3-bob. Innovatsion faoliyatni amalga oshirish
15-modda. Innovatsion faoliyat subyektlari
Innovatsion faoliyat subyektlari quyidagilardan iborat:
innovatsion faoliyatni amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar;
innovatsion faoliyat sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar;
tashkiliy-huquqiy shaklidan va mulkchiligidan qat’i nazar, yangi ishlanmalarni yaratadigan, joriy etadigan va innovatsiyalardan foydalanadigan ilmiy, ilmiy-tadqiqot, oliy ta’lim, ishlab chiqarish tashkilotlari va boshqa tashkilotlar;
innovatsiyalar ishlab chiqaruvchilar va foydalanuvchilar manfaatlarini ifodalovchi va himoya qiluvchi nodavlat notijorat tashkilotlari;
innovatsion faoliyat jarayonida amalga oshiriladigan va foydalaniladigan intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquq egalari;
innovatsion faoliyatga investitsiya qilishni amalga oshiruvchi investorlar va tadbirkorlik subyektlari.
16-modda. Innovatsion faoliyat subyektlarining huquqlari
Innovatsion faoliyat subyektlari quyidagi huquqlarga ega:
usullarni, texnik vositalarni va asbob-uskunani mustaqil ravishda tanlagan hamda qo‘llagan holda erkin innovatsion faoliyatni amalga oshirish;
innovatsion faoliyatni yakka tartibda yoki jamoaviy asosda amalga oshirish;
innovatsion loyihalar tanlovlarida, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan innovatsion loyihalar tanlovlarida ishtirok etish;
innovatsion faoliyat xavflarini mustaqil belgilash va baholash, ularni baholash hamda kamaytirish usullarini tanlash;
innovatsion faoliyatni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ilmiy, texnologik, statistikaga oid va boshqa axborotni olish, davlat sirlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar bundan mustasno;
intellektual mulk obyektlari yaratilgan hollarda, ularning mualliflari yoki huquq egalari deb e’tirof etilish, shuningdek intellektual mulkni huquqiy jihatdan himoya qilish;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan soliq, bojxona imtiyozlaridan va preferensiyalardan foydalanish;
innovatsion faoliyat davomida o‘zlari olgan natijalarni, agar ular davlat sirlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olmagan bo‘lsa, e’lon qilish.
Innovatsion faoliyat subyektlari qonun hujjatlariga va tuzilgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |