Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
-§. Loyihalarning ilmiy ekspertizasi
Download 0.65 Mb.
|
133 09.03.2020
3-§. Loyihalarning ilmiy ekspertizasi
67. Davlat buyurtmasi asosida bajariladigan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi ilmiy loyihalar davlat ilmiy ekspertizasidan o‘tkazilishi shart. Oldingi tahrirga qarang. 68. Loyiha talabnomalarining ilmiy ekspertizasi ikki bosqichda o‘tkaziladi: birinchi bosqichda har bir loyiha talabnomasi Buyurtmachi tomonidan mustaqil ekspertlarni, shu jumladan xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda ekspertiza qilinadi; ikkinchi bosqichda har bir loyiha talabnomasi fan yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli ilmiy-texnik kengashlar (ITK) tomonidan ochiq muhokamadan o‘tkaziladi. (68-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 545-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son) 69. Ilmiy ekspertiza loyihaning ilmiy yangiligi va amaliy ahamiyatini, uni texnik jihatdan amalga oshirish imkoniyatlarini, shu jumladan moddiy-texnik bazaning yetarli ekanligi, ilmiy salohiyatning va ilmiy jamoaning ilmiy natijalari mavjudligini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi. 70. Ilmiy ekspertiza quyidagi tamoyillarga asoslangan holda amalga oshiriladi: ekspertlarning mustaqilligi; ilmiy loyihani ilmiy yondashuv asosida, xolis, to‘liq va har tomonlama o‘rganish; ekspertiza natijalarining asoslantirilganligi; ekspertlarning chuqur bilimga egaligi, yuqori darajada professional va kasbiy mahoratga egaligi; davlat, xizmat va tijorat sirlariga rioya qilgan holda ekspertiza natijalarining ochiqligi; jamoat, texnika va ekologik xavfsizlikka, milliy va xalqaro standartlarga rioya qilish. 71. Ilmiy ekspertizani amalga oshirish jarayonida uning natijalaridan shaxsan manfaatdor bo‘lgan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarining qatnashishiga yo‘l qo‘yilmaydi. 72. Ilmiy ekspertiza muddati Buyurtmachi tomonidan ITKga loyiha kelib tushgan sanadan boshlab bir oydan oshmasligi kerak. 73. Loyiha talabnomalarining ilmiy ekspertizasi ikki bosqichda o‘tkaziladi. 74. Ilmiy ekspertizaning birinchi bosqichida loyiha talabnomasi kelib tushgan kundan boshlab uch ish kuni ichida ikkita ekspert bo‘yicha taklif Buyurtmachiga kiritiladi. Buyurtmachi tomonidan ekspertlar ro‘yxatga olingandan so‘ng, ekspertlarga loyihalar ko‘rib chiqish va baholash uchun taqdim qilinadi. Ekspertlarga qo‘yiladigan talablar, ularni tanlash va ekspertizaga tayinlash tartibi Buyurtmachi tomonidan belgilanadi. Oldingi tahrirga qarang. 75. Ilmiy ekspertizaning birinchi bosqichida ekspertlar loyiha talabnomasini bir oy muddatda ko‘rib chiqadi. Ekspertiza natijalariga ko‘ra, har bir ekspert loyiha bo‘yicha o‘zining ekspert xulosasini beradi va uni 100 ballik shkala bo‘yicha baholaydi, bunda 0 ball — eng past ko‘rsatkich, 100 ball — eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Bunda agar bir loyiha bo‘yicha ikki ekspert baholaridagi farq 25 balldan yuqori bo‘lsa, ekspertiza natijalarini aniqlashtirish maqsadida uchinchi ekspert qo‘shimcha ekspertiza uchun tayinlanadi. Loyiha talabnomasining yakuniy ekspert bahosi barcha ekspert baholarining o‘rtacha arifmetik qiymati sifatida hisoblanadi. Ilmiy ekspertizaning birinchi bosqichi natijalari Buyurtmachi tomonidan belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ekspert xulosalari ilmiy ekspertizaning ikkinchi bosqichini o‘tkazish uchun ITKga yuboriladi. Ilmiy ekspertizadan o‘tmagan loyihalar ITK tomonidan belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan bayonnoma va ekspert xulosalari bilan birga Buyurtmachiga qaytariladi. Buyurtmachi asoslantirilgan rad etish xulosasini loyiha rahbarlariga interfaol xizmat orqali bildirish uchun elektron platformaga joylashtiradi. (75-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 545-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son) 76. Ilmiy ekspertizaning ikkinchi bosqichida loyihalar ITK yig‘ilishida ochiq muhokama (taqdimot) shaklida ko‘rib chiqiladi. Ilmiy loyihaning rahbari ilmiy loyiha taqdimoti bilan ITK yig‘ilishlarida qatnashadi. ITK a’zolari tadqiqot loyihasi va loyihani qo‘llash mavzusi bo‘yicha savollar berish huquqiga ega. 77. Taqdimot va ochiq muhokamaning natijalariga ko‘ra, ovoz berish huquqiga ega ITK a’zolari loyiha talabnomasini 100 ball tizimidan foydalangan holda baholaydi, bunda 0 ball eng past baho va 100 ball eng yuqori baho hisoblanadi. ITK a’zolarining baholari yig‘ilish bayonnomasida qayd etiladi. ITK tomonidan loyiha taklifining yakuniy bahosi ITK a’zolari baholarining o‘rtacha arifmetik qiymati bilan belgilanadi. Loyiha talabnomasini baholash jarayonida loyihani amalga oshirishni rejalashtirilayotgan tadqiqotchilar guruhi rahbari va a’zolarining qatnashishiga yo‘l qo‘yilmaydi. 78. ITK yig‘ilishining qoidalari va qarorlarini qabul qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi ilmiy-texnik kengashlar to‘g‘risidagi nizomga muvofiq belgilanadi. 79. ITK tomonidan yakuniy bahosi 60 va undan yuqori ball bo‘lgan taqdirda, loyiha talabnomasi ilmiy ekspertizaning ikkinchi bosqichidan o‘tgan deb hisoblanadi. 80. Har bir loyiha talabnoma bo‘yicha ilmiy ekspertiza yakunlangach, ITK xulosa va tavsiyalar beradi. ITK qarorlari va xulosalari yig‘ilish bayoni shaklida tuzilib, rais tomonidan tasdiqlanadi. 81. ITK a’zosi baholash jarayonida ko‘pchilikning fikriga qo‘shilmasa, o‘zining alohida fikrini bildirishga haqli. ITK a’zosining alohida fikri yig‘ilish bayonnomasiga kiritiladi. 82. ITK o‘xshash mavzular va yo‘nalishlar bo‘yicha birlashtirgan, ularni bajarish jarayonini maqbullashtirish maqsadida ish hajmi va xarajatlarni aniqlaydigan rejalashtirilgan ishlarni to‘g‘rilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqishi mumkin. 83. ITK ekspertizasi natijalari tahlil qilinib, umumlashtirilganidan so‘ng o‘n kun ichida kollegial organga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi. Kollegial organ loyiha buyurtmalarini to‘g‘ri va xolis baholaganligini tekshirish maqsadida qo‘shimcha ekspertiza o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli. Qo‘shimcha ekspertiza o‘tkazish tartibi kollegial organ tomonidan tasdiqlanadi. Kollegial organ ITK raislarini qabul qilingan qarorlarga tushuntirish berishni so‘rab muhokamaga taklif qilishga haqli. Zarur hollarda, loyiha talabnomasi ilmiy ekspertiza jarayonida ishlab chiqilgan xulosa va tavsiyalar asosida, shuningdek kollegial organning ko‘rsatmasiga muvofiq ITK tomonidan qayta ishlanib, uning mavzusi va tarkibiga qisman o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan tavsiyalar bilan Buyurtmachiga taqdim etilishi mumkin. Bunda ITK tomonidan bir marotaba loyiha rahbariga uch ish kuni ichida tegishli o‘zgartirishlar qilishga ruxsat beriladi, o‘zgartirilgan loyiha qayta ekspertiza va muhokamadan o‘tkaziladi. ITK bayonida va uning qaror qismida loyiha talabnomasini qayta ishlash bilan bog‘liq barcha jarayonlar to‘liq asoslantirilishi lozim. 84. Ijobiy baholangan va moliyalashtirishga tavsiya etilgan ilmiy-tadqiqot loyihalarining yakuniy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror kollegial organ tomonidan hujjatlar taqdim etilgan sanadan boshlab o‘n ish kuni mobaynida qabul qilinadi. 85. Ijobiy baholangan loyihalarni tasdiqlash bo‘yicha kollegial organ yig‘ilishida nizo yuzaga kelgan taqdirda, kollegial organ qarori bilan loyihalar Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashida ko‘rib chiqish uchun yo‘naltirilishi va bunda ITK raisi tomonidan taqdimot o‘tkazilishi mumkin. Jamoatchilik kengashi bir oy muddatda loyiha bo‘yicha, shu jumladan loyihalarni moliyalashtirish yoki moliyalashtirishni rad etish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini kollegial organga taqdim etadi. 86. Buyurtmachi kollegial organ qarori qaror qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n besh kun muddatda ilmiy-tadqiqot loyihasining ijrochi tashkiloti bilan belgilangan tartibda shartnoma imzolashi zarur. Shartnomada moliyalashtirish shartlari va tomonlarning majburiyatlari nazarda tutilishi lozim. Shartnomalarning namunaviy shakllari, shu jumladan ilova qilingan shakllar, jadvallar va boshqa materiallar buyurtmachi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Download 0.65 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling