1.2. Ehtiyojlar yuksalib borishining ijtimoiy sabablari. Kishilik jamiyati taraqqiyotiga nazar tashlasak ehtiyojlarning yuksalib borishini ko‘ramiz. Ehtiyojlarni uzluksiz o‘zgarib turishi har qanday jamiyatga xosdir. Fanda insonning ehtiyojlari cheksizligi, doimo yuksalib borishi allaqachonlar qayd etilgan. Qondirilgan ehtiyoj yangi ehtiyojlarni keltirib chiqarishi xalqda “Insonning ko‘zi tuproqqa to‘lganda to‘yadi” degan naql kelib chiqishiga sabab bo‘lgan. Hozirgi nazariyachilar ehtiyojlar cheksiz, ular o‘sishining to‘xtashi, jamiyat hayotini to‘xtashini bildiradi deb e’tirof etishadi. Ehtiyoj o‘smaganda ishlab chiqarishni ham, ilm-fan va madaniyatning ham taraqqiy etishiga zarurat bo‘lmas edi. Ehtiyojlarning yuksalishi turli yo‘nalishda amalga oshadi. Jamiyatning ehtiyojlari miqdoran o‘sib boradi. Bu, bir tomondan, aholi sonining ko‘payib borishi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, turmush farovonligiga hamda odamlarning yangi bilimlarga, axborotlarga, muloqotga, kasb-hunar egallashga, o‘z imkoniyatlarini yuzaga chiqarishga nisbatan qiziqishning o‘sib borishi bilan bog‘liq. - Ehtiyojlarning o‘sib bormasligi shaxs rivojining to‘xtab qolishi, ba’zan uning tanazzulga yuz tutishiga olib keladi. Biroq, ehtiyojlarning jadal sur’atda o‘sishi ularni qondirish imkoniyatidan uzilib olg‘a ketib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday holda muayyan ehtiyoj o‘zining haqiqiy bunyodkorlik kuchini yo‘qotib, keskin salbiy omilga aylanib qolishi mumkin. Masalan, o‘smir yoki yigitning daromadni hisobga olmasdan yashashga odatlanishi ehtiyojga aylanib qolsa, daromadning yetishmaydigan qismini nopok yo‘llar orqali topishga harakat qilishi mumkin. Yoki, o‘quvchining sinfdoshlari oldida afzalliklarini ortiqcha baholash unda boshqalarga nisbatan hamisha alohida, maxsus mavqeda bo‘lish ehtiyojini tug‘diradi. Bu holat keyinchalik o‘sha bolada xudbinlik sifatlari vujudga kelishiga, yurish-turishlari va xatti-harakatlariga yuqori baho olish uchun har qanday nopok yo‘llardan foydalanishga intilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
- Ishlab chiqarish ehtiyojlarni shakllantirar ekan, o‘z navbatida ehtiyojlar ham moddiy hamda ma’naviy ishlab chiqarishga ta’sir etadi:
- 1. Ehtiyojlar yaratuvchanlik faoliyatining sababi sifatida uning aniq yo‘nalishiga asos bo‘ladi. Bilim olishga, o‘qishga bo‘lgan ehtiyojlar kitob ishlab chiqarishni, san’atga bo‘lgan inson ehtiyojlari kinofilmlar, musiqalar, ashulalar, tasviriy san’at asarlari, raqs, teatr, san’ati asarlarini va mutaxassislarini yaratishni talab etadi.
- 2. Inson ehtiyojlarining miqdor va sifat jihatdan tez o‘zgarishi ishlab chiqarishni unga moslashishiga undaydi. Insonlarning mahsulotlarga (telefon, televizor, kompyuter va hokazo) ehtiyojlarini o‘sishi, ulardagi qulaylik, sifat jihatlariga bog‘liq. Shu bilan birgalikda, sifatli mahsulotlarni inson tomonidan talab qilinishi moddiy hamda ma’naviy ishlab chiqarish sohalarida rivojlanishni talab qiladi.
- 3.Ehtiyojlar avangardlik rolini o‘ynaydi, pastdan yuqoriga intiladi.
- Yanada mukammalroq, yaxshiroq, qulayroq, go‘zalroq buyumni yoki san’at asarini yaratishga intilish, yanada teranroq va kengroq, aniqroq bilimni egallashga, yanada mukammalroq texnikaviy asbob-uskunalarni ixtiro etishga urinish, turmush darajasini yanada yaxshilash, farovonlikka erishish niyatida yelib yugurish natijasida ehtiyojlari yuksaladi
- Jamiyatning moddiy va ma’naviy madaniyatining pastligi insonlarni ehtiyoji doirasini cheklab, eng zarurlarinigina mavjud bo‘lishiga olib keladi. Bunga shunday hollar ta’sir ko‘rsatadi:
- - jamiyat moddiy va ma’naviy madaniyatni pastligi, inson ehtiyojlarining eng zarurlari bilan cheklanishi. Eng zarur ehtiyojlar esa juda sekin o‘sadi;
- - jamiyatda mehnat taqsimotining, jumladan aqliy mehnat taqsimotining ham yetarlicha rivojlanmaganligi, turli moddiy va ma’naviy mahsulotlarni ishlab chiqarish va ehtiyojlarni oshib borishiga yo‘l qo‘ymaydi;
- - oylik maoshlarning, daromadning pastligi, narxlarning baland, insonning har qanday eng oddiy ehtiyojlarni ham qondirishga to‘sqinlik qiladi. Odamlarning daromadining asosiy qismini oziq-ovqatga, kiyim-kechakka, communal to‘lovlarga sarflashga majbur bo‘lishgan;
- Inson ehtiyojlarining muttasil ravishda o‘zgarib, yangilanib, yuksalib borishi jamiyat rivojlanish qonunlarida o‘z ifodasini topgan. Ehtiyojlarning o‘zi ham bir-birini taqazo etadi: insonda bir ehtiyojning paydo bo‘lishi va qondirilishi boshqa bir ehtiyojni keltirib chiqaradi. Masalan, qo‘shiq kuylamoqchi bo‘lgan qo‘shiqchida, notalar, musiqa san’atiga oid bilimlar, qo‘shiq kuylashga oid bilimlarni bilishni taqazo etadi.
- Ehtiyoj qat’iyan tabaqalashgan bo‘ladi. Ehtiyojlarning yuksalishi kishilarning odati, didi, ruhiyati, yoshi, jinsi, jismoniy tuzilishi, oilaviy ahvoli, millati, mehnat va yashash sharoitlariga ham bog‘liq. Chunki yoshlarning musiqaga bo‘lgan ehtiyoji yoshi kattalarnikidan, qishloqda yashaydigan inson bilan shaharlik o‘rtasida, o‘qituvchi bilan harbiy xizmatchi ehtiyojlari o‘rtasida, ayollar hamda erkaklarning ehtiyojlari o‘rtasida, o‘ziga to‘q xonadon vakilining ehtiyojlari o‘rtahol oila vakilining ehtiyojlaridan ancha farq qiladi.
- Insonda madaniy va ma’naviy ehtiyojlar turmush tajribasi ortishi, bilim saviyasi kengayishi, maxsus mashqlar egallashi, ijtimoiy hayot qoidalariga uzluksiz ravishda rioya qilishi, narsa va hodisalarga munosabati o‘zgarishi tufayli rivojlana boradi. Odam tobora barkamol bo‘la borishi uning oldiga yangicha talablar qo‘yadi, ularni bajarish esa ehtiyojning yangi, nisbatan murakkab, mohiyat jihatdan teran xususiyat kasb etuvchi shakllarini vujudga keltiradi. Ularning qondirilishi esa o‘z tuzilishga ega bo‘lgan yangi vositalarni taqozo etadi. Ma’lumotlilik, aql-zakovat ko‘rsatkichining yuksalishi, iste’dod alomatlarining ro‘yobga chiqishi, faollikning ortishi, xatti-harakat tarkibida keraksiz bo‘g‘inlarning kamayish ehtiyoji takomillashgan shaklining namoyon bo‘lishini ta’minlaydi. Inson komfort (qulaylik) sari intilar ekan, unda yangi ehtiyojlar yuzaga keladi, ularning qondirilishi yangi bir sifat darajasiga ko‘tariladi. Madaniyatning yangi qirralari ochilishi, ma’naviyatni egallashga nisbatan xohish – istakning kuchayishi, fan va texnikaning taraqqiyoti, millatlararo munosabatlar ko‘lamining kengayishi rang-barang ehtiyoj turlari va shakllari rivojlanishiga muhim shart-sharoitlar yaratadi.
- Inson ehtiyojlarining o‘sishiga: texnologiyalar rivojlanishi va yangi bilimlarga, kasbiy mahorat o‘sishi (yaratuvchanlik, ijodkorlik imkoniyati), ishlab chiqarishni takomillashtirish, mehnat unumdorligi, samaradorligini oshirish zarurarati; turmushni, hayotni go‘zallik qonunlari asosida takomillashtirish, qayta yaratish zarurati; ijtimoiy munosabatlarni rivojlantirish zarurati; insonning erkinlik darajasini yuksaltirish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish, estetik, axloqiy, texnologik, siyosiy, huquqiy ehtiyojlarining muayyan shakllarini rivojlantirish; demokratiyani, huquqiy davlatni va ochiq fuqarolik jamiyatini rivojlantirish zarurati; komil insonni tarbiyalash, insonning o‘z qobiliyatlari va imkoniyatlarini yuzaga chiqarish zarurati kabi ijtimoiy omillar sabab bo‘ladi.
- Insonning barkamollik sari intilishdagi imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish orzusi ehtiyojlar rivojlanishining harakatlantiruvchi kuchiga aylanadi.
- Insonning dunyoqarashi, maqsad va intilishlari, xohish-istaklari singari ehtiyojlari ham turlicha. Hayotda ehtiyojlar va manfaatlar - inson yaratuvchanlik faoliyatini harakatlantiruvchi kuch hisoblanadi.
- Birinchi bobda ta’kidlanganidek, insonning yaratuvchanlik faoliyati ikki yo‘nalishda namoyon bo‘ladi: moddiy ishlab chiqarish va ma’naviy ishlab chiqarish. Inson hayoti va uning taraqqiyoti juda murakab, ko‘p qirrali va chigal muammolarga boydir. Chunki inson siyosat yuritishi, san’at, adabiyot, im-fan bilan mashg‘ul bo‘lishi, ta’lim jarayonlarida qatnashishi, madaniy hordiq chiqarishidan oldin oziq-ovqat iste’mol qilishi, keyinishlari va boshqa moddiy ehtiyojlarini qondirishi zaruriyatdir. Ma’naviy ehtiyojlar moddiylariga nisbatan yanada rang-barangroq va murakkabroqdir.
- Ma’naviy ishlab chiqarish faoliyati ma’naviy boyliklarni yaratish hamda ma’naviy boyliklarni o‘zlashtirish, iste’mol qilishni, bu boyliklarni o‘zlashtirgan va rivojlantira oladigan avlodni tarbiyalashni o‘z ichiga oladi. Inson ma’naviy faoliyati borliqni ratsional amaliy va nazariy bilishga qaratilganligi ma’naviy ishlab chiqarishning yoki aqliy mehnatning muhim belgilaridan biri hisoblanadi. Bu jarayon inson ma’naviy ongini, dunyoqarashini o‘stirishi, rivojlantirishi bilan bir qatorda g‘oyalar, bilimlar, nazariyalar, badiiy obrazlar va boshqa ma’naviy qadriyatlar yaratilishi orqali inson ma’naviy ehtiyojlari qondirish jarayonidir.
- Ma’naviy ehtiyoj moddiy ehtiyojlar bilan bog‘liq holda rivojlanadi. “Ma’naviy ehtiyojlar – davlat, jamiyat va shaxsning barqaror turmushida moddiy ehtiyojlardan boshqa ma’naviy talablar, manfaatlar va ehtiyojlarini qondirishga bo‘lgan intilishini ifodalovchi tushuncha”[1], - deyiladi ma’naviyatga doir asosiy tushunchalar izohli lug‘atida. Ma’naviy ehtiyojlar ijtimoiy, siyosiy, falsafiy, ilmiy, axloqiy, diniy, huquqiy va boshqa yo‘nalishlarda aniq namoyon bo‘ladi. Shu boisdan, ma’naviy ehtiyojlar ijtimoiy ong shakllariga tayanadigan faol harakat asosida ta’minlanadi. Ma’naviy ehtiyojlarning qondirilmasligi jamiyat barqaror hayotida turli buzg‘unchi g‘oyalarning paydo bo‘lishiga olib kelishi, ayrim hollarda davlat va jamiyat hayotiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Shu sababli ma’naviy ehtiyojlar tarzida namoyon bo‘lgan talablar va manfaatlarni bosqichma-bosqich qondirilishi bilan ko‘plab mafkuraviy-ijtimoiy muammolarni bartaraf etish mumkin.
-
- Ma’naviy ehtiyojlarning qondirilishi shaxs va jamiyat hayotining yuksalishiga sabab bo‘lib, uni taraqqiyotga yo‘naltiradi. Chunki ma’naviy ehtiyojlarning mohiyatida, avvalo, narsa va hodisalarning, manfaatlar va intilishlarning ichki eng muhim o‘zaro bog‘lanishlari, ularning qonuniy aloqadorligi ifodalanadi. Ma’naviy-madaniy ehtiyojlari rivojlangan xalqning mooddiy-ijtimoiy talablari, farovon va erkin turmush kechirishiga, ilm-fan va yangi ilg‘or texnologiyalarga nisbatan talablar ham yuqori bo‘ladi. Iqtisodiyoti rivojlangan xalqning ma’naviyatni, ilm-fan, adabiyot va san’atni, turmush madaniyatiniyuksaltirish imkoniyatlari, madaniy saviyasi yuqori bo‘ladi. Bular o‘z navbatida demokratik erkinliklarni, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish imkonini kuchaytiradi. Mustaqilligi ta’minlangan, xavf-xatardan holi (xavfsizlikka bo‘lgan ehtiyojining qondirilishi) jamiyatda yashayotgan odamlar yaratuvchanlik qobiliyatini ishga solib taraqqiyotga erishishi osonlashadi. Ma’naviy ehtiyojlar shu narsa va hodisalarni tashkil etuvchi tomonlar, xususiyatlar, bog‘lanishlarning namoyon bo‘lish shaklida ko‘zga tashlanadi. Ma’naviy ehtiyojlar mohiyatida inson bilimga, kamolotga intilish, yuksak ideallarga ergashish orqali o‘z-o‘zini namoyon etish va anglashi yuzaga chiqaradi. Ma’naviy ehtiyojlar jamiyat taraqqiyoti darajasini, axloqiy ideallarini, maqsad va manfaatlarning qanday g‘oyalarga yo‘nalganlik xarakterini ko‘rsatadi.
- Ma’naviy ehtiyojlar yuksak ehtiyoj hisoblanib, bir qator turlarga:
- o‘zligini (milliy o‘zlikni) anglashga bo‘lgan ehtiyoj. Odam uchun eng qiyin, murakkab muammo o‘zligini anglash va qadrlashdir. O‘zi inson ekanligini anglagan odam, albatta, o‘z qadr-qimmatini biladi, bunday kishilardagina boshqalarni qadrlash his-tuyg‘usi kuchli bo‘ladi. O‘zlikni anglash, avvalo, nasl-nasabini, hayotdagi, jamiyatdagi o‘z o‘rnini, haq-huquqlarini, mas’uliyatini, fuqarolik burchuni bilish demakdir. Bundan tashqari, o‘zlikni anglash o‘zini millatning vakili sifatida uning taqdiriga, orzu-intilishlariga, maqsadlariga daxldorlik, va mas’ullik tuyg‘usini his qilishni , ona tili, milliy madaniyati bilan mag‘rurlanishni, ya’ni sog‘lom g‘ururni bildiradi. O‘zlikni anglash o‘z oldiga yuksak, ammo real maqsadlarni qo‘yish, aniq kelajak rejalariga ega bo‘lish hamdir.
- yaratuvchanlik va mehnatga bo‘lgan ehtiyoj. Mehnatga bo‘lgan ehtiyoj funksional ehtiyoj zaminida shakllanadi, busiz, odam organizmining normal rivojlanishi mumkin emas. Funksional ehtiyojlar o‘z-o‘zidan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri mehnat ehtiyojiga aylanib qolmaydi. Bu holat mehnat faolligining namoyon bo‘lish formasi sifatida boshqa ehtiyojlarni, shu jumladan, bilish ehtiyojlarini qondirishga olib kelgan taqdirda, boshqa ehtiyojlarni qondirish imkoniyatidan mahrum qilmasa, agar u majbur qilsih vazifasi bo‘lib qolmasagina mehnat ehtiyoji kelib chiqadi. Masalan, duradgor yog‘ochga ishlov berish texnikasini bilmasdan turib buyum yarata olmaydi. Ko‘pchilik odamlar mehnat qilishi orqali zavq oladi, lazzatlanadi. Bu esa ma’naviy ehtiyojlarning qondirilishidir. Rus yozuvchisi M.Gorkiy mehnat qilish haqida quyidagi fikrni ta’kidlaydi: Mehnatsiz hayot – o‘g‘irlikdir, san’atsiz hayot – vaxshiylikdir.
- bilish, bilim olish, bilimlarni egallash va ulardan ilmiy faoliyat jarayonida foydalanishga bo‘lgan ehtiyoj. Bilish – olamning inson ongida in’ikos etishi jarayoni. Inson o‘zini qurshab olgan atrof-muhit to‘g‘risida bilim va tasavvurga ega bo‘lmay turib, faoliyatning biron-bir turi bilan shug‘ullana olmaydi. Bilishning mahsuli, natijasi bilim bo‘lib, har qanday kasbni egallash faqat bilim orqali ro‘y beradi. Bilish va bilim olish faqat insongagina xos bo‘lgan ma’naviy ehtiyoj, hayotiy zaruriyatdir. Ma’naviy sog‘lom odamda tinmay bilim olib turish ehtiyoji mavjud bo‘ladi. Bilim kishilarning tabiat va jamiyat hodisalari haqida hosil qilingan to‘g‘ri ma’lumotlari, ko‘nikmasi, insonning ilgarigi tajribalari asosida muayyan faoliyat yoki harakatni bajarish va boshqarish jarayonlarida olingan axborotlar majmuidir. Masalan, ilmiy tadqiqot olib borayotgan olim turli izlanishlar, tajribalar o‘tkazish tufayli oldida turgan ilmiy muammolarga yechim topishgan harakat qiladi, shu bilan birgalikda, yangi bilimlarni egallashga, masala yechimini osonlashtirishga intiladi.
- axloqiy madaniyatga ega bo‘lish va ularni hulq-atvorda namoyon etishga bo‘lgan ehtiyoj. Axloqiy ehtiyojlar shaxsning ishlab chiqarish faoliyatini rag‘batlantirishi, odamlar bilan o‘zaro munosabatini tartibga solishi, oilaviy hayot, turmushda xulq-atvorning o‘rnini aniq tayin etishi, jamiyat, tabiat va, umuman, o‘z-o‘ziga munosabatini ham ifodalaydi. Axloqiy ehtiyoj – shaxsning individual ichki holatning ruhiy mexanizmi sifatidagi aqliy, ruhiy, emotsional omillar bilan bog‘liq bo‘lib, uning hayot, jamiyat, turmush, odamlar o‘rtasidagi o‘rnini mustahkamlash va mavqeni yuksaltirishda muhim rol o‘ynaydi. Shaxs axloqiy ehtiyojlarining muhim xususiyati jamiyat manfaatlari va axloqiy mezonlariga uyg‘un holda mavjud tuzum va ma’naviy-axloqiy me’yorlar tarkibidan mustahkam o‘rin olishi, boshqa birlamchi ehtiyojlaridan keskin ajralib turishida ko‘zga tashlanadi.
- diniy-e’tiqodiy ehtiyoj. Din, axloq kabi, ma’naviyatning birlamchi poydevori va mavjudlik shakllaridan biridir. Din e’tiqodning, dunyoqarashning, binobarin, ma’naviyatning falsafa bilan birgalikda konseptual negizini va mazmunini tashkil qiladi. Falsafa – e’tiqod, dunyoqarashning ilmiy-rasional negizi, ilmiy-mantiqiy mazmuni. Din esa ko‘proq emotsional, ruhiy ishonch negizi va asotiriy mazmunidir. Uzoq asrlar davomida barcha xalqlarda, barcha mintaqalar va qit’alarda inson ma’naviy hayotida din yetakchilik qilgan, industrial jamiyatgacha belgilovchi rol o‘ynagan.
- Dinning turli xil funksiyalari bor. Insonlar orasida toza va notoza, iste’molga yaroqli va yaroqsiz, qilish mumkin yoki mumkin emas kabi tushunchalar, me’yorlar diniy mazmun kasb etdi.
- estetik-badiiy va boshqa estetik qadriyatlarni yaratish va anglashga bo‘lgan ehtiyoj. Estetik tarbiya manaviy tarbiyaning muhim yo‘nalishlari va shakllaridan biridir. U insonda go‘zallikka, olamni “go‘zallik qonunlari bo‘yicha” qayta yaratishga intilishni tarbiyalaydi. Insonning mohiyatli belgilaridan biri – moddiy va ma’naviy ehtiyojlari yuksaladigan mavjudot ekanligidir. Estetik ehtiyojlar – uyg‘unlikka, garmoniyaga, simmetriyaga intilishga, buyumlarni qulay va bejirim qilib ishlashga urinish, tabiatga taqlidan kuy to‘qish, raqsga tushish, xirgoyi, xonish qilish, surat chizish va shu kabi go‘zalliklar yaratishga intilishni shakllantirgan. Mehnat, axloqiy va estetik ehtiyojalar insonda ko‘ngil, qalb degan narsani tarbiyalagan. Qalb, ko‘ngil hayvonlarda yo‘q. U faqat insonda paydo bo‘ldi. Inson doimo go‘zallikka intiladi: chiroyli kiyinish, ozoda va yaxshi jihozlangan uyda yashash, uyg‘unlikda yaratilgan ma’naviy merosdan bahramand bo‘lish va h.k.
- ijod qilishga bo‘gan ehtiyoj. Ijod – insonning yangilik yaratishga qaratilgan konstruktiv faoliyati. Ijod jarayonida inson ruhiyatining hissiy (hissiy qabul qilish, idrok, tasavvur, tuyg‘u, ishtiyoq va h.k.), ratsional (aql, anglash, farosat, diqqat, xotira) va noratsional (intuitsiya, ruhiy ko‘rsatma va shu kabilar) unsurlari o‘zaro faol munosabatda bo‘lib, bunda tadqiqotchining bilimi, malakasi, tajribasi va iste’dodi namoyon bo‘ladi. Ijod qilish ham yaratuvchanlikning bir ko‘rinishi bo‘lib, ma’naviy mahsulotlar yaratish faoliyatidir. Ijod qilish orqali yangi narsalar yaratilishi bilan birgalikda inson qobiliyati, mahoratini ham takomillashtirib boradi. Bu jarayon ijtimoiy hodisa sifatida ijtimoiy ehtiyojlar va jamiyat zaruriyatlari tufayli sodir bo‘ladi. Adib, shoir, rassom, haykaltarosh, naqqosh, qo‘shiqchi, raqqos, rejissor va boshqa ijod ahli vakillari o‘zlari yaratayotgan mahsulotni “davr talabi”ni hisobga olgan holda yaratadi.
- hunar egallashga bo‘lgan ehtiyoj. Inson uchun eng muhim narsalardan biri hunar egallamoq. Har qanday narsaning mohiyatini anglash, jahondagi voqealarning yaxshi-yomon tomonini bilib olish, odamlarning qadr-u qimmatini to‘g‘ri tushunish, oilaning farovon yashashini to‘g‘ri tashkil qilishi, har tomonlama mukammal inson bo‘lish uchun hunar o‘rganish, hunarli bo‘lish inson uchun zaruriy ehtiyojdir. Insonning kasb-hunar egallashi to‘g‘risida o‘zbek xalq og‘zaki ijodida, ajdodlarimiz yaratgan bebaho asarlarda pand-nasixatlar aytilgan
- Ma’naviy ehtiyojlarni turlarga bo‘lishda hayotda moddiy ehtiyojlardan butunlay ajratib olingan ma’naviy ehtiyojlarning mavjud bo‘lmasligi, shuningdek, sof fiziologik, sof ijtimoiy ehtiyojlarning bo‘lmasligi hisobga olinishi lozim. Chunki inson eng sodda ehtiyojlari bilan ham ijtimoiy mohiyat kasb etadi. Insonning sof biologik ehtiyoji bo‘lmish nasl qoldirishi, avlodni davom ettirishiga bo‘lgan ehtiyoji sevgi-muhabbat, qadir-qimmat, yuksak axloqiylik, estetik idrok kabi ijtimoiy-ma’naviy ehtiyojlarisiz o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Bularsiz inson yana hayvon, ongsiz mavjudot darajasiga tushib qoladi, o‘z navbatida mashhur shoir, bastakor, san’atkor, rassom yoki haykaltaroshning yuksak ehtiyojlari ham moddiy ehtiyojlarsiz, maqsadlarsiz mavjud bo‘lmaydi.
- Insonda sog‘lom ma’naviy ehtiyojni shakllantirish o‘ta murakkab jarayon hisoblanadi. Ma’naviy ehtiyoj shakllanishining poydevori bilim, tafakkur va idrokda o‘z aksini topadi. Oddiydan murakkablikka, shakldan mazmunga, sondan sifatga aylanish jarayonida ehtiyojlar o‘sishi namoyon bo‘ladi, lekin bizni har qanday ehtiyojlar emas, balki sog‘lom ehtiyojlar o‘sishi qiziqtiradi. Shu ma’noda, mamlakatimizda yosh avlodni ta’lim-tarbiya jarayoniga jalb etish, ularda ilm-fanni, milliy va umuminsoniy madaniyatni o‘zlashtirishga bo‘lgan intilishni qo‘llab-quvvatlanayotganligi yosh avlodda sog‘lom ma’naviy ehtiyojning shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ammo, ushbu masalaning boshqa jihati ham mavjud. Gap shundaki, ilm-fanning yutuqlarini yaxshi o‘zlashtirgan, milliy va umuminsoniy qadriyatlardan yaxshi xabardor bo‘lganlarning barchasi ham yuksak ma’naviy dunyoqarashga ega bo‘lmasligi mumkin. O‘zining havas qilsa arzigulik shaxsiy kutubxonasi bo‘lishi, yoki milliy va jahon adabiyotidan yaxshi xabardorga o‘xshashi mumkin, ammo o‘rgangan narsalaridan ezgulik yo‘lida foydalanmasligi, uni inkor etishi mumkin. Buning sababini topish ham muayyan qiyinchiliklarni tug‘diradi. Madaniyat va san’atni tushunish, anglash boshqayu lekin undan inson o‘zining ma’naviy dunyoqarashini shakllantirishda foydalana olmasligi butunlay o‘zga narsa.
- Insonda ma’naviy sog‘lom ehtiyojning shakllanishi ko‘p jihatdan did, xususan, estetik did masalasiga ham tegishlidir. Mutaxassislarning e’tirof etishicha, did ikki xususiyati bilan ajralib turadi. Estetik didning birinchi jihati aqlga tegishli bo‘lib, u idrok, fahm, farosatda o‘zini namoyon etsa, ikkinchi jihati ehtiros, his-hayajon, inson qalbi bilan bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun ham estetik did deganda, insondagi go‘zallik, ulug‘vorlik, fojiaviylik kabi estetik xususiyatlarni, umuman, nafosatni idrok etish qobiliyati nazarda tutiladi. Estetik did, tabiiyki, sog‘lom ma’naviy ehtiyojni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadigan omillardan biridir. U, aslida, qobiliyatlar ta’sirida shakllanadi. Masalan, fahm insondagi aqliy qobiliyatni oshirsa, farosat undagi axloqiy sifatlarni shakllantiradi, did esa estetik qobiliyatni yuzaga keltiradi. Ushbu qobiliyatlar, aslida, insonning tug‘ma, tabiiy holati hosilasi bo‘lsa-da, ularning shakllanishi, takomilga etishi tarbiya, ijtimoiy munosabatlar orqali yuzaga keladi. Insondagi yuqorida ta’kidlangan uch qobiliyat, pirovard natijada, sog‘lom ma’naviy ehtiyojni yuzaga keltirishga turtki bo‘ladi.
- Mukammallik sari harakat, sog‘lom ma’naviy ehtiyojni shakllantirish insondagi salbiy sifatlarni, ayrim qusurlarni bartaraf etish asnosida yuzaga kelishi mumkin. Shaxsda sog‘lom ma’naviy ehtiyojning shakllanishi bir tomonlama jarayon emas. U jamiyatimizdagi barcha fuqarolar, qarindosh-urug‘lar, do‘st-birodarlar, mahalladoshlar, umuman, millatdoshlar munosabatlari, o‘zaro aloqalari natijasida sodir bo‘ladi. Masalaga yana ham aniq yondashadigan bo‘lsak, har bir shaxsning o‘z yaqinlari va butun jamiyatga munosabati bizning yaxshi va yomon sifatlarimizda o‘z aksini topadi. Insonda sog‘lom ma’naviy ehtiyojni shakllantirish borasida qo‘yilgan ushbu “tashxis” eng to‘g‘rilaridan biridir. Zero, o‘zining kamchiligi, xatosi, qusurini ko‘ra bilgan insongina o‘zining mukammalligi uchun qayg‘urishi mumkin.
- Har qanday jamiyat, tuzum barqaror rivojlanishiga intilibgina qolmasdan, o‘zining tabiatiga, mohiyatiga mos shaxsni voyaga yetkazishga ham muhim e’tibor beradi; uning axloqiy, huquqiy, edtetik me’yorlari; ijtimoiy institutlarning faoliyati shu maqsadga bo‘ysundiriladi.
- Mustaqil O‘zbekiston ham jahonning eng ma’rifatli mamlakatlari orasida o‘z o‘rnini topib bormoqda. Barqaror rivojlanishi uchun mustaqillik dunyoqarashiga ega bo‘lgan, milliy iftixor tuyg‘usi bilan yo‘g‘rilgan, ammo millatchilik va milliy mahdudlikdan holi, hur va erkin fikrlovchi, ayni vaqtda fuqarolik mas’uliyatlarini o‘z kasb-kori, ijtimioiy muhiti talab qiladigan darajada o‘zlashtirgan shaxsni tarbiyalash lozim. Buning uchun jamiyatda ikki yo‘nalishda ish olib boriladi. Birinchidan, iqtisodiy va madaniy imkoniyatlar, moddiy va ma’naviy ishlab chiqarishni kengaytirish hamda tegishli qonunlar qabul qilinib, eski ijtimoiy institutlar qayta ko‘rib chiqilib ijtimoiy munosabatlar takomillashtirilishi orqali shaxs kamoloti uchun obyektiv shart-sharoitlar yaratiladi. Ikkinchidan, jamiyat o‘ziga mos shaxsni shakllantirish uchun unga targ‘ibot, tashviqot, ta’lim-tarbiya tizimi va boshqa mafkuraviy institutlar orqali, madaniy meros va zamonaviy qadiryatlar hamda turli xil axborotlar bilan tanishtirish, ularga baho berish orqali amalga oshiriladi.
- Shaxs voyaga yetishi, kamol topishi uchun uning muttasil o‘sib boradigan ehtiyojlari qondirilishi lozim. Ehtiyojlarni yuksaltirish masalasini u yoki bu yo‘nalishda hal qilish muayyan konseptual, uslubiy yondashuvga bog‘liq. Ehtiyojlarning vujudga kelishi va yuksalishi moddiy-iqtisodiy rivojlanishga (obyektiv negizlarga) va ma’naviy-mafkuraviy ishlarga (subyektiv negizlarga) borib taqalar ekan, demak, konseptual yondashuvlar ham ikki guruh bo‘lishi tabiiydir.
- Birinchisi – mulkiy va iqtisodiy rivojlanish modeliddan hamda iste’mol hajmini belgilovchi tamoyillardan kelib chiqadigan konseptual yondashuvlar muayyan ehtiyojlarning shakllanishini obyektiv shart-sharoit, mulkiy munosabatlar, ishlab chiqarishda mavjud bo‘lgan raqobat, bozorning ishchi kuchi va malakasiga bo‘lgan taklif va talabi taqozo etadi.
- Ikkinchisi – muayyan ehtiyojlar jamiyat tomonida ongli ravishda ta’lim-tarbiya, targ‘ibot-tashviqot tizimi yoki aksincha, tanqid qilish, salbiy baholash orqali shakllantiriladi. Bunda boqcha, maktab, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari, oliy o‘uv yurtlari, turli badiiy yoki texnikaviy ijodkorlik to‘garaklari, klublar, madaniyat uylari, ommaviy axborot vositalari qo‘llanishi mumkin. Ular siyosiylashgan, sinfiy-partiyaviy mafkuralashgan yoki siyosatdan yiroq, sinfiy mafkuradan xoli bo‘lishi lozim.
- Jamiyatda insonlarning turmush tarzi sifatining ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lsa, turmush farovonligi, ro‘zg‘or obodonchiligini ta’minlash, madaniy va maishiy ehtiyojlarni qondirishning imkoni ortadi. Qondirilgan ehtiyojlar shaxs kamolotiga xizmat qiladi va yanada yuksakroq holda takror tiklanadi. Turmush tarzining o‘sishi, inson hayotining farovonligini ortishi – ehtiyojlar yuksalishining muhim omilidir.
- Yuksak ehtiyojlarning shakllanishi ijtimoiy mo‘ljallar hamda inson dunyoqarashining o‘zgarishiga bog‘liq. Ta’lim-tarbiya tizimi har bir insonda olamga, jamiyatga, mehnatga, o‘z shaxsiyatiga munosabatini o‘zgartirishga qaratilgan. Istiqlol har bir shaxs uchun aqliy, axloqiy, estetik, kasbiy, umummadaniy va jismoniy takomillashishni ijtimoiy idealga aylantirishni ta’lim-tarbiyaning bosh vazifasi qilib qo‘ydi.
- Ma’naviy ehtiyojlar – inson ehtiyojlarining eng oliy ko‘rinishi bo‘lib, uning mohiyatida bilimga, kamolotga intilish, yuksak ideallarga ergashish orqali o‘z – o‘zini namoyon etish va anglash yotadi. Ma’naviy ehtiyojlar jamiyat taraqqiyoti darajasini, axloqiy ideallarini, maqsad va manfaatlarning qanday g‘oyalarga yo‘nalganlik xarakterini ko‘rsatadi. U o‘z mohiyatida ijodkorlik, bunyodkorlik va yaratuvchanlik salohiyatini jamlagan bo‘lib, ma’naviy ehtiyojlarning qondirilishi jamiyatning taraqqiyotiga, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy takomillashuviga vosita bo‘lib xizmat qiladi.
- Ma’naviyatga bo‘lgan ehtiyoj – inson kamolotini belgilovchi ehtiyoj, hayotning maqsad va mazmunidir. Agar insonda shu ehtiyoj bo‘lmasa, kamolot sari intilish bilan bog‘liq bo‘lgan zaruriyat ham bo‘lmaydi.
- Ma’naviy ehtiyojlar jamiyat taraqqiyotining muhim omili, u kishilik jamiyatining ijtimoiylashuvida va uning ichki taraqqiyot mexanizmlari vujudga kelishida asosiy omildir.
- Ma’naviy ehtiyojlarsiz taraqqiyot yuzaga kelishi mumkin emas, chunki bu ehtiyojlar jamiyatning iqtisodiy va madaniy darajasini belgilab beradi.
- Ma’naviy ehtiyoj zaruriy xarakterga ega, chunki jamiyat rivojlanib borar ekan u har doim ma’naviyatga, uni rivojlantirib turishga ehtiyoj orqali o‘z ideallarini shakllantiradi va unga intiladi.
- Jamiyat murakkab va serqirradir. Uning xilma-xil sohalarda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar kishilar ongida o‘z aksini topadi. Ana shu jarayonni ifodalash uchun odatda ijtimoiy va individual ong tushunchalari ishlatiladi. Ijtimoiy ong tabiiy voqelikning in’ikosi jamiyatning muayan davriga tegishli bo‘lgan his tuyg‘ular, kayfiyatlar, qarashlar, g‘oyalar, nazariyalar majmuasidir. Ijtimoiy ong jamiyatni o‘z-o‘zini ijtimoiy borligini va uni qurshab turgan voqealikni anglashidir. U jamiyatdagi axloqiy, siyosiy, huquqiy, falsafiy, diniy, estetik qarashlar va kechinmalar shaklida namoyon bo‘ladi. Ijtimoiy ong va ijtimoiy borliq bilan chambarchas bog‘lik. Jamiyat ijtimoiy ongsiz rivojlanolmaydi. Ijtimoiy o‘zgarishlar bilan bir qatorda ijtimoiy ong ham o‘zgarib rivojlanib boraveradi.
- Ijtimoiy ong jamiyat a’zolarining individual ongi yig‘indisi emas, balki jamiyatning ko‘pchilik a’zolari uchun umumiy bo‘lgan tuyg‘ular, g‘oyalar, qarashlar tizimidir. U ongning turli bosqichlari va shakllarini o‘z ichiga olgan muayyan ichki tuzulmaga ega bo‘lgan yaxlit ma’naviy hodisadir. Ijtimoiy ong ijtimoiy turmush va butun ijtimoiy hayotga faol ta’sir o‘tkazadi. U jamiyat oldida paydo bo‘layotgan muammolarni hal qilishning zarur omillari va sharoitlaridan biri bo‘lib xizmat qiladi. Uning ta’sir kuchi ijtimoiy taraqqiyotning mavjud qonuniyatlari va ehtiyojlari ijtimoiy ongda aks etishining to‘laligi va aniqligiga, ijtimoiy hayot o‘zgarishlaring aniq sharoitlari va obyektiv imkoniyatlariga, ongning amaliy faoliyat bilan aloqasiga bog‘liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |