Jurnalistlar va robot jurnalistlar: raqobatmi yoki hamkorlik
Jurnalistikada inson o'rni va uni kuzatadigan auditoritasi
Download 1.1 Mb.
|
JURNALISTLAR VA ROBOT JURNALISTLAR
1.1. Jurnalistikada inson o'rni va uni kuzatadigan auditoritasi
Axborot globallashuvi jarayonida hayotimizni ommaviy axborot vositalarisiz tasavvur etishimiz juda qiyin. Ayniqsa, har bir sohada bo‘layotgan o‘zgarishlar, imkoniyatlar bugun ushbu jarayonda axborot tezlashuvini, o‘zaro fikr almashishni talab etadi. Bunda esa albatta jurnalistikaning o‘rni va roli beqiyos. Chunki har bir inson bugun o‘ziga kerakli bo‘lgan ma’lumotni ommaviy axborot vositalari orqali topish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Televidenie, gazeta, radio, ijtimoiy tarmoqlar deysizmi, barchasida ma’lumotlar tezkorlik bilan nashr etilib, aholiga vaqtida yetkazilmoqda. Ta’kidlash lozim, insoniyat “globallashuv” deb atalgan yangicha hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan va bu aloqalar jadal sur’atlarda kengayib, chuqurlashib borayotgan yangi taraqqiyot bosqichiga chiqdi. Buning natijasida “globallashuv” so‘zi iqtisodiygina emas, balki ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa qariyb barcha sohalardagi umuminsoniy jarayonlarni qamrab oluvchi tushunchaga aylanib ulgurdi. Endilikda davlatlarning qudrati, salohiyati nechog‘lik ko‘p axborotga egaligi bilan o‘lchanmoqda. Eng muhimi, axborotga egalik qilish tevaragida raqobat har qachongidan kuchayib bormoqda. Mazkur jarayonning o‘zi jurnalistikaning qaror topishini, rivojlanishini, pirovard natijada butunjahon jurnalistikasi xususiyatlarining umumiylashuvini jadallashtirmoqda. Fuqarolik jamiyati o‘zi nima? Fuqarolik jamiyati – konstitutsiyaviy huquq nazariyasida huquq va demokratiyaga asoslangan ijtimoiy hayotning zarur oqilona usuli; insonga uning iqgisodiy, siyosiy va madaniy hayoti shakllarini erkin tanlash kafolatlanadigan, qonun ustuvorligi va inson huquqlari hamda erkinliklari qaror topadigan, ko‘p partiyaviylik, siyosiy intlar, mafkura va fikrlarning xilma-xilligi ta’minlanadigan hamda o‘zini o‘zi boshqarish organlarining mavqei baland bo‘lgan ijtimoiy tuzum. Fuqarolik jamiyatini qurish kuchli davlatdan kuchli jamiyat sari bosqichma-bosqich o‘tish orqali ro‘y beradi. Hayot haqiqati shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi shiddatli davr insonlarda siyosiy ong va huquqiy savodxonlikni, ma’naviy yuksalishni, umuman, har tomonlama shakllanib borishni talab etmoqda. Keng miqyosdagi yangilanishlar jarayonida ularning daxldorligini oshirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni shunday vaziyatda jurnalistika sabab inson omili rivojlanadi, o‘ziga kerakli ma’lumotni ola bilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Asosiysi, kerakli axborot bilan ta’minlashga erishiladi. Albatta, fuqarolk jamiyatida jurnalistikaning o‘rnini yana bir jihat bilan tilga olsak bo‘ladi, ya’ni uning mavjudligi sabab inson har tomonlama kuchli fikrldash qobiliyatiga ega bo‘ladi, siyosiy, ma’naviy va ma’rifiy jihatdan shakllanadi. Birgina siyosiy qarashlarning shakllanishini olaylik. Bu shakllanish avvallari asosan gazetalar orqali ta’sir qilar edi, bugun esa barcha ommaviy axborot vositalari orqali o‘z ta’sirini o‘tkazib kelmoqda. Ilgari maktablarda dars boshlanishidan avval besh daqiqalik “siyosiy axborot” — gazetalar sharhi o‘tkazilar edi. Katta avlodning siyosiy yetukligiga shu ham sabab bo‘lgandir, balki. Zero, har doim siyosiy tuzumning o‘zgarishi va qayta qurish jarayonlari odamlarga islohotlar mazmun-mohiyatini tushuntirish orqali kechgan. Bunda bosh rolni aynan matbuot o‘ynagan. Tarixga nazar solsak, bunga yetarlicha misollarni ko‘rish mumkin. Jurnalistika deganda bugun ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida aynan ijtimoiy tarmoqlar yoxud internet jurnalistikasi keladi. To‘g‘ri, bugun ular butun hayotni qamrab olganligini, ammo ba’zan noto‘g‘ri axborotlar tarqatilayotganining ham guvohi bo‘lib kelyapmiz. Jumladan, gazetalarni olaylik. Gazeta nafaqat bugungi kun panoramasini to‘liq ko‘rish va kuzatish, balki kelgusidagi istiqbolni ham yaqqol tasavvur qilishga yordam berishi kundek ravshan! Gazeta xuddi darslik singari barcha mavzularni, mamlakatning butun tarixiy yilnomasini qamrab oladi. Undagi maqola — ertagayoq esdan chiqib ketadigan uzuq-yuluq faktning o‘zigina emas. Maqolaga har doim qaytish mumkin. Kerak bo‘lganda, yana boshdan mulohaza qilasan, muhim joylarini belgilab, o‘qiganlarni keyinchalik foydalanish uchun saqlab qo‘yish mumkin. Shu bilan bir qatorda, matbuotda ishlashning o‘ziga yarasha mashaqqati bor. Bitta maqola yoki axborot tayyorlanguncha necha kishining ko‘z nuri to‘kiladi, keyin sahifalanadi, har bir sahifa musahhihlar qo‘lidan o‘tkazilib, bosmaxonaga yuboriladi va tonggacha to‘liq bosmadan chiqariladi, oxirida tayyor mahsulot — gazeta o‘quvchilar qo‘liga yetib borishi uchun butun mamlakat bo‘ylab yuzlab odamlar jon koyitadi. Mas’ullar tun-allamahalgacha, yanayam aniqrog‘i, tongotargacha qolib ishlaydi. Eng qizig‘i, shu hol har kun takrorlanadi. Izlasak, yurtimizda ham zamon talabiga ko‘ra faoliyat yuritayotgan bosma nashrlar ko‘p. Keyingi yillarda gazetalarimizda muntazam ravishda iqtisodiy sharhlar berib borilyapti, ijtimoiy sohadagi o‘zgarishlar, islohotlar qanday borayotgani, Prezident farmon va qarorlari odamlar hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani keng yoritilmoqda. Tahlil va sharhlar tayyorlash uchun milliy va xorijiy ekspertlar, siyosatchilar, turli soha mutaxassislari jalb etilyapti. Gazetalarimizga katta mas’uliyat yuklatilgan — u ham bo‘lsa, vatandoshlarimizga ertangi yorug‘ kunlar sari borayotgan yo‘lida hamqadam bo‘lish, ta’bir joiz bo‘lsa, hamrohi, sirdoshiga aylanishdir. Jamiyatning madaniyati yuksalishida ham gazetaning o‘rni salmoqli. Negaki, aynan gazeta til sofligini, uning adabiy-badiiy xususiyatlarini, so‘z yuki va qudratini nafaqat saqlab qoladi, balki oshirib ham boradi. Bosma nashrda har bir so‘z chuqur va keng ma’no-mazmunga ega. Gazeta adabiy til qoidalariga to‘liq amal qilgani uchun ham qadrli. Aynan bosma nashrlarda ishlovchi jurnalistlar shu bois ham axborot maydoni elitasi hisoblanadi. Ular o‘z o‘quvchilari oldidagi yuksak mas’uliyatni his etgan holda, mulohazakorlik, haqqoniylik, halollik va burchga sodiqlikni faoliyatining asosiy tamoyillari deb bilishadi. Keyingi yillarda O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash uchun ochiq maydon yaratildi. Bunday imkoniyatdan foydalanish yo‘lidagi turli g‘ovlar: ma’muriy, norasmiy cheklovlar deyarli olib tashlandi. Jamiyatda har kim o‘z fikrini bemalol bildirishi, murojaat va e’tirozlari, taklif hamda shikoyatlarini erkin ifoda etishi uchun zarur huquqiy baza yaratildi va u takomillashtirilmoqda. Fuqarolar, jurnalistlar, blogerlarga katta minbarlar berildi. Bular internet, undagi ijtimoiy tarmoqlar, portallar, gazeta-jurnallar, TV va radio, xullas, axborot yetkazishning barcha vositasini, onlayn va oflayn, an’anaviy va noan’anaviy instrumentlarni qamrab oldi. Shunga yarasha insonning so‘z va axborot olish erkinligi, jurnalistik faoliyat erkinligi kafolatlari tubdan mustahkamlandi, bunday huquqlarga daxl yoki qarshilik qilganlarga nisbatan tegishli javobgarlik choralari kuchaytirildi. Pirovardida yurtimizda shaffof va tezkor axborot maydoni vujudga keldi. Turli axborot saytlari rivojlana boshladi, blogerlik harakati keng quloch yozdi. Bugun har kim va har bir tashkilot, xoh u matbuot sohasi bo‘lsin, xoh boshqa soha o‘z sayti, “Telegram” kanali, “Facebook”, “Youtube”, “Instagram” kabi ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalarini yuritishi oddiy holga aylandi. Tabiiyki, bunday holatda axborot olish va yetkazish jabhasida ham raqobat keskin kuchayib ketdi. Bugungi kunda jamiyatda auditoriya qamrovi bo‘yicha, umuman, kontent reytinglarida nodavlat ommaviy axborot vositalari, xususan, internet saytlari, shuningdek, blogerlar yuritayotgan onlayn kanallar yetakchi o‘rinlarda turadi. Biz ularning bu yutuqlaridan faqat xursand bo‘lamiz. Yaxshi tomoni shundaki, mazkur holat plyuralizm mavjudligini anglatadi. Bunday voqelik esa axborot tarqatishda raqobatni kuchaytirib, so‘z va fikr erkinligi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu, o‘z navbatida, fuqarolik jamiyati qurishning asosiy talablaridan biridir. Boshqa tomondan, plyuralizmni boshboshdoqlik, o‘zbilarmonlik deb tushunmaslik kerak. Chunki bunday qarash davlat axborot xavfsizligi, ijtimoiy barqarorlik hamda sotsial kayfiyatni izdan chiqarib yuborishi mumkin. Shuning uchun bu boradagi oltin o‘rtaliqni ta’minlash bugun har qachongidan muhimdir. Binobarin, oxirgi paytlarda aytilayotganidek, nafaqat Milliy teleradiokompaniya, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi — O‘zA kabi rasmiy axborot yetkazib beruvchilar, balki davlat hokimiyati organlari matbuot nashrlari, veb-saytlari faoliyati, salohiyati, moddiy-texnika bazasi, kadrlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tubdan qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq. Fuqarolik jamiyatida jurnalistikaning o‘rnini belgilab berishda jurnalistning ham muhim o‘rni bor. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda jurnalist kadrlar tayyorlaydigan o‘quv dargohlari soni ko‘paydi. Shunday ekan, bo‘lg‘usi jurnalistlarning davlat organlari muassisligida faoliyat yuritadigan tahririyatlar va telekanallarda amaliyot o‘tashini tashkil qilish ham dolzarb masalalardandir. Bu yerda ular haqiqiy jurnalistik materiallar qanday tayyorlanishini o‘rganadi, sohaning negizini tashkil etuvchi bilim va malakalarini oshiradi. Aslida, demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyatida jurnalistlarning obro‘si anchayin baland bo‘ladi. Chunki ular haqiqiy to‘rtinchi hokimiyat, davlat va xalq o‘rtasidagi o‘ziga xos ma’naviy-ma’rifiy ko‘priklardan biri hisoblanadi. Binobarin, jurnalist har bir so‘zi uchun mas’uliyatni his etadi, xalq, jamiyat oldida javobgar va hisobdor bo‘ladi. Blogerda esa mutlaqo boshqacha yondashuv. U ko‘p hollarda o‘zining shaxsiy fikrini ifodalaydi va bu fikr jamiyatga muayyan ta’sir o‘tkazadi. Bu yerda gap jurnalistlarni blogerlar bilan, davlat ommaviy axborot vositalarini xususiylari bilan taqqoslashda emas. Asosiysi, bugungi kunda ular o‘rtasidagi muvozanatni saqlash muhimdir. Bunda jurnalistlardan davr talablariga moslashish, mehnat samaradorligini oshirish talab etiladi. Bu esa mamlakatimizning axborot xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi shubhasiz. So‘zimizni mamlakatimiz Prezidentining fikrlari bilan xulosalaymiz. Ya’ni: “Axborot maydonidagi turli bahs va tortishuvlar, avvalo, haqqoniylik va xolislik tamoyillariga asoslanishi, qonun va odob qoidalari doirasida bo‘lishi, shaxsiy g‘araz va xusumatga, soxta obro‘ orttirish usuliga aylanib ketmasligi, inson shaxsi va sha’nini tahqirlashdan yiroq bo‘lishi, bunday salbiy holatlarga bizning media maydonimizda mutlaqo o‘rin bo‘lmasligi kerak”. Matbuot — ijtimoiy hodisa. Buning maʼnosi shuki, u inson maʼnaviyati shakllanishiga, fikr va dunyoqarashi yuksalishiga xizmat qiladi. Inson tashqi koʻrinishidagi qusurlarni oynaga qarab toʻgʻrilagani kabi jamiyat ham oʻzidagi muammo hamda kamchiliklarni ommaviy axborot vositalarida koʻrib, ularni bartaraf etib boradi. Shu maʼnoda, matbuot jamiyat koʻzgusi, adolat va haqiqat jarchisi, maʼrifat targʻibotchisidir. Prezidentimiz tomonidan Oʻzbekistonning yangi qiyofasi shakllantirilar ekan, demokratiyaning qon tomiri boʻlgan soʻz hamda matbuot erkinligini taʼminlash yoʻlida ham salmoqli qadamlar tashlanmoqda. Bugun jurnalistga oʻz mahorat va salohiyatini, jasoratini namoyon etishi uchun hech qanday toʻsiq yoʻq. Har bir insonning yangilik tarqatish, erkin soʻz aytish huquqi qonun bilan kafolatlangan. Istagan kishi gazeta, jurnal, telestudiya, radiokanal, sayt ochishi mumkin. Davlat nafaqat davlat muassisligidagi, balki nodavlat OAVni ham qoʻllab-quvvatlamoqda. Parlament huzuridagi Jamoat fondi tanlovlarida istagan jurnalist va OAV vakillari qatnashib, grant yutib olish imkoniyatiga ega. Maʼlumotlar ochiqligini taʼminlash yoʻlidagi ishlar izchil davom etmoqda. Zero, soʻz erkinligi faqat OAVgagina emas, avvalo, davlatning oʻzi uchun zarur va foydalidir. Chunki ochiqlik, oshkoralik bor joyda taraqqiyot kushandasi boʻlgan korrupsiya, tamagirlik, turli jinoyatchilik, qonunbuzilish holatlariga qarshi kuchli jamoatchilik nazoratini oʻrnatish imkoniyati yuzaga keladi. Shu maʼnoda, keyingi yillarda davlatimiz rahbarining ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishga doir koʻplab hujjatlari qabul qilindi. Bundan tashqari, Prezidentimiz deyarli hamma uchrashuv va yigʻilishlarda ommaviy axborot vositalariga alohida eʼtibor qaratish lozimligini qayta-qayta taʼkidlayotir. Rahbarlar faoliyatiga jamoatchilik bilan qanchalik muloqot oʻrnatgani, matbuot sahifalari, ijtimoiy tarmoqlarda chiqayotgan maqolalar, tanqidiy fikrlarga nechogʻli munosabat bildirayotganiga qarab baho berilmoqda. Faoliyati tanqid ostiga olingan har qanday mansabdorga tegishli choralar koʻrilayotganini esa hayotda barchamiz koʻrib, guvohi boʻlib turibmiz. Yurtboshimizning bu boradagi tashabbus va ibratini nafaqat xalqimiz, balki xorijlik ekspertlar ham eʼtirof etishyapti. Prezidentimizning parlamentga Murojaatnomasida mamlakatdagi ahvol ochiq-oydin tahlil qilinishi, eng ogʻriqli muammolar tan olinib, ularni bartaraf qilish yoʻllari koʻrsatib berilishi barchamizni oʻz taqdirimizga, yurt taqdiriga befarq boʻlmaslikka undamoqda. Davlat rahbarining odamlar huzuriga borishi, ochiq muloqotlari aholida oʻz koʻnglidagi gaplarini ayta olishga koʻnikma uygʻotmoqda. Bu ham jamiyatda oshkoralik muhitini qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etyapti. Haqiqatan ham, inson erkin gapirishi uchun erkin yashashi lozim. Erkin yashashning sharti Vatan ichida Vatanga, oilaga, muqim ish joyiga ega boʻlish, iqtidoriga munosib ragʻbat koʻrish, farzandlar taqdiridan koʻngil toʻqligidir. Binobarin, “Yangi Oʻzbekiston!” shiori ostida keyingi uch yilda qabul qilingan qonun, qaror va farmonlar mazmun-mohiyati ana shu maqsadga qaratilgan. Aholining roʻyxatga olish tizimi soddalashtirilgani, yetimlar, boquvchisini yoʻqotganlarga, koʻp bolali oilalarga arzon uy-joylar berilishi, bandlik boʻyicha qatʼiy choralar koʻrilishi, xususiy mulk boʻyicha oʻzgarishlar — bularning barchasi bizda jamiyat ovozining hisobga olinishi natijasi, deb bilamiz. Quvonarlisi, bugun koʻplab rahbarlar jurnalistlar, blogerlar chiqishlari, fuqarolar murojaati bilan hisoblashishmoqda. Bu jarayonning muntazam va izchil monitoringi ham shakllanyapti. Bugun qalam ahliga ijro hokimiyati idoralarining deyarli barcha yigʻilish hamda anjumanlarida ishtirok etish imkoniyati yaratildi. Koʻp tadbirlar televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatilyapti. Garchi hali oʻz vazifasini biz kutganchalik olib bormayotgan boʻlsa-da, ijro hokimiyati idoralarida axborot xizmati joriy etilishi ham mamlakatda axborot muhiti rang-barangligini taʼminlayotir. Darhaqiqat, soʻz erkinligi jamiyat uchun katta ehtiyoj. Ammo shuni unutmaslik lozimki, jurnalistika, oshkoralik va soʻz erkinligi muayyan bir ijtimoiy guruh taklifi yoki talabi bilan oʻzgarib qolmaydi. Hali dunyoda bu tushuncha hamda meʼyorlarning mukammal etaloni yaratilgan emas va buning iloji ham yoʻq. Har bir davlat taraqqiyotining turli bosqichlarida uning siyosati, jamiyatdagi jarayon haqida turlicha fikrlar bildirilishi tabiiy. Har bir ijodiy jamoa oʻz oldiga qoʻyilgan vazifa doirasida faoliyat yuritadi. Muhimi, aytilayotgan soʻz uchun masʼullik hissini unutmaslik, axborotni qonun doirasida tarqatishdir. Ommaviy axborot vositalari aholida ijtimoiy fikr uygʻotishi barobarida, odamlarda oʻz taqdiriga masʼuliyat hissini tarbiyalamogʻi ham lozim. Agar jamiyatimizga teran koʻz bilan, qiyosiy nuqtayi nazar bilan qarasak, keyingi yillardagi inqilobiy islohotlar maʼnaviyatimizda, ruhiyatimizda, yurt taqdiriga munosabatimizda katta oʻzgarishlar yasadi. Oddiy misol, bundan bir necha yilgina ilgari shaxsiy mulkimizni kafolatli himoya qila olardikmi? Bugun esa shaxsiy mulkka daxl qilgan shaxs, kim boʻlishidan qatʼi nazar, qonun oldida javob beradi. Bunday holatlarni televideniyeda ham, radioda ham, gazetada ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham yorityapmiz. Bu borada qonunni mensimaganlarni oshkor aytyapmiz. Matbuotchi boʻlganim uchun komil ishonch bilan ayta olamanki, nashrlarimiz qisqa fursatda oʻz mundarijasi hamda ish uslubini oʻzgartira oldi va bu ish davom etyapti, ular oʻrtasida raqobat paydo boʻldi. Har bir jamiyat doimo “shov-shuv”ga talabgor boʻladi, ammo matbuot odamlarga maʼrifat ulashish, ularni voqea-hodisalarning tub mohiyatidan voqif etish, yaxshi yashashga undash borasidagi ezgu qadriyatlaridan, oʻz yoʻlidan chetlashgani yoʻq. Karantin sharoiti bizga juda muhim haqiqatni amalda koʻrsatdi: rivojlanishning, koʻzlangan maqsad-muddaolarga erishishning eng asosiy omili xalqning ichki intizomi, jipsligi va yaxshi fazilatlari ekan. Aynan ana shu holatlar yetishmaganligi bois ayrim baquvvat davlatlar ham koronavirusdan koʻp zarar koʻrdi. Umumiy fikr parokandaligi ularni bir yoqadan bosh chiqarib ishlashga yoʻl qoʻymadi. Oqibatda tibbiyot qanchalik taraqqiy etgan, tibbiy madaniyat nechogʻli yuksak boʻlmasin, kasallanganlar soni va oʻlim koʻrsatkichi nihoyatda oshib ketdi. Demak, garchi soʻz erkinligi dunyoviy shior boʻlsa ham, bu jarayon har bir davlatda xalq mentalitetidan kelib chiqqan holda amalga oshadi. Jurnalistika bugun, erta marraga intiladigan marafon emas, u jamiyatning ichida yashaydi. Shu nuqtayi nazardan qaraydigan boʻlsak, hali sohamiz bugun aholi kutgan darajada emas. Sohadagi muammolarga ilmiy tahlil orqali yondashib, har bir ijodiy jamoaning jangovarligini, kasb mahoratini oshirish, tizimda korporativ hamkorlik va ijodiy raqobatni yana-da rivojlantirish vazifasi turibdi. Teleradio vositalarining sifatli material uzatishi uchun texnologiyalarning yana-da zamonaviylashtirilishi, matbuot nashrlarini oʻquvchilarga yetkazish tizimining izchil takomillashtirib borilishi soha ravnaqini yana-da yuksak pogʻonaga olib chiqishi, shubhasiz. Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yili kasb bayramimiz munosabati bilan tabrigida “Ayni vaqtda barchamiz bir haqiqatni unutmasligimiz zarur: axborot maydonidagi turli bahs va tortishuvlar, avvalo, haqqoniylik va xolislik tamoyillariga asoslanishi, qonun va odob qoidalari doirasida boʻlishi, shaxsiy gʻaraz va xusumatga, soxta obroʻ orttirish usuliga aylanib ketmasligi, inson shaxsi va shaʼnini tahqirlashdan yiroq boʻlishi, bunday salbiy holatlarga bizning media maydonimizda mutlaqo oʻrin boʻlmasligi kerak”, degan edi. Nazarimda, davlat rahbari bu fikrida jamiyat xulosasini ifoda etdi. Demak, bizning endigi asosiy vazifamiz ana shu ishonch va martabaga munosib faoliyat koʻrsatishdir. Download 1.1 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling