Iqtisodiyot kafedrasi iqtisodiy ta’limotlar tarixi
A) Dastlabki va keyingi merkantalizmning o’ziga xosligi
Download 0.76 Mb.
|
МАЪРУЗАЛАР МАТНИ
A) Dastlabki va keyingi merkantalizmning o’ziga xosligi
Dastlabki merkantalizm, monetar tizimining o’rnatilishi bilan bog’liq bo’lgan monetarizm, buyuk geografik kashfiyotlardan oldin paydo bo’ldi va XVI asrning o’rtalarigacha faol amal qilib keldi. Uning asosiy vakillari U.Stafford (Angliya), G.Skaruffi (Italiya) va boshqalar hisoblanadi. Dastlabki merkantalizm «pul balansi» siyosatini olib borgan. Bu siyosat pul muomalasini, tashqi savdoni qattiq tartiblab turishni ta’minlovchi ma’muriy yo’l bilan mamlakatning pul boyligini ko’paytirishga qaratilgan (mamlakat puli qancha ko’p bo’lsa, u shuncha boy hisoblangan). Dastlabki merkantalizm oltin va kumushni boylikning mutlaq shakli deb qaradi va uni chetdan olib kelish yo’lini qidirdi. Tashqi savdoda ijobiy saldoga erishish uchun dastlabki merkantalistlar maqsadga muvofiq hisobladilar: eksport qilinadigan tovarlarga maksimum yuqori baho o’rnatishni; tovarlar eksportini har tomonlama cheklashni; mamlakatdan oltin va kumushning oqib chiqib ketishiga yo’l qo’ymaslikni. Dastlabki merkantalizm davrida hukumat ataylab chaqalarni buzib, ularning qimmatini pasaytirish bilan shug’ullanganki, xorijiy savdogarlarni ularning pulini mahalliy pulga almashtirish va ko’proq tovar sotib olishga qiziqtirish maqsadida. Keyinchalik tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi, tashqi savdoning kengayishi merkantalistlarning boylik muammosiga bo’lgan ko’z qarashini o’zgartirishga majbur etdi. Keyingi merkantalizm XVI asrning ikkinchi yarmidan XVIII asrgacha bo’lgan davrni o’z ichiga oladi. (Uning asosiy vakillaridan biri ingliz Tomas Men hisoblanadi). Bu davrga kelib milliy sanoat va davlat savdosi rivojlanishining rag’batlantirilishi sababli, malakatlar o’rtasida savdo aloqalari keng va muntazam rivojlana boshladi. Dastlabki merkantalistlarning «pul balansi» o’rniga keyingi merkantalistlarning «savdo balansi» nazariyasi kelib chiqdi. «Savdo balansi» nazariyasi (yoki yetuk merkantalizm) Angliyada keng tarqala boshladi. Mazkur kontseptsiya vakillari dastlabki merkantalistlarni mamlakatdan tashqariga pul chiqarishni man etgani, importni haddan tashqari cheklagani uchun tanqid qildi. Ularning fikricha hukumatning tashqi iqtisodiy siyosatdagi asosiy vazifasi – mamlakatda imkoni boricha ko’proq pul mablag’larini jamg’arish emas, balki aktiv savdo balansiga erishishdir (eksportning importdan ustun bo’lishi). Eksport va import o’rtasidagi farq - mamlakat boyligining o’sishidir. Demak, real boylik – bu «o’lik pullar» yig’indisi emas, balki yangi pullarni, ya’ni pul kapitalini vujudga keltiruvchi pullardir. SHulardan kelib chiqqan holda, keyingi merkantalizm vakillari aktiv savdo balansiga erishish uchun bir qator tavsiyalarni ilgari surdilar: tashqi bozorlarni nisbatan arzon tovarlar sotish yo’li bilan egallash, hamda bir mamlakat tovarini olib boshqalariga uni qimmatiga sotish; mamlakatda aktiv savdo balansini saqlab turgan holda, tovarlar importiga ruhsat etish (zeb-ziynat buyumlaridan tashqari); qulay savdo ishlarini amalga oshirish uchun oltin va kumushni chetga chiqarish, mamlakatda ularning massasini ko’paytirish va aktiv savdo balansini saqlab turish uchun vositachilik qilish. Pulning tovarli mohiyatini tan olsada uning qimmatini keyingi merkantalistlar ilgarigidek oltin va kumushning tabiiy xususiyatidan deb qaradilar. Ammo aynan ular metallistik nazariyadan pulning miqdoriy nazariyasiga va monometallizm tizimiga o’tishga sabab bo’lgan. Agar dastlabki merkantalistlar pulning jamg’arish funktsiyasini asosiy deb bilgan bo’lsalar, keyingi rivojlangan merkantalistlar – muomala funktsiyasini asosiy hisobladilar. Keyingi merkantalistlarning ishonchiga ko’ra, pulning qimmati uning miqdoriga nisbatan teskari bog’liqlikda, tovarlar bahosi darajasi esa pul miqdoriga to’g’ri mutanosiblikda bo’ladi. Ular, pul taklifining ko’payishi unga bo’lgan talabni oshirgach, savdoni rag’batlantiradi deb bir tomonlama hisobladilar. Endi biz keyingi rivojlangan (etuk) merkantalizmning atoqli vakillarining asosiy g’oyalarini qisqacha ko’rib chiqamiz. Angliyada yetuk merkantalizm Tomas Men (1571-1641) asarlarida ifoda etilgan. Manufaktura tizimining klassik vakili T.Men shu bilan birga o’z davrining yirik kommersanti, Ost-Indiya kompaniyasi direktorlaridan bir bo’lgan. Kompaniyani chetga moneta chiqargani uchun tanqid qiluvchilardan uning manfaatini ximoya qilish maqsadida T.Men 1621 yil «Angliyaning Ost-Indiya bilan bo’lgan savdosi to’g’risida mulohaza» kitobini chop etdi. Monetaristlar kontseptsiyasiga savdo balansi nazariyasini qarshi qo’ydi. T.Men 1630 yil «Angliyaning tashqi savdodagi boyligi yoki boylikni tartiblash sifatidagi tashqi savdo balansi» asarini yozdi. Unda muallif pul muomalasini qattiq tartiblashning zararli ekanligini, chetga monetalarning erkin chiqarilishi kerakligini, uningsiz tashqi savdoni normal rivojlantirib bo’lmasligini qayd qilib o’tadi. Uningcha: «Har yili xorijliklardan xarid qilgan summadan ko’ra, ularga ko’proq sotish» qoidasini ta’minlash asosiy hisoblanadi. Faqat aktiv savdo balansi yordamida, uning fikriga ko’ra, mamlakat ixtiyorida qoladigan va uning boyligini orttiradigan pulni chetdan jalb qilish mumkin. J.Lokk «boylik» to’g’risida T.Men bilan deyarli hamoxang fikr yuritgan. Uningcha, boylik deganda faqat oltin va kumush miqdorining ko’pligi emas, balki uning boshqa mamlakatlarga nisbatan ko’p bo’lishi ko’zda tutilishi kerak. R.Kantilon, xuddi J.Lokk kabi, o’zining «Savdo tabiati to’g’risida ocherk» (1775) kitobida «qo’shni mamlakatlarga qaraganda muomalada ko’p puli bo’lgan har qanday davlat, ulara nisbatan ustunlikka ega…» deb, qayd qilib o’tgan. Frantsiyada merkantalizmning asosiy vakili, mashxur «Siyosiy iqtisod traktati» (1615) asarining muallifi – Antuan Monkreten (1576-1621) hisoblanadi. U savdogarlarni ancha foydali toifa deb hisobladi, savdoni kasb-hunarning bosh maqsadi sifatida tavsifladi. A.Monkreten pul boyligini ko’paytirish yo’llarini qidirdi, o’z takliflarini qirol Lyudovik XIII ga tavsiya etdi. Davlatning iqtisodiyotga faol aralashuvi jamg’armaning, mamlakat xo’jaligini mustahkamlash va rivojlantirishning asosiy omili sifatida qaraladi. A.Monkreten manufakturani rivaojlantirishni, xunarmandchilik maktablarini tashkil etishni, mahsulotlar sifatini yaxshilashni va mamlakatda ishlab chiqarilgan tovarlar savdosini kengaytirish bilan Frantsiya bozoridan xorijiy savdogarlarni siqib chiqarishni taklif qildi. Xorijiy savdogarlarni u mamlakat boyligini so’rib oluvchi nasosga taqqoslaydi. A.Monkreten dasturi Frantsiya tashqi savdosini kengaytirishni ko’zda tutadi. U nisbatan monetarizm g’oyasini, shuningdek savdo balansi kontseptsiyasini aks ettiradi. Download 0.76 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling