Tizimlashtirilgan motiv bormi?
O‘smir kayfiyati ba’zan juda kuchli ko‘tarilib, ba’zan esa arzimas sabablarga ko‘ra tushib ketishi mumkin. Bu atrofdagilarning o‘smir tashqi ko‘rinishi, qobiliyatiga bergan bahosi bilan bog‘liqdir. O‘z mustaqilligini namoyon qilishga intilish, katta bo‘lganini ko‘rsatish, muayyan predmet yoki voqea-hodisalarga nisbatan munosabat bildirayotgan o‘smir bilan o‘ta ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish talab qilinadi. Sababi, o‘smirlik yoshida xudbinlik, atrofdagilarga befarqlik, oilaviy o‘zaro munosabatlarda disgarmoniya, shaxslararo subordinasiyaning buzilishi, diqqatni to‘play olmaslik, o‘qishga nisbatan qiziqishning so‘nishi kabi holatlar kuzatilishi mumkin.
Olim, pedagog, tadqiqotchi va umuman, keng jamoatchilikni “Nima uchun inson muayyan vaziyatlarda ezgu amallarni unutib, aynan jinoiy xatti-harakatlarga qo‘l uradi?” degan savol o‘ylantirmoqda. Jinoiy xatti-harakat, odatda, birgina mustaqil motiv bilan amalga oshirilmaydi. Shaxsni jinoiy harakatga undovchi motivlarning namoyon bo‘lish darajasi va mazmuni turlicha bo‘lgani bois, ularni muayyan tizimga solish taqozo etiladi. Tizimlashtirish orqali jinoyatchilik xulqining kelib chiqishiga sabab bo‘luvchi motivlar turkumini aniqlash imkoniyati tug‘iladi. Bu borada o‘tkazilgan tadqiqot natijalari bolalar va o‘smirlar jinoyatchiligiga sabab bo‘luvchi quyidagi motivlar mavjudligni ko‘rsatadi:
moddiy va maishiy shart-sharoitga ega bo‘lish orzusi, ochko‘zlik mazmuniga ega bo‘lgan xatti-harakatning keskin ifodalanishi, do‘st, tanish-bilishlar oldida obro‘ va mavqe orttirish uchun turli noqonuniy harakatlarni amalga oshirish;
qasos, o‘ch olish uchun g‘azablanib harakat qilish;
romantika, sarguzashtga intilish hissini qanoatlantirish;
o‘zini ko‘rsatishga intilish (maqtanish);
boshqa shaxslar ta’siriga berilish;
sabab va motivlari anglanmagan jinoyatchilik.
Do'stlaringiz bilan baham: |