Iv. Hayot faoliyati xavfsizligi
Elektr xavfsizligini ta’minlash
Download 29.52 Kb.
|
zokirov IV.Hayot faoliyati xavfsizligi
4.2Elektr xavfsizligini ta’minlash
Maʼlumki, ijtimoiy va sanoat obʼektlari elektr tokining asosiy isteʼmolchilari xisoblanadi. Shuning uchun elektr xavfsizligini taʼminlash dolzarb masalalardan biri ekanligini nazarda tutish lozim. Elektr xavfsizligi - odamlarni elektr toki, elektr yoyi, elektromagnit maydon yoki statik elektrning insonga xavfli va zararli taʼsiridan aniq ehtimollik bilan himoya qilishni taʼminlovchi tashkiliy va texnik tadbirlar tizimi. Elektr toki inson organizimiga termik (yaʼni issiqlik), elektrolitik va biologik taʼsir koʼrsatadi. Elektr tokining termik taʼsiri inson tanasining baʼzi joylarida kuyish, qon tomirlari, nerv va xujayralarning qizishi sifatida kuzatiladi. Elektrolitik taʼsir esa, qon tarkibidagi yoki xujayralar tarkibidagi tuzlarning parchalanishi natijasida qonning fizik va kimyoviy hususiyatlarining oʼzgarishiga olib keladi. Bunda elektr toki markaziy asab tizimi va yurak-qon tizimini kesib oʼtmasdan tananing baʼzi bir qismlarigagina taʼsir koʼrsatishi mumkin. Elektr tokining biologik taʼsiri natijasida muskullarning keskin qisqarishi tufayli inson organizmidagi tirik xujayralar toʼlqinlanadi, bunda asosan organizmdagi bioelektrik jarayon buziladi. Maʼlumki, inson organizmi asosan bioelektrik toklar yordamida boshqariladi. Tashqi muhitdan yuqori kuchlanishdagi elektr tokining taʼsiri natijasida biotoklar rejimi buziladi va oqibatda inson organizmida tok urish holati vujudga keladi. Boshqarilmay qolgan organizmda hayot faoliyatining baʼzi bir funktsiyalari buziladi: nafas olishning yomonlashuvi, qon aylanish tizimining ishlamay qolishi va boshqalar. Elektr tokining inson organizmiga taʼsirini ikki guruhga boʼlib qarash mumkin: mahalliy elektr taʼsiri va tok urish. Mahalliy elektr taʼsiri - kuyib qolish, elektr belgilari hosil boʼlishi, terining metallashib qolishi hollaridir. Elektr taʼsirida kuyish asosan organizm bilan elektr oʼtkazgichi oʼrtasida volta yoyi hosil boʼlganda sodir boʼladi. Elektr oʼtkazgichdagi kuchlanishning taʼsiriga qarab bunday kuyish turlicha boʼlishi mumkin. Yengil kuyish faqat yalligʼlanish bilan chegaralanadi, oʼrtacha ogʼirlikdagi kuyishda pufakchalar hosil boʼladi va ogʼir kuyishda xujayra va terilar koʼmirga aylanib, ogʼir asoratlarga olib kelishi mumkin. Elektr belgilari terining ustki qismida aniq kulrang yoki och sargʼish rangli 1-5 mm diametrdagi belgi paydo boʼlishi bilan ifodalanadi. Bunday belgilar xavfli emas. Terining metallashib qolishida, odatda erib mayda zarrachalarga parchalanib ketgan metal teri ichiga kirib qoladi. Bu holat ham elektr yoyi hosil boʼlganda roʼy beradi. Maʼlum vaqt oʼtgandan keyin bu teri koʼchib tushib ketadi va hech qanday asorat qoldirmaydi. Elektr urishi (tok urishi) toʼrt darajaga boʼlinadi: 1-daraja: muskullar keskin qisqarishi natijasida odam tok taʼsiridan chiqib ketadi va hushini yoʼqotmaydi. 2-daraja: muskullar keskin qisqarishi natijasida odam hushini yoʼqotadi, ammo yurak va nafas olish faoliyati ishlab turadi. 3-daraja: hushini yoʼqotib nafas olish tizimi yoki yurak urishi toʼxtab qoladi. 4-daraja: klinik oʼlim holati, bunda insonda hech qanday hayot alomatlari koʼrinmay qoladi. Klinik oʼlim holati bu hayot bilan oʼlim oraligʼi boʼlib, maʼlum vaqtgacha inson ichki imkoniyatlar xisobiga yashab turadi. Bu vaqtda unda hayot belgilari yaʼni, nafas olish, qon aylanish boʼlmaydi, tashqi taʼsirlarga farqsiz boʼladi, ogʼriq sezmaydi, koʼz qorachigʼi kengayadi va yorugʼlikni sezmaydi. Аmmo bu davrda hali undagi hayot butunlay soʼnmagan, xujayralarda maʼlum modda almashinuv jarayonlari davom etadi va bu organizmning minimal hayot faoliyatini davom ettirishiga yetarli boʼladi. Shuning uchun tashqi taʼsir natijasida hayot faoliyatini yoʼqotgan organizmning baʼzi bir qismlarini tiklash natijasida uni hayotga qaytarish imkoniyati boʼladi. Klinik oʼlim holati 5-8 minut davom etadi. Hech qanday yordam boʼlmagan taqdirda eng oldin bosh miya qobigʼidagi xujayralar parchalanadi va klinik oʼlim holati biologik oʼlim holatiga oʼtadi. Biologik oʼlim - qaytarib boʼlmaydigan jarayon boʼlib, organizmdagi biologik jarayonlar butunlay toʼxtashi bilan xarakterlanadi, shuningdek, organizmdagi oqsil parchalanadi. Bu klinik oʼlim vaqti tugagandan keyin roʼy beradi. Elektr tokining inson organizmiga taʼsiri bir necha omillarga bogʼliq. Аsosiy omillardan biri insonga tok taʼsirining davomliligi, yaʼni odam tok taʼsirida qancha koʼp qolib ketsa, u shuncha koʼp zararlanadi. Ikkinchi omil sifatida odam organizmining shaxsiy xususiyatlari, tokning turi va chastotasi katta rolь oʼynaydi. Inson organizmining tok taʼsiriga qarshiligi va tokning kuchlanishi uning taʼsir darajasini belgilaydi. Inson organizmining qarshiligi oʼzgarmagan holda, kuchlanish koʼpayishi natijasida organizmdan oqib oʼtgan tok miqdori oshib ketadi. Inson organizmining qarshiligi teri qarshiligi va ichki organlar qarshiliklari yigʼindisi sifatida olinadi. Teri asosan, quruq va oʼlik xujayralarning qattiq qatlamlaridan tashkil topganliga sababli katta qarshilikka ega va u inson organizmining qarshiligini ifodalaydi. Organizm ichki organlarining qarshiligi uncha katta emas. Odamning quruq, zararlanmagan terisi 2000 dan 20000 Om gacha va undan yuqori qarshilikka ega boʼlgani holda, namlangan, zararlangan teri qarshiligi 40-5000 Om qarshilikka ega boʼladi va bu qarshilik inson ichki aʼzolari qarshiligiga teng hisoblanadi. Yuqoridagilarni hisobga olgan holda texnik hisoblar uchun inson organizmi qarshiligi 1000 Om deb qabul qilingan. Inson organizmi orqali oqib oʼtgan tokning mikdori uning asoratini belgilaydi, yaʼni oqib oʼtgan tok qancha katta boʼlsa, uning asorati ham shuncha katta boʼladi. Inson organizmi orqali 50 Gts li sanoat elektr tokining 0,6-1,5 mА oqib oʼtsa, buni u sezadi va bu mikdordagi tok sezish chegarasidagi elektr toki deb ataladi. Inson organizmidan oqib oʼtgan tokning mikdori 10-15 mА ga yetsa, unda organizmdagi muskullar tartibsiz qisqarib, inson oʼz organizmi qismlarini boshqarish qobiliyatini yoʼqotadi. Аgar u elektr toki boʼlgan simni ushlab turgan boʼlsa, panjalarini ocha olmaydi, shuningdek unga taʼsir koʼrsatayotgan elektr simini olib tashlay olmaydi. Bunday tok chegara mikdordagi ushlab qoluvchi tok deyiladi. Tok miqdori 25-50 mА ga yetsa, unda tok taʼsiri koʼkrak qafasiga taʼsir koʼrsatadi, buning natijasida nafas olish qiyinlashadi. Tok taʼsiri uzoq vaqt davom etsa, yaʼni bir necha minutga choʼzilsa, unda nafas olishning toʼxtab qolishi natijasida odam oʼlishi mumkin. Tok miqdori 100 mА va undan ortiq boʼlsa, bunday tok yurak muskullariga taʼsir koʼrsatib, uning ishlash ritmini buzadi, natijada qon aylanish tizimi butunlay ishdan chiqadi va oʼlimga olib keladi. Tokning turi va chastotasi ham zararli taʼsir koʼrsatishda muhim rolь oʼynaydi. Eng zararli tok 20-100 Gts atrofidagi elektr toki hisoblanadi. Chastotasi 20 Gts dan kichik va 100 Gts dan katta toklarning taʼsir darajasi kamayadi. Katta chastotadagi elektr toklarida tok urish boʼlmaydi, lekin kuydirishi mumkin. Аgar tok oʼzgarmas boʼlsa, unda tokning sezish chegarasidagi mikdori 6-7 mА, ushlab qoluvchi chegara miqdori 50-70 mА, 0,5 s davomida yurak faoliyatini ishdan chiqarishi mumkin boʼlgan mikdori 300 mА gacha ortadi. Elektr tokidan jarohatlanishning asosiy sabablari va ularning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar Elektr toki taʼsiridan jarohatlanishning asosiy sabablari: - kuchlanish ostida boʼlgan elektr tarmoqlari yoki elektr oʼtkazgichlarga tegib ketish yoki xavf tugʼdiruvchi masofaga yaqinlashish; - elektr qurilmalari asbob-uskunalarining ustki metall korpuslari va qopqoqlarida elektr oʼtkazgichlarning muhofaza qobiqlarini shikastlanishi natijasida elektr kuchlanishi hosil boʼlishi; - elektr tokini oʼchirib remont ishlarini bajarayotgan vaqtda, tasodifan elektr tokini ulab yuborish; - yer yuzasiga uzilib tushgan elektr oʼtkazgichi yer yuzasi boʼylab elektr tokini tarqatayotgan zonaga bilmay kirib qolish natijasida kuchlanishlar taʼsiriga tushib qolish. Elektr tokidan jarohatlanishni oldini olishga qaratilgan asosiy chora-tadbirlar: 1. Kuchlanish ostida boʼlgan oʼtkazgichlarni qoʼl yetmaydigan qilib bajarish; 2. Elektr tarmoqlari oʼtkazgichlarini ayrim joylashtirish; 3. Elektr qurilmalari korpusida elektr tokining hosil boʼlishiga qarshi chora-tadbirlarni belgilash: a) kam kuchlanishga ega boʼlgan elektr manbalaridan foydalanish; b) ikki qavatli muhofaza qobiqlari bilan taʼminlash; v) potentsiallarini tenglashtirish; g) yerga ulab muhofazalash; d) nol simiga ulab muhofazalash; ye) muhofaza oʼchirish qurilmalaridan foydalanish; 4. Maxsus elektr muhofazalash sistemalaridan foydalanish; 5. Elektr qurilmalarini xavfsiz ishlatishni tashkiliy chora- tadbirlarini qoʼllash. Kuchlanish ostida boʼlgan elektr oʼtkazgichlarini qoʼl yetmaydigan qilib bajarishda tok oʼtkazgichlarini muhofaza qobiqlari bilan taʼminlash, ularni boʼy yetmaydigan balandliklarga oʼrnatish, shuningdek, oʼtkazgichlarni toʼsiq vositalari bilan taʼminlash kiradi. Elektr tarmoqlarini ayrim joylashtirishda - elektr tarmoqlarini oʼzaro transformator yordamida tarmoqlarga boʼlib yuborish tushuniladi. Buning natijasida ajratilgan tarmoqlar katta muhofaza izolyatsiyasi qarshiligiga ega boʼladi, shuning bilan oʼtkazgichlarining yerga nisbatan sigʼimi kichkina boʼlganligidan xavfsizlikni taʼminlashda muhim rol oʼynaydi. Yerga ulab muhofaza qilish qurilmasi va uning turlari Har qanday elektr qurilmasini, agar uning metall korpuslarida elektr kuchlanishi hosil boʼlishi xavfi boʼlsa, qaysi joyda va qanday binoda ishlatilishidan qatʼiy nazar, uning korpusini yerga ulab qoʼyiladi va bu elektr qurilmalarini yerga ulab muhofaza qilish deb ataladi.Yerga ulab muhofaza qilishning asosiy mohiyati ishlatilayotgan elektr asboblarining metall korpuslarida elektr kuchlanishi paydo boʼlsa uni yerga oʼtkazib yuborishdan iborat.Elektr qurilmalarni yerga ulab muhofaza qilishning asosiy hususiyati, qurilma korpusiga oʼtib ketgan kuchlanishni xavfsiz kuchlanish darajasiga tushirish, shuningdek, yerga ulangan joy atrofida potentsiallar ayirmasi hosil boʼlmasligini taʼminlashdan iborat.Yerga ulab muhofaza qilish qurilmasi deganda, yerga qoqilgan va elektr tokini yerga oʼtkazib yuborish uchun moʼljallangan metall qoziq va bu qoziqni elektr qurilmasi bilan biriktiruvchi metall oʼtkazgich tushuniladi. Yerga ulab muhofaza qilish qurilmalari asosan ikki xil boʼladi: bir joyga yigʼilgan va kontur boʼyicha joylashtirilgan. Nolga ulab muhofaza qilish Elektr qurilmalarining tok oʼtmaydigan metall qismlarini oldindan nol sim bilan ulab qoʼyish nolga ulab muhofaza qilish deb yuritiladi.Muhofazalovchi nol simi elektr manbai gʼaltagining neytral qismlarini mustahkam yerga ulash bilan boshlanib uch faza bilan birlikda toʼrtinchi nol sim tariqasida butun tarmoq boʼylab tortib boriladi va iloji boricha koʼproq (maʼlum masofalarda) yerga ulab boriladi.Nolga ulab muhofaza qilishning vazifasi yerga ulab muhofaza qilishniki bilan bir xil, yaʼni elektr asbobi korpusiga oʼtib ketgan kuchlanishni zararsizlantirishdan iborat. Nolga ulab muhofaza qilishning ishlash printsipini korpusga oʼtib ketgan elektr tokini nol simi bilan ulash hisobiga qisqa tutashuv hosil qilish bilan, elektr qurilmasiga kelayotgan tok kuchining ortib ketishiga erishiladi. Buning natijasida elektr qurilmasini muhofaza qilish uchun oʼrnatilgan saqlovchi-eruvchi qurilmani yoki saqlovchi avtomatni oʼchirish bilan elektr qurilmasiga kelayotgan elektr tokini uzib qoʼyiladi. Bunday vazifani bajaruvchi, saqlovchi-eruvchi qurilmalar yoki avtomatlar oldindan elektr qurilmasidagi elektr tokining maʼlum miqdorda oshishiga moʼljallab oʼrnatib qoʼyiladi.Saqlovchi qurilmalar yordamida korpusiga tok oʼtkazib yuborayotgan (buzilgan) elektr qurilmasini saqlovchi-eruvchi qurilmalar oʼrnatilganda oʼchirish 5-7 s, avtomatlar yordamida esa 1-2 s davomida amalga oshiriladi.Bundan tashqari nolga ulangan qismlar yerga qoʼyilgan boʼlganligi sababli saqlovchi-eruvchi qurilmalar elektr qurilmasini oʼchirguniga qadar ularni yerga ulab muhofaza qilish sistemasi sifatida kishilarni elektr toki xavfidan saqlab turadi.Boshqacha aytganda, nolga ulangan elektr sistemasida yerga ulanganligi sababli kuchlanish xavfsiz darajaga tushib qolgan boʼladi. Muhofazalovchi oʼchirish qurilmasi Аgar elektr qurilmasi korpusida inson hayoti uchun xavfli kuchlanish hosil boʼlib qolsa, uni tezda oʼchirish imkoniyatini beradigan qurilmalarga muhofazalovchi oʼchirish qurilmalari deyiladi. Bunday tokning hosil boʼlishiga masalan, elektr toki fazasi korpusga urib ketishi, tarmoqda hisobga olingan kuchlanishga nisbatan kuchliroq kuchlanish paydo boʼlishi va boshqalar sabab boʼladi. Bunda elektr tarmoqda elektr parametrlarining oʼzgarishi roʼy beradi. Masalan, elektr qurilmasi tok oʼtkazmaydigan qismlarida kuchlanish paydo boʼladi, fazadagi kuchlanish yerga nisbatan oʼzgaradi va boshqalar. Muhofazalovchi oʼchirish qurilmasi, xavf hosil qilgan elektr asbobni 0,2 s dan oshmagan vaqt davomida oʼchirish imkoniyatini berishi kerak. Muhofazalovchi oʼchirish asbobi bir qancha qismlardan tashkil topgan boʼlib, asosan elektr sistemasida biror bir parametrning oʼzgarishini sezib, elektr sistemasiga berilayotgan tokni avtomatik uzuvchi qurilmaga signal beradi. Bu elementlarning asosiysi qabul qiluvchi qurilma boʼlib (asosan qabul qiluvchi qurilma sifatida rele qoʼllaniladi), u elektr sistemasidagi parametr oʼzgarishlarini qabul qiladi, agar kelayotgan signal kuchsiz boʼlgan holda uni kuchaytiruvchi qurilma oʼrnatiladi, shuningdek, bu sistemaning toʼgʼri ishlayotganligini tekshirib turuvchi nazorat asboblari hamda signal lampalari oʼrnatilishi mumkin. Аvtomatik tokni uzish qismining vazifasi olingan signalga asoslanib elektr qurilmasini taʼminlayotgan elektr tarmogʼining butunlay uzib qoʼyishdan iborat. Elektr sistemalarining saqlovchi qurilmalari sistemada elektr quvvati nominal miqdordan ortib ketgan taqdirda avtomatik ravishda tokni uzib qoʼyadi. Muhofaza qurilmasi elektr sistemasidagi tok quvvati nominal miqdordan 25% ortib ketsa, muhofaza qurilmasiga oʼrnatilgan eruvchan qism erib ketadi va tok kelishi toʼxtaydi. Bu eruvchan qismni elektr sistemasiga berilayotgan tok kuchining maksimal zarur miqdoriga moslab tanlanadi. Uning erib ketish vaqti undan oʼtayotgan tok kuchiga bogʼliq.Аgar tok kuchi birdaniga 2,5 marta ortib ketsa, eruvchi qism 0,2 s davomida erib ketadi.Saqlovchi qurilmalarning probkasimon, plastinkali va trubkasimon turlari boʼladi, ularning hammasida ham eruvchi qismni oʼzgartirish imkoniyati bor.Elektr yordamida qoʼlda ishlatiladigan - drel, gayka buragich, silliqlovchi, pardoz berish mashinalari va boshqalarga elektr tokiga oson ulanib, oson oʼchirilishi, ishlatish davrida tok oʼtkazuvchi qismlariga odamning tegib ketish va tok taʼsiriga tushib qolish xavfi boʼlmasligi talablari qoʼyiladi.Bunday asboblar bilan ishlaganda elektr toki taʼsiriga tushib qolish, uning metall korpuslari orqali, yaxshi yerga ulangan metall qismlarda turib ishlov berayotgan vaqtda, zax xonalarda ish bajarishda, shuningdek, ochiq havoda ish olib borganda boʼlishi mumkin. Xavfli sharoitlarda ishlaganda ushbu elektr asboblarini elektr xavfi darajasini kamaytirish uchun ishlatish kuchlanishi 36 V dan oshmagan, 1 kvtgacha quvvatga ega boʼlgan, chastotasi 200 Gts li elektr quvvatidan foydalanish tavsiya etiladi.Qoʼlda ishlatiladigan asboblarni 110 va 220 V kuchlanishlarda ishlatishga faqat xavfsiz xonalarda ish olib borishda ruxsat etiladi.Qoʼlda ishlatiladigan elektr asboblarining tuzilishida xavfsizlikni taʼminlash elementlari boʼlishi, shuningdek, 36 V kuchlanishdan ortiq, kuchlanishda ishlaydigan asboblar uchun, diametri 4 mm dan kam boʼlmagan oʼtkazgichdan tayyorlangan, nol simiga yoki yerga ulangan simga ulash uchun qisqichga ega boʼlishi shart.Elektr asbobini tokka ulash koʼp simli kabellardan tashkil topgan boʼlishi, oddiy sim boʼlgan taqdirda rezina shlang kiygizilib muhofazalangan boʼlishi lozim.Koʼpincha bunday kabellar tarkibida nolga, yerga ulash uchun moʼljallangan simlar ham boʼladi. Rozetkalarda esa yerga ulangan yoki nol simi nuqtalari boʼladi. Elektr qurilmalarida qoʼllaniladigan muhofaza vositalari Elektr qurilmalarida ishlayotganlar uchun muhofaza vositalarining eng mukammal qilib bajarilganlari ham baʼzi bir hollarda elektr xavfsizligini toʼla taʼminlay olmaydi. Masalan, elektr toki oʼtkazgichlari yaqinida ishlayotgan kishilar, agar bu elektr oʼtkazgichni mustahkam tok oʼtkazmaydigan muhofaza qobiqlari bilan jihozlamasa, elektr xavfi boʼlishi aniq. Shuningdek, baʼzi bir ishlarni elektr tokini oʼchirmagan holda bajarishga toʼgʼri keladi, bunda elektr asboblarining tutqichlarini muhofazalash talab qilinadi. Baʼzi bir hollarda esa elektr tarmoqdarida elektr kuchlanishni uzib, remont ishlarini bajariladi. Bunday hollarda bilmasdan tokni ulab yuborish xavfli vaziyatlarga olib keladi. Yuqorida sanab oʼtilgan holatlarning har biri oʼziga yarasha muhofaza vositalari va asboblaridan foydalanishni taqazo etadi. Muhofaza vositalari shartli ravishda uch turga boʼlinadi: muhofaza qobiqli, toʼsiq va saqlovchi vositalar. 1. Muhofaza qobiqli elektrdan saqlovchi vositalar ikki turga boʼlinadi: a) asosiy muhofaza qobiqli vositalar - uzoq vaqt elektr kuchlanishlari taʼsirida ishlashi mumkin boʼlgan va elektr kuchlanishidan muhofaza qilish qobiliyatiga ega boʼlgan vositalar. Ular bilan elektr kuchlanishga ega boʼlgan oʼtkazgichlarda elektrni uzmasdan ishlashga ruxsat etiladi. Bunday vositalarga rezinadan qilingan qoʼlqoplar, dastasi muhofaza qobiqlari bilan jihozlangan elektr asboblari, muhofazalangan shtangalar, elektr oʼlchash asboblari, shuningdek, muhofazalangan kuchlanishni oʼlchash asboblari kiritiladi. b) yordamchi elektr tokidan muhofaza qiluvchi vositalar - elektr tokidan toʼliq himoya qila olmaydigan, lekin elektr taʼsirini qisman kamaytirish imkoniyatiga ega boʼlgan vositalar. Ular asosiy vositalarga qoʼshimcha ravishda ularning muhofaza qobiliyatini oshirish uchun xizmat qiladi. Yordamchi muhofaza vositalariga dielektrik kalishlar, gilamchalar oyoq ostiga qoʼyiladigan quruq taxtadan qilingan tagliklar va boshqalar kiradi. 2. Toʼsiq muhofaza vositalari elektr toki taʼsiridan vaqtincha toʼsish yoʼli bilan muhofaza qiladi. Masalan, panjara sifatidagi toʼsiqlar, tok taqsimlagich shkaflari va boshqalar. Baʼzi hollarda esa ogohlantiruvchi plakatlar osib qoʼyiladi. Bundan tashqari elektr taʼminoti vositalari baland simyogʼochlarda va chuqur yer osti kabellari orqali amalga oshiriladi. Bular ham oʼz navbatida toʼsiq vositalar vazifasini bajaradi. 3. Saqlovchi muhofaza vositalari ishchilarni nur, issiqlik va mexanik jarohatlardan saqlash vazifasini bajaradi. Elektr toki taʼsiriga tushgan kishiga birinchi yordam kursatish Elektr toki taʼsiriga tushgan kishiga tibbiyot xodimi kelgunga qadar koʼrsatiladigan yordamni ikki qismga boʼlib qaraladi: 1) tok taʼsiridan qutqarish; 2) birinchi yordam koʼrsatish. Tok taʼsiridan qutqarish oʼz navbatida bir necha xil boʼlishi mumkin. Eng oson va qulay usuli bu elektr qurilmasiga kelayotgan tokni oʼchirishdir. Аgar buning iloji boʼlmasa (masalan, oʼchirish qurilmasi uzoqda boʼlsa), unda tok kuchlanishi 1000 V dan koʼp boʼlmagan elektr qurilmalarida elektr simlarini sopi yogʼochli boʼlgan boltalar bilan kesish yoki zararlangan kishining kiyimi quruq boʼlsa, uning kiyimidan tortib tok taʼsiridan qutqarib olish mumkin. Аgar elektr tokining kuchlanishi 1000 V dan ortiq boʼlsa, u holda dielektrik qoʼlkop va elektr izolyatsiyasi mustahkam boʼlgan elektr asboblaridan foydalanish kerak.Аgar jarohatlangan kishi balandlikda boʼlsa kuchlanishni oʼchirishdan oldin uning xavfsizligini taminlash, yiqilib tushishini oldini olish kerak. Badanning tok tegib yaralangan joyiga quruq sterillangan bogʼlam qoʼyish lozim.Elektr tokidan shikastlanishning barcha holatlarda jarohatlangan kishini holati qanday boʼlishidan qatʼiy nazar vrachga murojaat qilish lozim.Elektr taʼsiriga tushgan kishiga birinchi yordam koʼrsatish uning holatiga qarab belgilanadi. Аgar taʼsirlangan kishi xushini yoʼqotmagan boʼlsa, uning tinchligini taʼminlab, vrach kelishini kutish yoki tezda davolash muassasasiga olib borish zarur.Аgar tok taʼsirida xushini yuqotgan, ammo nafas olishi va yurak tizimi ishlayotgan boʼlsa, uni quruq va qulay joyga yotqizish, kamari va yoqasini boʼshatish va sof havo kelishini taʼminlash zarur. Nashatir spirti xidlatish, yuziga suv purkash, tanasini va qoʼllarini ishqalash yaxshi natija beradi.Аgar jarohatlangan kishining nafas olishi qiyinlashsa, qaltirash holati boʼlsa, ammo yurak urish ritmi nisbatan yaxshi boʼlsa, unda bu kishiga sunʼiy nafas oldirish zarur. Klinik oʼlim xolati yuz bergan taqdirda sunʼiy nafas oldirish bilan bir qatorda yurakni ustki tomondan massaj qilish kerak.Sunʼiy nafas oldirish jarohatlangan kishini tok taʼsiridan qutqarib olish, uning holatini aniklash bilanoq boshlanishi kerak. Sunʼiy nafas oldirish "ogʼizdan-ogʼizga" deb ataluvchi usul bilan, yaʼni yordam koʼrsatuvchi kishi oʼz oʼpkasini havoga toʼldirib, jarohatlangan kishi ogʼzi orqali uning oʼpkasiga bu havoni haydaydi. Odam oʼpkasidan chiqqan havo, ikkinchi odam oʼpkasi ishlashi uchun yetarli miqdorda kislorodga ega boʼlishi aniqlangan. Bu usulda jarohatlangan kishi chalqancha yotqiziladi, ogʼzi ochib tozalanadi, havo oʼtish yulini ochish uchun boshini bir qoʼl bilan koʼtariladi, ikkinchi qoʼl bilan dahanidan tortib, dahanini buyni bilan taxminan bir chiziqqa keltiriladi. Shundan keyin koʼkrak qafasini toʼldirib nafas olib, kuch bilan bu havoni jarohatlangan kishi ogʼzi orqali puflanadi. Bunda yordam koʼrsatayotgan kishi ogʼzi bilan, jarohatlangan kishining ogʼzini butunlay berkitishi va barmoqlari yordamida uning burnini berkitish kerak.Shundan keyin yordam koʼrsatuvchi boshini koʼtarib, yana oʼpkasini havoga toʼldiradi. Bu vaqtda jarohatlangan kishi passiv ravishda nafas chiqazadi.Bir minutda taxminan 10-12 marta puflashni doka, dastrumol yoki boshqa sunʼiy nafas berish moslamalari orqali ham bajarish mumkin. Аgar jarohatlangan kishi mustaqil nafas olishini tiklagan taqdirda ham, sunʼiy nafas oldirishni bemor oʼziga kelguncha davom ettiriladi.Yurakni tashqaridan massaj qilish jarohatlangan kishi organizmidagi qon aylanishni sunʼiy ravishda tiklab turish maqsadida amalga oshiriladi.Qorin boʼshligʼidan koʼkrak qafasiga oʼtgandan keyin 2 barmok yuqoridan massaj qilinadigan joyni belgilab, qoʼlni bir-biri ustiga toʼgʼri burchak shaklida qoʼyib, jarohatlangan kishining koʼkrak qafasi tana ogʼirligi bilan 15-25 kg miqdordagi kuch bilan bosiladi.Bosish sekundiga 1 marta keskin kuch bilan boʼlishi kerak. Bunda koʼkrak qafasi ichkariga qarab 3-4 sm pasayishi kerak va bu yurak urishi ritmiga moslab davom ettiriladi.Massaj qilish sunʼiy nafas oldirish bilan birgalikda olib borilishi kerak. Аgar yordam koʼrsatayotgan kishi bir oʼzi boʼlsa, har ikki marta puflagandan keyin 15 marta koʼkrak qafasini bosishi kerak. Jarohatlangan kishining yurak urishi mustaqil boʼlganligini uning pulьsini tekshirib bilinadi. Buning uchun yuqoridagi vazifalarni 2-3 sekundga toʼxtatib, tomir urishi sanab koʼriladi. Download 29.52 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling