1-§. Bozor tushunchasi. Bozorning iqtisodiyot
uchun ahamiyati
Hozirgi zamon iqtisodiyoti bu — bozor iqtisodiyotidir. U er yuzidagi turli mamlakatlarda
har xil darajada, o’ziga xos xususiyatlar bilan rivojlanib bormoqda.
Bozor iqtisodiyoti deganda, eng avvalo diqqat-e’tiborimizni qaratadigan tushuncha bu —
bozor tushunchasidir. Chunki bozor iqtisodiyotining markazida tabiiy bozor turibdi. Xo’p, bozor
o’zi nima?
Bozor, eng avvalo sotuvchi va xaridorlarning uchrashadigan joyi sifatida vujudga kelgan.
Ibtidoiy jamoa tuzumi davrida qabilalar o’zlarining ortiqcha mahsulotlarini ayirboshlaydigan
bo’lganlar. Buning uchun ma’lum joy va vaqt belgilangan. Hunarmandchilikning rivojlanishi,
shaharlarning vujudga kelishi tufayli oldi-sotdi qilish uchun maxsus joy, maydonlar ajratilgan.
Hozir ham xalq orasida bozor deganda oldi-sotdi qilinadigan maxsus maydon, joy tushuniladi.
Ijtimoiy mehnat taqsimotining chuqurlashuvi, tovar ishlab chiqarishning rivojlanishi
pulning vujudga kelishi natijasida oldi-sotdi bir vaqtda hamda bir joyda yuz bermasligi mumkin
bo’-lib qoladi. Ijtimoiy mehnat taqsimoti tufayli savdo bilan shug’ullanuvchilar ajralib chiqadi.
Ijtimoiy ishlab chiqarishning yangi tarkibi — muomala sferasi vujudga keladi. Natijada bozorni
faqat oldi-sotdi qilinadigan joy deb ta’riflash reallikni etarli darajada ifodalay olmaydi. Endi
bozorni yangicha ayirboshlash aloqasi, munosabati sifatida ham tushuniladigan bo’ldi.
Iqtisodiyot nazariyasida bozor deganda aynan ana shu ayirboshlash munosabati
tushuniladi.
Bozor iqtisodiy kategoriya sifatida takror ishlab chiqarishning ayirboshlash bosqichiga
xosdir. Ammo, u har qanday ayirboshlashni emas, balki pul vositasidagi, oldi-sotdi shaklidagi
ayirboshlashni bildiradi. Agarda ayirboshlash jarayonida pul ishtirok
etmasa, bir tovar boshqasiga to’g’ridan-to’g’ri almashganda bozor munosabatlari yuzaga
kelmaydi. Bozorning eng muhim sharti ayirboshlash jarayonida pulning vositachilik qilishidir.
Bunda tovar muomalasi yuz berib, u ikki jarayonni birgalikda borishini ta’minlaydi.
Bunda o’z-o’zidan tovar — pul (T—P), pul — tovar (P—T) munosabatlari yuzaga keladi. Shu
ikki munosabatda tovarni taklif etuvchi sotuvchi va talab qiluvchi xaridor ishtirok etishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |