Azotli birikmalar. Tarkibida azot bo‘lgan birikmalar tamaki ximiyaviy tarkibining asosiy qismidir.
Oqsil tamakining chekuvchanlik xususiyatiga salbiy ta‘sir ko‘rsatuvchi hamda yonishda yoqimsiz hid va achchiq tag‘m beruvchi uchuvchan moddalar hosil qiladi. Bargning texnik pishiqlik davrida uglevodlar eng ko‘p miqdorda to‘plangan, oqsil miqdori esa ancha kamaygan bo‘ladi.
Tamakida 20% gacha oqsil bo‘lishi mumkin. Yuqori sifatli barglarda esa odatda 7-8% gacha oqsil bo‘ladi.
Nikotin. Nikotin ham azotli birikmalar jumlasiga kirib, tamaki bargiga o‘ziga xos chekuvchanlik xususiyatini beradi.
Nikotin — kuchli zaharli alkaloid hisoblanadi. U toza holda rangsiz, yoqimsiz hid tarqatuvchi suyuqlik. Tamaki tarkibida nikotin 0,4 dan 4% gacha, maxorkada esa 18% gacha bo‘ladi. Tamaki tarkibida nikotindan tashqari, nornikotin, anabazin kabi alkaloidlar ham uchraydi.
Organik kislotalar. Tamaki tarkibida sirka, chumoli, moy, olma, limon, oksalat va boshqa organik kislotalar uchraydi. Organik kislotalar tamaki sifatida salbiy ta‘sir etuvchi moddalar jumlasiga kiradi. Sifati past tamakilarda organik kislota miqdori 14-16% gacha bo‘ladi. Faqat limon va olma kislotalarning tuzlari tamakining yonuvchanlik xususiyatiga ijobiy ta‘sir ko‘rsatadi.
Boshqa ximiyaviy moddalar. Tamaki tarkibida ko‘rsatilgan asosiy moddalardan tashqari bir qator moddalar: pektinlar va polifenollar, efir moylari, smolalar va boshqalar uchraydi.
Tamakida pektinli moddalarning miqdori 12% dam 15% gacha, maxorkada esa 18-20% gacha bo‘ladi. Pektinli moddalarning tarkibiga zaxarli ximiyaviy modda - metil spirti kiradi. Shuni tag‘kidlab o‘tish kerakki, metil spirti tamaki sifatiga salbiy ta‘sir ko‘rsatuvchi moddalar jumlasiga kiradi. Tamakini quritish jarayonida pektinli moddalar juda kam o‘zgaradi, lekin metil spirtining miqdori keskin kamayadi.
Tamaki xom ashyosi tarkibida o‘ziga xos xushbo‘y hid tarqatuvchi bir qator ximiyaviy birikmalar uchraydi. Tamakining xushbo‘yligi asosan undagi efir moylarining miqdori bilan aniqlanadi. Unda 1% gacha efir moylari bo‘ladi.
Smolalar tamaki tarkibidagi asosiy moddalardan bo‘lib, yonganda turli xil aromatik moddalar hosil qiladi. Tamaki tarkibida smolalar 3-4% dan 14-15% gacha bo‘ladi. Barglar texnik pishiqlik davrida tarkibida eng ko‘p smola to‘playdi.
Ammiak oddiy azotli birikmalardan bo‘lib, tamaki bargida 0,1 dan 0,5% gacha bo‘ladi. Tamaki tarkibida ammiak miqdorining ko‘payishi unga yoqimsiz tag‘m beradi.
Kul moddalar yoki mineral moddalar tamaki ta‘mini belgilashda asosiy o‘rin tutmaydi, lekin ular yonuvchanlikni oshiradi. Sifatli tamaki tarkibida kul moddalar kam miqdorda bo‘ladi. Tamakining yonuvchanligiga kaliy tuzlari ijobiy, xlor tuzlari esa aksincha, salbiy ta‘sir ko‘rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |