Kkkkfgfg Kurs ishi taqrizdan qaytarilgan sana


I.2. “KO‘HNA DUNYO” ROMANIDA IJTIMOIY TIP VA VOQEALAR


Download 239.5 Kb.
bet5/9
Sana24.01.2023
Hajmi239.5 Kb.
#1114390
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
ODIL YOQUBOV ROMANLARIDA TARIXZIY HAQIQAT VA BADIY TO\'QMA

I.2. “KO‘HNA DUNYO” ROMANIDA IJTIMOIY TIP VA VOQEALAR
TIZMASI
Yomonlikning manbai odamda emas, balki jamiyatda ekanini yozuvchi chuqur idrok etgan. Shu boisdan ham Beruniy va Mahmud G‘aznaviyda jamiyat mafkurasidan meros qilib olgan ikki xil tafakkurni, ikki xil ruhiy olamni turmush materiallariga tayanib kashf etadi.
Sulton Mahmudni yolg‘iz og‘riq emas, notinch o‘ylar, vahimali tushlar ham iztirobga soladi. U o‘zini haq va hidoyat yo‘lida qirq yil suron solib, mag‘ribdan mashriqqacha ma’jusiylar va g‘ayridinlarni qatli om qilib, poyqadami yetgan el borki, hamma yerda Qur’oni majid so‘zini yoyib, bu yo‘lda dini islomga zafar ustiga zafar keltirib, endi rohat-farog‘atda keyin kechirmoq mavridi keldi deb o‘ylaganida bedavo dard bergan.
Yaratuvchidan shikoyat qiladi. “Agar bu dard chindan ham bedavo bo‘lsa, unda amir-ul muslimin atalmish gunohkor bandangning qirq yillik toatu ibodatidan ne foyda?”- deb zorlanadi, diniy mafkuraning xalqlar o‘rtasida adovat solishini tushunmaydi. “Nahot u butkul ro‘yi zaminni zabt etib, behisob boyliklar orttirganida, o‘z dorulsaltanati G‘aznai munavvarani jahonda eng ko‘rkam shaharga aylantirib, unda masjidi Jome’ yanglig‘ o‘nlab masjidlar, go‘zallikda benazir jannatmonand bog‘lar yaratganida, Osmon malikasi kabi qasrlar qurib, ularni hech bir shoh ko‘rmagan zeb-u ziynatlar bilan bezatganida... nihot oxir pirovardida topgani bu bedavo dard bo‘lsa? U o‘z xaramiga Chin va Misr, Hindiston va Rumdan husnda yagona huriliqoralarni, raqsda tovusdan tovlanuvchi go‘zal raqqosalar, bulbul yanglig‘ xushovoz xonanda va sozandalar, nomi olamga ketgan Malik-ul kalom va vohidi zamon allomalarni to‘plasayu, bularning baridan benasib bo‘lsa? U o‘z davrining amirul mo‘mini sifatida “Bu ne’matlarni o‘zing in’om etsangu, tag‘in o‘zing hammasidan benasib etsang?” – deb xudoga yolvoradi.
Uning miyasida ilgari hech qachon o‘ylamagan yomon o‘ylar charx uradigan bo‘lib qoladi. Nechundir ezgu ishlari emas, janglar suroni-yu, otlar dupuri, kesilgan boshlar, dorda chayqalgan murdalar, yong‘inda qolgan shaharlar yodiga tushadi. Joni behalovat, kechalari yomon tushlar ko‘rib chiqadi:
“- Yaqinroq kel Abu Rayhon. Bu g‘ayriddinning so‘zini eshit. Arzi ne – senga so‘zlasin, sen bizga so‘zla.
Beruniy ot tuyoqlari ostida ezilgan qalin maysalarni ship-ship bosib, nuroniy cholning yoniga keladi, boshini osiltirganicha mo‘ysafidning hayajonli, palapartish so‘zlarini eshitadi.
- Bu bandai ojiz sizday amiral mo‘minindan mehru shafqat tilaydi. Deydikim, bu qasrda ellik ming g‘aribu g‘urabo yig‘ilgan... aksari ojizalar... begunoh norasidalar... chollar emish...” (38-bet).
Yozuvchi bosh ijodiy niyati bilan bog‘liq bo‘lgan zolim shoh obrazini yaratish uchun badiiy tasvirning barcha imkoniyatlaridan unumli foydalangan. Malikul mayxonasidagi suhbatlar-u bahslarni, rivoyatlar-u xotiralarni va nihoyat amir-ul Mo‘mining atalmish Mahmud G‘aznaviyning dahshatli tushlarini zolim shoh adabiy tipini yaratuvchi bosh ijodiy niyatga xizmat qildiradi. Tushida Sulton Mahmud taslim bo‘lishdan bosh tortgan qasrga o‘t qo‘yishni Amir Nushteginga buyuradi. Zum o‘tmay, to‘rt tomondan ko‘tarilgan alanganing qizg‘ish tillari muazzam ibodatxonani ajdaho yanglig‘ yalab, oftobday yaraqlagan oltin qubbalarini yamlab yutadi...
Romanning boshidan oxirigacha Mahmud G‘aznaviy bilan Beruniy haqiqat uchun jangga kirishadi. Har kim o‘z tafakkur tarzidan kelib chiqib, haqiqatga baho beradi. Sulton bedavo dard sabab, “ne’mati ilohiy” haqidagi rivoyatni haqiqat deb tushunadi. Abu Rayhon Beruniy esa, uni haqiqat emas, bir cho‘pchak deb talqin etadi. Bu ikki zot o‘rtasidagi ayovsiz fikriy janglar “Ulug‘bek xazinasi” romanidagi Ali Qushchi va Abdulatif ziddiyatlarini beixtiyor yodga tushiradi. Ali Qushchining haqiqatni himoya qilishi bilan Beruniyning haqiqatga sadoqati orasida juda ham yaqinlik bor. Biroq, ularning o‘z davrining yetuk allomalari tarzidagi bosib o‘tgan yo‘llari, ularning har ikkalasi, buyuk tarixiy shaxslar ekanini anglatadigan jihatlardir. Xuddi shuningdek, gunohkor shohning tavba-tazarru qilishadi; ya’ni Abdulatif bilan Mahmud G‘aznaviy taqidirlarida ham o‘xshashlik bor. Abdulatif boshi tanasidan judo bo‘lishidan avval padari oldidagina gunohini bo‘yniga olgan bo‘lsa, Mahmud G‘aznaviydagi vosvos kasali, qo‘rqinchli tushlar, tavba-tazarru bir necha oy surunkasiga davom etib, qiynoqlar girdobida tutib turadi. Agar Abdulatif padariga qarshi tig‘ ko‘tarib, o‘z ona yurtini xarobaga aylantirib gunohkor bo‘lgan bo‘lsa, Mahmud G‘aznaviyning taqdiri tamomila boshqacha. U o‘zining mashvaratxonasidagi mehribonsimon joylarga zabt etilgan yurtlarning ko‘k, sariq, oq tug‘larini, mag‘lub lashkarboshilarning oltin va kumush dubulg‘alarini, tillodan jilo berilgan sovut va qalqonlarni, bandlariga la’l va zabarjad qadalgan egri qilichlarni, o‘q terilgan charm sadoqlar, suyak sopli xanjarlar, uzun-qisqa tig‘larni ostirib qo‘yganki, ular Mahmud G‘aznaviyning behisob yurishlari, suronli safarlaridan hikoya qiluvchi timsollardir. Sulton bu o‘ljalarni qaysi birini qo‘lga olsa, lop etib, o‘sha muzaffar jang esiga tushadi, zabun bo‘lgan ne-ne lashkarboshilar, man-man degan amirlar kalondimog‘ hokimlar, shahanshohlar, ko‘z o‘ngiga keladi.
Adabiyotshunoslar ta’kidlashicha, O.Yoqubov “Ko‘hna dunyo” romanida oddiy xalq vakillari, ijobiy qahramonlar portretini unchalik batafsil chizmasdan, bir-ikki xarakterli belgilar orqali chizgan bo‘lsa, aksincha murakkab qahramonlar portretini ancha mukammal tasvirlaydi. Ularning tashqi ko‘rinishi bilan ichki dunyosini dialektik birgalikda tasvirlab, qator to‘laqonli xarakterlar yaratishga erishgan”. Bu fikr Mahmud G‘aznaviy obraziga ham tegishlidir.
Yozuvchi bu zolim shoh obrazini ruhiy olam hissiyotlari hamda ongidagi fikriy o‘zgarishlar birligida tasvirlar ekan, kitobxonni butun ro‘yi zaminni titratgan, qanchadan-qancha mamlakatlarni mag‘lub etib, mag‘ribdan mashriqqacha cho‘zilgan hududsiz davlatni kuch-qudrati bilan boshqargan shoh siymosi bilan tanishtira boradi.
