21-modda. Nogironlarning umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ta’lim olishi
Nogironlarga umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ta’lim berish barcha o‘quv yurtlarida, zarur bo‘lgan hollarda esa maxsus bilim yurtlarida amalga oshiriladi.
Doimiy ishlaydigan davolash profilaktika yoki salomatlikni tiklash muassasalarida davolanayotgan nogiron bolalar uchun ham o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi.
22-modda. Nogiron bolalarga uyda tarbiya va ta’lim berish
Nogiron bolalarga umumiy yoki maxsus maktabgacha tarbiya muassasalarida va o‘quv yurtlarida tarbiya va ta’lim berish imkoni bo‘lmagan taqdirda, ota-onalarining istaklari hisobga olinib, bunday bolalarga uyida tarbiya va ta’lim beriladi. Bunda ota-onalardan biriga yoki ularning o‘rnini bosuvchi kishiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilab qo‘yiladigan tartibda va shartlar asosida moddiy ta’minot va imtiyozlar beriladi.
(22-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 51-son, 514-modda)
Tegishli o‘quv-tarbiya muassasalari nogiron bolalarni uyda o‘qitishda ota-onalarga yordam berishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |