39. Qanday belgilar terrorchilikning xalqaro terrorchilik xuruji ekanligini ko‘rsatadi?
Javob:
Xalqaro terrorizm tushunchasi davlatlar, xalqaro tashkilotlar, siyosiy partiya va harakatlarni beqarorlashtirishga qaratilgan siyosiy qo‘poruvchilik faoliyatini ifodalaydi. U alohida siyosiy arboblarni o‘ldirish yoki ularga qasd qilish orqali xalqaro ijtimoiy-siyosiy aks-sado beradigan buzg‘unchi siyosiy harakatlarni ifodalash uchun ham ishlatiladi.
Terrorchilik harakatlarining:
- xalqaro huquq himoyasidagi ob’ekt yoki sub’ektlarga qarshi qaratilgani;
- mustaqil davlatlar chegaralarini buzish orqali amalga oshirilishi;
- a’zolari ikki yoki undan ortiq davlat fuqarolari, shu jumladan, yollanma shaxslar bo‘lgan ektremistik guruhlar tomonidan sodir etilishi;
- ekstremistik guruhlar tarkibida qo‘poruvchilik harakatlari bo‘yicha xorijlik yo‘riqchilarning qatnashishi;
- ekstremistik guruh a’zolarining boshqa davlatlar hududida tashkil etilgan maxsus lagerlarda tayyorgarlik ko‘rishi;
- tayyorgarlik ko‘rish va qo‘poruvchilikni sodir etishda xorijiy davlatlar va ekstremistik uyushmalar yordamidan, xalqaro tus olgan noqonuniy qurol-yarog‘ savdosi va narkobiznesdan keladigan moliyaviy manbalardan foydalanishi uning xalqaro terrorchilik xuruji ekanini ko‘rsatuvchi asosiy belgilardan hisoblanadi.
40. Hozirda “globallashuv” tushunchasi ko‘p ishlatiladi. U qanday ma’noni anglatadi?
Javob:
Ma’naviyat bo‘yicha asosiy tushunchalar izohli lug‘atida globallashuvga quyidagicha ta’rif beriladi: “Globallashuv (lot. globus – shar, Er sayyorasi) – XX asrning ikkinchi yarmi – XXI asrning boshida jahon taraqqiyotida shakllangan yangi umumsayyoraviy tartibotlar, davlatlar va kishilar o‘rtasida o‘zaro aloqalarning kengayishi va murakkablashishi, dunyo miqyosida axborot makoni, kapital, tovar hamda ishchi kuchi bozoridagi integratsiyalashuv, atrof-muhitga texnogen ta’sirning kuchayishi, ommaviy madaniyat namunalarining keng tarqalishi, axborot-mafkuraviy va diniy-ekstremistik xurujlar xavfining ortib borishini ifoda etuvchi tushuncha.
Globallashuv tufayli dunyoning bir chekkasida yuz berayotgan ijtimoiy jarayonlar borgan sari dunyoning boshqa bir chekkalarida sodir bo‘layotgan (yoki hali sodir ham bo‘lmagan) jarayonlarga belgilovchi ta’sir ko‘rsatmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |