Sifat turkumiga oid soʻzlar orqali atalgan kosmonimlar. Sifat soʻzlar vositasida nomlash usuli ham, mavhum tushunchalarni anglatuvchi soʻzlar asosida paydo boʻlgan kosmonimlar kabi, olimning osmon jismi oʻrganilishi va kashf qilinishi bilan bog‘liq turli hissiyotlarini ifodalash maqsadida paydo boʻladi: Monaxiya (128-asteroid, «yolg‘iz»), Una (160- asteroid, «yagona»), Yevxaris (181-asteroid, «maftunkor»), Felitsiya (294- asteroid, «baxtli»), Deziderata (344-asteroid, «aziz»), Ornamenta (350- asteroid, «bezalgan»), Aeriya (369-asteroid, «havoli»), Alьma (390-asteroid, «rohatli») kabilar misol boʻla oladi.
Fan va texnika nomlari va ularning terminlari asosida atalgan kosmonimlar. Asteroidlarni kashf qilish va ularga nom qoʻyish boʻyicha katta tajribaga ega boʻlgan aka-uka Anrilar oʻzlari 1882 yilda kashf qilgan oxirgi asteroidni Filosofiya deb nomlashgan va bu orqali, I.Litrov soʻzlari bilan aytganda, «uning asosida planetalar nomlarida osmonda ilm-fanni abadiylashtiradigan yangi printsip kiritishdi»84. Shu tariqa yunoncha filosofiya soʻzining lotincha ekvivalenti boʻlgan Sapiyentsiya, shuningdek, Yustitsiya, Geometriya, Astronomiya, Geograf (asteroid nomlari) kabi fan nomlari bilan ataladigan, Industriya, Fotografika, Stereoskopiya, Prizma (asteroid nomlari) kabi texnika sohalari va unga bog‘liq terminlar bilan nomlangan kosmonimlar paydo boʻlgan.
Fitonimlar asosida atalgan kosmonimlar. Osmon jismlariga oʻsimlik nomlarini berish an’anaviy xarakterga ega boʻlib, xalq kosmonimlari nomlanishida ham bu usul ishtirok etgan (Sunbula kabi). Rasmiy motivli kosmonimlar hosil qilishda oʻsimliklarning lotincha shakliga ega nomlarini berish an’anasi shakllanganligini Palma (372- asteroid, «palma daraxti», «shon-shuhrat» ma’nolarida qoʻllanadi). Primula (970-asteroid, navroʻzgul), Peoniya (1061-asteroid, yunoncha paionios soʻzidan olingan boʻlib, «shifobaxsh», «dorivor» ma’nosini anglatadi, lotincha nomi Paeonia, oʻzbek tilida gulisalim, sallagul nomlari bilan yuritiladi85), Malva (1072-asteroid, «gulxayri»), Aster (1218-asteroid, «astra guli», «qashqargul») fitokosmonimlari va oʻzbek, rus, lotin tillarida kalkasiz qoʻllanadigan oʻsimlik nomlarini olgan Begoniya (943- asteroid), Kameliya (957-asteroid) kabi fitokosmonimlari misolida uchratishimiz mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |