Ishqqa oid qirq qoida
Download 1.34 Mb. Pdf ko'rish
|
Ishqqa oid qirq qoida
- Bu sahifa navigatsiya:
- Ichkilikboz Sulaymon
Kimyo 1247 iil, dekabr, Konya. Bu asov, jasur, zukko Shams ishq haqida juda ko’p narsa biladi. Lekin bir nimani bilmasligi aniq: rad etilgan sevgi azobini. Cho'l atirguli meni pardoz-andozlar qilib, kiyintirib qo'ygan kuni juda to'lqinlanib ketdim va esu hushim joyida emas edi. O’zimda shunday o'zgarish bo'lishi mumkinligi xayolimga ham kelmagan edi. Vujudimga tegib turgan nafis ipak mato, atir isi, tilimdagi gulob ta'mi va boshqalar hammasi, bir tomondan, meni asablantirar, ikkinchi tomondan, menga kutilmagan jasorat ham baxsh etgan edi. Uyga qaytib, birinchi galda o'zimni ko'zguga soldim. Suluvgina edim. Uyda hamma uxlashini kutib, keyin katta ro'molni yelkamga tashlab, oyoq uchida Shamsning xonasiga ravona bo'ldim. - Kimyo, men seni kutmagan edim, - dedi u eshikni ocharkan. - Men sizni ko'rishim kerak edi. - Shunday dedim-u, taklifini kutmasdanoq ostonadan o'tdim. - Iltimos, eshikni yopib qo'ying. Shams hayron bo'lganini yashirmay, iltimosimga bo'ysundi. Ikkimiz uning xonasida yolg'iz edik, menga diqqatimni to'plab olishim uchun vaqt kerak edi. Men unga orqa o'girdim, chuqur xo'rsindim-da, ro'molni tashlab, ko'ylagimni echa boshladim. O'sha zahoti orqamda erimning og'ir nigohini his etdim. Xonaga sovuq jimjitlik cho'kdi. Nafasim tiqilib qoldi, turli yomon xayollar miyamda gir aylanardi, lekin men Shams qarshisida xuddi jannatdagi xur kabi turaverdim. Yoqimsiz sukut xukm surardi, faqat tashqarida esayotgan shamolning uvillashini eshitib turardik. - Bu nima qiliq? - sovuq ohangda so'radi Shams.
Men birdan ovozdan qoldim, shunga qaramay o'zimni majburlab dedim: - Sizni istayman. Shams atrofimda yarim aylanib, qarshimda to'xtadi va meni ko'zlariga qarashga majbur etdi. Tizzalarim bukilay-bukilay deb turardi, lekin men bunga so'z bermaslikka harakat qilardim. Aksincha, uning tomoniga bir qadam qo'ydim va Cho'l atirguli o'rgatganday, unga taqaldim, quloqlariga nafis sevgi so'zlarini shivirladim. Shams xuddi cho'g' tekkanday sakrab o'zini nari oldi. - Sen o'zingcha meni istayapman, deb o'ylaysan, aslida o'zingning kamsitilgan «men»ingni yupatmoqchisan. Men Cho'l atirguli aytganday qilib, qo'llarim bilan uning bo'ynidan quchoqladim va qattiq o'pdim... Atigi bir daqiqa har ikkimizni ham ehtirosli istak o'z girdobiga tortayotganini his etdim, lekin Shams yulqinib qo'limdan chiqib ketdi.
- Kimyo, sen mening hafsalamni pir qilding, - dedi u. - Endi esa, iltimos, xonamdan chiq. Shams meni qattiq xafa qiladigan bu so'zlarni yuzida hech qanday ifodasiz - na g'azab va na jahlsiz aytdi. Va men ularning qaysi biridan - aytgan so'zlarining ma'nosidanmi yoki yuzida hech qanday hissiyot yo'qligidanmi - ko'proq xafa bo'lishim kerakligini ham bilolmay qoldim. Hayotimda bundan ortiq xo'rlikka duch kelmagan edim. Men yerda yotgan ko'ylagimni olishga egildim, lekin qo'llarim qaltiraganidan sirpanchiq ko'ylagim ushlab ololmasdim. Shuning uchun ro'molning o'ziga o'ralib oldim. Yig'lagancha, og'ir nafas olib, yarim yalang'och xonasidan chiqdim, undan ham, uning muhabbatidan ham qochib ketdim, tushundimki, bu muhabbat faqat mening tasavvurimda ekan. Shundan buyon Shamsni biron marta ham ko'rmadim. O'sha kundan boshlab o'z xonamdan tashqariga boshqa chiqmadim. Ertayu kech to'shakdan turishga majolim yetmay, yotib qoldim. Bir hafta o'tdi, yana bir hafta o'tdi va men kunlarni ham boshqa sanamay qo'ydim. Menda butkul mador qolmadi. O'limning isi borligi haqida hech o'ylamagan ekanman. Bu is tuzlangan zanjabil yoki qarag'ayning ignalari kabi, lekin ancha o'tkir va achchiq, biroq badbo'y emas. Men o'limni xonamga kirib kelganida, u meni qalin va nam tumanga chulg'ab olayotganida his etdim. Meni bezgak tutdi, hushimni yo'qota boshladim va hatto alahladim ham. Meni juda ko'p do'stlar va qo'shnilar ko'rgani kelish- di... Kira yonimdan nari ketmadi. Uning rangi siniqqan, ko'zlari ichiga cho'kkan edi. Gavhar ham yonimda, ikkinchi tomonimda, yuzlarida kulgichlar paydo bo'ladigan o'zining yoqimli tabassumi bilan kulimsirab turardi. - La'nati bid'atchi! - derdi Sofiya. - Bechora qizning yuragini chilparchin qildi. Hammasi o'sha tufayli bo'ldi. Men unga e'tiroz bildirmoqchi bo'ldim, lekin ovozim chiqmadi. - Nimaga unday deysan? - e'tiroz bildirdi Kira.- Hammasi Xudoning qo'lida. Odamning irodasi Xudonikiga teng kelarmidi? Lekin Kiraga hech kim quloq solmas, men o'zim-ku, Hech kimni ishontiradigan holatda emas edim. Lekin nimaiki deya olganimda ham, natija bir xil bo'lib chiqishini tez ilg'ab olgandim. Shamsni yomon ko'rgan odamlar mening kasalimda undan nafratlanish uchun yana bir sabab topishdi, lekin men uni hech nimaga qaramay sevardim. Mana, nihoyat, men barcha ranglar bir rangga, hamma ovozlar bir guvillashga aylanadigan holatga tushdim, Odamlarni tanimaydigan va so'zlarni ajratmaydigan holga. Shams meni ko'rgani keldimi, kelmadimi, bilmayman. Kelmagan bo'lsa kerak. Kelganida ham xotinlar uni yonimga yo'latmagan bo'lishardi. Balki kelgandir ham, to'shagim yonida o'tirib, qo'limdan tutib yoki soatlab nay chalib yoki duo o'qib o'tirgandir. Shunga ishongim keladi. Nima bo'lsa ham, endi buning ahamiyati yo'q. Mening undan jahlim chiqmadi va xafa ham bo'lmadim. Bu menga Xudoning marhamati va yupanchi bo'ldi. Shamsning oldiga pardoz- andoz qilib, ipak ko'ylaklar kiyib kirib, kasal bo'lib qolganimdan keyin o'n kun o'tgach, men yo'qlik daryosiga sho'ng'idim va o'z yuragimga to'liq muvofiqlashgan holda suzib ketdim. Bu oqim meni hayotdan o'lim sari oqizib ketdi.
2008 yil, 3 iyul, Boston. Boston hech qachon hozirgidek jonli va chiroyli bo'lmagan, o'ylardi Ella. Nahotki, ko'zlarim ko'r bo'lgan-u, shu paytgacha bu chiroyni ko'rmagan bo'lsam? Aziz Bostonga besh kunga kelgan edi. Va Ella har kuni Aziz bilan uchrashish uchun Nortgemptondan Bostonga kelardi. «Kichik Italiya»da oddiygina nonushta qilishardi, nafis san'at muzeyida bo'lishdi, Boston-Kommon va Uoterfrant bog'larida sayr qilib yurishdi, akvariumda kitlarni kuzatishdi, Garvard- skverdagi kichkina kafeda qahva ichishdi. Shu bilan birga ular tinmay ko'p narsalarni, masalan, turli mamlakatlarning taomlarini, meditasiya uslublarini, aboregenlar san'atini, gotik asarlarni, tabiatdagi qushlarni o'rganishni,
bog'dorchilikni, pomidor yetishtirishni, tushlar ta'birini muhokama qilishar, tinimsiz bir- birlarining gaplarini bo'lishardi. Ella qachon bunchalik ko’p gapirganini eslay olmaydi ham. Ko'chada bir-birlariga tegmasdan yurishga harakat qilishardi, lekin doim noqulay ahvolga tushib qolaverishardi. Ella, qo'l ushlashib olsak yaxshi bo'larmidi, deb o'ylab qo'yardi. Nihoyat, birdan Ellada o'zi hech qachon kutmagan jasorat paydo bo'ldi. U restoranlarda va ko'chalarda Azizni qo'ltiqlab olar, hatto uni o'par edi. U boshqalar uni ko'rishiga nafaqat befarq edi, hattoki ko'rishlarini ISTAR edi ham.
Aziz Amsterdamga qaytib ketadigan kuni ertalab nomeriga kirishdi. U yerda tez orada boshlanadigan hijrondan darak berib, jomadon xomush turardi. - Men senga bir nimani aytishim kerak, - dedi Ella. - Nazarimda, buni aytish uchun juda uzoq taraddud ko'rdim. Aziz bir qoshini ko'tardi. - Men ham senga bir nimani aytishim kerak, - dedi ovozida bezovta ohang bilan u. - Unda sen birinchi aytaqol. - Yo'q, sen birinchi aytaver. Nim tabassumini saqlagancha Ella fikrlarini to'plab olish uchun ko’zlarini yerga oldi. - Hali sen Bostonga kelmasingdan oldin bir kuni biz Devid bilan uzoq gaplashgan edik. U sen haqingda so’ragan edi. Chunki u mendan beruxsat pochtamni o'qigan ekan. Undan qattiq jahlim chiqdi, lekin haqiqatni Undan yashirmadim. Ya'ni sen bilan mening oramizdagi bor Haqiqatni. Ella o'zining endi aytadigan gapiga Aziz qanday qarashini bilmay, qurquvda ko’zlarini yerdan oldi. - Qisqasi, men erimga boshqa insonni sevishimni aytdim. Ko'chadan barcha ovozlarni bosib ketadigan o't o'chiruvchilar mashinasining chinqirig'i eshitilardi. Ella xatar borligini his etdi, lekin yarim yo'lda to'xtamadi. - Aytadigan gapim uncha sog'lom ko'rinmasligi mumkin. Men bu haqida juda ko'p o'ylaganman. Lekin men sen bilan Amsterdamga ketishni istayman. Aziz deraza yoniga bordi va ko'chada nimalar bo'layotganini bilmoqchi bo'lib qaradi. Yaqinroqdagi bir uydan osmonga qalin qora tutun buriqsayotgan edi. Aziz jimgina shu uyda yashovchilarni duo qildi, keyin shoshilmay nimalarnidir gapirdi, uning gaplari Ellada xuddi butun shaharga qaratilgandek tasavvur uyg'otdi. - Men seni jon deb Amsterdamga olib ketgan bo'lardim, lekin senga baxtli kelajak va'da qila olmayman. - Nima demoqchisan? - dedi qo'rqa-pisa Ella. U kelib yoniga o'tirdi, qo'llarini o'z qo'llariga oldi, parishon holda ularni silab turib dedi: - Sen menga birinchi marta xat yozganingda, bu hayotimdagi eng yomon davr edi. - Hayotimda boshqa ayol bor, demoqchimisan?.. - Yo'q, sevgilim, yo'q, - Aziz istehzoli kuldi, lekin tez orada yuzi yana jiddiylashdi. - Aslo bunday emas. Men senga o'z hayotimning uch davri haqida gapirganim esingdami? «So'fiy» so'zining birinchi uch harfi. Lekin sen bir marta ham to'rtinchi davr haqida so'ramagansan, men senga bu haqida aytishni juda istagan bo'lsam ham, negadir sira mavridi kelmagan edi. Lekin «i» harfi bilan ham uchrashuv bo'lgan edi. Nima bo'lgani haqida bilishni istayganmi? - Ha, - dedi Ella, eshitishi mumkin bo'lgan narsadan qo’rqqani holda. - Ha, istayman. Aziz Ellaga iyul oyining kunduzida, otelda, Amsterdamga uchadigan reysga bir necha soat vaqt qolganda, o'zining 1977 yil qanday qilib yangi ism olib, so'fiy bo'lgani, shu bilan birga, o'zining aytishicha, yangi taqdir ham qabul qilgani haqida gapirib berdi. Shundan buyon u kasbiga ko'ra fotograf va qalb amriga ko'ra darbadar darvish sifatida dunyo kezib yurgan ekan. U oltita qit'ada chin do'stlar orttiripti, u ularga xuddi o’z oila a'zosiday yaqin ekan. Aziz garchi boshqa oila qurmagan esa-da, Sharqiy Evropada ikki yetimning otasi bo'lipti. Shams Tabriziyni hamisha xotirasida saqlash uchun bo'yniga quyosh shakli bor marjon taqib yurar, so'fiy darvishlar an'analariga ko'ra sayohatlar qilar, ma'ruzalar o'qir va targ'ibotlar qilar ekan. Ikki yil oldin esa unga kasal ekani ma'lum bo'lipti. Kasallik qo'ltig'i ostidagi shishni sezishdan boshlanipti, afsuski, u buni kech payqapti. Qabariq melanoma, ya'ni rakning o'limga olib keluvchi shakli ekan. Shifokorlar tekshirib, metastaz ichki organlarga ham tarqab ketganini aytishipti. O'shanda Aziz ellik ikki yoshda bo'lgan. Unga ko'pi bilan ellik besh yoshga qadar yashashi mumkinligini aytishgan. Ellaning lablari bir nima deyishga chog'langan kabi qimirladi, lekin tili kalimaga kelmadi, og'zi xuddi cho'lda qaqrab qolganday quruq edi. Yuzlaridan ikki tomchi yosh dumaladi, lekin u tezgina artib tashladi. Aziz har bir so'zini dona-dona aytib, gapida davom etdi. Shundan keyin hayotida yangi va muayyan ma'noda mahsuldor davr boshlangan ekan. Yerda hali u ko'rishni istagan ko'pgina yerlar bor ekan, u birinchi navbatda o’sha yerlarga borish yo'llarini izlab topipti. Amsterdamda butun dunyoda filiallari bor bo'lgan so'fiylik jamoasiga asos solipti. Indoneziya, Misr so'fiylari bilan birga konsertlarda havaskor sifatida nay chalipti va hatto Kordova, Ispaniyadagi yahudiy va musulmon mistiklari guruhi bilan birga alьbomlar chiqaripti. Keyin Marokkoga qaytipti va yo'lining boshida uchratgan birinchi so'fiylar takkasini ziyorat qilipti. Ustoz Sammid allaqachonlar vafot etgan ekan, Aziz uning qabrini ziyorat qilipti, duolar o'qipti va meditasiya qilipti. - Shundan keyin o'zim hamisha yozishni istagan, lekin dangasalik qilibmi yoki jur'at qila olmaganim uchunmi, hamisha orqaga surib kelgan romanni yozish uchun faol hayotdan chekindim. - Aziz Ellaga ko'z qisib qo'ydi. - Men buni juda ham istagan edim. Asarni «Shirin shakkoklik» deb atadim va hech qanday ijobiy natija kutmagan va har qanday natijaga tayyor holda uni amerika agentligiga yubordim. Birmuncha vaqtdan keyin esa Bostondagi sirli bir ayoldan g'alati elektron xat oldim.
Ella jilmayishdan o'zini tiya olmadi. Bu tavozeli hamdardlik tabassumi edi, u og'riqli va mehrli edi. Aziz o'sha daqiqalardan buyon avvalgidek bo'la olmaganini aytdi. Eng to'g'ri kelmaydigan vaqtda, u o'limga tayyorlanayotgan odamdan sevuvchi odamga aylandi. Shunga qadar muhim va o'zgarmas bo'lib tuyulgan narsalar birdan qo'zg'olib, charxpalakday aylanib ketdi. Ruh, hayot, o'lim, e'tiqod va ishq - shulardan barchasining ma'nolarini u qaytadan anglab chiqdi. Uning aslo o'lgisi kelmas edi. O'z hayotining final bosqichini u «So'fiy» so'zidagi «i» harfi bilan atadi. U bu bosqichni eng qiyin bosqich ekaniga iqror bo'ldi, chunki u o'zini barcha ichki konfliktlarni boshdan kechirib bo'lgan deb o'ylagan, o'zini ruhan etuk va maqsadiga erishgan inson deb hisoblagandi. - So'fiylar o'lishdan oldin o'lishni o'rganadilar. Va men qadam-baqadam barcha bosqichlardan o'tib kelgandim. Keyin esa, hammasini aniqlab bo'ldim, deb o'ylay boshlaganimda, yo'q yerdan bir ayol paydo bo'ldi. u menga yozadi, men unga javob yozaman. Har bitta elektron xatidan keyin, nafasimni ichimga yutib, uning xatini kutaman. So'zlar qimmati har qachongidan baland bo'lib ketdi. Hamma narsa butkul bo'm- bo'sh ekranga aylandi, men unda harflar paydo bo'lishini intizor kutaman. Keyin birdan bu ayolni yaxshiroq bilgim kelayotganini anglayman. U bilan ko'proq vaqt birga bo'lgim keladi. Menga bu hayot kamlik qilayapti. Men endi o'limdan qo'rqayotganimni va mendagi qaysidir qism shu vaqtgacha men hurmat qilib kelgan va men bosh egib kelgan Xudoga qarshi isyon ko'tarmoqchi bo'layotganini anglayman. - Lekin hali vaqtimiz bor... - dedi Ella qayta tilga kirib. - Shifokorlar o'n olti oy deyishgan, - garchi o'zini beparvo tutishga harakat qilayotgan esa- da, qat'iy qilib dedi Aziz. - Ular xato qilishlari mumkin. To'g'ri aytgan bo'lishlari ham mumkin. Bilmayman. Quloq sol, Ella, men senga faqat HOZIRni taklif eta olaman. Menda bori shu, xolos. Aslida hammada ham shunday, hamma ham kecha ham emas, kelajak ham emas, faqat hozir bor. Biz shunchaki tasavvur etishni yoqtiramiz... Ella yerga qaradi va xuddi to'g'ri o'tirishga kuchi yetmayotganday bukchayib qoldi. Ojizlikka qarshilik ko'rsatmoqchi bo'ldi, lekin kuchi etmadi, yig'lab yubordi. - Iltimos, yig'lama. Sen men bilan Amsterdamga uchib ketishingni dunyodagi hamma narsadan ko'proq istayman. Men senga: «Yur, dunyo kezaylik. Olis mamlakatlarin ko'raylik, har xil odamlar bilan tanishaylik va birgalikda Rabbimiz yaratmishlaridan zavqlanaylik» degim keladi. - Bu menga yoqadi, - tabassum qildi Ella va xuddi yig'lamasin deb qo'liga qo’g'irchoq berilgan bolaga o'xshab ketdi. Azizning qovog'i solindi, oyna tomonga o'girilib oldi. - Men esa qo'rqaman. Men hatto senga teginishga ham qo'rqaman, boshqa narsalarni esa qo'yaverasan. Men o'z kelajagim yo'q bo'laturib, qanday qilib sendan men bilan birga bo'lishingni, oilangni tashlashingni so'ray olaman?
Ella yelkalarini qisdi, lekin baribir dedi: - Tushkun bo'lishning nima keragi bor? Axir sen xastalikka qarshi kurasha olasan-ku! Sen men uchun shunday qilishing kerak. Biz uchun. - Nima uchun kurashishimiz kerak ekan? - e'tiroz qildi Aziz. - Biz hamisha kurash haqida gapiramiz - Inflyasiyaga, OITSga, rakka, korrupsiyaga, terrorizmga, hatto ortiqcha kilogrammlarga qarshi kurash haqida... - Men so'fiy emasman, - dedi betoqatlik bilan qandaydir xirillagan begona ovozda Ella. Xayolidan o'zini-o'zi o'ldirib, hayotdan ko'z yumgan otasi, undan keyingi judolik azoblari, agar vaziyat boshqacha bo'lganda hayot qanday bo'lishi mumkinligi haqidagi achchiq va nadomatli o'ylar g'izillab o'tdi. - Sen so'fiy emasligingni bilaman, - istehzoli kuldi Aziz. - Bo'lishing kerak ham emas. Rumiy bo'lsang bas. Sendan faqat shuni so'rayman. - Nimani nazarda tutayapsan? - Yaqinda mendan, sen o'zingni Shams deb hisoblaysanmi, deb so'ragan eding. Esingdami? Sen meni unga o'xshaysan, degan eding. Buni eshitishdan qanchalar baxtiyor bo'lsam hamki, lekin men Shams emasman. O'ylashimcha, u ancha buyuk bo'lgan. Lekin sen Rumiy bo'la olasan. Agar ishq seni ishg'ol etishiga va seni o'zgartirishiga imkon bersang - avval o'z borliging bilan, keyin esa yo'qliging bilan... - Men shoir emasman, - dedi Ella. - Rumiy ham shoir emas edi. Lekin keyin bo'ldi. - Tushunmayapsan. Xudo haqi, men oddiy uy bekasiman, uch farzandning onasi! - xitob qildi Ella va qiynalib tin oldi. - Asliyatimiz qanday bo'lsa, biz shundaymiz, - shivirladi Aziz. - Va biz hammamiz o'zgaramiz. Bu bir sayohat. Sen shu sayohatni amalga oshira olasan. Agar jasoratli bo'lsang va men ham jasoratli bo'lsam, biz nihoyat Konyaga bora olardik. Men o'sha yerda o'lishni istayman. Ella xo'rsindi: - Bas qil. Aziz Ellaga uzoq qarab qoldi, keyin yerga qaradi. Yuzida boshqa ifoda paydo bo'ldi, ovozida esa begonalik bor edi, bu ovoz xuddi shamol uchirgan yaproq kabi uzoqdan kelayotganday edi. - Shuningdek, Ella, - shoshmasdan dedi u, - sen uyga qaytishing mumkin. Bolalaring oldiga - uyingga bor. O'zing hal qil, sevgilim. Sen qaysi birini tanlasang ham, bu mening tuyg'ularimga ta'sir qilmaydi. Men seni hamma vaqt yaxshi ko'raveraman.
1248 yil, mart, Konya. Ichkilik ichmaydiganlar ichuvchilar boshqa qiladigan ishlari yo'qligidan, dangasalikdan ichishadi, deb hisoblashadi. Ular hech nimani tushunishmaydi! Qancha ko'p ichsangiz, shuncha og'irlashasiz, o'zingizni harakatlanishga majburlay olmaydigan bo'lib qolasiz. Biz butun dunyo yukini o'z yelkalarimizda ko'taramiz. Qattiq holdan toygan va hamma narsadan norozilik tuygan holda boshimni stolga qo'yib, mudrab qolibman. O'shanda ancha noxush bir tush ko'ribman. Qandaydir notanish ko'chalarda kattakon qora buqa meni g'azab bilan quvlayotganmish. Undan qochib, bozorga
kiribman, bozordagi do'konlar, peshtaxtalar oshib, savdo qilayotganlarga urinib-surinib, hammaning jahlini chiqarib chopayotganmishman. Chopayotib qandaydir o'tish joyiga duch keldim, o'zimni o'shanga urdim, lekin u boshi berk ko’cha ekan. U yerda mamontning tuxumi bor ekan, juda katta, uydek keladi. Tuxum birdan maydalana boshladi, ichidan bir xunuk ho’l qush chiqipti. Men boshi berk ko'chadan chiqib ketmoqchi bo'libman, lekin shutob osmonda qushning onasi paydo bo'lipti, go'yo jo'jasining isqirtligiga meni aybdor sanab, qarab turganmish. Keyin u osmondan pastlay boshlapti va menga o'tkir tumshug'ini taqapti... Shundan keyin uyg'onib ketdim. Ko'zimni ochib, stol oldida uxlab qolganimni tushundim. Og'zim xuddi zanglagan mixning ta'miga o'xshagan mazadan taxir bo'lib ketipti, chanqab, o'lay deb qolibman-u, lekin qimirlagim kelmas edi. Boshimni ko'tarmagan holda qovoqxonadagi shovqinga quloq tutgancha, yana yo'qlikka cho'kib ketdim. Shu orada orqamda kimlardir bahslashayotganini eshitdim; shovqin xuddi asalari inidan chiqadigan ovozlarga o'xshab goh yaqinlashar, goh uzoqlashardi. Nihoyat bu qo'shni stolda bahslashib o'tirgan odamlarning ovozlari ekanini ilg'adim. Endi ularning yuziga qaramoqchi bo'lib turgandim, qulog'imga «qatl etish» degan ovoz eshitilib qoldi. Avvaliga buni mast odamning alahlashi bo'lsa kerak, deb o'yladim. Qovoqxonada nimalarni eshitmaysan kishi, keyin esa, o'rganib ketilganidan keyin hamma narsani ham jiddiy qabul qilavermaslik kerakligini tushunasiz. Lekin qo'shni stoldagilar ovozlaridagi allanima meni hushyor tortib, tuzukroq quloq solishga majbur etdi. Ular hazillashmayotganlarini va gap Shams Tabriziyni o'ldirish haqida ketayotganini tushungach, chakagim uzilay deb osilib qoldi. Ular chiqib ketgan zahoti o'zimni uxlayotganga solishdan to'xtab, stoldan irg'ib turdim. - Xristos, bu yoqqa kel! Kelsang-chi tezroq! - baqirdim men. - Senga yana nima kerak? - so'radi chopib kelgan Xristos. - Nimaga baqirasan? Men esa hech nima deya olmadim. Hatto unga ham ayta olmadim. Qovoqxonada o'tirganlarning hammasi menga shubhali ko'rinardi. Bu Shamsga qarshi uyushtirilayotgan suiqasd bo'lsa-chi? Yo'q, og'izni qulflab, ko'zni kattaroq ochish kerak. - Shunchaki, o'zim! Qornim ochdi, - dedim. - Menga sho'rvangdan olib kel. Sarimsoqdan ko'proq sol. Hushimga kelib olay! Mening kayfiyatimdagi tez o'zgarishlarga odatlanib qolgan Xristos menga hayron qarab qo'ydi, ortiqcha savol bermadi. Birpasdan keyin yaxshi qaynagan va xushbo'y tovuq sho'rva olib keldi. Va men uni shoshib icha boshladim. Biroz o'zimga kelib olgach, Shame Tabriziyni izlab topish uchun ko'chaga otildim. Eng oldin Rumiylarnikiga bordim. Shams u yerda yo'q ekan. Keyin machit, madrasa, choyxona, novvoyxona, hammomga bordim... Hunarmandlar ko'chasining barcha burchaklariga qirib chiqdim. Hatto mabodo tishi og'rib qolgan bo'lsa, kirmadimikin deb lo'lining chaylasiga ham bosh suqdim. Hammayoqni izladim va vaqt o'tgan sayin qo'rquvim ortib bordi. Vahimaga tushib qoldim. Kech qoldimmikan? O'ldirib bo'lishganmikin? Bir necha soat shu zaylda yurib, endi qayoqqa borishni bilmay karvonsaroy tomonga burildim, yuragim alg'ov-dalg'ov bo'lib yotardi. Shunda birdan, xuddi mo’jiza ro’y berganday, eshikdan ikki qadam narida Shamsga duch keldim. - Assalomu alaykum, Sulaymon. Sen juda band ko'rinasan? - kulimsirab so'radi Shams. - Xudoga shukur! Tirik ekansan! - xitob qildim men va uni quchoqlab oldim. Shams qo'llarimdan bo'shab olgach, menga hayron qarab qoldi: - Tirikman, albatta! Yo arvohni ko'rdim deb o'yladingmi? Men jilmayib qo'ydim. Boshim og'riyotgan edi, boshqa vaqt bo'lganda-ku, tezroq chanqovbosdi qilish va tashvishdan nari bo'lish uchun ikki ko'za ichgan bo'lardim. - Do'stim, nima bo'ldi? Tuzukmisan? - xavotirlanib so'radi Shams. Men zo'rg'a yutinib oldim. Men suiqasd haqida aytsam, u ishonmasa-chi? Balki kayfi oshganidan shunday tushungan, deb o'ylar? Bu to'g'ri bo'lishi ham mumkin. Hozir o'zim ham o'zimga ishonmas edim. - Seni o'ldirmoqchi bo'lishayapti, - dedim men. - Bu odamlar kimligini bilmayman, chunki ularning yuzlarini ko'rmadim. Uxlayotgandim, bilasan-ku... Lekin bu tush emas edi. Ya'ni tush ham ko'rayotgan edim, lekin bu tush emas edi. Men mast emas edim. Atigi ikki finjon, nima degan gap... Shams qo'lini elkamga qo'ydi: - Xotirjam bo'l, do'stim. Men tushunaman. - Tushunasan? - Ha. Endi joyingga qaytib borgin-da, men haqimda boshqa tashvish qilma. - Yo'q, yo'q! Hech qayoqqa bormayman. Sen ham bormaysan, - qarshilik qildim men. - Bu jiddiy odamlar edi. Sen ehtiyot bo'lishing zarur. Rumiylarnikiga borma. Seni eng oldin o'sha yerdan izlashadi. Shams mening holatimga e'tibor bermay, jim turardi. - Menga quloq sol, darvish, mening uyim kichkina, lekin agar istasang menikida qancha turging kelsa, shuncha turishing mumkin. - Meni o'ylaganing uchun katta rahmat, - dedi Shams.
- Lekin hammamiz ham Xudoning dargohidamiz. Qoidalardan birida aytilishicha: «Dunyo hamma narsalarning hamma narsalarga bog'liqligi qonuniga bo'ysunadi. Ezgulikning har bir tomchisi, yomonlikning har bir bo'lagi - hamma-hammasi o'zaro bog'langan. Suiqasdlardan, aldanishlardan, ayyorliklardan ko'rmaslik kerak. Kimdir senga qopqon qo'yayotgan bo'lsa, bilginki, u Xudoning irodasi bilan shunday qilayapti. Eng zo'r qopqonni Uning O'zi qo'yadi. Xudoning izmisiz daraxtning yaprog'i ham qilt etmaydi. Xudoga to'liq ishon. Nimaiki sodir bo'lmasin, uning iznisiz bo'lmaydi». Shams shu so'zlarni aytib menga ko'zini qisib qo'ydi va xayrlashib, menga qo'l silkitdi. Men uning loy ko'chadan yurib, Rumiylarning uyi tomon qadam tashlab tez ketayotganini kuzatib qoldim. Mening ogohlantirishimga e'tibor bermadi ham.
Download 1.34 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling