Jahon tarixi
Download 3.01 Kb. Pdf ko'rish
|
Xalq frontidan yuz o‘girishiga olib keldi.
Bundan tashqari, yirik sarmoyadorlar hukumatga qattiq qarshilik ko‘rsatdi. Hukumatning siyosatdagi xatosi Xalq fronti ichida kelishmov- chilik chiqishiga olib keldi. Ayni paytda AQSH S. Alende hukumatiga tazyiq o‘tkaza boshladi. Chili Qurolli Kuchlari S. Alendeni qo‘llab-quvvatlamadi. 1973-yilda Chili parlamenti S. Alende hukumatini qonundan tashqari, deb e’lon qildi. Bu esa Chili Qurolli Kuchlari rahbariyati uchun ayni muddao edi. 1973-yilning 11-sentabrida Qurolli Kuchlar harbiy to‘ntarish o‘tkazdilar. Mamlakatda general A. Pinochetning harbiy diktaturasi o‘rnatildi (1973— 1990). Shu tariqa Lotin Amerikasi davlatlarida harbiylarning hokimiyatni egallashlariga yanada keng yo‘l ochildi. Harbiy diktaturalar iqtisodiyotni modernizatsiyalash siyosatini yuritdilar. Bu siyosatning mazmuni — davlat sektorini qisqartirish, davlatning iqtisodiyotga aralashuvini kamaytirish hamda xususiy tadbirkorlik va erkin savdoga keng yo‘l berishdan iborat bo‘ldi. Ayni paytda proteksionizmdan voz kechildi va chet el sarmoyasi bilan faol hamkorlik yo‘liga o‘tildi. Harbiy diktatorlar (Braziliya, Chili, Boliviya, Urugvay, Paragvay va boshqa mamlakatlarda) o‘z rejalarini izchillik va qattiqqo‘llik bilan amalga oshira oldilar. Konstitutsiyaviy demokratik tartibga amal qilgan davlatlarda esa 80-yillargacha modernizatsiyalash avvalgi milliy islohotchilik ruhida davom etdi. Bular o‘z natijasini bermay qolmadi. 1980-yilda Lotin Amerikasi davlatlarining yalpi ichki mahsuloti 1960-yilga nisbatan 3 baravar ko‘paydi. Ayni paytda Lotin Amerikasi davlatlarining tashqi qarzi ham tez sur’atlarda ko‘payib bordi. Agar 1970-yilda mintaqa davlatlarining qarzi 20 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 80-yillarda bu ko‘rsatkich 400 mlrd dollarni tashkil etdi. AQSH harbiy to‘ntarishlarga qarshi chiqmadi. Aksincha, ularga mintaqa davlatlari ichki ishi, deb baho berdi. Chunki harbiylar hukumatlari AQSH manfaatiga zid siyosat yuritmadilar, aksincha, AQSH bilan mustahkam ittifoqda bo‘lishga intildilar. Faqat AQSH prezidenti J. Karter davrida harbiy to‘ntarishlarga muno- sabat o‘zgardi. Chunki J. Karter inson huquqlari masalasini o‘z siyosatining asosiy masalalaridan biri, deb e’lon qilgan edi. Demokratiya bor joydagina inson huquqlari kafolatlanadi. Harbiy to‘ntarishlar esa demokratiyaga zid hodisadir. AQSH siyosatida harbiy to‘ntarishlarga nisbatan qarashning o‘zgarishi oxir-oqibatda harbiy diktaturalarning barham topishini muqarrar qilib qo‘ydi. 183 80-yillar davomida harbiy-diktatorlik hukumatlari birin-ketin tarix sahnasidan keta boshladi. Chunonchi, 1980-yilda Peruda, 1982-yilda Boliviyada, 1983-yilda Argentinada, 1985-yilda Gvatemala, Gonduras, Braziliyada va Urugvayda,1989-yilda Salvador va Paragvayda, 1990-yilda esa Chilida harbiy diktatura barham topdi. Paragvayda general Stresner diktaturasi 35 yil, Chilida A. Pinochet diktaturasi 17 yil davom etdi. Faqat ikki davlat (Gaiti va Kuba) dan boshqa barcha Lotin Amerikasi davlatlarida vakillik demokratiyasi qaror topdi. Demokratiyaning qaror topishi juda katta qiyinchilik bilan kechdi. 1993-yilda Chilida Eduard Frey, 2000-yilda Rikardo Lagos Eskobar, 1999-yilda Venesuelada Ugo Chaves hukumatlari o‘rnatildi. Yangi hukumatlar davlat korxonalarini chet elga sotishga majbur bo‘ldilar. Davlatning kapital mablag‘ sarflash hajmi kamaydi. Ijtimoiy soha xarajatlari qisqartirildi. Ish haqi muzlatildi. Oqibatda aholi turmush darajasi pasaydi. 1992-yilga kelib mintaqa aholisining 46 foizi (jami aholi 442 mln kishi edi) kambag‘allik darajasi chegarasidan pastda yashadi. Narkobiznes va terrorizm kuchaydi. 1993—1994-yillardan boshlab Kuba rahbariyati ham reallikka tik qaray boshladi. Mamlakatda iqtisodiy islohotni amalga oshirishga kirishildi. Chet el sarmoyasi ishtirokida qo‘shma korxonalar qurilishi rag‘batlantirila boshlandi. Mamlakatda chet el valutasining muomalada bo‘lishiga, mayda tadbirkorlikka va chakana savdoga ruxsat etildi. Lotin Amerikasi davlatlari murakkab iqtisodiy ahvolni mumkin qadar yumshatish maqsadida iqtisodiy birlashuvga jiddiy e’tibor berdilar. Braziliya va Argentina o‘rtasida 1986-yilda imzolangan iqtisodiy ittifoq asosida 1991-yilda «Janubiy Amerika umumiy bozori» tuzildi. Ayni paytda, mintaqa davlatlari AQSH bilan iqtisodiy integratsiya masalasiga ham jiddiy e’tibor bilan qaradilar. 1992—1994-yillar davomida AQSH, Kanada va Meksika o‘rtasida «Shimoliy Amerika erkin savdo zonasi» tashkil etilganligi bu boradagi muhim qadam bo‘ldi. Lotin Amerikasining ba’zi davlatlari ham bu shartnomaga qo‘shilishga intilmoqda. SAVOL VA TOPSHIRIQLAR 1. Ikkinchi jahon urushining Lotin Amerikasi davlatlari uchun oqibatlari haqida nimalarni bilib oldingiz? 2. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Lotin Amerikasi davlatlari taraqqiyotning qanday yo‘llaridan bordilar? Ko‘pchilik davlatlar milliy-islohotchilik yo‘lini tanlaganini qanday izohlagan bo‘lar edingiz? 3. Argentina, Braziliya, Meksikada milliy-islohotchilik hukumatlari amalga oshirgan tadbirlar haqida so‘zlab bering. 4. Kuba va Chilida sotsializm qurish uchun tanlangan yo‘llarni taqqoslang. 5. Lotin Amerikasi davlatlarida juda ko‘p davlat to‘ntarishlari amalga oshirilganligini qanday izohlaysiz? 6. Qanday omil bu mintaqada harbiy diktaturalarning birin-ketin qulashiga sabab bo‘ldi? ? 184 HARBIY DIKTATORLAR FAOLIYATI HAQIDA FIKR YURITING r a l t a k a l m a M i t a y i l o a f r a l r o t a t k i D 20-§. Buyuk Britaniya Buyuk britaniyaliklar ham fashizm ustidan qozo- nilgan g‘alabaga munosib hissa qo‘shganlar. Ular- ning davlati Ikkinchi jahon urushi g‘oliblaridan biri bo‘ldi. Ayni paytda urush Buyuk Britaniyani ham iqtisodiy, ham siyosiy va ham harbiy jihatdan zaiflashtirdi. Uning harbiy xarajatlari 25 mlrd funt sterlingni tashkil etdi. Milliy boyligining to‘rtdan bir qismini yo‘qotdi. Oltin va valuta zaxiralari kamaydi. Tashqi qarz 3,3 mlrd funt sterlingni tashkil etdi. Faqat AQSHdangina emas, o‘z dominionlaridan ham qarz bo‘lib qoldi. Chet ellarga joylashtirgan sarmoyasining to‘rtdan bir qismidan, savdo flotining 30 foizidan ajraldi. Import eksportdan oshib ketdi. Sanoat ishlab chiqarish hajmi urushdan oldingi darajaning 90 foizini tashkil etdi. Bundan tashqari, urush Buyuk Britaniyaning harbiy-strategik ahvolini ham yomon- lashtirdi. U jahon va imperiya bozorlaridan AQSH tomonidan siqib chiqarila boshlandi. Endilikda Buyuk Britaniya Yevropada ilgari yuritgan «kuchlar baravarligi» siyosatini yurita olmay qoldi. Dominion va mustamlakalarda milliy-ozodlik kurashining kuchayishi Britaniya mustamlakachilik imperiyasini inqirozga yuz tuttirdi. AQSHning yadro va strategik qurollarga ega bo‘lishi Buyuk Britaniyaning strategik mavqeyiga jiddiy zarba berdi. To‘g‘ri, Buyuk Britaniya baribir buyuk davlatlar qatorida qoldi. Biroq uning xalqaro mavqeyi zaiflashgan edi. Endilikda Buyuk Britaniya dunyoning yetakchi davlati roliga da’vo qila olmas edi. Urush g‘olibining bu ahvoliga U. Cherchill «Zafar va fojia» deb baho bergan edi. 1945-yilning 5-iyulida Buyuk Britaniyada parla- ment saylovi o‘tkazildi. Unda Buyuk Britaniya tarixida eng mashhur siyosiy arboblardan biri Buyuk Britaniya bosh vaziri U. Cherchill partiyasi (Konservatorlar partiya- si) mag‘lubiyatga uchradi. Hokimiyat jilovi Leyboristlar partiyasi qo‘liga o‘tdi. Bu partiya parlamentdagi o‘rinlarning uchdan ikki qismini egalladi. Leyboristlar o‘zlarining saylov oldi dasturini «Kelajakka boqish» deb ataganlar. Dasturda leyboristlar demokratik sotsializmni qurish maqsadini Ikkinchi jahon urushining Buyuk Britaniya uchun oqibatlari Buyuk Britaniyaning ichki siyosati 185 ilgari surdilar. Ular bunday sotsializmni islohotlar yo‘li bilan qurishlarini e’lon qildilar. Dasturda sotsializm inqilobning natijasi bo‘lishi kerak emasligi alohida uqtirilgan edi. Xo‘sh, leyboristlar qanday jamiyatni demokratik sotsializm deb tushungan edilar? Ularning demokratik sotsializmi farog‘at davlatining aynan o‘zi edi. 27-iyulda K. Ettli boshchiligida tuzilgan leyboristlar hukumati (1945—1951) saylov oldi dasturini amalga oshirishga kirishdi. Hukumat jiddiy islohotlar o‘tkazdi. Chunonchi, Buyuk Britaniya banki po‘lat, ko‘mir va gaz, elektroenergiya sanoatini, telegraf va radioaloqa, fuqaro aviatsiyasi, suv va temir yo‘l transportini milliylashtirdi. Milliylash- tirish sotib olish yo‘li bilan amalga oshirildi. 1945—1948-yillarda fuqa- rolarni ijtimoiy himoya qilish va sug‘urtalashning kompleks kafolatli tizimi yaratildi. Unga ko‘ra, ishsizlik bo‘yicha, mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik bo‘yicha, kasb kasalligi, bevalik bo‘yicha nafaqa, shuningdek, qarilik pensiyalari to‘lanadigan bo‘ldi. 10 mln ishchining ish haqi oshirildi. 1948-yildan boshlab tekin meditsina xizmati joriy etildi. Arzon uy-joylar qurilishi boshlandi. 1927-yilda qabul qilingan reaksion ruhdagi kasaba uyushmalari to‘g‘risidagi qonun bekor qilindi. Hukumat ba’zi bir siyosiy islohotlarga ham qo‘l urdi. Chunonchi, 1949-yilda Buyuk Britaniya parlamentining yuqori palatasi — Lordlar palatasi huquqini qisman cheklash to‘g‘risida qonun qabul qilinishiga erishildi. Unga ko‘ra, parlamentning quyi palatasi ma’qullagan qonun loyihasini Lordlar palatasi tasdiqlamay ushlab turish muddati 2 yildan 1 yilga tushirildi. Hukumat «Marshall rejasi»ga ko‘ra, 1948—1950-yillar oralig‘ida 3 mlrd dollarlik yordam oldi. 1948-yilda sanoat ishlab chiqarishi hajmi urushdan oldingi darajadan oshdi. Biroq, ayni paytda, moliyaviy inqirozga ham duch kelindi. Bunga AQSHning «Lendliz» savdosini to‘xtatgani, eksportdan keladigan foyda import tovarlari qiymatini ko‘zlangan darajada qoplamasligi, 1949-yilda funt sterling qiymatini AQSH dollari qiymatiga nisbatan ka- maytirishga majbur bo‘linganligi (1949-yilgacha 1 f. s. qiymati 4 dollarga teng edi. Endi uning qiymati 2,8 dollarga teng bo‘lib qoldi), tashqi qarz uchun foiz to‘lovlari sabab bo‘ldi. Buning ustiga iqtisodiyotdagi davlat sektorini bir maromda ushlab turish ham katta mablag‘ talab etmoqda edi. Oqibatda hukumat ijtimoiy sohada belgilangan tadbirlar uchun zarur mablag‘ga ega bo‘la olmadi. Bu borada berilgan va’dalar to‘la bajarilmadi. Bu hol 1951-yilning 25-oktabrida o‘tkazilgan navbatdagi parlament saylovida konservatorlarning g‘alabasini ta’minladi. U. Cherchill yana hukumat tuzdi. Hukumat 1945-yilgi parlament saylovidagi mag‘lubiyat sabablarini hisobga oldi. Shu tufayli ijtimoiy himoya tizimini bekor qilmadi. Biroq «Mamlakat- ni moliyaviy sog‘lomlashtirish dasturi»ga ko‘ra, bu soha xarajatlarini bir- muncha qisqartirdi. Po‘lat ishlab chiqarish sanoati va transport davlat tasarrufidan chiqarildi. Chetdan oziq-ovqat va sanoat mahsulotlari keltirish 350 mln funt sterlingga 186 kamaytirildi. Natijada oziq-ovqat mahsulotlarining narxi ko‘tarildi. Eksport hajmi qisqardi. 1952-yilda Buyuk Britaniya yadro quroliga ega bo‘ldi. Biroq bu harbiy xarajatlar kamayishiga olib kelgani yo‘q. Aksincha, bu mamlakatni oltin va valuta zaxirasi kamayishiga olib keldi. Shu tariqa hukumatning iqtisodiyotni sog‘lomlashtirish dasturi ko‘zlangan natija bermadi. Bundan tashqari, mustamlakachilik imperiyasining yemirilishi davom etdi. Ichki va tashqi siyosatdagi qiyinchiliklar U. Cherchillni 1955-yil aprelda iste’fo berishga majbur etdi. Konservatorlar hukumatni yana 9 yil bosh- qardilar. U. Cherchilldan so‘ng A. Iden (1955—1957) va G. Makmillan (1957—1963)lar hukumatni boshqardilar. 1957—1958-yillarda mamlakat ishlab chiqarishi 2 foizga kamaydi. Harbiy xarajatlar oshib bordi. Natijada asosiy sarmoyani yangilash jarayoni sekinlashdi. Oqibatda jahon bozorida mamlakat mavqeyi pasaydi. GFR uni 3-o‘ringa surib qo‘ydi. G. Makmillan hukumati vaziyatni o‘nglashga harakat qildi. Xususan, xususiy sanoat moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatladi. Milliy daromadda davlatning hissasi oshishiga erishdi. Mamlakat eksporti hajmi ko‘tarila bordi. 1962-yilda iqtisodiy rivojlanish Milliy Kengashi tuzildi. Bu kengash 1961—1965-yillarga mo‘ljallangan besh yillik rejani ishlab chiqdi va hukumat uni tasdiqladi. Biroq rejani hayotga tatbiq etishga muvaffaq bo‘linmadi. Ijtimoiy sohani mablag‘ bilan ta’minlash og‘irlashdi. Natijada hukumat kvartira haqi ustidan nazoratni bekor qildi. Ish haqi muzlatildi. Uinston Cherchill. 187 Ayni paytda mustamlakachilik imperiyasi yemirildi. Leyboristlar partiyasi hukumat siyosatini qattiq tanqid ostiga oldi va 1951—1964-yillar oralig‘idagi yillarni «bekor o‘tgan 13 yil» deb atadi. Saylovda g‘alaba qilsa, iqtisodiyotning qator muhim sohalarini milliylashtirish va iqtisodiyotni reja asosida rivojlantirish yo‘li bilan mamlakatni yangilashga va uning qudratini qayta tiklashga va’da berdi. 1964-yilgi parlament saylovida leyboristlar partiyasi g‘alaba qozondi. Partiya rahbari T. Vilson boshchiligida yangi hukumat tuzildi. Hukumat mamlakat ilmiy-texnika salohiyatini rivojlantirishga katta umid bog‘ladi. Shu maqsadda 1965-yilda parlament birinchi «Milliy besh yillik iqtisodiy dasturi»ni qabul qilishiga erishdi. Ayni paytda, mamlakat moliyaviy ahvolini muqimlashtirish maqsadida, hukumat ish haqi va narxning o‘sishini «oqilona» cheklab qo‘yish siyosatini yurita boshladi. Bu siyosat narx-navo va daromadlar siyosati deb nom oldi. Dastlab bu tadbir ixtiyoriylik asosida amalga oshirilgan bo‘lsa, 1966- yildan boshlab hukumatning ish haqini muzlatishga oid qarori bilan amalga oshirildi. G. Vilson hukumati sanoat ishlab chiqarishi yiliga 5 foiz o‘sishini rejalashtirgan bo‘lsa, amalda u 2,3 foizdan oshmadi. Binobarin, leyborist- lar mamlakat iqtisodiy ahvolini yaxshilay olmadilar. Buning ustiga funt sterling qiymatini dollarga nisbatan kamaytirish ham ko‘zlangan natijani bermadi. Bundan tashqari, G. Vilsonning Buyuk Britaniyani «Umumiy bozor» ga a’zolikka qabul qildirish yo‘lidagi urinishlari behuda ketdi. Fransiya hukumati Buyuk Britaniyani AQSH bilan haddan tashqari bog‘langanlikda ayblab, uning «Umumiy bozor» ga qabul qilinishiga qarshilik ko‘rsatdi. Bu omillar leyboristlar hukumatining obro‘siga ta’sir etmay qolmadi. 1970-yilning 18- iyunida o‘tkazilgan parlament saylovida Konservatorlar partiyasi g‘alaba qozondi. E. Xit boshchiligida konservatorlar hukumati tuzildi. E. Xit hukumati davlatning moliyaviy ahvolini yaxshilash maqsadida ijtimoiy sohalar xarajatlarini kamaytirdi. Fermerlarga yordam puli berish to‘xtatildi. «Narx-navo va daromadlar» siyosati bekor qilindi. Bu mamlakatda keskinlikni keltirib chiqardi. Hukumat ikki baravar favqulodda holat joriy qilishga majbur bo‘ldi. 1971-yilda «Mehnat munosabatlari islohoti to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Qonun tred-yunionlarning huquqini cheklab qo‘ydi. Natijada hukumat bilan tred-yunionlar o‘rtasida keskinlik vujudga keldi. Mamlakat yalpi ish tashlash yoqasiga kelib qoldi. 1973—1974-yillar qishida tog‘-kon sanoatida inqiroz yuz berdi. Shunday sharoitda E. Xit yangi parlament saylovi belgilashga majbur bo‘ldi. 1974- yilning 28-fevralida bo‘lib o‘tgan parlament saylovida leyboristlar partiyasi g‘alaba qozondi. G. Vilson yana bosh vazir lavozimini egalladi. U «Narx- navo va daromadlar siyosati»ning yangi variantini qo‘lladi. Bu variant «ijti- moiy shartnoma» deb nom oldi. Bu hukumat bilan tred-yunionlar o‘rtasidagi shartnoma edi. Shartnomaga ko‘ra, tred-yunionlar ish haqini yiliga 5 foiz- 188 gacha oshirish talabidan tiyilib turish, hukumat esa narx-navo o‘sishini to‘xtatib turish majburiyatini oldi. Biroq 1976-yilda funt sterling qiymatining yana pasaytirilishi hukumat- ning harakatlarini amalda yo‘qqa chiqardi. G. Vilson o‘z ixtiyori bilan iste’fo berishga majbur bo‘ldi. Uning o‘rnini J. Kallagen (1976—1979) egalladi. Biroq u ham mamlakat iqtisodiy ahvolini yaxshilay olmadi. 1979-yilda mamlakatda ishsizlar soni 1935-yildan keyin birinchi marta 2 mln kishiga yetdi. Buning ustiga J. Kallagen hukumati o‘tkir ichki siyosiy muammo — Shimoliy Irlandiya muammosining keskinlashuvi hodisasiga duch keldi. 1921-yilda Buyuk Britaniya bilan Irlandiya o‘rtasida imzolangan shartno- maga ko‘ra, Shimoliy Irlandiya Buyuk Britaniya tarkibida qolgandi. Uning aholisi asosan protestantlardan iborat bo‘lib, katoliklar ozchilikni tashkil etadi. Protestantlar katoliklarni har jihatdan kamsitib keldilar. 1968-yilda katoliklar o‘z haq-huquqlari uchun kurash boshladilar. Natijada Shimoliy Irlandiyada tartibsizliklar boshlandi. Bunga javoban Buyuk Britaniya hukumati u yerga harbiy qism kiritdi. Katoliklarning «Irlandiya Respublika armiyasi» deb ataluvchi yashirin terrorchi tashkiloti ingliz soldatlariga qarshi terror o‘tkaza boshladi. Bu terrorchi tashkilot Olster shahrini Irlandiya Respublikasiga qo‘shish uchun kurashdi. Bunga javoban protestantlarning yashirin harbiy tashkiloti ham kurashga kirishdi. Har ikki tomon tartib o‘rnatish uchun yuborilgan ingliz soldatlarini nishonga ola boshladi. Natijada uch tomondan ham ko‘plab kishilar halok bo‘ldi. Mamlakatdagi keskin ichki vaziyat leyboristlar mavqeyiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Oqibatda 1979-yilda o‘tkazilgan parlament saylovida bu partiya mag‘lubiyatga uchradi. G‘alaba qozongan Konservatorlar partiyasi o‘z lideri M. Tetcher boshchiligida yangi hukumat tuzdi. Konservatorlar surunkasiga 18 yil davomida hokimiyat tepasida turdilar. 1979—1990-yillar oralig‘idagi 11 yil Buyuk Britaniya tarixiga «Margaret Tetcher davri» nomi bilan kirgan. U Buyuk Britaniya va dunyoda katta obro‘ qozondi. Uning dasturi «tetcherizm» nomi bilan atalgan. Bu termin mohiyatini quyidagi qoidalar tashkil etdi: a) iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchi xususiy tadbirkorlikdir. Shunga ko‘ra hokimiyat siyosiy yo‘lining asosi: erkinlik, imkoniyat hamma uchun, tadbirkorlik ruhini qo‘llab-quvvatlash, xususiy mulkchilarga demokratiya bo‘lishi kerak; b) davlatning iqtisodiy hayotga aralashuvi eng kam darajada bo‘lishi lozim. U xususiy tashabbuslarni aslo bo‘g‘masligi kerak; d) barcha mehnatga qobiliyatli kishilar o‘zini o‘zi ta’minlasin. O‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holda mehnatga qobiliyatsizlarga esa davlat va xayriya tashkilotlari yordam ko‘rsatadi; 189 e) kamomadsiz budjet bo‘lishi kerak; uning muhim qismini soliqlar tashkil etadi; f) kasaba uyushmalari mehnatkashlar manfaatlarini qonuniy vositalar bilan himoya qilishga haqli. Biroq bunda boshqalar manfa- atlariga zarar yetkazilmasligi lozim; jamiyatga zarar yetkazuvchi ish tashlashlar cheklanishi darkor. Xo‘sh, M. Tetcher qanday qilib katta obro‘ qozona oldi? Konservatorlar saylovgacha «To‘g‘ri yon- dashuv» deb atalgan dastur ishlab chiqdilar. Unda Buyuk Britaniyaning qudratini tiklash, iqtisodiy tanglik va inflatsiyani tugatish asosiy vazifa qilib qo‘yildi. Bu dasturni amalga oshirish hukumatdan qat’iylik bilan harakat qilishni talab etar edi. M. Tetcher shunday qildi ham. U davlat budjeti tanqisligiga yo‘l qo‘yib bo‘lsa ham keng ijtimoiy tadbirlarni zarur mablag‘ bilan ta’minlashdan voz kechdi. Muomalada ortiqcha naqd pulning bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rdi. Buning uchun budjet xarajatlari qisqartirildi. Shu tufayli inflatsiyaning pasayishi hamda iqtisodga ko‘proq sarmoya sarflash uchun sharoit yaratildi. Natijada ishlab chiqarishni o‘stirish borasida sakrash ro‘y berishiga erishildi. Mehnat unumdorligi bo‘yicha Yevropada birinchi o‘ringa chiqildi. Hukumat kam samarali va zarar ko‘rib ishlovchi korxonalarni saqlab turish uchun mablag‘ ajratishni to‘xtatdi. Davlat mulkini xususiylashtirish amalga oshirildi. Bu tadbir davlat budjetiga 28 mlrd f. s. olib keldi. Millionlab fuqarolar firma va korxonalarning aksiyadorlariga aylandi. Katta yoshdagi aholining 25 foizi turli aksiyalarga ega bo‘ldi. Davlat uy-joy fondi ham sotildi. Natijada 1,1 mln oila imtiyozli ravishda turarjoy sotib olishga erishdi. 1990-yilga kelib 65 foiz oila o‘zining shaxsiy uy-joyiga ega bo‘ldi. Davlatning iqtisodiyotga aralashuvi keskin qisqartirildi. Soliqlarni oshirish va tejamkorlik hisobiga kamomadsiz budjet shakllantirildi. Mamlakat aholisining uchdan ikki qismi o‘rta tabaqaga aylandi. Ijtimoiy ta’minot unga haqiqatan ham muhtoj bo‘lganlar uchun joriy etildi. 80-yillarda 2,5 mln yangi ishchi o‘rni vujudga keltirildi. Ishsizlar soni keskin kamaydi. Bu omillarning barchasi, o‘z navbatida, 1983, 1987 va 1991-yillardagi parlament saylovlarida konservatorlar partiyasining g‘alabasini va ularning uzluksiz 18 yil davomida hukumatni boshqarishlarini ta’minladi. Biroq 90-yillarda vaziyat o‘zgardi. Kamomadsiz budjetni uzoq vaqt ushlab turib bo‘lmadi. Inflatsiya va ishsizlik yana kuchaydi. Hukumat daromadidan qat’i nazar 18 yoshdan yuqori barcha fuqarolarni soliqqa tortish yo‘li bilan M. Tetcher. 190 vaziyatdan chiqmoqchi bo‘ldi. Bu esa ommaviy norozilikni keltirib chiqardi. Shunday sharoitda M. Tetcher o‘z xohishi bilan iste’foga chiqdi. Yangi bosh vazir J. Meyjor bunday soliqni bekor qildi. U «Teng imkoniyatlar jamiyati» barpo etish dasturini ilgari surdi. Biroq bundan ko‘zlangan maqsadga erishilmadi. 1997-yilgi va 2001-yilgi parlament saylovida Ley- boristlar partiyasi g‘alaba qozondi. Toni Bler boshchiligida yangi hukumat tuzildi. Leyboristlar hukumati qiyin siyosiy muammolarga duch keldi. Shotlandiya va Uels mahalliy millatchilari 1997—1998-yillarda o‘z parlamentlarini tuzdilar va muxtoriyat e’lon qildilar. Irlandiya muammosi yana murakkablashdi. Katoliklar va protestantlar- ning to‘qnashuvi davom etdi. 1998-yilda leyboristlar hukumati tomonlar o‘rtasidagi munosabatni birmuncha bo‘lsa-da, kelishtirishga erishdi. Biroq 2001-yilda vaziyat yana keskinlashdi. 2005-yilgi saylovlarda Toni Bler yana g‘alaba qildi. Ammo vaziyat keskinlashib, 2007-yil iyunda u o‘z o‘rnini Gordon Braunga bo‘shatishga majbur bo‘ldi. Buyuk Britaniya jahon siyosatini belgilashda uzoq yillar davomida bosh rolni o‘ynab keldi. Ikkin- chi jahon urushidan keyin esa ahvol o‘zgardi. Endi birinchilik AQSHga o‘tdi. Buyuk Britaniyaning dunyo siyosatidagi o‘rni alohida 3 yo‘nalishda bajargan vazifasi bilan belgilanadigan bo‘ldi. Birinchidan, u xalqaro may- donda AQSH ning asosiy ittifoqchisiga aylandi va shu maqomda dunyoning Download 3.01 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling