29-modda. Venchur tashkilotlar, fondlar, shirkatlar
Asosiy faoliyat turi xavfli innovatsion loyihalar amalga oshirilishini moliyalashtirishdan iborat bo‘lgan ham yuridik shaxs shaklida tashkil etiladigan, ham yuridik shaxs sifatida tashkil etilmaydigan ixtisoslashtirilgan moliya institutlari venchur tashkilotlar, fondlar, shirkatlardir (bundan buyon matnda venchur tashkilotlar deb yuritiladi).
Yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan chet ellik yuridik va jismoniy shaxslar venchur tashkilotlarining ta’sischisi bo‘lishi mumkin.
Venchur tashkilotlari:
yangi tashkil etilayotgan yuridik shaxslarning ustav fondida ulush asosida ishtirok etishga;
o‘z mablag‘larini yangi ishlanmalarni amalga oshirish uchun garovsiz, kafilliksiz va kafolatsiz berishga haqli.
Venchur tashkilotlarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ta’sischilarning qaroriga binoan amalga oshiriladi.
30-modda. Innovatsiya markazi
Innovatsiya markazi innovatsion faoliyat sohasida yangi g‘oyalarni yaratishdan yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishgacha bo‘lgan to‘liq ishlar turkumini amalga oshirish maqsadida yuridik shaxs shaklida tashkil etiladi.
Innovatsiya markazi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
yangi g‘oyalar va ishlanmalar bazasini shakllantirish;
yangi g‘oyalarni takomillashtirish va kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish (akseleratsiya);
innovatsiyalarga yangi g‘oyalar va ishlanmalarni tatbiq etish uchun moddiy-texnik shart-sharoitlarni ta’minlashga ko‘maklashish;
innovatsion menejment bo‘yicha treninglar o‘tkazish;
innovatsion loyihalarni moliyalashtirish va ularni amalga oshirishga ko‘maklashish;
marketing tadqiqotlari o‘tkazish;
yangi ishlanmalarni bozor talablariga yo‘naltirish va moslashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
innovatsion faoliyat subyektlari o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirish;
yangi g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni ommalashtirish maqsadida reklama va ko‘rgazmaga oid xizmatlar ko‘rsatish.
Innovatsiya markazini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |