345-modda. Ijro ishi yuritishni to‘xtatib turish va tugatish
Sud bergan ijro varaqasi asosida davlat ijrochisi tomonidan qo‘zg‘atilgan ijro ishini yuritishni sud qonunda nazarda tutilgan hollarda, undiruvchining, qarzdorning, davlat ijrochisining arizasiga ko‘ra to‘xtatib turishi yoki tugatishi mumkin.
Iqtisodiy sud tomonidan berilgan ijro varaqasi asosida qo‘zg‘atilgan ijro ishini yuritishni to‘xtatib turish va tugatish o‘sha sud yoki davlat ijrochisi joylashgan yerdagi sud tomonidan amalga oshiriladi.
Ijro ishini yuritishni to‘xtatib turish yoki tugatish to‘g‘risidagi ariza u sudga kelib tushgan kundan e’tiboran yigirma kunlik muddatda, taraflar chaqirtirilmasdan va sud muhokamasisiz sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Ijro ishini yuritishni to‘xtatib turish yoki tugatish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ajrim chiqariladi, uning ko‘chirma nusxasi undiruvchiga, qarzdorga, shuningdek davlat ijrochisiga yuboriladi.
Ajrim ustidan u chiqarilgan kundan boshlab o‘n kunlik muddatda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |