Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlariga barcha moliyaviy manbalardan ajratilgan kreditlar miqdori 3,7 trln. so'mdan ko'proqni tashkil etmoqda
|
Banklar tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlariga ajratilgan kreditlar hajmi o'tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar oshdi. Sog'lom raqobat tufayli banklarning turfa mahsulotlari eng chekka qishloqlarga ham yetib bordi va bank muassasalarining ochilishiga olib kelmoqda. Hozirgi paytda mamlakatimizning turli nuqtalarida tijorat banklarining 835 ta filiali, 4100 dan oshiq mini-bank va jamg'arma kassalari faoliyat ko'rsatmoqda. Qishloq odamlari moliyaviy masalalarda aynan shu yerda turfa maslahatlar olmoqda, bozordagi vaziyat bilan tanishish imkoniga ega bo'lmoqda. Banklar va tadbirkorlik sub'ektlari o'rtasidagi munosabatlarni o'rganish bizni ana shunday xulosa chiqarishga undamoqda.
Tijorat banklari kredit portfeliga nazar solsangiz, quyidagicha manzaraga guvoh bo'lasiz: kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlariga barcha moliyaviy manbalardan ajratilgan kreditlar miqdori 3,7 trln so'mdan ko'proqni tashkil etmoqda yoki bu o'tgan yilning yarim yilligiga nisbatan 1,3 barobar ko'pdir. Ularning asosiy qismi mamlakatimizni iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi va “Obod turmush yili” davlat dasturlariga kiritilgan ustivor vazifalarlar - loyihalarni bajarishga yo'naltirilgan. Masalan, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga 690 mlrd so'm, sanoat iste'mol tovarlari ishlab chiqaruvchilarga – 740 mlrd so'm, xizmat ko'rsatish va servis sohasini rivojlantirishga – 391,6 mlrd so'm, tadbirkor ayollarni qo'llab-quvvatlashga – 322,5 mlrd so'm, oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilik ravnaqiga – 61,3 mlrd so'm, ta'lim muassasalari bitiruvchilariga - 55 mlrd so'm, shaxsiy yordamchi va dehqon xo'jaliklariga qishloq xo'jalik mahsulotlari yetishtirish, qoramol sotib olish uchun salkam qariyb 77,5 mlrd so'm kredit mablag'lari ajratilgan.
Belgilangan prognoz ko'rsatkichlar ijrosini ta'minlash uchun banklar amaliyotga kreditlash va xizmat ko'rsatishning yangi texnologiyalarini izchil tadbiq etib bormoqdalar. Chunki bank sohasining rivojlanish tendensiyalari kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ravnaqida muhim ahamiyatga ega. Mikrokreditlardan foydalanishning soddalashtirilishi odamlarning o'z layoqatlarini namoyon etishiga sharoit yaratayotgan bo'lsa, kichik biznesning investitsion jarayonlari – asosiy vositalar va texnologiyalar sotib olish, modernizatsiyalash, ishlab chiqarishni kengaytirishga ajratayotgan kreditlari aholi bandligini ta'minlashga xizmat qilmoqda.
Bank tizimida olib borilayotgan islohotlar va erkinlashtirish kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarini kreditlash imkoniyatlarini oshirdi. Hozirgi paytda kichik tadbirkorlik sub'ektlarining biznes loyihasi bilan tanishish, to'lov qobiliyatini tahlil qilish, qarz oluvchining ishchanlik sifatlarini aniqlash va kredit resurslari bilan ta'minlash qisqa muddat ichida hal etilmoqda. Bunda kredit bo'yicha foiz stavkasi va muddati qarz oluvchining biznes ko'lami, ya'ni bozorga taqdim etmoqchi bo'lgan tovari va xizmati turi, raqobatbardoshligiga qarab belgilanmoqda.
Bank tizimining o'sish dinamikasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik taraqqiyotining umumiy yo'nalishlari bilan chambarchas bog'liqligini o'tgan yillar tajribasi yaqqol isbot etdi. Shu bois banklarning rivojlanish strategiyasida kichik biznes sub'ektlarining manfaatlariga yetarlicha e'tibor qaratilmoqda. Banklar infratuzilmasi yaxshilanishi, bank xodimlari malakasining izchil oshirishga e'tibor berilishi mijozlarga ko'rsatilayotgan xizmatlar ko'lamining kengayishiga sharoit yaratmoqda. Bank va mijoz o'rtasidagi o'zaro ishonch mustahkamlanib, kreditlari hisobiga o'z ishini boshlovchilar yoki o'z biznesini kengaytirmoqchi bo'lganlar soni mutassil oshib bormoqda.
Mamlakatimizda ishchanlik muhitini yaxshilash borasida olib borilayotgan tadbirlar, ishbilarmonlik imkoniyatlarining kengaytirilishi tijorat banklari kreditlash faoliyatida yaqqol aks etmoqda. Ayni paytda banklar qishloq xo'jalik mahsulotlari ishlab chiqarishini modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilamoqchi bo'lgan korxonalarga Markaziy bank qayta moliyalash stavkasi (12%) miqdorida kredit va lizing xizmatlari ko'rsatmoqda. Natijada fermer xo'jaliklari vatanimizda ishlab chiqarilgan qishloq xo'jalik texnikalari, paxta va don mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalarning qayta ta'mirlash, zarur asbob va uskunlarni xarid qilishiga sharoit yaratdi. Shu bilan bir qatorda ularga xizmat ko'rsatuvchi tashkilotlar ham aylanma mablag'lar bilan ta'minlanmoqda.Davlat ixtiyorida bo'lgan, ammo bekor turgan ob'ektlarni ijaraga olib, kichik ishlab chiqarishlarni tashkil etayotgan kichik biznes sub'ektlari ham kredit mablag'laridan foydalanmoqda.
Banklarning kredit amaliyotida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarining old eksport va import operatsiyalari faol moliyalanayotganini ko'rish mumkin. Tijorat banklari va tadbirkorlik sub'ektlari o'rtasidagi munosabatlar shaffofligi, ularning tashqi iqtisodiy faoliyatini kengaytirish, mahsulotlarining tashqi bozorlarda sotilishini rag'batlantiruvchi omil bo'lib qolmoqda.
Hukumat tomonidan aholi bandligini ta'minlash, eng chekka qishloq joylarda va aholi zich yashaydigan maskanlarda qo'shimcha ish o'rinlari yaratishga ustivor e'tibor berilishi banklar zimmasiga ham katta mas'uliyat yuklamoqda. Zotan, hozirgi paytda banklarning malakali xodimlari har bir qishloq fuqarolik yig'inlariga biriktirib qo'yilgan. Ular vaqti-vaqti bilan joylarda bo'lishib, bugungi bank xizmatlari haqida, tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash borasida hukumat tomonidan berilayotgan imtiyozlar, ishchanlik muhitini yaxshilash borasida odamlarga tushunchalar bermoqda. Ularning orzu-istak va qobiliyatini har taraflama o'rganib, qulay shartlarda kredit va chakana xizmat turlarini tavsiya etmoqda. Endilikda ular faqat kredit bilan cheklanmay zamonaviy bank xizmatlaridan ham foydalanmoqda.
Ishonch bilan aytish mumkinki, ishbilarmon doiralarga ko'rsatilayotgan moliyaviy ko'mak ularning faoliyati uchun qulay sharoit yaratmoqda. Hayotimizga, bank faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining shitob bilan kirib kelishi moliyaviy xizmatlar saviyasini ko'tarmoqda. Bugungi kunda plastik kartochkalar har bir vatandoshimizning asosiy aksessuari bo'lib qoldi. Internet banking xizmatidan foydalanuvchilar esa uning o'zlariga ancha qulay ekanini e'tirof etishmoqda. Chunki hisobraqamlardan masofadan turib foydalanish tizimi bank va mijoz uchun hisob-kassa operatsiyalarini amalga oshirishda, har qanday hisob-kitoblarning real vaqt rejimida amalga oshirilishiga, pul oqimlarini kuzatib borishiga, vaqt va mehnat sarfini kamaytirishga sharoit yaratdi. Ayni paytda 46124 ta tadbirkorlik sub'ekti bank-mijoz va internet-banking, 143891 tasi esa sms va mobil-banking xizmatlaridan foydalanmoqda. Masofaviy xizmatlardan foydalanuvchilar soni oy sayin o'sib bormoqda. Aytish o'rinliki, banklar to'lovlarni elektron shaklda amalga oshiruvchi kichik tadbirkorlik sub'ektlarining hisobvaraqlariga xizmat ko'rsatish uchun olinadigan to'lov miqdorini 20 foizgacha chegirganlar.
Buning ustiga xo'jalik sub'ektlari tomonidan savdo va servis sohasida xarid qilingan tovarlar (ish va xizmatlar) uchun korporativ plastik kartalardan foydalangan holda to'lovlarni amalga oshirishda to'lov terminallari to'lov cheklari birlamchi buxgalterlik hujjatlariga tenglashtirilgan. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari eng kam oylik ish haqining 20 baravarigacha bo'lgan naqd pul tushumlarini bank muassasalariga mustaqil topshirmoqdalar. Chakana to'lovlarning naqdsiz amalga oshirilishi naqd pul massasining qisqarishi, barqarorligini ta'minlamoqda, umuman olganda, uni muomaladan sitib chiqarmoqda, deb xabar beradi Markaziy bank Matbuot xizmati.
Mikro va iste'mol kreditlashni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarning amalga oshirilishi, xalqaro standartlar va texnologiyalardan foydalangan holda to'lov tizimining takomillashtirilishi, moliyaviy institutlar infrastrukturasining kengayishi shu yilning birinchi yarim yilligida moliyaviy xizmatlar ko'rsatish hajmini 28,5 foiz o'sishini ta'minladi va bu ko'rsatkich mutassil oshib bormoqda.
Odamlarni bankka jalb etayotgan omillar faqat barqarorlik, ishonchlilik va ravshanlik emas, balki yangi bank mahsulotlarini keng taqdim etish bilan belgilanadi. Mana, ikkinchi yildirki, banklar kichik biznes sub'ektlaridan milliy valyutada hisobraqamlari ochgani uchun to'lov undirishni bekor qilgan. Bundan tashqari, mikrofirmalar va kichik korxonalar o'zi ishlab chiqargan tovar (ish, xizmat)larni eksport qilishdan tushadigan valyuta tushumining 50 foizini majburiy sotishdan ozod etilgan. Shuningdek, ularga valyuta tushumini belgilangan tartibda bank kassalariga kirim qilish sharti bilan mahsulotlarni naqd xorijiy valyutaga sotishga, ya'ni eksport qilishga ruxsat berilgan.
Banklarning ko'magi bilan bugun tadbirkorlik tuzilmalariga tenderlarda ishtirok etish, hamkorlari oldidagi majburiyatlarini bajarish, avans to'lovlari qaytishi, bojxona omborxonalarida ro'yxatdan o'tkazish uchun va boshqa ehtiyojlar uchun kafolatlar berilmoqda.Kichik tadbirkorlik tuzilmalarining axborot bilan ta'minlanish imkoniyatlarini kengaytirish, shubhasiz ularning samaradorligini oshiradi. Aynan axborot almashish bank va mijoz o'rtasidagi munosabatlarni yangi pog'onalarga olib chiqmoqda. O'tgan davr mobaynida tadbirkorlar bilan muntazam o'tkazib kelinayotgan seminarlar, uchrashuvlar, biznes forumlar bu fikrimizni yaqqol isbotladi.
Hozirgi paytda barcha tijorat banklari o'z saytlariga ega bo'lib, ular muntazam yangilanib bormoqda. Tadbirkorlar veb-saytdan o'zlari uchun zarur bo'lgan axborotlarni olmoqdalar. Ular yordamida qaysi bankdan qanday shartlarda kredit olish mumkinligini bilib, tariflar bilan bevosita tanishish imkoniga egalar. Xullas, aholining axborot bilan ta'minlanish darajasi yuqori saviyada tashkil etilgan. Xulosa qilib aytganda, yurtimizda yaratilgan ishbilarmonlik muhiti tijorat banklari tomonidan zamonaviy bank xizmatlarini ko'payishida katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
|
3)O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish istiqbollari
Respublikamizning iqtisodiy taraqqiyoti, iqtisodiy mustaqilligi, xalqining faravon turmush darajasi, qolaversa mehnat resurslarining ish bilan bandlik darajasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivoji bilan bog‘liqdir. Bu holat esa korxonalarning iqtisodiy erkinligini rag‘batlantirish darajasining rivojlanishi bilan tavsiflanadi.
Istiqbolda iqtisodiyot tarmoqlarida ham o‘zgarishlar yuzaga keladi. Bu holat ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlanishi asosida ro‘y beradi.
Umumiy sanoat mahsulotini ishlab chiqarishda istiqbolda o‘zgarishlar sanoat sohasiga talab natijasida sodir bo‘ladi, shuningdek qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi kichik korxonalarning rivojlanish hisobiga bu soha yanada yuksaladi. Savdo aylanmasining to‘liq muvofiqlashuvi natijasida bu sohada ko‘rsatkich ulushi pasayishi sodir bo‘ladi.
Hududlarning mashinasozlik va metallga ishlov berish, yengil sanoat, ayniqsa, trikotaj, tikuvchilik buyumlari tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sohalarida kichik biznesning o‘rni va ulushi yetarli darajada emas. Vaholanki barcha sohada ishlab chiqarish faolligi tenglashsa, ijobiy natijalarga erishamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |