1.3. Dorivor rozmarin oʼsimligi tavsifi, kimyoviy tarkibi va ishlatilishi
Dorivor Rozmarin – Rosmarinus officinalis L.,
Labguldoshlar (yasnotkaguldoshlar) – Lamiaceae oilasiga kiradi.
Dorivor rozmarin efir moyiga boy oʼsimlik, u labguldoshlar (yasnotkaguldoshlar) oilasiga mansub boʼlib, doim yashil buta. Boʼyi 1,5–2 m gacha. Bargi va toʼpgulidan efir moyi olinadi. Qalamchasidan, kamdan kam urugʼidan koʼpaytiriladi. 2-3 yillik koʼchatlari ekiladi. Ekilgandan keyin 2-3yildan boshlab bargi va toʼpguli yigʼib olinadi. Vatani Oʼrta yer dengizi atrofidagi davlatlardir. Yevropa va Afrika davlatlarida qadimdan ekib oʼstiriladi. Oʼsimlikni madaniylashtirilganiga 2 ming yildan ortiqroq boʼlib, hozirda Ispaniya, Fransiya, Jazoir, Tunis, Yugoslaviya va Hindistonda asosiy efir – moyli oʼsimlik sifatida katta maydonlarda ekib oʼstirib foydalanilmoqda. Oʼsimlik Rossiyaga 1816 – yilda Qrimdagi Nikitin botanika bogʼiga keltirib yekilganligi maʼlum. Endilikda bu oʼsimlikni Oʼzbekistonda ham ekib oʼstirish va undan foydalanish mumkinligi aniqlandi [3.3-3.6].
1.1-rasm. Dorivor Rozmarinning tashqi ko’rinishi1
Rozmarin sugʼoriladigan boʼz tuproqli yerlarda issiq va sovuqqa moslashuvchan buta oʼsimlik. Barglari choʼziq, toʼmtoq uchli bargning ostki qismi dagʼal tukchalar bilan qoplangan. Barglarning boʼyi 3 – 3,5 sm, qalinligi 1,5 – 2 mm boʼlib, 5 – 6 tadan toʼp – toʼp boʼlib joylashgan. Gullari qisqa gulbandiga ega boʼlib, gultojibarglari koʼk – binafsha rangli, poyada 5 – 8 ta guli shingilcha, toʼp – toʼp boʼlib joylashgan. Mevasi yongʼoqcha shaklida.
1.2-rasm. Dorivor rozmarin o’simligi xomashyosi2
Kimyoviy tarkibi. Efir moylari rozmarin oʼsimligining hamma qismlarida (ayniqsa yosh poya va gullarida uning miqdori 1,2% gacha) saqlanadi. Bargi va toʼpguli tarkibida parfyumeriya va tibbiyotda ishlatiladigan 1,5 — 2,5% (quruq moddaga nisbatan) efir moyi, flavonoidlar (apigenin, diosmin), 0,5% gacha rozmaritsin va boshqa alkaloidlar, ursol va rozmarin kislotalari bor. Efir moyi oʼz tarkibida 50% pinen, kamfen, sineol, barneol va kamfora saqlanganligi sababli ulardan parfyumeria sanoatida, dorivor va insektatsiya preparatlari tayyorlashda foydalaniladi [3.3].
Barglarida oʼziga xos hid va taʼm berganligi sababli rozmarin goʼshtli mahsulotlarni pishirishda va ularni uzoq vaqt saqlashda ziravor sifatida ham qoʼllaniladi. Konditer mahsulotlariga qoʼshib tayyorlanganda oʼziga xos taʼm va maza beradi. Oʼsimlik qish mavsumida ham barglarini toʼkmasligi va oʼziga xos hid tarqatib turishini hisobga olgan holda u park va hiyobonlar, hovli va dam olish maskanlarida manzarali buta sifatida oʼstiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |