Kirish Mirzachoʻl
Aholisi va mehnat resurslari geografiyasi
Download 46.07 Kb.
|
Mirzacho‘l iqtisodiy rayoni
Aholisi va mehnat resurslari geografiyasi. Viloyat mamlakatimizda o‘zining demografik salohiyati bo‘yicha oxirgi o‘rinlarning birini egallaydi (Navoiy va Sirdaryo viloyatlaridan oldinda, xolos).
Aholisining o‘sish surʼati ham respublika o‘rtacha darajasi atrofida. Aholining tabiiy ko‘payishi bo‘yicha Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridan keyingi, taxminan Xorazm, Namangan va Buxoro viloyatlari bilan bir qatorda turadi. 21-jadval maʼlumotlari tahlili shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi 13 yil mobaynida viloyat aholisi 123 foizga o‘sgan holda, o‘rtacha bir yillik ko‘payish 1,60 foizga teng bo‘lgan. Eng yuqori ko‘rsatkich Baxmal, Jizzax va Paxtakor tumanlarida ko‘zga tashlanadi, bu holat ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan. Arnasoy, Zafarobod va Forish tumanlarida demografik rivojlanish sustroq. Aholi soni bo‘yicha Yangiobod respublikamizda faqat Tomdi tumanidan (Navoiy viloyati) oldinda turadi, xolos. Demografik xususiyatlar, o‘z navbatida, aholining tabiiy hamda mexanik harakati tufayli yuzaga kelgan. Viloyatda tug‘ilish va tabiiy ko‘payish ko‘rsatkichlari yuqori. Jizzax viloyati aholisi yiliga, 17-18 ming kishiga ko‘payib bormoqda. Bunday ko‘payish to‘liq tabiiy harakat natijasida yuzaga kelgan, migratsiya aloqalari esa salbiy natijalarga ega bo‘lib, tabiiy ko‘payish bu manfiy qoldig‘ini to‘ldiribgina qolmay, umumiy aholi o‘sishini ham taʼminlaydi. 2013 yilda viloyat aholisining tabiiy ko‘payishi 18,6 promille, migratsiya qoldig‘i esa minus 0,6 ‰. 2012 yilda ko‘chib kelganlar 7748 kishi, ko‘chib ketganlar 10016 kishi. Har ming kishiga hisoblaganda, tug‘ilish viloyat bo‘yicha 22,6 kishini, vafot etganlar 4,0 kishini tashkil qilgan. 22-jadval maʼlumotlari ko‘rsatishicha, tug‘ilish va tabiiy ko‘payishning yuqori darajalari Baxmal va Zarbdor tumanlarida qayd etiladi. Viloyat markazi - Jizzax shahrida tug‘ilish 19,2 ‰, tabiiy ko‘payish 15,4 ‰ yoki 1,54 %. O‘lim ko‘rsatkichlari Arnasoy, Mirzacho‘l, Zafarobod, Do‘stlik tumanlarida qolgan hududlarga nisbatan pastroq. Tabiiy ko‘payish esa, o‘lim geografiyasida uncha katta tafovut bo‘lmaganligi sababli, asosan tug‘ilish darajasi bilan belgilanadi. Viloyatning nozogeografik vaziyati ham o‘ziga xos; bu yerda, xususan, Baxmal, G‘allaorol tumanlarida toza ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi pastligi tufayli turli xil yuqumli kasalliklar uchrab turadi. Jizzax viloyatida migratsiya jarayonlari anʼanaviy xususiyatga ega. Dastavval, o‘tgan asrning 60-70 yillarida Mirzacho‘l dashtini o‘zlashtirish munosabati bilan bu yerga respublikamizning boshqa viloyatlaridan, ayniqsa qo‘shni Samarqand viloyatining Jomboy, Poyariq, Bulung‘ur, Pastdarg‘om, Navoiy viloyatining Nurota tumanlaridan ko‘plab aholi ko‘chib kelgan. So‘nggi yillarda esa migratsiya oqimi teskari yo‘nalishda kuchayib bormoqda. Xususan, yangi o‘zlashtirilgan hududlarda kelganlarga nisbatan ketganlar ko‘p. Jadvaldan ko‘rinib turibdiki, 2013 yilda viloyatning deyarli barcha qishloq tumanlari va Jizzax shahrida migratsiya intensivligi yuqori bo‘lgan holda uning natijasi manfiy bo‘lgan. Ayni vaqtda, Mirzacho‘l tumanida har ming kishiga 21,6 kishi kelgan, 14,6 kishi ketgan, migratsiya qoldig‘i musbat 7,0 promillega teng bo‘lgan. Umuman olganda esa, Jizzax va Zarbdor tumanlarida ham aholi almashinuvining natijasi ijobiy, eng katta yo‘qotish Yangiobod va Arnasoy tumanlarida kuzatiladi. Viloyatda 2013 yilda urbanizatsiya darajasi 47,5 % (respublikada 51,2 %), 2008 yilda esa u 29,2 foiz bo‘lgan. Shaharliklar 6 ta shahar 43 ta shaharchalarda istiqomat qiladi. “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” Davlat dasturining ijrosiga binoan viloyatda 34 ta qishloq aholi punktlariga shaharcha maqomi berilgan. Jumladan, Jizzax tumanida ularning soni 7 ta: Jizzaxlik, Gandumtosh, Qorayantoq, Tokchilik, Mulkanlik, Kangli va Uchtepa; Baxmal tumanida 6 ta: Mug‘ol, Novka - 1, Alamli, Tongotar, Oqtosh hamda Baxmal; G‘allaorolda 4 ta: Abdukarim, Lalmikor, Chuvilloq, Kangli - 1. Qolgan tumanlarda bunday shaharchalar ozroq, Paxtakor va Do‘stlik tumanlarida esa atigi bittadan (Gulzor va Navro‘z). Yangi shaharchalar orasida G‘oliblar (12,0 ming kishi), Jizzaxlik (15,6 ming), Tokchilik (15,8 ming), Mulkanlik (11,0 ming), Yuksalish (11,5 ming kishi) aholi soni bo‘yicha ajralib turadi. Umuman olganda esa, Jizzax shahridan tashqari qolgan shahar joylar ko‘proq kichik sinflarga taalluqli. Bu yerda urbanistik tarkibning o‘rta bo‘g‘ini nihoyatda zaif: 50-100 ming aholiga ega bo‘lgan birorta shahar yo‘q, Paxtakor, G‘allaorol, Dashtobod shaharlari aholisi 20-25 ming atrofida. Jizzax viloyatida 500 dan ortiq qishloq aholi punktlari bor. Yangi shaharchalar paydo bo‘lganligi sababli qolgan qishloqlar yanada maydalashgan; har bir qishloqqa o‘rtacha 1100-1200 kishidan to‘g‘ri keladi. Nisbatan yirikroq qishloqlar Sangzor daryosi hamda Toshkent - Samarqand avtomagistrali bo‘yida, Jizzax shahri atrofi va yangi o‘zlashtirilgan joylarda uchraydi. Mehnatga layoqatli yoshdagi aholi 694 ming kishi, iqtisodiy faol aholi 424 ming, iqtisodiyotda band aholi 403 ming kishi. Bir yilda jami 43-45 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi, ularning 3/5 qismidan ko‘prog‘i qishloq joylariga to‘g‘ri keladi. Bu o‘rinlar, asosan, chorvachilik va kasanachilik doirasida tashkil etilgan. Band bo‘lgan aholining 2/3 qismi moddiy ishlab chiqarish sohasiga mansub. 2012 yil yakunlariga ko‘ra, sanoatda band bo‘lganlar ulushi 7,5 %, qurilishda 6,9 %, savdo, umumiy ovqatlanish sohalarida 8,1 %, transport va aloqada 3,7 %. Iqtisodiyotda band bo‘lganlarning eng katta qismi qishloq va o‘rmon xo‘jaligida qayd etiladi (42,4 %). Aholining milliy tarkibida mahalliy millat vakillari, yaʼni o‘zbeklar ko‘pchilikni tashkil qiladi (88,5 %, 2013y.). Shuningdek, bu yerda qozoqlar (Forish, Arnasoy, Mirzacho‘l) va qirg‘izlar (Do‘stlik, Baxmal, Zomin) ham biroz ko‘proq. Boshqa millat vakillari tojik, rus, tatarlardan iborat. Download 46.07 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling