Islom dinida nikoh talqini Islomda olianing muqaddasligi


Islomda olianing muqaddasligi


Download 67.45 Kb.
bet2/5
Sana07.05.2023
Hajmi67.45 Kb.
#1439433
1   2   3   4   5
Bog'liq
Islomda nikoh va oliaviy munosabatlarning talqini2

Islomda olianing muqaddasligi

Bugun butun dunyo oila instituti inqiroziga, xususan, nikohlar beqarorligi, ajrashishlar soni ortishi, nikohsiz tugʻilishlar koʻpayishi, oilaviy hayot va farzand tarbiyasiga toqatsizlik kabi muammolarga toʻqnash kelyapti. Olimlar bunday muammolar millatning maʼnaviy tanazzuliga sabab boʻlishi mumkinligini ilmiy jihatdan asosladi.


Bu borada Abdurauf Fitrat: “Har bir millatning saodati va izzati shu xalqning ichki intizomi va totuvligiga bogʻliq. Tinchlik va totuvlik esa millat oilalarining intizomiga tayanadi, mamlakat va millat ham shuncha kuchli boʻladi. Agarda bir mamlakatning aholisi axloqsiz va johillik bilan oilaviy munosabatlarni zaiflashtirib yuborsa va intizomsizlikka yoʻl qoʻysa shunda bu millatning saodati va hayoti shubha ostida qoladi” deb taʼkidlagan.
Oila borasidagi diniy, ilmiy va falsafiy yondashuvlarni kuzatsak, oila barqarorligida er-xotin munosabatlari asosiy oʻrin tutishini koʻramiz. Masalan, islomda nikoh orqali inson va oilani ulugʻlashga, erkak va ayolning huquqlariga, ularning shaʼniga va oilada tinchlikni saqlashga katta eʼtibor qaratilgan: “Ayollar (uchun belgilangan huquqlar) oʻz meʼyorida erkaklar (huquqi) bilan tengdir”
Er – oila rahbari. Ayol eriga hurmat va itoatda boʻlsa, farzandlar ham otaga itoat qiladigan boʻladi. Natijada oilada ahillik, muhabbat hukm suradi va u mustahkam boʻladi. Ayolning eriga itoatsizligi esa oilaning buzilishi va boshqa koʻplab noxushliklarga sabab boʻladi. Ammo bu ayol kishi xohlasa ham, xohlamasa ham oilada yashashga majbur, uning ajrashishga haqqi yoʻq, degani emas. Islomda ayol kishi ham ajrashish huquqiga ega. U buni “xuluʼ” yoʻli bilan bajaradi. “Xuluʼ” “kiyim yechish” maʼnosini bildiradi. Shariatda esa, xotin kishining arz qilish orqali eri bilan ajrashishiga “xuluʼ” deyiladi, yaʼni ayol ajrashmoqchi boʻlsa, qozixonaga ariza berib ajrashish huquqiga ega boʻladi [5].
2020 yil 6 avgust kuni Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasida “Musulmon jamiyatlarida oilaviy munosabatlardagi muammolar: Sabab va yechimlar” [6:121] mavzusida xalqaro mutaxassislar va yurtimizdagi islomshunos olimlar, imom-xatiblar, diniy bilim yurtlari mudirlari va talabalar ishtirokida video-seminar oʻtkazildi. Unda islom ilmlari boʻyicha yetuk olim, Tatariston Respublikasidagi Bulgʻor islom akademiyasi (Rossiya Federatsiyasi) professori Shayx Abdurazzoq Saʼdiy ishtirok etdi va ajrashishlarning yechimi sifatida quyidagi tavsiyalarni sanab oʻtdi:
– oila qurishdan avval kuyov yo kelinning mol-davlati, shon-shuhratiga emas, tarbiyasi va axloqiga, maʼnaviy goʻzalligiga eʼtibor qaratish lozim;
– oʻzaro kelishmovchiliklar kelib chiqqanda, darrov ajrashmasdan, oʻrtani isloh qilish va yarashtirish uchun ikki tomondan vakillar chaqirish;
– iqtisodiy kamchiliklar boʻlganda, boriga qanoat qilish va sabrli boʻlish;
– diniy idora oilaning muqaddasligi, farzand tarbiyasi, taloqning oqibatlari kabi mavzularda juma tezislarini ishlab chiqishi va musulmon ommasiga yetkazishi;
– oilalarda vujudga kelayotgan nohaqlik, zulm va ajrashishlarning oldini olish maqsadida diniy idora tizimida fiqhiy ilmga ega 2-3 kishidan iborat yetuk mutaxassislar hayʼatini tuzish va muammolarga oʻz vaqtida yechim toppish.
Oila jamiyatning muqaddas maskani, eng asosiy tarbiya makonidir. Oiladagi ota ibrati, ona mehri, bobo va buvilar o’gitlari orqali milliy qadriyatlarimizga bo’lgan imon-e'tiqod, halollik, mehr-oqibat avloddan avlodga o’tadi, farzandlarimiz ongi va qalbida muhrlanib boradi. Iqtisodiy jihatdan farovon, ijtimoiy-axloqiy va g’oyaviy muhiti sog’lom oila negizida yuzaga kelgan jamiyat va davlatning poydevori mustahkam bo’ladi. Chunki bunday oilalarda ma'naviy barkamol inson voyaga yetadi, uning his-tuyg’ulari, dunyoqarashi, tafakkuri el-yurtga halol xizmat qilishdek insonparvarlik g’oyalari bilan sug’orilgan.
O’zbeklarda oilaning rahbari ota hisoblanib, u oilani moddiy jihatdan ta'minlashga mas'uldir. Otaning rahbarligi to’g’risida Qur'oni karimda "Erkaklar xotinlari ustidan rahbardurlar" deyilgan. Oyat mohiyatini tahlil qiladigan bo’lsak, oiladagi moliyaviy masalalar, chetdan bo’ladigan xurujlardan uni himoya qilish otaga yuklatilmoqda. Nafaqat rahbar, balki ota-oila posboni. Ota bor xonadon charog’on, bolalar yuzida tabassum, ona qalbida osoyishtalik.
Oilada ijtimoiy-ma'naviy muhitni barqaror bo’lib turishida, farzand tarbiyasida onaning, ayolning o’rni beqiyos. Farzandlarimizning oilada shakllangan imon-e'tiqodi, odobi, g’ururi, iftixori, oriyati, mahalla muhitida mustahkamlanib boradi. Oilada imon-e'tiqodli oriyatli etib tarbiyalangan qiz yoki o’g’il mahallaning sha'ni, obro’si, kelajagi uchun qayg’uradi. Mahallada yuzaga kelgan har qanday noxushliklarga barham berishga intiladi.
Tarix saboqlaridan ma'lumki, inson qalbiga bunyodkor g’oyalarni singdirish ma'naviy barkamollikni ta'minlaydi. Bu kabi bunyodkorlikka da'vat umuminsoniy va diniy qadriyatlarimizga hurmat, ularni sevib o’qish va uqishda ham mujassam. Bunday tarbiya bolalarga diniy qadriyatlarimizning sarchashmalari Qur'oni karim, hadisi shariflar, ajdodlarimiz ma'naviy merosi orqali singdirib kelingan.
Jahon madaniyati va ma'naviyatiga katta hissa qo’shgan Ibn Sino, Farobiy, Navoiy, Ahmad Farg’oniy, Mirzo Ulug’beklarni dunyoga keltirib tarbiyalagan momolarimizning ham o’zlari ma'naviy barkamol bo’lganliklariga shubha yo’q.
Oilalar birligi jamiyatni tashkil etib, jamiyat ustunlari bo’lgan zamonaviy ayollar ham sog’lom fikrlashi vatanimiz taraqqiyoti uchun iqtidorli yoshlarni tarbiyalashdek mas'uliyatni his qilmoqlari zarur. Ayolning insoniy qadrini joyiga qo’yish, har qanday tajovuzkorlikdan asrash, ijtimoiy hayotdagi o’rnini o’z vaqtida anglab yetish jamiyatda barqarorlikni hukm surishi uchun moddiy va ma'naviy zamindir. Chunki, ijtimoiy hayotda muqaddas dargoh hisoblanmish oila ayol bag’rida vujudga kelar ekan, bu ham davomiylik kasb etadi. Bugungi farzand qiz vaqt o’tib ona, buvi bo’ladi. Ayollar va ularning erkinligi, turmush sharoitlari qanchalik qulay bo’lsa, ayolning kelajak oldidagi mas'ulligiga shuncha katta imkoniyatlar ochiladi. Bu esa xotin-qizlarimizni yurt tinchligi xalq farovonligi uchun halol mehnat tufayli ortirgan obro’-e'tibori bilan ham bog’liq. Oilada baxtli, hayotda o’z o’rnini topgan ayol farzandlari kelajagiga ham bee'tibor bo’lmaydi.
Alloh taolo ayolni shunday ulug’ zot qilib yaratdiki, u o’zining aql-idroki, fahm-farosati bilan eriga huzur bag’ishlaydi, xonadonga fayz-barakot keltiradi. Ana shunday ayol tufayli er ikki dunyo saodatiga erishadi. Alloh taolo Odam alayhissalomni yaratib, jannat ne'matlari bilan siyladi. Jannatda hamma narsa muhayyo edi. Lekin Odam alayhissalomga nimadir kamlik qilayotgandek tuyular edi. Shuning uchun Alloh Ul zotning chap qovurg’asidan Momo havo onamizni yaratib, Odam alayhissalomning qalbi taskin topdi. Soliha, obida, aqlli ayol nikohingizda bo’lsa, siz hayoti dunyo jannatidasiz. Bunday ayol o’z fazilatlari bilan farishtalardan ham ulug’dir.
Har qanday din insonga bu dunyoning o’tkinchi ekanini va oxiratni o’ylab yashashga, odam bolasini xushyor bo’lishga, nopok yo’llardan uzoq yurishga, hayotda, yaxshi iz qoldirshga da'vat etadi. Islom dini ham odamlarda ishonch hissini mustahkamlab, musulmonlarning qalblarini poklantiradi, hayot sinovlari, muammo va qiyinchiliklarni yengib o’tishlarida ularga kuch bag’ishlaydi, umuminsoniy ma'naviy qadriyatlarning avloddan-avlodga yetib kelishiga xizmat qiladi. Shuning uchun ham islom insonning ishonchli hamrohi, hayotimizning muhim qismi bo’lib qolmoqda.
Inson jamiyat bilan hamnafas yashashga ko‘nikkan. Yolg‘izlikda uning orzu umidlari, maqsad muddaolari ro‘yobga chiqishi mahol. Binobarin, u ko‘nglining oromi, naslining davomi uchun oila ko‘radi.
Har bir inson oila muhitida kamolga yetar ekan, oilaning barqarorligi, mustahkamligi va farovonligi jamiyat taraqqiyotining eng asosiy shartlaridandir.
2012 yilga “Mustahkam oila yili” deb nom berilishi inson , oila va jamiyat ravnaqi yo‘lida qo‘yilgan navbatdagi qadam bo‘ldi. Oilaning tayanch nuqta ekani konstitutsiyada belgilangan: “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega “. (14-bob,63-modda).
Muqaddas islom ta’limotida oila mustahkamligi borasida ko‘rsatmalar kelgan. Qur’oni Karimning bir qancha oyatlarida oila va uning ahamiyati haqida marhamatlar bor.
Islom dinida oilga katta e’tibor berilib, uni qanday tashkil qilish, oila a’zolarining huquqlari farzandlar tarbiyasi uning a’zolari o‘rtasida chiqadigan kelishmovchiliklarni muolaja qilish, umuman, oilaviy hayotning barcha masalalariga javob toppish mumkin. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladiki:
“Uning alomatlaridan (yana biri) - sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir”
Oila insonning dunyoviy saodatini ta’minlovchi qo‘rg‘ondir.Oilada erkak kishining ma’suliyati alohida qayd etilgan. Alloh taolo Qur’oni Karimda marhamat qilib:
“Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga ) o‘z mol-muliklaridan sarf qilib turishlaridir” - degan.
Oila boshlig‘i bo‘lmish erkakning zimmasiga muayyan vazifalar yuklatilgan. Ya’ni, erning o‘z xotini oldida ham ijtimoiy ham jismoniy, ham moliyaviy burchi mavjud. Alloh taolo marhamat qiladiki:
“…Ular bilan totuv turmush kechiringiz…”
Oila – insoniyat tarixining hamma davrlarida jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lib kelayotgan muqaddas dargoh bo‘lib hisoblanadi. Haq taolo o‘zining payg‘ambarlari orqali oila masalasiga alohida ahamiyat berib, uning mustahkam bo‘lishi, undan o‘zlangan maqsad yuzaga chiqishi uchun har qaysi davrga muvofiq nizom va qonunlar joriy etgan. Alloh taolo Qur’oni Karimda uylanib, oila qurish payg‘ambarlarning sunnati ekanligini ta’kidlab bunday deydi:
“Darhaqiqat, sizdan ilgari ham (ko‘p) payg‘ambarlar yuborganmiz va ularga xotinlar va zurriyotlar berganmiz” (“Rad” surasi, 38-oyat).
Mustahkam va saodatli oilada er-xotin o‘zaro totuv yashashi bir birining yaxshi va yomon jihatlarini ko‘tarishi, ayb va kamchiliklarini kechirishi, tinch va totuv yashashi lozim. Bu haqda Qur’oni Karimda bunday deyilgan:
“Ey, imon keltirganlar! Sizlarga xotinlarni majburiy ravishda meros qilib olish halol emasdir”. Yana ularga bergan mahrlaringizning bir qismini qaytarib olib ketish niyatida xotinlaringizga tazyiq qilmangiz! Agar ular aniq buzuqlik qilsalar (bu mustasnodir). Ular bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yinki,) balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin”. (Niso surasi. 72-oyat)
Alloh taolo barcha jonzotlarni, shuningdek, insonlatni ham juft-juft bo‘lib yashashga mos holda yaratgan. Oila inson zoti yaratilganidan boshlab davom etib, insoniyat tarixining hamma davrlarida har qanday tuzum, sharoitda ham kishilarning asosiy va muhim hamda sharafli ishlaridan hisoblanadi.
Darhaqiqat, Islom dini o‘z ayollariga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lgan erkaklarni insonlarning eng yaxshilari qatoriga qo‘shadi. Bu haqda Rasululloh (s.a.v) shunda deb marhamat qiladilarki:
“Sizlarning ichingizdagi yaxshi erkak o‘z ahli ayoliga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lganidir. Men esa o‘z ahlimga sizlardan ko‘ra yaxshiroq munosabatdaman”.
Albatta, har to‘kisda bir ayb deganlaridek, inson zoti aybu nuqsondan xoli emas. Shunday ekan, erkaklar o‘z ayollarining ayblarini berkitib, oilaning bardavom bo‘lishligini ko‘zda tutgan holda ularga pandu nasihat qilib turishlik buyuriladi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat qiladilar: “Hech bir mo‘min hech qaysi mo‘mina ayolini yomon ko‘rmasin. Agar uning xulq atvoridan birini yoqtirmasa, boshqa xulqini yoqtirishi mumkin”.
Demak, ayol kishi oilaning bir bo‘g‘ini hisoblanadi. Ma’lumki, johiliyat davrida ularga past nazar bilan qaralgan. Islom dini ularga katta huquqlar berish bilan birga er tomonidan boshpana, oziq ovqat va ust bosh bilan ta’minlanishlikni vazifa qilib qo‘ygan.
Hech kimga sir emas, bu dunyoda har qaysi inson voyaga yetib, kasb hunarga ega bo‘lib, hayotda o‘z o‘rni va kelajagini aniqlab, oila qurishni istaydi.
Oila hayoti hech qachon sidirg‘asiga shodu hurramlik, baxt saodatdan iborat bo‘lmaydi. Turmushda ixtilof va tashvishlar, qiyinchilik va yetishmovchiliklar, musibat va g‘am anduhlar keragicha uchraydi. Er xotin birgalashib qarshi kurashsagina ularni yengish oson kechadi, oila xotirjamligi tezroq qo‘lga kiradi.
Rivoyat qilinishicha, sahobalar Rasululloh (s.a.v.)dan: “Zimmamizda xotinlarimizning qanday haqlari bor?” deb so‘rashganda, U zot (s.a.v.):
“Yeganingizda uni ham yedirmog‘ingiz, kiyganingizda kiydirmog‘ingiz, yuziga urmaslik, yomon so‘zlar bilan haqorat qilmaslik, faqat xonadan chiqmagan holda o‘rinni boshqa qilib yotmoqlik”, dedilar. (Abu Dovud rivoyati)
Erkak kishining eng katta burchi o‘z qaramog‘idagilarni o‘zgalarga qaram bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Darhaqiqat, erkaklarning zimmasiga nafaqai ahli ayol farzdir. Payog‘ambarimiz (s.a.v.)ning hadislarining birida: “Kishi o‘z qaramog‘idagilarini nafaqasiz tashlab qo‘yishi uning qattiq gunohkorligiga kifoya qiladi”, deb marhamat qilganlar.
Ming afsuslar bo‘lsinki, hozirgi kunda ba’zi bir oila boshliqlari shu masalada o‘z vazifalarini unutib qo‘ymoqdalar. Hatto ba’zilari oriyatsizlik bilan o‘z jufti halollarini ayollar sha’niga mos kelmaydigan yo‘llar bilan pul topib kelishi uchun ko‘cha ko‘yga chiqarib, hatto mardikorchilik qilishga ham majbur qilayotganliklari ham sezilmoqda. Bunday holatlarning paydo bo‘lishi achinarli holder.
Rasululloh (s.a.v.) Hajjatul Vado’da erkaklarga murojaat qilib shunday dedilar: “Ayollar haqqida Allohdan qo‘rqinglar, darhaqiqat ular sizning yordamchilaringiz bo‘lib, sizlarning ulardagi haqqingiz shundan iboratki, sizning uyingizga siz yoqtirmagan birorta kimsa bostirib kirishiga yo‘l qo‘ymaslik. Bordiyu shunday qilsalar ularni jarohat yetkazmaydigan qilib urushib qo‘yingiz! O‘z navbatida sizlar ham ularning yaxshilik bilan yedirib, kiydiringiz”.
Farzandlarni, odatda, onalar emizib tarbiya qiladilar. Moddiy ta’minot bo‘yicha ayol eridan uning toqati yetmaydigan narsalarni talab qilishi mumkin emas. Ulamolarimiz aytadilarki, erining topganiga qanoat qilmasdan, undan yanada ko‘proq narsalar talab qilgan ayollar gunohkor bo‘ladilar.
Dinimiz ta’limotlarida oila qurishga erkak va ayol birdek trg‘ib qilingan. Oila qurmasdan, tarkidunyochilik yo‘lini tutish qoralanib, buning aksi bo‘lgan nikoh ibodat darajasiga ko‘tarilgan. Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) nikohlanish faqat o‘zlarining sunnati emas, balki o‘tgan barcha payg‘ambarlarning ham sunnati ekanini aytganlar.
Islom ta’limotiga ko‘ra, oila Alloh taoloning roziligini topish, hazrati payog‘ambarimiz (s.a.v.) axloqlari, chiroyli odob axloq bilan ziynatlanish va pok yo‘l bilan insoniyat naslini davom ettirish maqsadida quriladi. Shuning uchun dinimiz oilani nikoh asosida qurishga alohida e’tibor beradi va nikohni insoniy aloqalarning eng muhimi sifatida yuksak qadrlaydi. Zero, oila katta jamiyatning kichik bir bo‘lagi hisoblanadi.
Jamiyat hayotida oila qurib yashashlik naqadar ahamiyatli ekaniga hazrati payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ta’kidlab bunday xitob qilganlar:
“Ey, yigitlar! Sizlardan qay biringiz oila qurishga qurbi yetsa, uylansin. Uylanish nomahramlarga ko‘z tashlashdan, buzuqliklardan asraydi. Qurbi yetmagan kishi ro‘za tutsin, toki unga to‘siq bo‘lsin”.
Darhaqiqat, Alloh taolo inson zotini, u erkak bo‘lsin yoki ayol bo‘lsin, nafsiy rahbat bilan yaratgan. Ayni paytda, ushbu tabiiy nafs rag‘batini halol, pok yo‘l bilan qondirishni buyurib, nikohni joriy qilgan.
Yana bir hadisi sharifda:
“To‘rtta yaxshi ish bor, ular payg‘ambarlar sunnatidan sanaladi: hayo, xushbo‘ylik, misvok tutish va uylanishdir”, deb marhamat qilinadi. (“Al jome’ as sag‘ir”)
Shunga muvofiq nikoh orqali uylanish va oila qurish, farzandlar tarbiyalash ko‘p millatlarda bo‘lgani kabi dinimiz ta’limotlarida ham tahkidlanganidan muqaddas hisoblanib, o‘ziga yarasha tartib va qoidalar asosida tashkil etiladi.
Oila tayanchi bo‘lgan ayollarimizga chiroyli muomala ko‘rsatish, shirinso‘z bo‘lish va har tomonlama yaxshilik qilishimiz lozim, agarchi ularning fe’l atvorlarida biror harakat yoqmagan taqdirda ham qo‘pollik qilmasdan, shirinso‘zlik bilan kamchiliklarini aytish, uni tuzatishga ko‘maklashish kerak bo‘ladi, chunki har narsada Alloh taoloning biz bilmagan, aqlimizga kelmaganhikmatlari bor. Ayollarning xulqlarida bir emas, bir necha yaxshilik borligi ma’lum.
Abu Hurayra (r.a.) Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan rivoyat qilgan hadisda bunday marhamat qilinadi:
“Sizlarning yaxshilaringiz ahli ayoliga yaxshi muomalada bo‘lganlaringizdir. Men hammangizdan ko‘ra ahli ayoliga yaxshiroq muomala qilguvchingizman”. (“Al jome’ as Sag‘ir”
Birinchi Prezidentimiz tashabbuslari bilan e’lon qilingan 2012 yil “Mustahkam oila yili”da oilalarning ma’naviy kamoloti, moddiy farovonligi, farzandlar baxt saodati, ularning nurli kelajagi uchun davlatimiz istiqlol yillarida ko‘p xayrli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. O‘z navbatida biz ham hazrati payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning: ya’ni “Yaxshilik qilishni, mehr shafqat va mehribonlikni oilangdan boshla” (Tabaroniy rivoyati), degan hikmatli hadisi shariflariga muvofiq oilani mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan barcha ezgu va savobli ishlarni qilishimiz lozim bo‘ladi.
Mazhabimizning so‘nggi mujtahidlaridan birining mo‘’tabar fiqhiy manbalaridan bo‘lgan “Durrul Muxtor” kitobining “Nikoh fasli”da zikr etilganidek: “Odamzotga nikoh va iymondan boshqa, hatto jannatda ham davom etadi. Har qanday shartnoma ma’lum muddatdan so‘ng kuchini yo‘qotadi, ammo bir birlaridan rozi bo‘lgan umr yo‘ldoshlarining birgalikdagi hayoti o‘lim bilan tugamaydi”.
Bunda, avvalambor, er xotin, qolaversa, qaynona qaynota hamda ularning atrofidagi kattalar oilaning mustahkamligiga jiddiy e’tibor qaratishi lozim bo‘ladi. Oiladagi uncha muncha katta kichik gaplar, ba’zi kechirsa bo‘ladigan xatolarga ko‘p ham e’tibor bermaslik, undan ulkan ish yasamaslik lozimdir. Agar bunday qiyin paytlarda murosa buzilsa, o‘zaro samimiyat chekinsa, birining tashvishiga ikkinchisi tomoshabin bo‘lib tursa, bu oilada totuvlik oshyon qurishi amri maholdir. Bir mashhur yozuvchi aytganiday, “Muhabbat, bu bir biriga tikilib turish emas, balki bir tomonga birgalikda tikilishdir”.
Oila tinch totuv bo‘lsa, ota ona o‘rtasidagi munosabat samimiyat va mehr muhabbat asosiga qurilsa, inshaalloh, farzandlar odobli, bilimdon va aqlli, mehnatsevar, iymon e’tiqodli bo‘lib tarbiyalanadilar. Demak, yoshlarimizning har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, ma’naviyat qo‘rg‘oni bo‘lmish oilani mustahkamlash barchamizning burchimizdir.



  1. Download 67.45 Kb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling