Iqtisodiyot kafedrasi iqtisodiy ta’limotlar tarixi
B) Boylikni ko’paytirish omillari
Download 0.76 Mb.
|
МАЪРУЗАЛАР МАТНИ
B) Boylikni ko’paytirish omillari
A.Smit o’z kitobida markaziy o’ringa jamiyatning iqtisodiy rivojlanishini va uning farovonligini oshirishni qo’yadi. Asarning boshida A.Smit «har bir xalqning yillik mehnati dastlabki jamg’arma bo’lib, u xalqga yashash uchun zarur bo’lgan barcha narsani beradi», deb qayd qilib o’tadi. Demak, boylikning manbai mehnat. A.Smit .bu fikrni rivojlantirib mehnat taqsimoti boylikni yaratishda asosiy omil hisoblanadi degan xulosaga keladi. CHunki mehnat taqsimoti asosida uning unumdorligi oshadi. Muallif bu tezisni to’g’nog’ich ishlab chiqarish ustaxonasi misoli yordamida asoslab beradi. Ustaxonada o’n kishi ishlaydi. Ular o’rtasida mehnat taqsimlangan: biri simni tortadi, ikkinchisi uni to’g’rilaydi, uchinchisi kesadi, to’rtinchisi uchini o’tkirlaydi va h. Bir kunda bu o’n kishi 48000 to’g’nog’ich, ya’ni xar bir kishi 4800 donadan to’g’nog’ich ishlab chiqaradi. Agar ular bir birlariga bog’liq bo’lmagan holda ishlaganlarida, ularning hech qaysisi bir kunda 20 dan ko’p to’g’nog’ich tayyorlay olmagan bo’lar edi. Demak, ixtisoslashuv tufayli mehnat unumdorligi 240 barovardan ko’proq oshgan. A.Smitning fikri bo’yicha mehnat taqsimoti - bu milliy mahsulot yaratish jarayonida odamlar o’rtasida hamkorlikni amalga oshirishning juda qulay shakli hisoblanadi. Ixtisoslashuv tufayli mehnat jarayonini amalga oshirishda kishilarning chaqqonligi ortadi; ular vaqtni tejaydilar, negaki doimo bir ish turidan boshqasiga o’tishga hojat bo’lmaydi; ular o’z faoliyatlarini takomillashtirish, ixtiro qilish uchun katta imkoniyatlarga ega bo’ladilar. Taraqqiyot va jamiyat farovonligining haqiqiy manbai «tabiat in’omi» emas (fiziokratlar hisoblaganlaridek), balki aynan mehnat taqsimotidir. SHu bilan birga ixtisoslashuvni chuqurlashtirish imkoniyatlari cheklangan bo’ladi, negaki birinchidan, agar yaratilgan qo’shimcha mahsulot xarid qilinmasa, undagi mehnatni yanada taqsimlashga zarurat bo’lmaydi, ikkinchidan, korxonalarning ko’lami qancha kichik bo’lsa, mehnat taqsimoti uchun imkoniyatlar shuncha kam bo’ladi (foydalanayotgan kapital miqdoriga qarab). Ushbu nazariyadan, milliy boylikning ko’payishi jamiyatdagi ayrim sinflar faoliyati natijasi emas (merkantalistlarda - savdogarlar, fiziokratlarda- yer egalari), balki mehnat taqsimotida qatnashayotgan barcha kishilar faoliyatining natijasidir, degan xulosa kelib chiqadi. Boshqacha so’z bilan aytilganda, foydalilik yaratuvchi har qanday mehnat unumli mehnatdir. Ammo bu masala bo’yicha A.Smitda izchillik bo’lmagan. Birinchidan, u faqat moddiy narsalarni yaratish va o’zgartirish bilan bog’liq bo’lgan mehnatni unumli mehnatga kiritgan. Bunga o’qituvchilarning, yuristlarning, harbiylarning, ma’muriyatning, yozuvchilarning va shu kabilarning ko’rsatayotgan xizmatlari kirmaydi. Ikkinchidan, A.Smit iqtisodiyotda qishloq xo’jaligi sohasining ustunligi g’oyasidan qutula olmagan. U xunarmandlar va savdogarlar mehnatini yer egalari mehnatiga nisbatan kam unumli bo’ladi, deb tasdiqlaydi. Negaki oxirgisiga tabiat «yordam» beradi va «dehkonchilikka qo’yilgan kapital haqiqiy boylikga va daromadga ancha ko’p qiymat qo’shadi». Bunda A.Smitning ta’kidlashicha, iqtisodiyotning rivojlanib borishi bilan sanoat tovarlari bahosi pasayib borish tendentsiyasiga, qishloq xo’jaligi mahsulotlari bahosi esa o’sish tendentsiyasiga ega. SHuning uchun, uning fikricha, qishloq xo’jaligiga qo’yilgan kapital ancha foydali hisoblanadi. Agar o’sha davrda Angliyada manufaktura sanoati rivojlana boshlaganini va hatto birinchi yuqori unumli fabrikalarning paydo bo’lganligini hisobga oladigan bo’lsak, A.Smitning bu xatosini tushunish yana ham qiyinlashadi. Uning unumli mehnat kontseptsiyasida izchillikning yo’qligi, ishlab chiqarish jarayonidagi kapital rolini yetarlicha tushunmaganligi natijasidir. U, xususan, kapitaldan keladigan daromad sifatidagi foizni inkor etadi, foydani esa tadbirkorlik riski kompensatsiyasi va boshqaruv uchun to’lov sifatida ko’rsatib beradi. A.Smitning fiziokratik bid’atlari jamiyat o’z resurslarini, birinchi navbatda, qishloq xo’jaligiga, ikkinchi navbatda, sanoatga va faqat, uchinchi navbatda, savdoga yo’naltirishi kerak degan tasdiqlashida o’z ifodasini topadi. Bundan A.Smit sanoat to’ntarilishining dastlabki uchqunlarini va kelajakda yirik sanoat ishlab chiqarishining hal qiluvchi rolini ko’ra olmagan, degan xulosa kelib chiqadi. A.Smit boylikni ko’paytirishda pulning roliga alohida urg’u berib o’tadi. Uning tasdiqlashicha, o’z-o’zidan g’ayriixtiyoriy tarzda bo’ladigan ayirboshlash natijasida pulning xo’jalikda qo’llanilishi kelib chiqadi. Odamlar ko’p o’tmay natural ayirboshlashning noqulayliklarini seza boshlaydilar va pul rolini bajaruvchi tovarlardan asta-sekin foydalanishga o’tadilar. Keyin pul birligini yaratishga davlat hokimiyati jalb qilindi va uning huquqiy holati o’rnatildi. Jamiyat uchun natural ayirboshlashdan ko’ra, pulli ayirboshlash foydali bo’ldi. SHuning uchun pulli ayirboshlashga o’tish milliy boylikni ko’paytirishga imkoniyat yaratib berdi. Kapitalni tashkil etish jarayoni ham o’z-o’zidan g’ayriixtiyoriy bo’ladi. Odamlarning jamg’armaga bo’lgan tabiiy intilishlari, jamiyatga o’z kapitalini ko’paytirish imkonini beradi, negaki jamg’arma investitsiyaning zaruriy sharti hisoblanadi. Kapitalning o’sishi - millat boyligini ko’paytirishning uchinchi (mehnat taqsimoti va puldan foydalanish bilan birga) asosiy omili: kapital qancha ko’p bo’lsa, ishchilarni boqish va ularni ixtisoslashtirish imkoniyati shuncha ko’p bo’ladi. Buning ustiga kapitalning o’sishi ayrim vaziyatlarda boylikni ko’paytirishning yagona vositasi bo’lishi mumkin. SHuning uchun A.Smit tejamkorlikni qo’llab-quvvatlaydi. Uning yozishicha «har bir isrofgar jamiyat boyligining dushmani, har qanday tejamkor odam - jamiyatga muruvvat ko’rsatuvchidir». Download 0.76 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling