujudga kelgan. Xorazm an'anaviy teatrida to‘kma va xatarli o‘yin shakllangan. Farg‘ona vodiysi va Toshkentda qiziqchilik va askiya taraqqiy etgan. Ma'lumki, XIX asrning 2-yarmida Qo‘qonda Zokir eshon (30 ga yaqin qiziqchi), Buxoroda To‘la masxara(20 ga yaqin masxaraboz uyushgan) to‘dalari shuhrat qozongan.

Rossiya mustamlakachiligi davrida Turkiston o‘lkasiga rus, keyinroqtatar, ozarbayjon teatr to‘dalari kirib keldi. Furqat, Ahmad Donish, Behbudiy, Abdulla Avloniy yangi kirib kelgan teatr madaniyatini o‘rganishga chorlaydi. Yangi ko‘rinishdagi milliy teatrni yaratish harakatini jadidlar, ya'ni marifatparvarlar boshqaradi. Bu jarayonda Mahmudxo‘ja Behbudiyning qo‘shgan hissasi juda katta. 1914 yil Samarqandda Behbudiy boshchiligida tashkil etilgan birinchi o‘zbek havaskorlik teatr guruhi uning «Padarkush» dramasini sahnalashtirdi. Bu pesa Toshkentda Abdulla Avloniy teatrida ham qo‘yilgan.

1918 yil Hamza Farg‘onada O‘lka sayyor siyosiy truppasini tashkil etdi. Teatr truppasini M. Qoriyoqubov, Y. Egamberdiev, H. Islomov, M. Kuznetsovalar tashkil qilishdi. O‘sha yili Mannon Uyg‘ur Toshkentda «Turon» jamiyati qoshida teatr tuzdi. Teatrning birinchi aktyorlari — A Hidoyatov. M. Muhamedov, O. Jalilov, F. Umarov, S. Olimov, M. Qorieva, B. Qoriev va boshqalar edi. Bu teatrda Fitrat, G‘. Zafariy, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Xusayn Jovid asarlari sahnalashtirilgan. Sekin-asta O‘zbekistonning boshqa shaharlarida ham teatrlar tashkil qilingan. 20-yillarda Moskva va Boku shahar teatr studiyalari tashkil etilgan va aksariyat o‘zbek aktyorlari u yerda ta'lim olishgan.

30-yillarda turli viloyatlarda, tumanlarda ko‘plab teatrlar tashkil qilindi. Toshkentda M. Gorkiy nomidagi rus drma teatri (1934 y.), Respublika qo‘g‘irchoq teatri (1939 y.), Davlat opera va balet teatri (1939 y.) faoliyatini boshlashdi. Davlat komediya teatri Muqimiy nomidagi respublika musiqali drama va komediya teatriga aylantirildi (1939 y.).

50—60-yillarda Abdulla Qahhorning «Shohi so‘zana», Maqsud Shayxzodaning «Mirzo Ulug‘bek», U. Shekspirning «Yuliy Sezar» va «Qirol Lir» asarlari sahlanashtirildi va yirik ijodiy yutuqlar sifatida baholandi.

70—80-yillar teatr san'ati tarixida ziddiyatli davr bo‘ldi. Ijobiy tarafi shuki, milliy meros va an'analarga e'tibor kuchayib bordi. Salbiy tarafi — mutaxassislar fikricha, dabdababozlik, xo‘jako‘rsinga ishlash, hayotni xaspo‘shlab ko‘rsatish teatr san'atida o‘rin topdi.

1976 yil «Ilhom» yoshlar tajriba teatr studiyasi tashkil qilindi. 1986 yil Respublika satira teatri vujudga keldi va unga Abdulla Qahhor nomi berildi.

Endiliqda o‘zbek teatrining har xil turlari va janrlari rivojlanmokda. Yoshlar, bolalar va qo‘g‘irchoqlar teatrlari ham alohida mavqyega ega. Mustaqillik sharofati bilan tiklangan milliy qadriyatlar, jamiyat ma'naviyati haqidagi yangilangan tushunchalar, tarix va zamonaviylik muammolari ushbu teatrlar e'tiborida turibdi. O‘zbekiston Prezidentining «O‘zbek teatr san'atini rivojlantirish to‘g‘risidagi» 1998 yil farmoni milliy teatr san'atining istiqbolini belgilab bergan muhim hujjat bo‘ldi. «O‘zbekteatr» ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi o‘z faoliyatini milliy tomosha va teatr san'atining eng yaxshi an'analarini asrab-avaylashga hamda boyitishga yo‘naltirdi.

Mustaqillik davrida O‘zbek teatr san'ati milliy qadriyatlarni tiklash jarayoniga qo‘l urdi. Sho‘rolar davrida ta'qiqlangan asarlar teatrlarda sahnalashtirildi, yangi asarlar yaratish harakati boshlandi. Turli teatrlarda Fitratning «Abulfayzxon» tragediyasi, To‘ra Mirzoning «Amir Temur» dramasi, Cho‘lponning «Kecha va kunduz» romani, «Yorqinoy» dramasi, Abdulla Qodiriyning «O‘tgan kunlar» va «Mehrobdan chayon» romanlari asosida sahna asarlari yaratildi. Umuman, o‘zbek teatr madaniyati yanada rivojlandi. O‘zbek teatrlari va san'atkorlari xorijiy mamlakatlarga gastrollarga borishdi. Zamonaviy o‘zbek teatri san'atiga hissa qo‘shgan dramaturglar — M. Boboev, Sh. Boshbekov, E. Samandarov va b.; rejissyorlardan — N. Abdurahmonov, R. Yoriev, B. Yo‘ldoshev, N. Otaboev, O. Salimov, V. Shapiro, R. Hamidov va b.; rassomlar — G. Brim, B. Kim, S. Salimov, B. Turaev, T. Shorahimov va b.; dirijyorlar — D. Abdurahmonova, E. Toshmatov, N. Halilov, H. Shamsiddinov va b.; raqs ustalari — G. Izmaylova, M. Isxoqova, I. Yusupov kabilarni ko‘rsatish mumkin. Teatr san'atining rivojlanishiga hissa qo‘shgan aktyorlardan Ya. Abdullaeva, M. Abduqunduzov, T. Azizov, Sh. Azizova, Yo. Ahmedov, X. Boboxonova, 3. Davletmuradova, E. Dmitrieva, G. Jamilova, J. Zokirov, G. Zokirova, D. Ismoilova, M. Ixtiyorova, E. Komilov, E. Malikboeva, E. Nosirov, X. Nurmatov, M. Razzoqova, S. Rametova, A. Rafiqov, G. Rahimova, M.Teshaboeva, N. Toshkenboeva va boshqa aktyorlarni aytib o‘tish mumkin.

Mustaqillitining 10 yilligi arafasida O‘zbek davlat akademik drama teatrining yangi binosi ochildi. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov taklifi bilan ushbu teatr «O‘zbekiston milliy akademik drama teatri»ga aylatirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekteatr» ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga (1998 yil, 22 may) asosan respublikadagi mavjud 37 ta teatrni birlashtiradigan yagona tizim vujudga keldi.

Respublika va xalqaro miqyosda festivallar, tadbirlar, ijodiy va xotira kechalari, teatrlarning tashkil topgan sanalari tantanali ravishda o‘tkazildi. Jumladan, an'anaviy «Navro‘z-99» respublika teatr san'ati festivali, Qatag‘on qurbonlari xotirasiga bagashlangan — «Andijon bahori-99» teatr san'ati festivali, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazir-ligi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti, «Kamolot» yoshlar jamg‘armasi bilan hamkorlikda o‘tgan «Nihol» talaba-yoshlar teatr studiyalarining festivallari, Qarshi shahrida 1999 yili o‘tkazilgan «Ipak yo‘li — teatr — sayohat» anjumani, “Seni kuylaymiz zamondosh”, Fond Forum tomonidan o‘tkazilinib kelinayogan “Teatr uz” kabi tadbirlar respublikamiz madaniy hayotida katta voqyea bo‘ldi.9

Mustaqillik tufayli tarixiy qadriyatlarni tiklash, o‘zlikni anglash, ma'naviy boyliklarga intilish — o‘zbek teatrining ham muhim vazifasiga aylandi. Sahnamizda ulug‘ Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy obrazlari yangicha talqin qilindi. Al-Farg‘oniy. Al-Buxoriy, Jaloliddin Manguberdi, Feruz kabi ulug‘ ajdodlarimizga bag‘ishlangan asarlar keng shuhrat qozondi.

Respublika teatrlari har yili 130 dan oshiq turli mavzu va janrlarda spektakllar sahnalashtirdi. Bular asosan tarixiy afsonaviy mavzulardagi spektakllardir. 1998 yili xalqaro miqyosda keng nishonlangan buyuk vatandoshlarimiz hayoti va faoliyati hamda Alpomish dostonining 1000 yil-ligi munosabati bilan qator sahna asarlari yaratildi. Bular Hamza nomidagi teatrda sahnalashtirilgan dramaturg Hayitmat Rasulning «Piri koinot», Farg‘ona viloyati Yu. Shakarjonov nomidagi musiqali drama teatrida sahnalashtirilgan «Osmonga sig‘magan muhabbat» asarlari shular jumlasidan. Samarqand viloyati H. Olimjon nomidagi musiqali drama teatrida sahnalashtirilgan Usmon Qo‘chqorning «Imom Buxoriy», Andijon viloyati Y. Oxunboboev nomidagi musiqali drama teatrida sahnalashtirilgan «Alpomishning qaytishi», Xorazm viloyati Ogahiy nomidagi musiqali drama teatrida sahnalashtirilgan Erkin Samandarovning «Jaloliddin Manguberdi» kabi asarlari respublikamiz ma'naviy hayotida katta voqyea bo‘ldi.

Toshkentda «Sharq va G‘arb», «Humo» kabi yirik xalqaro teatr festivallari o‘tkazilishi, o‘zbek rejissurasi, aktyorlik san'atining yirik yutuklari, mahorat o‘rganish, tajriba almashinish maktabi vazifasini o‘tadi. 1996 yil «Amir Temur» tavalludining 660 yilligiga bag‘ishlangan «Navro‘z» teatr festivalinint muvaffaqiyati yirik xalqaro ahamiyatga molik bo‘lgan. Respublikamiz aholisining teng yarmini bolalar va yoshlar tashkil etishi bois teatr sohasida ham yoshlar uchun ko‘p ishlar qilindi, ular uchun maxsus tomoshalar qo‘yilmoqda, qo‘g‘irchoq teatrlari barcha viloyatlarda ishlab turibdi. «Kattalar teatrlari bolalar uchun» festivali shunday teatrlarda bolalarga xizmat ko‘rsatishni tubdan yaxshilash ishiga xizmat qiladi.

Xalqaro «Humo» festivali marafoni Toshkentda muvaffaqiyatli o‘tib, Germaniya, Gruziya, Rossiya va boshqa mamlakatlar teatr jamoalarinint o‘zaro ijodiy uchrashuvi maskaniga aylandi. Havaskorlik teatrlari ham rivojlanmoqsa. Talabalar havaskorlik teatrlarining «Nihol» festivali mana necha yildirki, katta qiziqish bilan o‘tkazilmoqda.

XXI asr o‘zbek teatrining taraqqiyotida alohida sahifa ochdi. Qadimgi ko‘ngilochar milliy tomoshalar va yevropadan kirib kelgan maxsus teatrlar uyg‘unligida shakllangan o‘zbek teatri bu asrda haqiqiy o‘zbek milliy teatrini vujudta keltirdi. O‘zbekiston teatrlari o‘z ijodiy-uslubiy izlanishlari, turli asarlar talqinlariga yangicha yondashuvlari bilan teatr san'ati uslubi va ifoda vositalarining takomillashuviga sabab bo‘lmoqda.

Ushbu davrda teatrlarimiz faoliyatida ko‘pgina diqqatga sazovor o‘zgarishlar yuz berdi. Teatrlarning repertuar siyosati, rejissura va aktyorlik san'atidagi yangiliklar, spektakllarning prokati, tomoshabinlar bilan aloqalarning yangicha mazmun, shakllari va nihoyat, ushbu maxsus teatrlarning xalqaro san'at va madaniyat maydonida orttirgan tajribalari e'tiborga loyiq.

Mustaqillik davrida O‘zbekiston teatrlari funksiyasi o‘zgardi. Ular o‘z faoliyatlarida tomoshabinlarga mazmundor, ta'sirli, qiziqarli spektakllar tayyorlashga urg‘u berdilar.

Mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan professional teatr va teatr studiyalari xalqimiz ma'naviy dunyosini, tafakkurini boyitadigan sahna asarlari yaratmoqdalar. Ushbu dargohlarda minglab ijodiy va texnik xodimlar faoliyat olib bormoqda. Endilikda nodavlat va xususiy teatrlar ham paydo bo‘ldi.

Teatrlarning xalqaro miqyosda yutuqlarga erishayotgani e'tiborni tortadi. Teatrlarimiz jamoalari AQSh, Turkiya, Pokiston, Germaniya, Polsha, Buyuk Britaniya, Isroil kabi xorij mamlakatlarida o‘tkazilgan turli teatr festivallarida qatnashib, turli sovrin va mukofotlarga sazovor bo‘lganligi quvonchlidir.

Teatr ijodkorlari mamlakatimiz hayotining turli jabhalarida faol ishtirok etmoqdalar. Oliy majlisga, viloyat, tuman va shahar mahalliy kengashlariga deputatlikka saylanmoqdalar. Bu esa teatr ijodkorlariga bo‘lgan yuksak ishonchning dalilidir.

O‘zbek teatr san'ati ayni kunlarda bozor iqtisodiyoti sharoitiga kirib bormoqda. O‘z-o‘zini boshqarish va ayni damda tomoshabinlarga sidqidildan xizmat qilish yo‘lida tinmay izlanmoqda. O‘zining shonli tarixiga va albatta, ertasiga ega o‘zbek milliy teatr san'ati bugungi kunda taraqqiyotning yangi bosqichiga ko‘tarilish yo‘lida tinmay mexnat qilmoqda.


Download 497.07 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   27




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling