Jahon adabiyoti tarixi
Download 2.24 Mb.
|
Antidrama. Absurd teatri. 1950 yildan, E. Ioneskoning “Taqirbosh qo‘shiqchi ayol” pesasi sahnaga qo‘yilgan vaqtdan boshlangan. E. Ionesko va S. Bekketlar dramaturgiyasini har xil baholash bor: absurd dramasi, paradoks dramasi va antidrama. Chunki aynan shularga kelib dramaning an'anaviy ko‘rinishi buzildi: janr, syujet, voqyeaning psixologik rivojida tamoman boshqa o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Antidrama hayotni mantiqsiz deya qaraydi. Lekin ekzistensialistlar Sartr va Kamyudan farq qilib, Bekket va Ionesko falsafa va mafkurani inkor qiladi. Ular o‘z teatrlarini mavzuga qarshi, mafkuraga qarshi, reallikka qarshi deb bilishadi. Inson tushgan holatlarni be'mani deb ataydi: masalan, “Godoni kutish”da asar personajlari Vladimir va Estrogan qandaydir Godoni kutishaveradi. Ioneskoda esa odamlar to‘ng‘izga aylanib qoladi (“To‘ng‘izlar” asarida). Antidrama tushuntirmaydi, tahlil qilmaydi, balki tamoshabinni umidsiz va bema'ni kayfiyatga tortqilab ketadigan tarzda faqat ko‘rsatadi. Dunyo ko‘pdan ko‘p versiyalar makoni sifatida talqin etiladi. Unga san'atni o‘yinga anlantirish xos. Pesadagi dialoglar bir-biri bilan uzviy bog‘lanmagan. (modernizmdan ko‘ra postmodernizmga yaqin holatlar). Hyech kim hyech kimni eshitmaydi, hamma o‘zi haqida gapiradi. Hayotda ko‘p qaytariladigan, siyqasi chiqqan frazalarni qolip sifatida takrorlash orqali turmushning bir xilligiga urg‘u beriladi.
Nima uchun roman va drama so‘zlari oldiga “anti” affiksi qo‘shilgan, degan savol tug‘iladi. Chunki Anri Bergson, Shopengauer, Nitщelar hayotni aql bilan tushunib bo‘lmaydi, uni faqat his qilish mumkin, haqiqatga his orqali yetiladi, reallikdan voz kechib, irratsionallikka e'tibor berish kerak, aql bu yo‘lda faqat halaqit beradi, deb bilishgan. Shu uchun ham aql bilan yaratilgan hamma janriy kanonlarni buzib tashlash kerak, deb qarashgan. “Anti” affiksi shu bois paydo bo‘lgan. Bu falsafa Ikkinchi jahon urushidan keyin tug‘ilgani uchun ham tushkun kayfiyat urfurib turadi. Modernizmning ko‘plab oqimlari bo‘lib, ularning aksari uzoq yashamagan, aksincha, jamiyat kayfiyatining u yoki bu qirrasini ifoda qilib, bir necha o‘n, hatto bir necha yil yashab, so‘ng o‘rnini boshqa yo‘nalishga bo‘shatib beravergan. Shulardan syurealizm tush va voqyelik uyg‘unligini, ipressionizm lahzalik taassurotni, futurizm insonning kelajak bilan bog‘liq qarashlarini ifoda qilgan. Avangardizm esa modernizmning o‘ta radikal oqimlarining (syurealizm, dadaizm, futurizm kabi) umumiy nomi sifatida tushiniladi. Avangardizm adabiyotning reallik bilan aloqasini inkor qiladi, an'anani tan olmaydi, butunlay yangi shakllarni yaratish g‘oyasini o‘rtaga tashlaydi. Avangardizm ba'zan modernizm ma'nosida ham ishlatiladi. Modernizmning Joys, Kafka, Kamyu, Bekket, Prust, Vulf, Folkner, Eliot kabi yirik namoyandalari bor bo‘lib, ijodkor sifatida ularning har biri alohida-alohida qiyofaga ega. Chunonchi, irland yozuvchisi Jeyms Joys (1882-1941) “Uliss”, “Musavvirning yoshlikdagi suvrati ” kabi romanlari, qator hikoyalari mashhur. Badiiy adabiyotdagi ong oqimi degan tushuncha yozuvchining hikoya qilish uslubida ko‘rinadi. Ong oqimi tushunchasi dastlab amerikalik ruhshunos Uilyam Jeyms(1842-1910)ning “Psixologiya asoslari”45 nomli tadqiqotida ko‘tarilgan. Ong oqimi Jeyms Joysning “Uliss” nomli ko‘pdan ko‘p bahsu munozaralarga sabab bo‘lgan romanida yaqqol aks etgan. Roman katta hajmga ega bo‘lib, qahramonlar o‘z ongi oqimiga o‘zligini topshiradi: o‘tmishi, buguni, ertasi, hayoti, odamlar, umuman hamma narsa haqidagi haqidagi o‘y va fikrlari birin-sirin tasvir etilaveradi. Bu yerda ketma-ketlik, izchillik yo‘q. Asar voqyealari (aslida, so‘zlab berish mumkin bo‘lgan tuzukroq voqyeaning o‘zi yo‘q) ana shu oqimdan bino bo‘ladi, ularda xronologik tartib, ko‘nikilgan mantiq intizomi buzilgan. Chunonchi, qahramonlardan birining xayoli 45 bet sahifani egallagan bo‘lib, nuqta, vergulsiz davom etadi. Yozuvchi bu o‘rinda ong oqimining naturalistik tasvirini beradi. Ya'ni qahramon xayollari modelini so‘z bilan chizadi. Qisqasi, mazkur modernistik romanning mazmun-mohiyati qahramonlar ruhiy kechinmalari, o‘y va xayollari tasviri orqali ochiladi. Chexiyada tug‘ilgan, yahudiy millatiga mansub, olmon tilida ijod qilgan Frans Kafka (1883-1924) o‘zining qisqa hayoti mobaynida “Jarayon” degan roman, “Evrilish”, “Jazo koloniyasi” kabi bir qancha hikoyalar hamda “Otamga maktublar”, “Milenaga maktublar” kabi epistolyar janrdagi xatlari bilan adabiyot tarixida mustahkam o‘rin egallagan yozuvchidir. Uning badiiy asarlari dunyoni bosib kelayotgan fashizm kabi xavfdan ramziy yo‘sinda ogohlantiradi. U bu xavf qarshisida qo‘rquvga tushadi. Qo‘rquvni adabiyotga olib kiradi. Mavjud voqyelik oldida oddiy insonning nihoyatda ojiz va haqir holini juda yorqin obrazlar yordamida tasvirlaydi. Chunonchi, “Jazo kaloniyasi” hikoyasida bir zobit jazo mashinasini yaratadi. Bu mashina aslida qahramonni o‘rab turgan muhit. Vaqti kelib uni yaratuvchisining o‘zi ham shu mashinaga yem bo‘ladi . Nobel mukofoti sohibi Fransuz yozuvchisi Alber Kamyu (1913-1960) o‘zining “Begona”, “Vabo” kabi romanlari, “Kaligula”dek dramatik asarlari, “Sizif haqida afsona”, “Isyon qilayotgan inson”singari esselari bilan mashhur. Asarlarida ilgari surib, himoya qilgan g‘oyalari tufayli Kamyuni “yevropaning vijdoni” deyishadi. “Begona” romani orqali Kamyu jamiyat va inson o‘rtasidagi murakkab munosabatni, ularning o‘zaro bir biridan begonalashuvini aks ettiradi. Avvalo, shuni ta'kidlab aytish joizki, Merso (asar qahramoni) bir firma xodimi esa-da, aslida, ma'naviy-ruhiy darajasi va kayfiyatiga ko‘ra murosasiz faylasufdir. Uni tushunish uchun masalaga, avvalo, shu nuqtai nazardan yondashmoq kerak. Merso o‘zining kayfiyati va yashash tarzi bilan, o‘y, xayol va amallari bilan, nazarimda, kasbi koridan qat'i nazar, XX asr Ovrupasi ziyolisini, umuman, fikrlovchi inson ma'naviy qiyofasini yodga soladi. Mersoning zohirida aks etib turgan sovuqqonligiga sira aldanib qolish kerak emas. U, aslida, dunyoga kelib ketish, tiriklik, inson hayoti mazmun-mohiyatini tit-pitini chiqarib o‘ylaydigan kamyob odamlarning o‘ziga xos obrazi. Muttasil fikrlash orqali o‘zining – insonning chegaralarini teran anglagan, his qilgan, ayni chog‘da, odamlar undan kutgan, talab qilgan turmush haqidagi jaydari falsafayu muomaladagi zohiriy mulozamatga ko‘nmagan va ko‘nikmagan, qaytaga, ularga nisbatan yuragida bitmas-tuganmas Isyon olovi bilan yashashga mahkum etilgan jabrdiyda inson obrazidir Merso.Uni qiynoqqa solgan narsa bu - insonlik qismati. Merso turlanmaydi, u nimani o‘ylasa va his qilsa, shuni gapiradi, ko‘zbo‘yamachilikni o‘ziga - insonga ep ko‘rmaydi. Biroq bu dunyoda – odamlar orasida samimiy bo‘lish behad tahlikali bo‘lib chiqadi. Merso o‘z samimiyati uchun dorga osilishga hukm etiladi. Samimiyati uchun jamiyat ichra begona deb topiladi. Savol tug‘iladi: xo‘sh, begona kim o‘zi? Nahotki, o‘z vijdoni oldida buqalamundek turlanmagan Merso bo‘lsa? Yoki u dili boshqayu tili boshqa qolganlarmi – Mersoning atrofidagi odamlarmi, jamiyatmi? Yozuvchi o‘quvchini ana shunday dilemmaning chiqish mushkul bo‘lgan chohiga uloqtirib yuboradi. Download 2.24 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling