Issn 2181-1296 ilmiy axborotnoma научный вестник scientific journal
ILMIY AXBOROTNOMA FALSAFA 2021-yil, 6-son
Download 2.27 Mb. Pdf ko'rish
|
2021 6 son Тарих,фалсафа
ILMIY AXBOROTNOMA FALSAFA 2021-yil, 6-son
33 Ahmad Donish “Navodir-ul-vaqoe” asarida kalom ilmi, ahli ilmning shug‘ullanadigan hunarlari hamda fiqh, din qonunchiligi, fatvo ilmi, huquqiy hujjatlarni yuritish, hattotlik, tibbiyot, astronomiya, she’riyat, o‘qituvchilik haqida so‘z yuritadi. Mutafakkirning fikricha, ushbu ilmlar ijtimoiy fikrni, inson aqli va ruhini tarbiyalaydi. Shuningdek, Ahmad Donish: “Har bir musulmon odam eng avvalo o‘ziga zarur bo‘lgan ilmlarni o‘qishi farzdir. Shundan so‘ng tirikchilik uchun biror kasb-hunar o‘rganish lozim. Qaysi ilm va hunar kishining aqliga, ruhiga tarbiya berar ekan unday ilm va hunar o‘z egasini bu dunyoda ham, u dunyoda ham qo‘llab-quvvatlaydi. Agar ilm va hunar ruhga tarbiya bermay, tanni semirtirib, orzu-havasni ko‘paytirib, nafsi shaytonga yordam beradigan bo‘lsa, unday ilm va hunarlar egasining ofati, xudoning la’natidir” deya, izohlaydi [1. B. 326]. Ahmad Donish davlat muassasalariga bilimli, qobiliyatli shaxslarni tayinlash masalasiga ham jiddiy e’tibor qaratib, davlat boshqaruvi va ishlab chiqarish tizimida bilimli, tajribali kishilar bo‘lishi zarurligini ta’kidlagan. Mavjud davlat boshqaruvidagi ba’zi amaldor shaxslarni qoralab, o‘z vazifalariga layoqatsiz ekanliklari, o‘z kasb-vazifalariga sodiq qolib, xalq manfaatlari haqida qayg‘urmasligini afsus bilan tilga olgan. Amad Donish “Bu xildagi odamlarning saltanat o‘rtasiga to‘planib olishlariga sabab shuki, ular o‘zlarining dangasaliklari tufayli biror kasb va hunarning uddasidan chiqolmasliklarini yaxshi biladilar. Ularning hech narsaga aqllari etmasa ham, bir amallab sulton xizmatiga kirib olsalar bas – kunlari podshohlikda o‘taveradi. Yani, ular faqat qorin dardida ishlaydilar” deb ta’rif bergan [1. B. 73]. Ahmad Donishning bunday to‘xtamga kelishiga sabab Buxoro amirligida davlat boshqaruvining aniq bir intizomga kirmaganligida edi. Donish amirlikda islohot o‘tkazilishini tarafdori bo‘lib, podshoh tomonidan qat’iy intizom o‘rnatilishini har bir kasb va amal egasining vazifasi aniq ko‘rsatib berilishini taklif qiladi. Shuningdek, Ahmad Donish davlat boshqaruvidagi muammolar echimiga quyidagicha taklif bildiradi: “Podshohga lozimdirki, katta bir mashvaratxona ochsin. Mamlakat xalqining turli tabaqalaridagi odamlar ichidagi eng aqlli va eng ilmlilaridan mashvaratxonaga a’zo saylab, ularga maosh tayinlasin. U yerga yig‘ilgan mashvaratchilar xalqning hamda davlatning manfaatini kuzatib fikr yurgizsinlar. Shuningdek, podshoh davlat arboblarini, saltanat ustunlarini yashirincha tekshirib, ularning yaxshi-yomon ishlaridan hamda tirikchilik va ahvollaridan xabardor bo‘lsin. Chunki, bilib bo‘lmaydi, kelishmagan ishlardan biror narsa qilib yurgan bo‘lsalar, yana u yashirin parda ostida qolmasin…” [1. B. 59-60]. Ahmad Donishning davlat boshqaruvi strategiyasidagi ushbu qarashlari, taklif va xulosalari o‘z davriga nisbatan ancha ilgarilab ketgan nazariya bo‘lib, asosan XX asrga oxiriga kelib Markaziy Osiyoda dolzarb bo‘lgan parlamentar tizim va parlament nazoratini yodga soladi. Chunki, har tomonlama ilm-ma’rifatli va yangicha dunyoqarash sohibi bo‘lgan Ahmad Donishning Rossiyaga qilgan bir necha sayohati bevosita o‘z yurtini rivojlangan davlatlar bilan solishtirish, aynan davlat boshqaruvidagi o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun kurashga undaydi. Bosh vazirni xalq roziligi va obro‘ e’tiborga ega kishilar maslahati bilan tayinlash, lavozimdagi kishilarning aniq ish olib borishni nazorat qilish, lavozimga tayinlashda kishilarning qobiliyati, tajribasi, bilimini hisobga olish, lavozimdagi kishilarga maosh tayinlashga e’tibor berish, lavozimga ega kishilarning hukmdor oldida hisobot berib turishlari va ular faoliyatining nazorat qilinishini ta’minlash kabi takliflar Ahmad Donishning davlat boshqaruvida sohasida ilgari surgan nazariyalari asosini tashkil qilgan. Bundan tashqari Ahmad Donish birinchilar qatorida davlatning kelib chiqishi bilan mulk o‘rtasidagi bog‘liqlik g‘oyalarini ilgari surgan. Ahmad Donishning fikricha, davlatning eng birinchi vazifasi – xalq haqida g‘amxo‘rlik qilishdir. Davlat hokimiyatining adolatliligi va mamlakatning taraqqiyotini ko‘rish uchun ijtimoiy tenglik, yaxshi qurollangan qo‘shin, o‘z podshosidan minnatdor xalq, toza suv hamda boy xazina lozim. Ya’ni, xalq manfaatlarining to‘la ta’minlashi va mamlakat taraqqiy etishi uchun davlat boshqaruvida mana shu uchun omillar zarurligini qayd etadi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling