19. Qonuniylik va huquqiy tartibotni ta’minlashda huquq ustuvorligining rolini ko‘rsatib bering.
Javob:
SH.A.Saydullaevning “Davlat va huquq nazariyasi” nomli darsligiga asosan, qonuniylik – bu huquq sub’ektlari tomonidan qonunlar va qonun osti aktlariga to‘la va aniq amal qilinishidir. Qonuniylik – huquq va hokimiyat, huquq va davlatning uzviy bog‘liqligida o‘z ifodasini topadigan, ijtimoiy-siyosiy hayotga huquqiy tus beradigan keng ma’nodagi siyosiy-huquqiy hodisa.
Qonuniylikning asosiy tamoyillari:
Konstitutsiya va qonunlarning boshqa huquqiy hujjatlarga nisbatan ustunligi.
Huquq sub’ektlarining qonun va sud oldidagi tengligi.
Hokimiyat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyatida zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yilmasligi.
Inson (fuqarolar) huquq va erkinliklarini kafolatlanganligi.
Normativ huquqiy hujjatlarni mamlakatning butun hududida bir xil qo‘llanilishi va talqin etilishi.
Maqsadga muvofiqlikning qonuniylikka qarshi qo‘yilmasligi.
Qonuniylikning madaniyat bilan uzviy bog‘liqligi.
Huquqiy tartibot – bu huquq sub’ektlarining huquq normalarida belgilangan qoidalarga to‘la va aniq rioya qilishlari natijasida o‘rnatiladigan ijtimoiy munosabatlar tizimidir.
Huquq, qonuniylik, huquq-tartibot – davlat va jamiyat hayotining eng muhim tarkibiy qismlaridir. Biroq huquq-tartibot – huquq yaratiladigan va huquqiy tartibga solishning butun mexanizmi ishga solinadigan pirovard maqsad emas. Mazkur maqsad – huquq yordamida u yoki bu ijtimoiy munosabatlarni o‘zgartirish, mustahkamlash yoxud siqib chiqarish, ya’ni yo hukmron sinfga yoki butun xalqqa maqbul tartibni o‘rnatishdan iborat. Huquqiy tartibga solishning asosiy maqsadi barqaror ijtimoiy munosabatlar va tartibni ta’minlashdan iborat bo‘lishi lozim.
Huquq ustunligi (“rull of law”) – huquqiy davlatning eng muhim prinsipi hisoblanadi. Huquq ustunligi davlat va uning mansabdor shaxslarining, davlat organlarining, fuqarolar va ularning turli tuzilmalarining faoliyati huquq bilan bog‘liqligi, huquqqa mos holda amalga oshirilishidir. Huquq ustunligi, shuningdek qonun hujjatlarida erkinlik, tenglik va adolat kabi umuminsoniy-axloqiy qadriyatlarning ifodalanishini va eng muhimi ularning huquqni qo‘llash amaliyotiga to‘siqlarsiz joriy qilinishini nazarda tutadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |