Ишнинг умумий тавсифи


Natijalarning e’lon qilinganligi


Download 0.93 Mb.
bet6/51
Sana20.12.2022
Hajmi0.93 Mb.
#1037808
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   51
Bog'liq
2 5474308213891409179

Natijalarning e’lon qilinganligi. Ishning asosiy mazmuni 5 ta ilmiy maqola (shundan bittasi “Vestnik ChelGU” jurnalida nashr qilingan) hamda 6 ta tezisda o‘z ifodasini topgan.
Dissertatsiyaning tuzilishi va hajmi. Dissertatsiya kirish, uch asosiy bob, umumiy xulosalar va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat. Ishning umumiy hajmi 143 sahifani tashkil qiladi.


K I R I Sh


Til jamiyatda kishilar o‘rtasidagi munosabatni ta’minlaydi, ma’lum axborotlarni yetkazadi. Shuningdek, kishi ruhiyatiga ta’sir etadi, estetik zavq beradi va madaniy taraqqiyot bilan bog‘liq holda rivojlanib boradi. “Til xalq, millat ruhining betakror va hech bir zamon xira tortmas ko‘zgusidir. Har bir tilda shu til egasi bo‘lgan millatning sa’jiyasi, ruhiyati aks etadi”1.
Har qanday adib ijodini ilmiy jihatdan o‘rganish faqat adabiyotshunoslikning o‘rganish ob’ekti bo‘lib qolmay, tilshunoslikning ham bevosita o‘rganish ob’ektidir. “Individual uslubni o‘rganish asar matnini tilshunoslik va adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan batafsil tahlil qilish hamda yozuvchining xususiy lisoniy faoliyatini aniqlash uchun muhimdir. Bu turdagi tahlil har bir muallifning til tizimidan foydalanish uslubini aniqlash, uning asar g‘oyaviy mazmunini yoritishda, voqelikni badiiy bayon qilishda til vositalarini qo‘llash mahoratini o‘rganish uchun xizmat qiladi”2. Bu esa adib ijodini filologik nuqtai nazardan o‘rganishni taqozo etadi. “Badiiy matn badiiy-estetik butunlik sifatida nihoyatda murakkab, serqatlam hodisa. Badiiy matnda ifodalangan asosiy g‘oya-fikr va mazmunni tushunish shunchaki ish emas, balki ancha qiyin va murakkab ijodiy jarayondir. Badiiy asarda mutlaqo o‘ziga xos, goh ochiq, goho yashirin tarzda namoyon bo‘ladigan mazmunning ma’nosini to‘g‘ri anglash ma’naviy-madaniy, aqliy-hissiy va lisoniy-estetik faoliyat natijasida mumkin bo‘ladi”3. Bunda, asosan, ijodkorning tildan foydalanish mahorati, o‘ziga xos topilmalar yarata olishi, badiiy san’atlar va tasviriy vositalarni to‘g‘ri va o‘z o‘rnida qo‘llay olishi kabilar diqqat markazida bo‘ladi. Bugungi kungacha o‘zbek tilshunosligi katta yutuqlarga erishdi. Jumladan, poetik nutqning til xususiyatlarini o‘rganish yuzasidan ham keng qamrovli izlanishlar olib borildi va ko‘plab ilmiy tadqiqotlar yaratildi1.
Badiiy asar tili va individual uslubni o‘rganish muayyan yozuvchi yoki shoirning til birliklaridan foydalanishdagi mahoratini belgilashdan iborat. “Badiiy asar tili badiiyatini o‘rganish o‘zbek tilshunosligining ham hozirgi kundagi munozarali va dolzarb masalalaridan biridir. Bugungi kunda badiiy ijodkorlar mahoratini belgilash uning til unsurlaridan foydalanish borasidagi mohirligi mezoni bilan ham bevosita bog‘liq ekanligi yaqqol namoyon bo‘lmoqda”2. Badiiy nutq obrazli nutqdir. Ijodkor badiiy asarda so‘z vositasida obraz yaratadi. Shuning uchun ham badiiy san’atlarning, tasviriy vositalarning mahorat bilan qo‘llanishi asarning badiiyligini ta’minlaydi. Badiiy san’atlarning yuzaga kelishi tilning uslubiy imkoniyatlari bilan bog‘liq. Shu sababli badiiy san’atlarning
tadqiq etilishi tilshunoslikning ham eng muhim o‘rganish ob’ektidir. Badiiy san’atlar adabiyotshunoslikda, asosan, o‘zbek mumtoz adabiyoti matnlari asosida kengroq tadqiq etilgan bo‘lib1, ularning lisoniy va stilistik xususiyatlari o‘zbek tilshunosligida nisbatan kam o‘rganilgan.
Badiiy asarda qo‘llangan til birliklari boshqa uslublardagiga nisbatan uslubiy vazifa bajarishi, emotsional-ekspressivlik vazifasining yuqoriligi bilan farqlanib turadi. Bu badiiy asar matnidagi badiiy tasviriy vositalarning o‘ziga xos semantik-stilistik xususiyatlarini keltirib chiqaradi. Badiiy tasviriy vositalarning badiiy matndagi uslubiy vazifasi alohida o‘rganishni taqozo etadi. “Muayyan badiiy tasvir vositalarini o‘rganish yozuvchining badiiy til mahoratini, xalq tilidagi ifoda vositalarining boyligini ko‘rsatish imkonini beradi”2. Har bir yozuvchi yoki shoir til vositalaridan o‘ziga xos shaklda foydalanib, individual uslubini yaratadi. “Har bir davrda ijod etgan shoir va yozuvchilar, hatto bir davrda yashagan ijodkorlarning ham so‘zga, tilga munosabati bir xil emas”3.
So‘nggi yillarda o‘zbek tilshunosligida poetik nutqda qo‘llangan badiiy tasviriy vositalarning lisoniy, semantik, stilistik xususiyatlarini yoritishga qaratilgan bir qancha monografik tadqiqotlar yaratildi4.
G.Keldiyorova tadqiqotida E.Vohidov ijodida qo‘llangan antitezalarning lisoniy xususiyatlarini yoritgan. Shuningdek, bu ishda E.Vohidovning antitezani shakllantirish borasidagi mahorati ochib berilgan.
G.Muhammadjonova 80-yillar oxiri 90-yillar boshlarida Muhammad Yusuf, Shavkat Rahmon, Usmon Azim, A’zam O‘ktam, Iqbol Mirzo she’riyati leksikasi badiiy tasvir vositalarining badiiy tildagi o‘ziga xos ifodasini ijodkorning individual mahorati misolida ochib bergan.
D.Shodieva Muhammad Yusuf she’riyatidagi takrorlarni tahlil qilar ekan, bunda takrorni uslubiy vosita sifatida kontakt va distant holdagi takrorlarga bo‘lib o‘rgangan. Tadqiqotchi Muhammad Yusufning antiteza, sinonimiya, maqol va iboralardan, shuningdek, takrordan foydalanish mahoratini tadqiq qilgan va individual okkazionalizmlarning lingvopoetik xususiyatlarini yoritgan. Muallif ushbu tadqiqoti asosida takror haqida shunday xulosaga kelgan: “Takror Muhammad Yusuf she’rlarida yetakchi sintaktik figura darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, u she’rda ta’kid, iltimos, o‘tinch, so‘roq, sanash ma’nolarini kuchaytirish, darajalash, mubolag‘ani bo‘rttirish, tasvirni yanada teranlashtirish, qiyoslash kabi turli vazifalarni ado etadi. Takrorlar misralarda joylashuvi hamda qaytarilish soniga ko‘ra turlicha bo‘lib, ular kontakt holatda va distant holatda qo‘llangan”1.
N.To‘lanovaning dissertatsion ishida to‘qsoninchi yillar o‘zbek she’riyatidagi badiiy san’atlarning lisoniy-uslubiy xususiyatlari Shavkat Rahmon, Usmon Azim, A’zam O‘ktam, Iqbol Mirzolar she’riyati asosida tadqiq etilgan. Uning ta’kidiga ko‘ra: “Badiiy san’at ko‘rinishlarini bir necha adiblarning asari misolida tadqiq qilish ularning har birining badiiy-lisoniy mahoratini ochishga yordam bersa, ikkinchi tomondan, ularning bu boradagi izlanishlarini qiyoslash asosida baholashga imkon beradi. Bunday kuzatishlar tili tadqiq qilinayotgan shoirlarda qisman mushtarak xususiyatlarni belgilashga imkon bersa, pirovardida ularning original xususiyatlarini yoritishga yo‘l ochadi”1.
Takror san’ati va takror uslubiy vositasini o‘rganish yuzasidan o‘zbek tilshunosligida bir qancha tadqiqotlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, badiiy asar matnida, poetik nutqda qo‘llangan takrorning uslubiy xususiyatlarini keng va fundamental ravishda tadqiq qilish bugungi o‘zbek lingvostilistikasining eng dolzarb muammolaridan biridir.
Takror haqida gap borar ekan, lug‘aviy-nutqiy hodisa bo‘lmish takror (takroriy so‘z)ni badiiy usul, badiiy san’at turi bo‘lgan takrordan farqlash lozim bo‘ladi. Takroriy so‘z leksema xarakteriga ega bo‘lib, asosan, nominativ vazifa bajaradi va nutqda biror voqea-hodisa, harakatning miqdoriy ko‘pligini anglatadi: kula-kula so‘zladi, to‘da-to‘da bo‘lib keldi, ishlay-ishlay charchadi. Takroriy so‘z o‘zbek tilshunosligida Z.O‘rinboev2 va M.Bo‘ronova3lar tomonidan maxsus tadqiq qilingan.
Takroriy so‘z bilan takrorlash usuli kommunikativ vazifasi, ma’no va strukturasi, matnda qo‘llanish xususiyatlariga ko‘ra farqlanadi. Takroriy so‘z leksema, ya’ni bitta so‘z yonma-yon qaytariladi, takrorlanadi. Takroriy so‘z aynan bir so‘zning ikki bor talaffuz qilinishidan yuzaga keladi, bunday so‘zlar orasiga defis qo‘yiladi, talaffuzda yengil pauza bilan ajraladi. Takroriy so‘z ham badiiy tilda ma’lum uslubiy vazifa bajaradi, ammo bu tip so‘zlarning asosiy vazifasi miqdoran ko‘plik ifodalovchi so‘z shaklini yuzaga keltirish va uning nomi bo‘lib kelishidir.
Badiiy usul, badiiy san’at sirasidagi takrorlar nutq (matn)da turli o‘rinlarda keladi. Badiiy takror vazifasida asosiy vosita tovush, so‘z, so‘z birikmasi, ma’lum ibora, gap, hatto butun bir misra (misralar) bo‘lishi mumkin. Badiiy takror nutqda badiiy-uslubiy, emotsional-ekspressiv, badiiy-estetik, obrazlilik vazifalarini o‘taydi. Takroriy so‘z o‘z xarakteriga ko‘ra leksema (so‘z)ga yaqin turadi, takror esa sintaktik va frazeologik birliklarga mansubdir va b.
Takroriy so‘zlarni o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqotlarda takroriy so‘zlarni badiiy-uslubiy takrorlardan farqlashga oid fikrlar uchraydi. Masalan, Z.O‘rinboev bu masalaga oid kuzatishlarini yakunlab chizmaga tushirar ekan takroriy so‘zni badiiy-uslubiy takrordan farqlaydi va unga tavtologiya, pleonazm, parallellar (parallelizm), qofiya (rifma) va radif kirishini ta’kidlaydi1. Z.O‘rinboev tadqiqotida tildagi takror hodisasi (reduplikatsiya), uning ko‘rinishlari, takroriy so‘zlarning o‘ziga xos xususiyatlari, ularning o‘xshash va farqli tomonlari o‘rganilgan. Ushbu tadqiqotda o‘zbek tilidagi takroriy so‘zlar leksik va morfologik sathlarda keng tahlil qilingan2. O‘zbek tilidagi takroriy so‘zlar ingliz tilidagi ana shunday material bilan qiyoslangan holda M.Bo‘ronova tomonidan ham amalga oshirilgan3.
Takrorga oid ba’zi mulohazalar I.Mirzaev, S.Boboeva, G.Rixsievalar tadqiqotida ham uchraydi. I.Mirzaev ishida takror birliklar qofiya bilan bog‘liq holda tahlil etilgan. Bunda alliteratsiya va assonans kabi vositalarning qofiyani yuzaga keltirishda asosiy vosita ekanligi ko‘rsatilgan4. S.Boboeva tadqiqotida juft va takroriy so‘zlarning H.Olimjon she’riyatidagi xususiyatlari haqida qisman to‘xtalib o‘tilgan5. G.Rixsieva takrorning shakllaridan biri bo‘lgan anaforani gaplarning
aktual bo‘linishiga bog‘lab o‘rgangan1.
Yuqorida ko‘rsatilgan tadqiqotlarda takror hodisasi lingvistik va lingvopoetik planda tadqiq etilgan. Badiiy tasviriy vosita sifatida o‘rganilganida ham ko‘proq ma’lum bir davr bilan bog‘liq holda yoritilgan. Vaholanki, ijodkorning takrordan foydalanishi, unga uslubiy ma’no yuklay olish mahorati o‘ziga xos bo‘lib, bu esa har bir ijodkorning badiiy tasviriy vositalarni qo‘llay olish mahoratini alohida tadqiqot ob’ekti sifatida tahlil qilishni taqozo etadi.
Har bir badiiy tasviriy vositadan yozuvchi yoki shoir o‘z ijodida unumli foydalanadi. “She’riyat tili tadqiq qilinganda uning o‘ziga xos xususiyatlari alohida e’tiborga olinadi, ya’ni poeziya tilining adabiy jinslar va poetik janrlar, musiqiylik, stilistik vositalari, morfologiya va sintaksis bilan bog‘liq bo‘lgan o‘ziga xosliklari qayd qilinadi”2. Takror ham badiiy asarda, xususan, she’riyatda ko‘p qo‘llanadigan uslubiy vositalardan biridir.