Romandagi bir faktning badiiy talqiniga e’tibor beraylik. Qiyot qirg‘inidan ko‘p yillar o‘tgach, Jurjon va Rayda, Qobus ibn Vushmagir kabi kalondimog‘ hokimlar saroyida kechgan musofirlik yillari orqada qolgan Beruniy o‘z eliga qaytadi. Lekin o‘z yurtiga kelgan olimning umr bo‘yi topgan izzat ikromlari, Gurganj hokimi Ma’mun ibn Ma’mun saroyidagi “Majolisi ulamo”da kechgan mas’ud damlar, shirin suhbatlar, qizg‘in munozara va mushoiralar hamma-hammasi o‘z intihosiga yetadi. Chunki, G‘azna hokimi Sulton Mahmuddan farmoni oliy keladi. Unga ko‘ra ibn Ma’mun saroyidagi barcha allomalar G‘aznaga, Sulton saroyiga jo‘natilmog‘i lozim edi. Sulton so‘roqlayotgan allomalar orasida Beruniy ibn Sino, ustod Masihiylar ham bor. Ibn Sino bilan ustod Masihiy Jurjon tomon bosh olib ketishadi-yu, Beruniy o‘z ixtiyori bilan G‘aznaga jo‘naydi. Yillar o‘tadi. G‘aznaga kelgan Beruniy shahar chekkasida rasadxona quradi. Shu yerda dong‘i olamni tutgan kashfiyotlar yaratadi. Sultonning farmoni bilan rasadxona qurilishiga Isfahon va Hamadondan bir guruh me’morlar taklif qilinadi, ular Beruniyga ibn Sinodan maktub olib kelishadi. Endi bir savol tug‘iladi. Nega yozuvchi Sulton Mahmud G‘aznaviyning faqat qabih ishlarini keng tasvirlaydi-yu, savob ishlariga e’tiborni qaratmagan? Ayniqsa, olimlarga munosabat masalasidagi talqinlar davr haqiqatiga mos keladimi?
Bunga sabab, bizningcha yozuvchining Sulton Mahmud G‘aznaviy davri ijtimoiy hayotiga chuqurroq kirib bora olmaganligida emas, balki sho‘rolar davrining mafkuraviy tazyiqidir. O‘sha yillarda shohlar turmushini haqiqat ko‘zgusida ko‘rish, payqash va tahlil qilish chegaralab qo‘yilgan edi.
Uydirmachilik xavfsizroq mashg‘ulot bo‘lib qolganligi bois o‘sha davr adabiy tanqidchiligi ham siyosiy vahimachilik botqog‘iga botib, A.Qahhor aytganiday, “tuxumdan tuk qidirish, maydonga kelgan har bir tarixiy mavzudagi asarni tirnoqlab, hidlab, iloji bo‘lsa yozuvchining boshiga chertib ko‘rish, yozuvchi yaratgan tarixiy mavzudagi asarni shubha ostida qoldiradigan har xil imo –ishoralar qilish, chala yarim gaplar aytib, mish-mishlarga oziq berish” bilan mashg‘ul bo‘lgan edi.
Shu boisdan yozuvchi Sulton Mahmudni Malikul Sharob va Beruniylar nigohida o‘ta gunohlar qilib, zolim shoh qiyofasida, gunohlari kechirilmaydigan bir tarzda tasvirlashga majbur bo‘lgan. Voqealar bayoni Mahmud G‘aznaviy tilidan berilgan o‘rinlarda esa ba’zi-ba’zida haqiqat uchqunlari yarq etib ko‘rinib qoladi. Mahmud G‘aznaviy Abulqosim Firdavsiyni ranjitgani uchun o‘n yillab iztirob chekadi. Nechun o‘shanda malik-ul kalomni o‘z qanotim ostiga olmadim, nechun ichi qora vazirlar so‘ziga kirib, uni G‘aznadan haydadim, nechun yozgan kitobini olib, boshidan oltinu javohir sochmadim deb pushaymon bo‘ladi va nihoyat shahri Tusga oltin va kumush ortilgan bir necha tuyali karvon yo‘llab, Firdavsiy hazratlarining maqbarasiga marmar sag‘ana o‘rnattiradi. Shoir tavallud topgan shaharda esa bir masjidi Jome’ qurdirishga bel bog‘laydi. Qaysiki, bandai mo‘minning ko‘ngliga ozor bergan bo‘lsa, nohaq zulm qilgan bo‘lsa, barchasining ko‘nglini ovlaydi, kimningki mulkiga xiyonat qilgan bo‘lsa haqqini o‘n barobar qilib qaytarib berishni ko‘ngliga tugadi.
Ko‘rinadiki, yozuvchi Beruniy, Malikul Sharob, ibn Sino singari sevimli qahramonlari tili bilan Mahmud G‘aznaviy insoniyligini tan olgisi kelmaydi:
“Bundan uch kun muqaddam, mayxo‘rlar tarqab, mayxona uyquga cho‘mganda, Malikul sharobni bozor qorovuli kirib uyg‘otadi:
- Seni keksa bir devona yo‘qlab kelmish.
- Neki axmoq yo‘qlab kelsa uyg‘otaverasanmi, nodon? Devona bo‘lsa bir burda non sadaqa qil.
- Kechirgaysan, Malikul Sharob. Devona aytdiki, vaziri a’zamdan keldim deb. Qo‘lida bir xalta oltin. Mana, o‘zi ham kirdi...
Malikul Sharob yalt etib eshikka qaradi-yu, o‘z ko‘zlariga ishonmay, angrayib qoldi. Yo tavba. Bo‘sag‘ada... amir-ul mo‘minin Sulton Mahmud G‘aznaviy turardi... Ustida eski quroq chopon, boshida xorazmcha eski chugurma, belida qizil bo‘z belbog‘. U “Indama, ovozing chiqmasin” degan ma’noda kaftini labiga bosdi, so‘ng bozor qorovuliga yuzlanib:
- Sen boraver, - deb g‘udrandi-da, oyog‘ini arang sudrab ichkariga kirdi...
- Birodarim, Qutlug‘qadam... Tunov kungi ko‘zlaring hanuz yodimda, hanuz kechalari uyqu bermaydi menga.
Sal hushiga kelgan Malikul Sharob nogahon yuragi “shig‘” etib.
- Bir qoshiq qonimdan kechgaysen, amirim, - dedi, - qurib ketkur rindona kayfiyat sabab, faqir o‘sha kuni ko‘nglingga ozor berdim...
- Yo‘q, yo‘q, - Sulton zaif chirog‘day yildiragan ko‘zlarini bir ochib, qayta yumdi, so‘zimga inon, Qutlug‘qadam, agarchang ollo taollo o‘z inoyatini darig‘ tutmay bu dardi bedavodan darig‘ qilsa, men ham darveshlikni ixtiyor etib, bir tunda dorulsaltanatdan chiqib ketar edim. Ustimga janda, boshimga kuloh kiyib, “huv” deb boshimni olib chiqib ketar edim. Tilamchilik ila kun kechirib, qilgan gunohlarimni yuvar edim. E yaratgan egam. O‘zingdan o‘zga g‘amg‘uzorim yo‘q, - dedi Sulton allaqanday faryod chekib. Va lekin – nahot bu mayparast aytganday savob yumushlarimdan qilgan gunohlarim ko‘p bo‘lsa”. Yo‘q, inonmaysen bu gapga. Ammo inonmasam ham mana, bir xalta oltin olib keldim, Qutlug‘qadam. O‘shal o‘zing aytgan yetim- yesirlarga ulashgaysen. Kerak bo‘lsa yuz xalta desang ham keltirib berurmen...” (204-205-betlar).
Malikul Sharob va Mahmud G‘aznaviy munosabatlarining bu xildagi badiiy to‘qimasiga ishonish qiyin, unda hayot haqiqati haddan ortiq darajada mubolag‘alashtirilganligi yaqqol sezilib turadi. Roman voqealari Beruniy va ibn Sino obrazlari tasviriga ko‘chishi bilan badiiy to‘qimada davr haqiqati jilva ko‘rsata boshlaydi.
Xususan, Beruniy bilan Xatlibegimning suhbatida, ularning ibn Sinoni izlab topish bilan bog‘liq sa’y-harakatlarida Beruniyning safarga otlanishi voqealari tasvirida badiiy to‘qima bilan davr haqiqatining mutanosibligini ko‘ramiz. Xatlibegimning o‘z suyukli og‘asi Sulton Mahmud G‘aznaviy taqdiri to‘g‘risidagi tashvishlari ham, ikkala vazir – Ali G‘arib va Abul Hasanak to‘g‘rilaridagi mulohazalari ham, shuningdek, Beruniyning ibn Sino haqidagi o‘ylari-yu, fitna- fasodlardan yiro yurib, qolgan umrini mutolaa va mushohadaga bag‘ishlash bilan bog‘liq niyatlari ham davr haqiqatining badiiy talqinidir.
Beruniy Xatlibegim topshirig‘i bilan yo‘lga otlanar ekan, ich-ichidan zil ketadi, “nechun bu tuban ishga aralashib qoldim”, degan o‘y uni qattiq azoblaydi. Chunki u Xatlibegim boshliq bir qancha arkoni harb va arkoni davlat bir tomon, vaziri a’zam Ali G‘arib va uning tarafdorlari esa ikkinchi tomon bo‘lib, toj-u taxt uchun pinhona kurash olib borishayotganini yaxshi bilardi. Beruniyning ayniqsa, vaqt deb atalmish ne’matning qadriga yetish, ibn Sinoning benazir talanti to‘g‘risidagi o‘ylari ham badiiy to‘qima emas. Bu o‘rinda biz buyuk olim o‘ylarida ijodkor insonga xos haqiqatning ko‘zga tashlanib turishini kuzatamiz:
“Safarning ikkinchi kuni kechqurun ular baland qir yonbag‘rida joylashgan katta bekatga yetib qo‘nishdi.
Bekatning ulkan sardobasi bor, aftidan u katta karvonga mo‘ljallangan edi. Lekin sardobadan ham burun Beruniyning diqqatini bekat ortidagi baland qir jalb etdi. Uzoqdan ulkan gumbazga o‘shxab ko‘ringan bu qir nimasi bilandir Nanda shahri yaqinidagi yuksak tog‘ni eslatardi. Beruniy qirni uzoqdan ko‘rgandayoq g‘alati bo‘lib ketdi-yu, bekatga yetib otdan tushishlari bilan maxfiy mushribdan ijozat so‘rab, qir tomon yo‘l oldi.
Ha, xuddi o‘zi. Nanda shahri yonidagi tog‘ ham xuddi shunday ko‘m-ko‘k, xuddi shunday baland, tevarak atrof esa bundan ham tekis edi.
Hanuz yodida u har yuz qadam ko‘tarilganda bir to‘xtab, ufqqa qarar, ufq esa yana bir necha chaqirim chekinib, yangi kengliklar, pastdan ko‘rinmagan yiroq manzaralar namoyon bo‘lardi... Har safar yangi balandlikdan yangi ufq ochilganda Beruniy bu nuqtadan xayolan chiziq o‘tkazib, turgan joyiga nisbatan hosil bo‘lgan burchakni belgilar ekan, favqulodda ulkan bir kashfiyot oldida turganini sezib, yuragi gurs-gurs urardi.
Haqiqatan, g‘alati yaralgan ekan inson aql-idroki . U go‘yo xasis baqqolday ilm deb atalmish durdonalarni bitta -bitta terib, miyaning eng xilvat burchaklariga yig‘ib qo‘yaverar ekan. Ammo, nimadir turtki bo‘lib, kechasi yongan mash’alday “yarq” etib yonmaguncha bu xilvatdagi durdonalar ham jilo berib yarqirab ketmas ekan.
Beruniyning nazarida Nanda tog‘idagi hodisa uchun yana shunday mash’al xizmatini qildi-yu, xayolida yig‘ilib yurgan fikrlarga ajib aniqlik kiritdi.
O‘sha oqshom Beruniy tog‘ tepasida osmon to‘la yulduzlarga tikilib tong ottirdi. U dunyoda eng baxtli odam edi. Chunki o‘sha kecha unga tabiatning buyuk bir siri ayon bo‘lgandi”. (214-bet).
Beruniy va ibn Sino hayotiga daxldor bo‘lgan tarixni hujjatlarni sinchiklab, chuqur va atroflicha o‘rgangan yozuvchi bu ikkala allomaga shu qadar mehr qo‘yib qolganki, o‘zidagi ana shu tuyg‘ularini kitobxon qalbiga ham ko‘chirmoqchi bo‘ladi. Yozuvchining mahorati shundaki, u bu buyuk allomalarni qanday tushungan, his etgan bo‘lsa, kitobxon ham ularni shunday tasavvur qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Beruniy bilan ibn Sino qalblarini o‘rtagan dardlar yozuvchiga davr haqiqati bo‘lib tuyulgan. Allomalarga azob bergan dardlarning bari- adolat, insof, shafqat va ma’rifatning yetishmasligi, xoinlik, zolimlik, fitna va ochko‘zlikning ustuvorligi – bularning barchasi yozuvchi qalb tug‘yoniga aylangani uchun ham bu ikki allomaning mukammal adabiy tipi yuzaga kelgan. Shu boisdan ham roman bu ikki alloma to‘g‘risida yozilganday taassurot qoldiradi.
Adabiyotshunos A.Kattabekov juda to‘g‘ri qayd qilganidek, “ ...yozuvchining asosiy maqsadi ibn Sino va Beruniy singari ulug‘ allomalar obrazini yaratish emas. Faktik materialni chegaralagan yozuvchi o‘z qahramonlari biografiyasidagi eng muhim davrni tasvirlar ekan, kundalik hayotiy voqealar asosida davrning mukammal va badiiy haqqoniy manzaralarini yaratadi, buyuk mutafakkirlar fojiasining sabablarini ochib beradi. Romanning bosh qahramoni ibn Sino yoki Beruniy emas, balki murakkab va ziddiyatli voqealarga to‘la bo‘lgan davrdir”.
Beruniyning aql – farosati imtihon qilinishi tasviriga bag‘ishlangan sahifalar ham, Abu Ubayd al – Juzjoniyning o‘z ustozi ibn Sino to‘g‘risidagi xotiralari bitilgan lavhalar ham yozuvchining bu ikki alloma dardlariga kitobxonlarni ham sherik qilish niyatida qalam tebratganidan dalolat beradi.
Tiyrak kitobxon bu ikki allomaning juda ko‘p iztiroblari adolat izlash bilan bog‘liq ekanligini ilg‘ab oladi. Beruniy karamatiylar (o‘rta asrlarda diniy g‘oyalar vositasida zulmga qarshi qaratilgan kurashchilar oqimi) rahnamosi imom Ismoil to‘g‘risidagi risolasi sabab bo‘lib, o‘z ustozi Abdusamat Avval bilan birga Mahmud G‘aznaviyning “Qal’ai qahr” deb nomlangan zindoniga tashlanadi. Zindonda Abdusamad Avval risoladan Beruniyning nomi o‘chirilganligini, asar muallifi esa o‘zi ekanini aytadi va shogirdini o‘limdan qutqazib, o‘zi dor tagiga boradi. Bu haq va adolat uchun oxirgi nafasigacha kurashgan insonning beqiyos jasorati edi.
“... Dor tagida turgan ustod qo‘lini betoqat silkitdi-yu:
- Xudo nedur, ey betavfiq? – deb xitob qildi. – Xudo – bu adl-u haqiqatdur... Qur’oni majid nedur? – insofu adolatdur. Savobi azim nedur? – yetim- yesirlar boshini silamoqdur. Gunohi kabir nedur? – Sen etavfiq yanglig‘ aysh-u ishrat va zebi-ziynat ishtiyoqida diyonatni tutmakdur.
Ustod ovozi har safar momaqaldiroqday qaldirab xitob qilganida saroy peshtoqlari yuz barobar kuchli aks – sado berar, butun maydon – nainki maydon, hatto saroyning u yuzidagi shahar, behisob ko‘chalar, ko‘chalardagi rastalar, karvonsaroylar, guzarlar – butun dorulsaltanat bu xitob, bu aksi sado sehriga mahliyo bo‘lib qolgan edi. Go‘yo bu so‘zlar tiriklayin oq kafanga o‘ralgan yalang oyoq, yalang bosh bir allomaning va’zi emas, g‘oyibdan kelayotgan ilohiy nido edi.
Bu nido sehridan birinchi bo‘lib Sulton qutuldi:
- Sipoh solar qayda? Bu – shakkok so‘zlarini eshitmoq – gunohi kabir emasmu? O‘chir ovozini bu dahriyning! O‘chir!
“O‘chir!” – sado berdi tillakori peshtoqlar- “o‘chir!”. Dor tagida qandaydir kurash boshlandi. Ustodning boshiga sirtmoq tashlandi, ammo shu payt hamon hamon dengizday guvullagan olomon uzra yana o‘sha ilohiy ovoz yangradi:
- Hoy aysh-u ishrat azmida imonu e’tiqodini yodidan chiqargan bandai ojiz Mahmud G‘aznaviy. So‘nggi kalomimni eshitgaysen... Xudovandi karim gunohlaringni kechirmaydi sening. Qilichidan qon tomgan senday mustabidni... – Chop!
Sulton hayqirig‘idan hushlariga kelgan suvoriylar olomon tomon ot surdi-yu, hammayoq ag‘dar to‘ntar bo‘lib ketdi...
... Mana uch yildirki, bu manzara, alamli tuyg‘u Abu Rayhon xayolidan ketmaydi, bil’aks har eslaganida ko‘ksiga nina sanchilganday bo‘ladi...” (84-85-betlar).
Podshoning zolimligi haqidagi davr haqiqati Beruniy Malikul Sharob, Bobo Xurmo, Abulqosim Firdavsiy, Ibn Sino ustod Abdusamat Avval, haq va adolat lashkarboshisi imom Ismoil G‘oziy, Shokalon va uning singari juda ko‘p obrazlar vositasi berilganligining guvohi bo‘lamiz. Nazarimizda ko‘hna dunyo hayoti va haqiqatlari tasvirida qora bo‘yoqlar juda ko‘payib ketganga o‘xshaydi. Faqatgina Beruniy va ibn Sinolar faoliyatlari bilan bog‘liq tarixiy, ilmiy haqiqatlar tasvirlaridagina kitobxon qalbiga biroz shodlik hislari quyiladiki, shu boisdan ham kitob bu ikki alloma to‘g‘risida yozilganday bo‘lib tuyulaveradi. Biroq, asrga davr adabiy tiplarining yaratilishi nuqtai nazaridan yondoshadigan bo‘lsak, davr haqiqatini tashuvchi adabiy tiplarni yozuvchi qo‘shaloqlashtirish usuli bilan yaratganligiga amin bo‘lamiz. Eng avvalo, Mahmud G‘aznaviy zulmini fosh etuvchi ikki shoir – Malikul Sharob laqabli shoir Qutlug‘ Qadam va “Shohnoma” muallifi Abulqosim Firdavsiylar siymosi ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Undan so‘ng qo‘shaloq tabib obrazi – ibn Sino va uning nomidan foydalanib, yuruvchi soxta tabib Abu Shilqim ibn Shahvoniy voqealar rivojiga kirib keladi. Mahmud G‘aznaviyning g‘oyaviy raqiblari – Ustod Abdusamad Avval va imom Ismoil G‘oziy, shuningdek, ikki vazir – Ali G‘arib va Abul Hasanak, ikki shoh – Mahmud G‘aznaviy va uning o‘g‘li Mas’ud bularning barchasi romanda yaratilgan davr adabiy tiplarining qo‘shaloq badiiy hodisalaridir. Shu boisdan ham “Ko‘hna dunyo” romanini ikki alloma to‘g‘risidagina deb emas, balki ikki podsho, ikki vazir, umuman o‘sha davr to‘g‘risidagi murakkab psixologik asar deb ham baholash maqsadga muvofiqdir.
Mahmud G‘aznaviy ham o‘z davrining ijtimoiy tiplaridan biridir. Zolimligi bilan xarakterlanuvchi bu adabiy tipning ijtimoiy zaminiga yozuvchi ijodiy nuqtai nazardan yondoshgan. Shu boisdan ham uning davrida qanchadan – qancha adolatsizliklar va zulm-u sitam sodir bo‘lgan bo‘lsa, ularning barchasi o‘sha tarixiy sharoit mohiyatidan kelib chiqib, mavhumlashtirilgan va Mahmud G‘aznaviy adabiy timsolida mujassamlashtirilgan. U Bobo Xurmoning xurmozorini tortib olgan. Abulqosim Firdavsiyga eroniy shohlarni turoniy shohlardan ustun qo‘yding deb tuhmat qilgan, Malikul Sharob ta’biri bilan aytganda, qo‘sh qayrag‘och barglarining sonidan ham ko‘proq odamlarni qon qaqshatgan. O‘zga yurtlarni zabt etishda shafqatsizlik ko‘rsatib, qamaldagi odamlarni tiriklayin yoqib yuborgan, haq gapni aytgan ustoz Abdusamat Avvalday olimlarni dorga tortgan, hatto Beruniyday allomalarni ham shakkoklikda ayblab, bir necha bor zindonband etgan shafqatsiz hukmdordir. Ana shularning barchasi zolim shoh Mahmud G‘aznaviy adabiy tipining badiiy siymosiga xos chizgilardir. Osmono‘par minora-yu koshonalar ham minglab g‘ishtlarning ustma –ust qo‘yilishidan ko‘tarilganidek, Mahmud G‘aznaviy adabiy tipi talqinida ham uning davri ijtimoiy haqsizliklari aks etgan. Yozuvchi ana shularning barchasini Mahmud G‘aznaviy faoliyatining badiiy talqinida birlashtirib, davrning aniq bir tarixiy shaxssiymosida mujassamlangan adabiy tipini yaratgan.
Xullas, “Ko‘hna dunyo” romanidagi hamma narsa, barcha obrazlar-u, voqealar tizimi Sulton Mahmud G‘aznaviy shaxsiga bog‘liq holda tasvirlanadi. Ular yo sultonning qahriga yo‘liqib, umrlari azob-uqubatda o‘tadi, yo mehriga ravo ko‘rilib, hayotlari rohat farog‘atla kechadi.
Roman voqealari yechimga qarab borgani sayin ibn Sino taqdiri bilan bog‘liq voqealar shiddat bilan rivojlanadi. Isfahondagi o‘latga qarshi kurashish uchun shaharga kirib borgan ibn Sinoni shoh Mas’ud odamlari qo‘lga tushiradilar va tabib shohni muqarrar o‘lim changalidan qutqazadi. Shundan so‘ng Mas’ul ibn Sinoni sarbozlar hamrohligida G‘aznaga jo‘natadi. Ibn Sino yo‘lda haq va adolat lashkari imom Ismoil G‘oziy odamlari tomonidan qutqariladi, biroq, u G‘aznaga borishga ahd qiladi. U yerda esa “ne’mati ilohiy”ni tan olmagani uchun soxta ibn Sino deb, ibn Sino niqobi ostida yurgan nopok tabib Abu Shilqim ibn Shahvoniy esa haqiqiy ibn Sino deb e’lon qilinadi. Ulug‘ alloma Abu Ali ibn Sino qora dori ta’siriga berilgan Mahmud G‘aznaviyning umri poyoniga yetganini sezadi va imom Ismoil G‘oziy tarafdorlari ko‘magida zolim shoh ta’qibidan xalos bo‘lish harakatiga tushadi. Beruniy bilan ibn Sino xayrlashuv onlarida bu noraso dunyoning nopok ishlari xususida kuyib piyib suhbatlashadilar. Ikki allomaning ana shu suhbati romanning falsafiy yakuni hisoblanadi:
“Bu safar Beruniy qo‘llarini ko‘ksida qovushtirganicha, osmonga tikilib, uzoq sukutga toldi so‘ng, qahrli, bo‘g‘iq ovozi allaqanday samimiy va o‘ychan ohang kasb etib, tiniq yangradi:
- Yo tavba. Bu go‘zal olam, bu musaffo osmon, bu yorug‘ yulduzlar, qo‘yingki, bu makammal olamni bunyod etgan xudovandi karim, nechun o‘z bandasini bundayin nomukammal qilib yaratdi?! Agar bu foniy dunyo, Abu Ali, sen aytganday buyuk zarurat va yetuk aql-idrok asosida qurilgan bo‘lsa, nechun bu ulug‘ qonunuyat bani bashar hayotiga kelganda o‘z kuchini yo‘qotdi?
- Osiy bandangni o‘zing kechirgaysen, e yaratgan egam. Na lekin... agar bandangni loydan yaratib, unga o‘z nafsingdan ufurib jon ato qilganing rost bo‘lsa, nechun bu jon bilan birga unga jaholat va qalloblik, xudbinlik va razolat yanglig‘ tuban istaklarni qo‘shib berding? Nechun unga boshqa hech bir tirik zotga ato qilmagan o‘tkir tafakkur va yetuk aql-zakovat in’om etib, bu aql-zakovatni tubanlik, razolat va qabohat yo‘lida ishlatmoqni ravo ko‘rding? – Beruniy, go‘yo ko‘kdan sado kutganday bir nafas sukutga cho‘mdi. Ibn Sino go‘yo uning mungli kuyday sokin oqqan ovoziga sehrlanganday boshini osiltirganicha mahzun xayollarga tolgan edi” (320-bet).
Ko‘rinadiki, bu ikki adabiy tip faqat o‘z taqdiri to‘g‘risidagina emas, balki butun insoniyat taqdiri, ona zamindagi hayotning mohiyati, razilliklardan jirkanish, ijtimoiy hayotni go‘zallatirish singari davrning dolzarb muammolari haqidagi falsafiy qarashlarni o‘zida mujassamlashtirgan. Yaratilayotgan adabiy tip o‘z davrning yechib bo‘lmas ijtimoiy muammolariga haqqoniy munosabat bildirish vositasiga aylangan, davr haqiqati ya’ni zamondoshlarining jamiki fazilatlarini o‘zida mujassam etgandagina qiyomiga yetgan bo‘ladi. Shu bois, Beruniy va ibn Sinolarning romandagi badiiy in’ikoslarini davr adabiy tipining yuksak darajadagi namunasi deb qabul qilish mumkin.
Agar o‘zbek tarixiy romanlaridagi ko‘pgina adabiy tiplarga nazar tashlasak, ularning aksariyati o‘z davrining ijtimoiy mezonlari va talabalaridan o‘zib ketib, kelajak tongini avvaldan ko‘ra olgan ulug‘ zotlar ekaniga amin bo‘lamiz. Shunday buyuk zotlar sirasiga Beruniy va ibn Sino kabi allomalarni ham qo‘shish lozimdurki, ularning “Ko‘hna dunyo” romanidagi badiiy obrazi o‘z davri hayotining poetik ko‘zgusi vazifasini bajaruvchi adabiy tip darajasida tasvirlangan.



Download 239.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling