17-modda. Innovatsion faoliyat subyektlarining majburiyatlari
Innovatsion faoliyat subyektlari:
innovatsion faoliyatni amalga oshirish chog‘ida qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;
O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan innovatsion loyihalarni amalga oshirish doirasida yaratilgan yangi ishlanmalarning belgilangan tartibda tijoratlashtirilishini ta’minlashi;
innovatsion faoliyatga yo‘naltiriladigan mablag‘lardan maqsadli foydalanishi;
fuqarolarning hayotiga va sog‘lig‘iga, atrof-muhitga zarar yetkazmasligi;
intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish bo‘yicha talablarga rioya etishi shart.
Innovatsion faoliyat subyektlarining zimmasida qonun hujjatlariga va tuzilgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
18-modda. Innovatsiyalarning turlari
Innovatsiyalar quyidagi turlarga bo‘linadi:
mahsulotga oid innovatsiyalar — texnik va texnologik jihatdan yangi yoki takomillashtirilgan mahsulotni (ishlarni va xizmatlarni) ishlab chiqishga hamda joriy etishga qaratilgan innovatsiyalar;
jarayonga oid innovatsiyalar — texnik va texnologik jihatdan yangi yoki takomillashtirilgan ishlab chiqarish yoxud ta’lim usullarini ishlab chiqish va joriy etishga, shuningdek texnologiyalar transferini amalga oshirishga qaratilgan innovatsiyalar;
marketingga oid innovatsiyalar — mahsulotlarning dizayni va qadoqlaridagi o‘zgarishlarni qamrab oluvchi yangi yoki takomillashtirilgan usullarni joriy etishga, mahsulotni (ishlarni va xizmatlarni) sotish va taqdim etishning yangi usullaridan foydalanishga, yangi narxlash strategiyalarini shakllantirishga qaratilgan innovatsiyalar;
tashkiliy innovatsiyalar — biznesni tashkil etish va yuritish, ish o‘rinlarini tashkil etish va tashqi aloqalarni yo‘lga qo‘yishning yangi yoki takomillashtirilgan usullarini joriy etishga qaratilgan innovatsiyalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |