Imkoniyati bor
Download 31.67 Kb.
|
kerakli malumotlar
- Bu sahifa navigatsiya:
- Uchinchidan
- “Mening yurtim” (MY5) telekanalida Psixologiya va Ingliz tili
- Masofaviy taʼlimni tashkil etish texnologiyalari”
- QR kodli diplomlar
- 417 816 nafar
Xabaringiz bor, respublika oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonini uzluksizligini taʼminlash hamda talabalarning bilim olish faoliyatini masofadan turib metodik qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2020-yil 1-apreldan masofaviy taʼlim platformalari ishga tushirilgan edi. Bunday platformalar avvalom bor, imkoniyati bor talabalarga mutlaqo yangi formatdagi, yaʼni virtual muhitda talabalar va oʻqituvchi auditoriyasini shakllantirish orqali oʻquv jarayonini tashkil etish imkoniyatini berdi. Buning uchun birinchi navbatda taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar oʻquv rejalari asosida joriy semestrdagi fanlarning dasturlari boʻyicha oʻquv resurslarini yaratishga eʼtibor qaratildi, oliy taʼlimda oʻqitilayotgan 6102 ta fandan masofaviy taʼlim resurslari yaratildi va har bir oliy taʼlim muassasasining masofaviy oʻqitish platformalariga joylashtirildi. Ikkinchidan, barcha oliy taʼlim muassasalarining masofaviy oʻqitish platformalari vazirlikning https://dist.edu.uz/ yagona portaliga birlashtirildi. Bu esa oliy taʼlim muassasalarida masofaviy taʼlim sifatini taʼminlash jarayonlari monitoringini olib borish, oʻquv resurslardan hamkorlikda foydalanish imkoniyatini berdi. Uchinchidan, taʼlim yoʻnalishlari oʻquv rejasidagi barcha uchun umumiy boʻlgan fanlardan videomaʼruzalar joylashtirib borildi, buning uchun telegramm ijtimoiy tarmogʻida @eduuz_online kanali ochildi va unga oʻqituvchilar tomonidan yaratilgan videomaʼruzalar joylashtirildi. Toʻrtinchidan, barcha talabalar uchun ochiq taʼlim resurslarini yaratish maqsadida TAS-IX tamogʻida https://tube.edu.uz videoportali ishga tushirildi. Hozirgi kunga qadar ushbu videoportalga 200 dan ortiq videodars joylashtirildi. Shuningdek, talabalarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish maqsadida vazirlik portali tarkibida audiokitoblar elektron kutubxonasi https://audiobook.edu.uz tashkil etildi, unga zamonaviy va klassik adabiyotlar joylashtirilib borilmoqda. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda 3 ta, shuningdek, Fargʻona, Surxondaryo va Samarqand viloyatlari telekanallari orqali fanlar boʻyicha teledarslar oʻtkazish tizimli yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, “Mening yurtim” (MY5) telekanalida Psixologiya va Ingliz tili fanlaridan, “UzReport” telekanalidaakademik litsey oʻquvchilari uchun matematika, ingliz tili, fizika, informatika, rus tili, geografiya, oila psixologiyasi, matematika ingliz tilida SAT fanlaridan, pedagogika taʼlim sohasining barcha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari fanlaridan ZOʻR TV telekanali hamkorligida teledarslar yoʻlga qoʻyildi. Yuqorida qayd etilgan ishlar talabalarimizga masofadan turib taʼlim olishlarini tashkillashtirish maqsadida juda qisqa vaqtda amalga oshirildi. Buning uchun oliy taʼlim muassasalarida professor-oʻqituvchilar tomonidan tegishli oʻquv resurslari yaratildi, ular oʻzlarining fanlari boʻyicha avvaldan tayyorlab yurgan barcha oʻquv materiallarini platformaga joylashtirdilar. Virtual muhitda ishlashni yaxshilashlari uchun “Masofaviy taʼlimni tashkil etish texnologiyalari” kurslari yoʻlga qoʻyildi. Oliy taʼlim muassasalari 85 ta zamonaviy server qurilmalari bilan taʼminlandi, Internet tezligini oshirish boʻyicha amaliy choralar koʻrildi. Professor-oʻqituvchilar tomonidan ham masofaviy mashgʻulotlarni olib borishlariga maʼlum miqdorda moliyaviy sarf-xarajatlar boʻldi. Hammamiz bilamiz, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va xizmatlari maʼlum mablagʻlarni talab etadi. Bir soʻz bilan aytganda, qisqa muddatda ham texnik jihatdan, ham dasturiy taʼminot va resurslarni shakllantirish boʻyicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi. Albatta bularning zamirida kattagina moliyaviy xarajatlar turadi, dunyo tajribasida ham yangi formatdagi oʻquv jarayonini tashkil etish dastlabki bosqichda kattagina resurslarni sarflashni taqozo etadi. Zero, maqsadimiz talabalarning oʻquv jarayonini metodik qoʻllab-quvvatlash orqali ularni nazariy bilim olishlarini taʼminlash edi. Amaliy mashgʻulotlar ham fanlarning xususiyatlaridan kelib chiqib masofadan turib olib borildi. Masofaviy bajarish imkoni yoʻq laboratoriya ishlari pandemiya tugagandan keyin oʻtkazilishi rejalashtirildi. Shuningdek, turli sabablarga koʻra masofaviy taʼlim olmagan talabalarga pandemiya tugagandan keyin oʻqishlarini anʼanaviy shaklda davom ettirishga va fanlarni oʻzlashtirishlariga imkon berilmoqda, yaʼni bu talabalarga ham keyingi kursda oʻrnatilgan muddatlarda oʻqishni davom ettirishga imkoniyat yaratiladi. Masofaviy taʼlim olish talabalar uchun karantin cheklovlari oqibatida umumiy oʻqitish davri uzayib ketishini oldini olish imkonini beradi. Oʻqishni faqat off-line shaklda davom ettirishni xoxlovchilar uchun, karantin talablari imkon bergan davrdan tegishli semestrdan davom ettirish imkoni doim saqlanib qoladi. Shu bilan birga, bitiruvchi kurs talabalarining oʻquv jarayoni poyoniga yetish arafasida boʻlgani uchun ularga oʻz vaqtida bitirishlari uchun tegishli sharoitlar yaratib berildi, on-layn himoyalar oʻtkazildi. Bitiruvchilarga diplomlarini on-layn olish imkoniyati ishlab chiqildi, mamlakatimizda birinchi bor QR kodli diplomlar berila boshlandi. Bundan tashqari, aprel oyidan boshlab oliy taʼlim muassasalarida rejalashtirilgan barcha ilmiy konferensiyalar, seminarlar on-layn formatda oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyildi. Ayniqsa, talabalar oʻrtasida har yili oʻtkaziladigan fan olimpiadalari bu yil on-layn formatda amalga oshirilishi talabalarimizga maʼqul keldi. Shunisi quvonarliki, 2019-2020 oʻquv yilining ikkinchi semestrida ushbu tizimlardagi 113 ta oliy taʼlim muassasasining taʼlim resurslaridan foydalanish uchun 417 816 nafar talaba va 29 030 nafar professor-oʻqituvchi roʻyxatdan oʻtib, tegishli faoliyatlarini masofaviy taʼlim platformasida olib bordilar. Boshqacha qilib aytganda, texnik jihatdan imkoniyati bor va xoxlovchi talabalarga masofadan oʻqish imkoniyatlari berildi. Albatta, bu bizning taʼlim tizimimizda oʻziga xos yangilik boʻldi, shu nuqtayi nazardan taʼlim sifatini taʼminlashda kamchiliklar ham boʻlgan, chunki har qanday yangilikni kiritish doim qiyinchiliklarga uchrab kelgan. Eʼtibor bersangiz, rivojlangan davlatlarda ham dastlab masofaviy taʼlim asosan laboratoriya ishlari, amaliy mashgʻulotlar kam taʼlim yoʻnalishlarida amalga oshirildi. Masofaviy taʼlim sifatini taʼminlash uchun, ham oliy taʼlim muassasalari, ham professor-oʻqituvchilar, ham talabalar, ham aloqa kanallari birdek tayyor boʻlishlari lozim. Lekin, avvaldan taʼlim sohasiga masofaviy oʻqitish elementlarini kiritib borishga yoʻnaltirilgan maqsadli faoliyat pandemiya tufayli ushbu ishlarni tezlashtirishni taqozo etdi. Muhimi yoʻnalish toʻgʻri belgilangani, taʼlim muassasalarida xato qilishdan qoʻrqmaslik maʼlum darajada yangi formatdagi oʻquv jarayonini boshlashni taʼminladi. Bugungi kunda oliy taʼlim muassasalarida yangi oʻquv yilidan kredit-modul tizimini joriy etishga tegishli tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Xoʻsh bu tizim nima beradi? Avvalombor yangi tizim talabalarni koʻproq mustaqil taʼlim olishlarini talab etadi. Mustaqil taʼlim faqatgina darslik yoki oʻquv qoʻllanmadan foydalanib tayyorlanishni emas, balki koʻplab axborot manbalaridan foydalanishni taqozo etadi. Bugungi kunda taʼlim paradigmasi oʻzgarmoqda, yetakchi xorijiy universitetlar ham, variativ (gibrid shakl) taʼlim trayektoriyalarini, masofaviy kurslarni, oʻqitish texnologiyalarini tobora keng joriy etishmoqda. Pandemiya sharoitlarida bizning oliy taʼlim muassasalari ham maʼlum maʼnoda dastlabki tajribani toʻplashdi. Endilikda muhimi talabalarimizda ham masofadan taʼlim olish madaniyatini yuksaltirishimiz ustida ishlashimiz lozim. Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalar, kanallar va guruhlar orqali masofaviy taʼlim olishga taalluqli savol-javoblar, mulohazalar va izohlar kabi yozishmalar soni ortib bormoqda. Bu fikr mulohazalarning ayrimlariga qoʻshilish ham mumkin, qoʻshilmaslik ham mumkin. Muhimi talabalarimiz ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanishlari, oʻzlari bilim olish uchun tinmay bilim izlashlari, qolaversa yetuk mutaxassis boʻlishlari uchun faqatgina fanlarni oʻzlashtirishlari yetarli emasligi, doimiy oʻz ustida ishlashlari lozimligini yaxshi uqishlari shart. Buning uchun barcha oliy taʼlim muassasalarida yetarli sharoitlar yaratib berish uchun zarur harakatlar qilinmoqda. Download 31.67 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling