Tamaki barglarining yetilishi va uni yig‘ish
Tamaki o‘sishi va rivojlanishi bilan undagi oziq moddalar miqdori ham oshib boradi va ma‘lum davrda eng yuqori darajaga yetadi. Barg texnik yetilgan davrda tarkibida xom ashyo sifatiga ijobiy ta‘sir ko‘rsatadigan barcha ximiyaviy moddalar (uglevodlar, xushbo‘y hid beruvchi mumsimon moddalar va boshqalar) eng ko‘p miqdorda to‘planadi. Shuningdek, barg tarkibida suvning quruq moddaga bo‘lgan nisbati eng normal holatga tushadi. Buning quritish jarayonida ahamiyati katta. Barglarda yetilsh belgilarining namoyon bo‘lishi butun barg plastinkasida bir meyorda sodir bo‘lmaydi. Barg uchi va chetlari o‘rta qismlariga qaraganda ancha ilgari yetiladi.
Sobiq ittifoq mamlakatlarining tamaki yetishtiriladigan zonalarida o‘simlikning botanik naviga va quritish usuliga qarab tamaki bargi turli pishiqlik davrida teriladi. Tamaki barglari texnik jihatdan to‘liq yetilgan davrda terilganda uni so‘litish va quritishga ketadigan muddat qisqarib, xom ashyo sifati ancha yaxshilanadi, bundan tashqari, quritilganda quruq massa miqdori 1-3% ortadi.
Tamaki bargi texnik yetilish davridan keyin fiziologik yetilish davriga o‘tadi. Bunda bargda to‘plangan organik moddalar o‘simlikning o‘sishi va rivojlanishi uchun ko‘proq sarflanadi. Natijada barglardagi sanoat uchun zarur organik moddalar yo‘qolib, yengil va mo‘rt bo‘lib qoladi. Shuningdek, u xom ashyoboplik xususiyatini yo‘qotadi.
Ko‘chat dalaga o‘tkazilgandan 50-60 kun keyin barg birinchi terimga yetiladi. Ularning yetilishi o‘simlikning o‘sish sharoitiga va naviga qarab keskin o‘zgarishi mumkin. Bargning uchidan boshlab 30-40% gacha sarg‘ish tusga kira boshlashi, yuzasining mumsimon g‘ubor bilan qoplanib, to‘lqinsimon bo‘lishi, uchlari va yonlarining biroz egilishi shuningdek, qalinlashib va mo‘rt bo‘lib poldan oson uzib olinishi barglarning texnik jihatdan yetilganligini bildiradi. Barglarning yetilganligini aniqlashda mana shu belgilarni hisobga olish lozim.
Texnik jihatdan yetilishda tashqi belgilarning namoyon bo‘lishi ko‘pincha tamaki naviga, o‘stirilgan sharoit va qo‘llanilgan agrotexnikaga bog‘liq bo‘ladi.
Ostrolist-2747, Yubileyniy-8, Ostrolist-450 kabi navlarining barglari poyada tezda sarg‘ayadi. Shu sababli bu navlarning barglari texnik jihatdan yetilishining dastlabki belgilari paydo bo‘lishi bilan terib olinadi va so‘litmasdan tezda quritiladi.
Paykalda ko‘chat soni juda ko‘p, buning ustiga tuproqli fosfor va kaliy kam bo‘lsa, shuningdek, tamaki kam sug‘orilganida ham barglarning ko‘p qismi sarg‘ish tusga kiradi. Bu barglarning pishib yetilganligini bildirmaydi. Shuning uchun bunday hollarda faqat tamaki bargining rangiga qarab terish, hosil va mahsulot sifatining pasayishiga olib keladi.
Barglarni terish davri uni quritish usuliga ham bog‘liq. Masalan, barg sung‘iy va kombinatsiyalashtirilgan (barg shapalog‘i quyoshda, barg o‘zagi esa sung‘iy) usulda quritilganda ular to‘liq yetiltirib teriladi. Agar quyoshda yoki soyada quritiladigan bo‘lsa, unda barglar texnik jihatdan yetilgan davrida teriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |