Аjratma olish toʼliqligiga, tezligiga taʼsir etuvchi omillar:
Fazalarni ajratuvchi yuza. Fazalarni ajratuvchi yuza xomashyoning maydalik darajasiga bogʼliq va uning zarrachalari qancha kichik boʼlsa, yuza shuncha katta boʼladi. Аmmo amaliyotda haddan tashqari yupqa qilib maydalanganda xomashyo yopishib qolishi, unda shilimshiq moddalar saqlaganida esa bunday shilimshiqlar massa almashinish orqali ajratuvchiga juda yomon oʼtishi maʼlumdir. Haddan tashqari yupqa qilib maydalanganda parchalangan hujayralar soni keskin ortadi. Bu esa ajratmani ifloslantiradigan yot moddalarning (oqsillar, shilimshiqlar, pektinlar) chiqishiga olib keladi. Bundan tashqari ajratuvchiga katta miqdorda suspenziya holdagi zarrachalar oʼtadi. Natijada loyqa keyin tindiriladi va yomon filtrlanadigan ajratmalar olinadi. Bundan xomashyo moʼtadil oʼlchamlargacha maydalanish lozimligi kelib chiqadi: barglar, gullar, oʼtlar 3- 5 mm gacha; poya, ildiz, poʼstloqlar 1-3 mm gacha; meva va urugʼlar 0,3-0,5mm gacha maydalangan boʼlishi kerak. Bunda boshlangʼich xomashyoda hujayrali struktura saqlanadi va diffuzion jarayonlar ustun boʼladi, ajratib olish sekinlashadi ammo olingan ajratma mexanik aralashmalarni kam saqlaydigan boʼladi va oson tozalanadi.
Kontsentratsiyalar farqi. Xomashyo C1 va ajratuvchi C2 dagi ajratib olish jarayonining harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Аjratma olishda kontsentratsiyalarning bir-biridan imkon qadar keskin farq qilishiga intilish kerak, bunga esa ajratuvchini koʼproq almashtirish (matseratsiya oʼrniga rematseratsiya qarama-qarshi oqimdagi jarayonni oʼtkazish yoʼli bilan va boshqalar orqali erishiladi).
Аjratma olish vaqti (davomiyligi). Аjratma olishni haddan ziyod davom etishi ajratmaning qo’shimcha yuqori molekulali birikmalar bilan ifloslanishiga olib kelib, ularning diffuziyalanish tezligi ekstraktiv moddalarnikidan ancha kichik boʼladi. Uzoq vaqt davomida ajratma olganda fermentlar taʼsiri ostida istalmagan jarayonlar sodir boʼlishi mumkin. Аjratma olishning umumiy davomiyligi iqtisodiy jihatdan manfaatliligidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Bunda jarayonni qandaydir bir vaqtda moddaning qoʼshimcha ajratib olingan miqdorlari ortiqcha sarflanadigan va bunda tobora ortib boradigan qimmatli ekstragentlarning (spirt, efir) yoʼqotilishini oqlamasligini hisobga olgan holda toʼxtatish maqsadga muvofiq.
Do'stlaringiz bilan baham: |