“Takror – stilistik ko‘rinishlardan biri bo‘lib, bir so‘zni yoki bir necha so‘zni, ba’zan esa ma’lum satrni atayin qaytarish”3. Aslida takror hamma uslublarda ham qo‘llanadi. “Chunki har bir uslubda ma’noni ta’kidlab, alohida ajratib, ba’zan bo‘rttirib ko‘rsatishga ma’lum o‘rinlarda diqqatni jalb qilishga ehtiyoj bor. Bu ehtiyojni qondirish uchun ko‘pchilik tomonidan oson qabul qilinadigan, fikr yuritilayotgan sohada yoki kundalik turmushda faol ishlatiladigan til birliklari takroriy qo‘llanadi”4. Lekin badiiy asardagi takrorlar emotsional-ekspressivligi, stilistik xususiyatlari, badiiy-estetik qimmati, obrazliligi bilan farqlanib turadi, ijodkorning o‘ziga xos uslubini keltirib chiqaradi. Ayniqsa, poetik nutqda takrorning o‘ziga xos stilistik xususiyatlari mavjud bo‘lib, bu she’riyatdagi o‘ziga xosliklarni namoyon qiladi hamda tadqiq etish zaruratini keltirib chiqaradi. Takror hodisasi o‘zbek tilshunosligida juda kam o‘rganilgan.
XX asr o‘zbek adabiyotining yirik vakillaridan biri Mirtemir ijodida takror badiiy tasviriy vositasi mana shunday maqsadlarga, shoirning individual uslubini yaratishga xizmat qilgan. Mirtemir lirikasidagi takrorlarning qo‘llanishi, ularning ma’no anglatishi va uslubiy vosita sifatida namoyon bo‘lishi kabi hodisalar shoir ijodini monografik tadqiq etish imkonini yaratadi.
O‘zbek adabiyotshunosligida Mirtemir ijodi, uning badiiy mahorati, asarlarining badiiy-estetik fazilatlari T.Jalolov, O.Sharafiddinov, S.Mirzaev, I.G‘afurovlarning adabiy portretlarida1 yoritib berilgan. Shuningdek, shoirning poetik obraz yaratishdagi va so‘z qo‘llashdagi ijodiy mahorati Q.Azizov, T.Xalilov, G‘.Mo‘minov va U.Xodjamqulovlar tadqiqotlarida2 keng va atroflicha yoritilgan. Q.Azizov Mirtemir ijodini davrlarga bo‘lib o‘rgangan bo‘lsa, U.Xodjamqulov tadqiqotida so‘zning poetik talqini, badiiy asardagi g‘oyaviy-badiiy vazifasi, obrazning ijtimoiy-falsafiy ma’no qirralari tadqiq etilgan. Shu bilan birga ushbu tadqiqotda shoirning so‘z qo‘llash mahoratidagi o‘ziga xos xususiyatlarini, badiiy tasviriy vositalardan foydalanishini, u yaratgan ayrim poetik obrazlarning xalq ijodiga munosabatini o‘rganishga ham harakat qilingan. Tadqiqotchi yozadi: “Mirtemir ijodi uslub va obraz nuqtai nazaridan, badiiy tafakkur, so‘z va tasviriy vositalar jihatidan, folklorga munosabat borasida yirik tadqiqotlarga, qiziqarli bahslarga asos bo‘la oladi. Shoir she’riyatida badiiy so‘z imkoniyatlari yuksak g‘oya uchun xizmat qiladi. U hech qachon jimjimadorlikka, sun’iy yarqiroqlikka qiziqmaydi. Ayniqsa, shoir ijodidagi so‘z va portret, so‘z va peyzaj munosabatlarining to‘laligicha asar g‘oyasiga bo‘ysundirilishi diqqatga sazovordir”1. Keltirilgan ushbu tadqiqotlarda shoir ijodi adabiyotshunoslik nuqtai nazardan tahlil etilib, ularda, asosan, Mirtemirning obraz yaratish mahorati yoritilgan. Ammo Mirtemir she’riyatining til xususiyatlari deyarli o‘rganilmagan.
Mirtemir she’riyatining til xususiyatlari F.Nazirjonovaning shoir ijodini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy maqolalarida qisman yoritilgan2. F.Nazirjonova maqolalarida Mirtemirning umumturkiy so‘zlar, dialektizmlar, sinonimlardan foydalanish mahorati haqida fikr yuritgan va shoir she’riyatidagi original iboralarni belgilashga muvaffaq bo‘lgan. Jumladan, muallif adib sheriyatidagi dialektizmlarni o‘rganar ekan, Mirtemir she’riyatida adabiy tilda mavjud bo‘lgan so‘zlarga sinonim bo‘ladigan dialektizmlar qo‘llanganligini, bu dialektizmlar asar mazmunining ta’sirchanligini va ifodaliligini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidlaydi3. Biz ushbu ishlarga dissertatsiyaning keyingi sahifalarida o‘rni bilan to‘xtalamiz.
Mirtemir she’riyati so‘zlarning shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra turlarining qo‘llanishi bilangina emas, balki uslubiy vositalarning qo‘llanishi, ularning stilistik ma’no anglatishiga ko‘ra ham xarakterlidir. Takror – she’riyatda qadimdan faol qo‘llangan badiiy tasviriy vosita. Takror xalq og‘zaki ijodi va o‘zbek mumtoz adabiyotida ham faol qo‘llanib, ma’lum ma’noviy-uslubiy vazifani bajarib kelgan.
Yuqorida nomi tilga olingan tadqiqotchilarning badiiy takrorning uslubiy, lingvopoetik, leksik-semantik xususiyatlari haqida aytgan fikrlarining kengroq tahlilini berishga harakat qilamiz.
S.Karimov badiiy til (matn)ning lisoniy belgilarini tadqiq qilar ekan, badiiy tilda so‘z san’ati turlarining ahamiyati haqida to‘xtaladi va takror hodisasining mohiyati yuzasidan quyidagi fikrlarni bildiradi: “Takrordan boshqa funksional uslublarda ham foydalanishni inkor etmagan holda, uning qo‘llanish doirasi badiiy uslubda jiddiy ravishda kengayib borishini ta’kidlash o‘rinli bo‘ladi. Badiiy asarda, barcha stilistik vositalarda bo‘lgani kabi, takrorning zimmasiga ham nutqiy vositalarga xos emotsional bo‘yoq, alohida ohang, joziba berish vazifasi yuklanadi. Shuning uchun ham ijod jarayonida ularga murojaat qilish qalamkashdan maxsus tayyorgarlikni talab qiladi va ana shunday ijodiy mehnat mevasi bo‘lgan takrorlargina badiiy uslub uchun chinakam stilistik usul sifatida xizmat qiladi.
Lafziy san’atlardan biri sifatida takror (takrir, mukarrar) adabiyotimizda an’anaviy xarakterga ega”1.
Badiiy adabiyot tiliga ilmiy yondashish masalasida o‘zbek tilshunosligi va adabiyotshunosligida yangicha yo‘l tutishlar talab etilmoqda. Masalan, T.Qurbonovning fikricha: “Badiiy asar uslubini birgina til nuqtai nazaridan belgilash biryoqlamalikka olib keladi, qolaversa, kutilgan natijani bermaydi. Badiiy asar tili va uslubini belgilashda umumlingvistik nuqtai nazardan yondashish zarurdir. Til va uslub tushunchasi bir-biridan ajratilgan holda emas, yaxlit holda o‘rganilgani ma’qul”2.
T.Qurbonovning ushbu fikri uning quyidagi mulohazalarida yana aniqroq gavdalangan: “Bugungi kunda badiiy uslub, badiiy asar uslubi, yozuvchi uslubi, individual uslub haqida fikr yuritganda ularga “adabiyotshunoslik”, “tilshunoslik”, nuqtai nazardan yondashish” degan aqidani olib tashlab, ham adabiyotshunoslik, ham tilshunoslik jihatdan, ya’ni umumfilologik jihatdan yondashish ma’quldir. Biz ana shu tartibda uslubni tadqiq etish tarafdorimiz. Bunda badiiy asar matni butun mavjudligi bilan tahlil etiladi. Unda mavzu + g‘oya + obraz + obrazlilik + syujet + kompozitsiya + badiiy ifoda + estetik mazmun va estetik ifoda + so‘zning estetik vazifasi + tasviriy vositalar + trop va figuralar + so‘zdan foydalanish va ifodalash mahorati + til va ohang + poetik mazmun va poetik ifoda + lingvistik poetika + janr xususiyatlari va imkoniyatlari yaxlit holda o‘rganilmog‘i va tadqiq etilmog‘i lozim”1.
Taniqli uslubshunoslar X.Doniyorov va B.Yo‘ldoshevlar aytgan quyidagi fikr g‘oyatda haqqoniydir: “... badiiy asarning sifati va qimmati, yozuvchining individual uslubi, birinchi navbatda, uning maqsad o‘qini nishonga bexato uradigan jozibador tili bilan belgilanadi”2.
Takror hodisasi funksional jihatdan poetik nutqda ko‘proq uchrasa-da, u boshqa badiiy janrlar tilida ham mavjud. Chunonchi, Bekmurod Yo‘ldoshev Said Ahmad asarlari tili va uslubini tadqiq qilib, ular tilida takrorning uch xil turi, ya’ni sintaktik tuzilmalar (struktura) takrori, uyushiq bo‘laklar parallelizmi, sintaktik parallelizmning takror bilan qo‘shilib kelishini aniqlagan3. Mana shu xususiyatiga ko‘ra bo‘lsa kerak, ba’zi tadqiqotchilar ingliz tilidagi takroriy so‘z va takrorlarni stilistika va matnni shakllantiruvchi vosita sifatida o‘rgangan4.
S.Boboevaning yozishicha: “Shoir Hamid Olimjon takror san’atidan keng foydalangan. Shoir qo‘llagan takrorlarga ohangdorlik, originallik, lirizm, ta’sirchanlik xos bo‘lib, bu xususiyatlar shoirning bir qancha she’rlarida yorqin ko‘rinadi”1. S.Boboeva takroriy so‘z bilan badiiy takror usulini farqlagan holda ularni alohida-alohida tahlil qilgan. Ammo u takroriy so‘z bilan badiiy usul bo‘lgan takrorni terminologik jihatdan farqlamaydi. Bu hol uning quyidagi fikrida ko‘rinadi: “Leksik-uslubiy hodisa bo‘lgan takrorlar faqat umumiy ma’noni anglatmay, so‘z ma’nosiga turli qo‘shimcha ma’nolar beradi. Ular ko‘p hollarda ko‘plik, davomiylik va takrorlash ma’nolarini anglatadi”2. Har holda buloq-buloq tipidagi hodisani takroriy so‘z deb, muallif “priyom povtor” deb nomlagan hodisani “badiiy takror” deb atash maqsadga muvofiqdir.
G.Yaxshieva o‘zbek tilidagi fonografik vositalar haqida fikr yuritar ekan, umuman, nutqda, jumladan, badiiy tilda uchrab turadigan nima-ga-a-a?, kimsa-a-an?, ona-a, sizga xa-a-at, yo‘-o‘-o‘-q, mmmenga, kkkimga?, e-sh-sh-shak kabi hodisalarni fonologik cho‘ziqlik, cho‘ziq aytish, cho‘ziq talaffuz, ikkilanish, ikkilantirib yozilish, cho‘ziq va baland talaffuz, ochiq va yopiq bo‘g‘inlardagi cho‘zilish, tovushning ikkilantirilishi, ikkilantirib talaffuz qilish, emotsional cho‘ziqlik kabi tushunchalar bilan ataydi.
Keltirilgan holatlarda tovush cho‘zib aytilayotgan, shunga ko‘ra ikkilantirib yozilayotgan bo‘lishi mumkin, ammo mana shu cho‘ziqlik qanday usulda amalga oshirilgan? Masalan, nima-ga-a-a?, yo‘-o‘-o‘-q kabilarda bir tovush (a, o‘)ning cho‘zilishimi yoki aynan bir tovushning mustaqil takrorimi, deyilgan savol tug‘iladi. Fikrimizcha, keltirilgan holatlarda a va o‘ tovushlari takror talaffuz qilinmoqda, aniq qilib aytilsa, bitta tovushni takror holda aytish asosida cho‘ziqlik yuzaga kelmoqda. G.Yaxshievaning quyidagi fikrlarida “undoshning birdan ortiq takrori” iborasining qo‘llanishi ham bizning nuqtai nazarimizni quvvatlaydi: “So‘z boshidagi undosh tovushlarning ikkilantirilishi personajga xos nutqiy kamchilik yoki uning o‘ta hayajonlanganligini ifodalasa, so‘z oxiridagi undoshning birdan ortiq takrori shu so‘zning cho‘ziq talaffuzini bildiradi”1.
G.Yaxshieva fonetik imkoniyatlar vositasida yuzaga keluvchi takror haqida quyidagilarni yozadi: “Tovush yozuvi (zvukozapis)ning ikki ko‘rinishi mavjud: a) assonans; b) alliteratsiya.
Bularning har ikkalasida ham tovush va ma’no birligi asosida obraz yaratiladi.
Alliteratsiya ahamiyat berilishi lozim bo‘lgan so‘zlarga kishi diqqatini tortadi, uni o‘ziga xos shaklda talaffuz qilishga undaydi. Bu usulda yaratilgan she’rlarning so‘z shakli ularni esda tez va uzoq saqlanib qolish imkonini beradi”2.
A.Haydarov badiiy matnning fonostilistik vositalarini tadqiq qilar ekan, shunday yozadi: “Til fikr anglatish quroli bo‘lish bilan birga, insonlarga hissiy ta’sir qilish vositasi hamda bu ta’sir so‘zlardagi asosiy (denotativ) ma’noga asoslangan qo‘shimcha (konnotativ) ma’nolar vositasida amalga oshadi. Konnotativ ma’no komponentlarini tashkil qiluvchi “bo‘yoqdor” fonetik vositalarda kuchli ifodalanadi”3.
Fonostilistik vositalar orqali g‘azablanish, ma’yuslik, ikkilanish, piching, ironiya, mensimaslik va qo‘shimcha ma’nolar yuzaga chiqadi. Bular, A.Haydarovning ta’kidlashicha, tovushlar qiyofasini o‘zgartirib aytish, tovush orttirish yoki tushirish, alliteratsiya, geminatsiya, talaffuzda tovushlarni ikkilantirish va boshqalar orqali yuzaga keladi4. Bular umuman to‘g‘ri, ammo diqqat qilinsa, qayd qilingan usullarning asosiy qismi tovush takrori orqali yuzaga keladi: baqirma-a-a!, ke-yetdi-i-i!!!, yo‘qo-o-ol!, o‘-o‘-o‘! ming la-a-a’nat, nima-a-larr deyapsan?, o‘la-ayy! kabi.
Misollarga diqqat qilinsa, keltirilgan hodisalar aynan bir tovushni takror aytish orqali amalga oshmoqda. Demak, bu o‘rinda takror hodisasining (usulining) ahamiyati yaqqol ko‘rinib turibdi.
N.Afoqova “Abdulla Oripov lirikasida badiiy san’atlar” nomli nomzodlik dissertatsiyasida poetik matnda badiiy san’atlarning o‘rnini shoir asarlari tili misolida keng tahlil qilgan va bu borada A.Oripov lingvopoetikasini atroflicha ko‘rsatib bera olgan.
Ushbu muallif fikricha, badiiy san’atlardan o‘rinli, to‘g‘ri, mohirona foydalana olish asar badiiyatini, tilining ta’sirchan hamda badiiy estetik qimmatini oshiradi. Bu degani badiiy san’atlar ko‘p uchraydigan yoki ko‘p qo‘llangan asargina to‘laqonli badiiy mahsulot bo‘la oladi, degani emas. N.Afoqova yozadi: “Ammo badiiy san’atlarni ko‘p qo‘llamay ham mukammal she’rlar yozish mumkin. Bu mulohaza dissertatsiyada shoirning “Noma’lum odam” she’ri tahlili asosida dalillangan. Abdulla Oripov 8 bandli she’rda to‘rt marta tazod (shoshib – sekin, o‘lim – tug‘ilish, g‘olib kimsalar – noma’lum odam, tirikday zamin – buyuk yurak), mubolag‘a (tirikday zamin) va sifatlash (tirikday, buyuk) singari tasviriy vositalardan foydalangan. Ko‘rinadiki, she’rda badiiy san’atlar mo‘l-ko‘l emas, ammo she’r o‘quvchini befarq qoldirmaydi”1. N.Afoqova shoir Abdulla Oripov she’riyatida uchraydigan boshqa badiiy san’atlar bilan bir qatorda takror san’atini ham tahlil qilgan va shunday fikr bildirgan: “Abdulla Oripov she’rlarida band boshida, band oxirida, har bir misralardan keyin muayyan misralar takrorlanib kelganini kuzatish mumkin”2. N.Afoqova bu takrorlarning she’r g‘oyasini ochishdagi ahamiyatini “Shovulladi tun bo‘yi shamol”, “Sen bahorni sog‘inmadingmu?”, “Sen qaydan bilasan?” singari she’rlari tahlili orqali ko‘rsatib bergan.
Takroriy so‘zlar va badiiy takrorlarning ba’zi ko‘rinishlari Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” asari tili misolida Ziyot Hamidov tomonidan tahlil qilingan.
U tadqiqotida takrorning takrir, tasdir (sodda va murakkab tasdir), tasbig‘, hojib ko‘rinishlarini tahlil qilar ekan, bu badiiy usullarning mohiyati, badiiyatga xizmat qiluvchi xususiyatlari, ularning yuzaga chiqish usullari, Navoiyning ushbu badiiy-poetik vositalardan mohirona foydalanganligi haqida ma’lumot bergan1.
A.Sabirdinov Oybekning poetik mahoratini tadqiq qilar ekan, shoirning takror san’atidan foydalanish mahoratiga ham to‘xtalgan. Uning fikricha, “Oybek she’rlarida bandlanishning musiqiy tovlanmalari alliteratsion vositalar bilan mutanosib holda namoyon bo‘ladi” 2.
A.Sabirdinov kuzatishlari asosida Oybek she’riyatidagi quyidagi fazilatlarni qayd qiladi: “Band tizimlari musiqiylik, qofiya, alliteratsion vositalar, turli takrorlar natijasida yuzaga kelgan ritm va ohang tovlanmalari bilan uyg‘unlikda namoyon bo‘ladi. Shoir she’rlarida alohida tugalligi bilan ajralib turuvchi bandlanish va aksar hollarda bandning so‘nggi misralari fikr va ohang rivojining avj nuqtasi, shoir xulosalarining ifodachisi sifatida yuz ko‘rsatadi. “Band – qofiya va intonatsiya bilan birikkan (uyushgan) misralarning muayyan tartib asosida takrorlanishi, band yirik she’riy asar mazmunining peshma-pesh (bosqichma-bosqich) izchil ochila borishida vosita3 bo‘lib xizmat qiladi”4.
H.Ahmedov nasriy she’rning badiiy-poetik, lingvostilistik va lingvopoetik xususiyatlarini o‘rganar ekan, bu janrda Shokir Sulaymon, Cho‘lpon, Komil Yashin, Mirtemir va boshqa ijodkorlar sochma (mansura) she’rning imkoniyatlaridan mohirona foydalanganliklarini ta’kidlaydi va shoir Mirtemirning bu boradagi mahoratini quyidagicha ta’kidlaydi: “Mirtemirning nasriy she’rlarida ham sodda, samimiy va o‘zbekona ifoda usulini ko‘rish mumkin. “Pillakash” nomli nasriy she’rida shoir mehnat bag‘rida yetilgan, gulday ochilgan, yoqimtoy pillakash qizni madh etadi. Ixchamgina ushbu nasriy she’r (10 satr) matni sodda yig‘iq gaplardan tuzilgan. Muallif qahramonning portretini chizishda uyushiq bo‘lakli sifatlovchi – aniqlovchilarni ketma-ket qo‘llab, takror, so‘roq intonatsiyasi orqali ma’noni kuchaytirgan: “Bo‘y qiz, parivash qiz, pillakash qiz. Hamisha quvnoq, hamisha qahqaha ... Kulgichlarining kelishganichi ... Qanday baxti baland yigitning ko‘kragiga bosh qo‘yarkanu, uyining ko‘rki bo‘larkan”1?!
S.Boymirzaeva Oybek prozasining lingvostilistik xususiyatlarini tadqiq qilar ekan, unda sintaktik takrorlarning o‘rni va ahamiyatiga to‘xtaladi: “Sintaktik takror fikrni qat’iy, aniq bayon qilish vositasi bo‘lib, Oybek prozasida uning anafora va epifora shakllaridan keng foydalanilgan”2.
S.Boymirzaevaning kuzatishlari Oybek prozasida sintaktik takrorning anafora tipi bog‘lovchisiz qo‘shma gap va ergashgan qo‘shma gap qismlari boshida, murakkab qo‘shma gap qismlari boshida hamda ko‘chirma gapli sintaktik qurilmalarda kelishini aniqlashga imkon bergan. Aksincha, takrorning epiforik shakli qayd qilingan gaplar oxirida uchrashini ko‘rsatgan. Shuningdek, ba’zi hollarda anafora va epifora gap tarkibida birga kelishi hollari ham uchraydi3.
R.Shukurov takrorning sintaktik ko‘rinishlarini parallel sintaktik butunliklar tushunchasi ostida talqin qiladi. U parallellikni – tepalik, yaqinlik va o‘xshashlik deb izohlasa, buning tagida sintaktik butunliklarning takrori ko‘zda tutilayotganini payqash mumkin. Bu uning quyidagi fikrlaridan anglashilib turibdi: “Sintaktik parallelizmning bu ikki ko‘rinishi shakliy (struktural) parallelizm; mazmuniy (semantik) parallelizm) alohida-alohida bir sistema (tizim)ni tashkil etadi:
1) bir xil qolipdagi gap bo‘lagi, so‘z birikmasi, predikativ birliklar takrori – parallelligi;
2) ma’no, tushuncha, fikr takrori – parallelligi”1.
R.Shukurov sintaktik birliklarni badiiy takror san’atining ko‘rinishi sifatida tahlil etgan. Buni uning sintaktik butunliklarning uslubiy xususiyatlariga bag‘ishlangan maqolalari2 ham tasdiqlaydi.
Yuqoridagi tahlillardan ko‘rinadiki, o‘zbek adiblarining asarlari tilshunoslik nuqtai nazardan o‘rganilgan ishlarning aksariyatida tadqiq qilinayotgan she’riy va nasriy matnlarda uchraydigan takrorlar, ularning badiiy-uslubiy xususiyatlariga to‘xtalingan. Ammo hozirga qadar o‘zbek tili stilistikasi, lingvostilistikasi va lingvopoetikasida biror alohida olingan shoir ijodida uchraydigan takror usulining badiiyat uchun xizmat qilish xususiyatlari maxsus, monografik tarzda o‘rganilmagan. Holbuki, badiiy adabiyot tilida uchraydigan takror usuli ham umumiy badiiy san’atlarning, badiiy matnning funksional va xarakterli belgilaridan biridir. Takrorni yuzaga keltiruvchi, u uchun lisoniy-moddiy asos rolini o‘tovchi lisoniy birliklar aktuallashgan til vositasi jumlasiga kiradi. Taniqli uslubshunos M.Yo‘ldoshev ta’kidlaganidek: “Lingvopoetik tahlilda badiiy matnda poetik aktuallashgan til vositalarini aniqlash
ham muhim tamoyillardandir. Bunday vositalarning lingvistik va badiiy mohiyatini ochib berish orqali badiiy mazmunning shakllanishi va ifodalanish mexanizmlarini aniq tasavvur qilish mumkin”1.
Biz ushbu tadqiqotda tilga olingan tamoyilga amal qilgan holda takrorning Mirtemir she’riyatining betakror tarovatini yuzaga keltirishdagi o‘rnini belgilashga harakat qildik.


Download 0.93 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   51




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling