Ega bilan kesimning shaxs va sonda o‘zaro mosligi Ega va kesim bir-biri bilan shaxsda hamma vaqt mos bo‘ladi: Biz maktab jamoat ishlarida faol qatnashamiz. Ega (Biz) – 1-shaxsda, kesim (qatnashamiz) - 1-shaxsda. Ega va kesimning sonda mosligi I. Fe'l kesim I va II shaxsda ega bilan hamma vaqt sonda mos bo‘ladi. Biz yordam berdik. II. Kesim III shaxsda ega bilan hamma vaqt sonda moslashavermaydi: 1. Kimsani bildirgan III shaxsdagi ega bilan fe'l-kesim sonda mos bo‘ladi: Dehqonlar ishni boshlab yubordilar. 2. Ko‘plikdagi kimsani emas, narsa-buyumni bildirsa, fe'l-kesim, odatda, ega bilan sonda moslashmay, birlikda ishlatiladi: Kitoblar olindi. 3. Ot kesim ko‘plikdagi ega bilan ko‘pincha moslashmaydi: Uyda akam, opam va singlim bor edi. 4. Gapda eganing aniqlovchisi miqdor son bilan ifodalansa, kesim va ega birlik shaklida bo‘ladi: Uchta qiz keldi. Ega bilan kesim orasida tirening ishlatilishi I. Quyidagi holatlarda ega bilan kesim orasiga tire qo‘yiladi: 1. Gapning kesimi bosh kelishikdagi ot bilan ifodalanib, bog‘lama yoki kesimlik qo‘shimchasi bo‘lmasa, egadan keyin tire qo‘yiladi: Toshkent – go‘zal shahar. 2. Gapning egasi yoki kesimi yoxud ularning har ikkalasi harakat nomi bilan ifodalansa va bog‘lama bo‘lmasa, egadan so‘ng tire qo‘yiladi: Kulish – umrni uzaytirish vositasi. 3. Gapning egasi yoki kesimi birikmalar bilan ifodalanib, tenglik, o‘xshatish, kabi ma'nolarni bildirsa va bog‘lama bo‘lmasa, egadan keyin tire qo‘yiladi: Yaxshi qiz – yoqadagi qunduz. 4. Ega yoki kesim ko‘rsatish olmoshi yoxud miqdor son bilan ifodalanib, alohida ajratib ko‘rsatilsa, bog‘lama yoki kesimlik qo‘shimchasi bo‘lmasa, egadan keyin tire qo‘yiladi: Ana shu – mening uyim. Uch karra uch – to‘qqiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |